Turgunboev abdusamat farxodovich


Tadqiqotda qo‘llanilgan metodikaning tavsifi



Yüklə 0,78 Mb.
səhifə4/20
tarix16.06.2023
ölçüsü0,78 Mb.
#131141
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   20
Turg\'unboyev Abdusamat

Tadqiqotda qo‘llanilgan metodikaning tavsifi.
Tizimli yondashuv, qiyosiy tahlil, taqqoslash, anketa so‘rovnomasi, hujjatlarni o‘rganish va ma’lumotlarni tahlil qilish kabi ijtimoiy ish metodlaridan foydalanildi.
Tadqiqot natijalarining nazariy va amaliy ahamiyati.
Tadqiqot natijalarining ilmiy ahamiyati va amaliy tavsiyalardan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoyalashning huquqiy-me’yoriy asoslari va ularni ijtimoiy himoyalash tizimini yanada takomillashtirish, ularni chuqur tadqiq etishga bag‘ishlangan maxsus ilmiy ishlarda manba sifatida foydalanish mumkin.
Tadqiqot natijalaridan respublikamizda faoliyat yuritayotgan ta’lim muassasalari, NNTlar faoliyatida eng muhim masalalarda jamoatchilik muhokamalari o‘tkazish samaradorligini yanada oshirishda, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqot ishlarini yanada kengaytirish maqsadlarida foydalanish mumkin.
Aholining turli sotsial qatlamlari orasida jamoatchilik fikrini shakllantirish va rivojlantirish usullarini ishlab chiqish, shuningdek, dissertasiya tadqiqoti g‘oya va materiallaridan oliy o‘quv yurtlarida “Ijtimoiy ish” fanlari bo‘yicha o‘quv dasturlarini takomillashtirish, darslik, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar tayyorlash hamda o‘qitishda foydalanish bilan izohlanadi.
Dissertatsiya ishining ilmiy-tadqiqot ishlari rejalari bilan bog‘liqligi:
Dissertatsiya mavzusi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlariga mos keladi va Farg‘ona davlat universiteti ijtimoiy ish kafedrasining ilmiy-tadqiqot ishlari rejasi doirasida bajarilgan.


Ish tuzilmasining tavsifi.
“Kirish”, uchta bob, sakkizta paragraf, “Xulosa”, “Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati” va ilovalardan iborat. Magistrlik dissertatsiyasi jami ___ betdan iborat.
I BOB. JAMOATCHILIK FIKRINI O‘RGANISHNING
ILMIY-NAZARIY ASOSLARI


1.1. Jamoatchilik fikri shakllanishining ilmiy asoslari
Barchamizga yaxshi ma’lumki, har bir davlatning barqaror taraqqiyoti hamda rivojlanishi inson omiliga, hususan, yosh avlodning ilmiy, ijodiy va ma’naviy salohiyatiga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, aholisining katta qismini yoshlar tashkil etuvchi bizning mamlakatimizda yoshlar siyosati samaradorligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bugun O‘zbekistonda yoshlarning ezgu maqsadlarini hayotga tatbiq etishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilmoqda. Yoshlar muammolari davlat siyosati darajasida hal etilmoqda. Yoshlar muammolarini o‘rganish va ularga tizimli yordam berishda bevosita jamoatchilik xarakatlari asosida ko‘maklashish ijobiy natijalarni yaratib beradi. Bu borada avvalo, jamoatchilik fikri va uning shakllanishi bosqichlariga e’tibor berish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.
Avvalo, “jamoatchilik” tushunchasining shakl va mazmuniga e’tibor qaratish zarur. Ma’lumki, tilimizda jam, jamoa, jamoat va jamiyat atamalari mavjud. Bu so‘zlarning o‘zagida “jam” iborasi turadi. Bu ibora orqali biz kishilar guruhini bir joyga yig‘ilishi, to‘planganligini tushunamiz. O‘z navbatida yig‘ilgan kishilar guruhi, yanada aniqroq mazmunga ega bo‘lgan “jamoa” deb nomlanadi. Masalan, mahalla, qishloq aholisi, bir tashkilotga a’zo bo‘lgan kishilar umumiy nom bilan, hurmat yuzasidan jamoa deb, ataladi. Tilimizda jam o‘zagiga ega bo‘lgan yana bir atama – “jamoat” ham ko‘p ishlatiladi. Jamoa atamasidan farqli o‘laroq jamoat so‘zi bir maqsad uchun yig‘ilgan kishilar guruhini ifodalaydi. Bu atamani biz ko‘proq masjidda nomoz o‘quvchi hammahalla ahliga nisbatan ishlatilishini ko‘ramiz. Shuning bilan birga tilimizda “jamoatchilik” atamasi ham ishlatiladi. Masalan, ilmiy jamoatchilik, adabiy jamoatchilik, keng jamoatchilik va hokazo. Bu tizimga kiruvchi ya’ni o‘zagi “jam” so‘zi bilan bog‘liq atamalarning eng katta va aniq mohiyatga ega iborasi – “jamiyat” deb nomlanadi. Jamiyat atamasi, insoniyat tarixiy taraqqiyotining muayyan bosqichida shakllanadigan barcha ijtimoiy munosabatlar yig‘indisini ifodalaydi. Yuqoridagi so‘zlarni o‘z mohiyatidan kelib chiqib yoritishda biz quyidagi tushunchalarga ham to‘xtalib o‘tishni joiz topdik.
Jamoaviylik – odamlarning o‘zaro yaqinligi va hamkorligi asosida shakllangan, dunyo xalqlarida, jumladan, o‘zbeklarda azaldan ijtimoiy birlikni anglatuvchi tushuncha. Jamoaviylik – odamlarning o‘zaro hamkorlik va yordamga asoslangan xayot kechirish va turmush tarzi bo‘lib, individualizm, shaxsiy xudbinlik, egotsentrizmning ziddi hisoblanadi7.
Ilmiy adabiyotlar va lug‘atlarda jamiyat tushunchasi mohiyatini anglatuvchi so‘zlar o‘z izohi bilan keltirilgan bo‘lsada, hozirgacha “jamoatchilik muhokamalari instituti” tushunchasining mazmun va mohiyatini to‘liq ifodalovchi izoh yoki ta’riflar berilmagan. Sobiq sho‘rolar davrida chop etilgan “Filosofiya lug‘ati”da “jamoa” atamasiga umumiy tarzda izoh berilgan. Unda jamoa atamasi bevosita va to‘g‘ridan-to‘g‘ri kishilik tarixidagi ibtidoiy jamoa tuzimi davrining xususiyatlari bilan bog‘lanadi hamda asosiy iqtisodiy yacheykasi sifatida ko‘rsatiladi8.
Shuningdek, mazkur nashrda “Jamoatchilik fikri” tushunchasiga ham izoh berilgan. Unda ta’kidlanishicha, “jamoatchilik fikri – afkor omma manfaatlarining mushtarakligi bilan bog‘liq bo‘lgan kishilarning biron-bir ijtimoiy guruhlari, birlashmalarining g‘ayri rasmiy ommaviy ongi shaklidagi ijtimoiy ongning o‘ziga xos mavjudlik usuli bo‘lib, bu usulda ularning ijtimoiy hayotdagi voqealar yoki hodisalarga, partiyalar, muassasalar va shaxslarning faoliyatiga munosabati qayd etiladi”. Izohda jamiyatda jamoatchilik fikrining xilma-hilligi va sinfiy xarakteriga asosiy urg‘u beriladi9.
“Jamoatchilik fikri – nisbiy tushuncha, unda haqiqat hamisha ham to‘la-to‘kis zuhur bo‘lavermaydi. Jamoatchilik fikrining haqiqatlik darajasi o‘sha fikrni bildirgan jamoa tarkibi kimlardan iborat ekanligiga, unga kim еtakchilik qilganligiga bog‘liq”10. Darhaqiqat, jamoatchilik fikrini shakllantirishda unda ishtirok etuvchi faol shaxslar, ma’naviyat va ma’rifat targ‘iboti bilan shug‘illanuvchi, o‘z fikri bilan boshqalarni ergashtira oladigan taniqli odamlarning roli hal qiluvchi kuchga ega bo‘ladi.
Ilmiy manbaalarda kishilarda muayyan bir jamoaga birlashib yashashga intilishi tabiiy ehtiyoj sifatida o‘rganilgan. Jumladan, gollandiyalik siyosatchi olim, huquq nazariyotchisi va insonparvar jamoat arbobi Grotsiy de Groot Gugo (1583-1645) odamlarda tabiiy holatlarda hukumron bo‘lgan aqidalarga amal qilib, jamoaviylikka moyillik, intilish mavjud bo‘ladi deb hisoblaydi.
“Jamoa” kishilarning o‘zaro hamkorlikda faoliyat ko‘rsatishi va unga xos shakllanadigan ijtimoiy fikr tabiatini ifodalovchi atama sifatida keng qo‘llaniladi. Jamoa o‘zining maqsad va vazifalari, funksiyasiga ko‘ra turli-tuman shakllarda gavdalanadi. Masalan, muayyan kishilar guruhining ma’lum bir ehtiyojlarini qondirish uchun u vaqtincha yoki doimiy xarakter olishi mumkin. Vaqtinchalik shakllangan jamoalarga: tomosha maydonlari va san’at saroylaridagi tomoshabinlar guruhi, to‘y va taziya ishtirokchilari, ko‘chada sodir bo‘ladigan turli favqulotda tasodifiy voqea va hodisalarning guvohlari, bozorlardagi xaridorlar va boshqalar bunga misol bo‘la oladi. Vaqtinchalik yoki shartli ravishda shakllangan bu kabi “jamoa”larda turli mavzular vaziyatdan kelib chiqib tanlanadi va qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ladi. Muhokama mavzulari ishtirokchilar ijtimoiy ongiga kuchli ta’sir ko‘rsatishi, aniq bir fikr uyg‘otishi hamda turli davralarda qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lishi mumkin.
Muvvoqat shakllangan jamoalarda muhokamalarga sabab bo‘ladigan eng dolzarb mavzular sifatida: davlatning ichki va tashqi siyosatiga doir so‘ngi yangiliklar, rahbarlarning faoliyati, bozorlar narx-navolarining holati, sport, madaniyat va san’at, ob-havo yangiliklari va boshqalar.
Doimiy xarakterdagi jamoalarga o‘z oldiga muayyan bir aniq maqsad va vazifalarni qo‘ygan oila, urug‘, mehnat jamoasi, mahalla, millat, sotsial guruh va sinflar hamda bir mamlakat aholisini kiritish mumkin. Undagi sub’ektlarning har biri kundalik shakllangan ijtimoiy ong va tafakkur tarziga ko‘ra o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘ladi. Bunda ijtimoiy makonga xos xususiyatlar asosiy omil bo‘lib gavdalanadi. Jamoatchilik muhokamasi o‘zida ana shu sub’ektlarga xos umumiy va alohida muayyan bir ijtimoiy fikrni yakuniy talab va taklif sifatida ifodalaydi.
Abu Nasr Farobiy o‘z asarlarida jamoa bo‘lib yashashga tabiiy moyillik inson turmush tarzining mazmunini tashkil etishini uktiradi. Bu haqda o‘zning “Fozir odamlar shahri” asosarida quyidagicha bayon qilgan: “Har bir inson o‘z tabiati bilan shunday tuzilganki, u yashash va oliy darajadagi еtuklikka erishmoq uchun ko‘p narsalarga muhtoj bo‘ladi, u bir o‘zi bunday narsalarni qo‘lga kirita olmaydi, ularga ega bo‘lish uchun insonlar jamoasiga ehtiyoj tug‘iladi... Shu sababli yashash uchun zarur bo‘lgan, kishilarni bir-birlariga еtkazib beruvchi va o‘zaro yordamlashuvchi ko‘p kishilarning birlashuvi orqaligina odam o‘z tabiati bo‘yicha intilgan еtuklikka erishuvi mumkin. Bunday jamoa a’zolarining faoliyati bir butun holda ularning har biriga yashash va еtuklikka erishuv uchun zarur bo‘lgan narsalarni еtkazib beradi. Shuning uchun inson shaxslari ko‘paydilar va еrning aholi yashaydigan qismiga o‘rnashdilar, natijada inson jamoasi vujudga keldi”11
Jamoa tizimi jamoatchilik muhokamalari uchun asosiy ob’ekt bo‘lsa, uni sub’ektlari o‘zining xilma-hilligi bilan ajralib turadi. Shu o‘rinda jamoatchilik muhokamalarining tarixiy shakllari yuqoridagi sub’ektlar faoliyati tarixi bilan uzviy bog‘liq ekanligini alohida ta’kidlab o‘tish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Kishilik tarixida dastlabki davrlardan boshlab jamoaviy muhokamalar ularning hayot faoliyatini barcha sohalaridagi eng muhim masalalarni hal qilishning asosiy usuli sifatida shakllangan. To‘da – to‘da bo‘lib yashagan ibtidoiy jamoa a’zolari ham ov qilish, dushmanga qarshi kurashish, chorvachilik va dehqonchilik mehnati bilan shug‘illanishda jamoaga birlashishga, o‘zaro fikr almashishga, o‘zlariga sardor va rahbar tanlashga tabiiy ehtiyoj sezganlari uchun ham jamoatchilik muhokamalari o‘tkazganlar. Demak, jamoatchilik muhokamalari uchun dastlabki mavzular kundalik tirikchilik tashvishlari, ov qilish va himoyalanish usullari, o‘zaro yordam berish zaruriyatini amalda anglab еtish, amaldagi boshqaruv usuliga munosabat bildirish yo‘nalishlari orqali shakllangan.
Pirim menga yozmishlarkim: «Abulmansur Temur, saltanat ishlarida to‘rt narsaga amal qilgin, ya’ni:
1) (o‘zing bilan) kengash; 2) (boshqalar bilan) mashvaratu maslahat ayla; 3) hushyorligu mulohazakorlik bilan qat’iy qaror chiqar; 4) ehtiyotkor bo‘l. Chunki kengash va mashvaratsiz saltanatni barcha qilgan ishlariyu aytgan gaplari xato bo‘lgan johil kimsaga qiyoslash mumkin; uning so‘zlari va qilmishlari boshga pushaymonlik ila nadomat keltirgay. Shunday ekan, saltanatni boshqarishda mashvaratu maslahat va tadbir bilan ish yuritgin, toki oqibatda nadomat chekib, pushaymon bo‘lmagaysan12. Ushbu mulohazadan shuni tushunish mumkinki, davlat boshqaruvi sohasida ham, jamoat ishlarini olib borishda ham eng avvalo jamoatchilikning fikrini o‘rganish dolzarbligiga alohida urg‘u beriladi. “Temur tuzuklari”ning birinchi bobi to‘laligicha Amir Temurning qaror qabul qilishda kengashlari (amirlar, vazirlar, qo‘shin sardorlari va h.k. fikrlari) bilan bog‘langan bo‘lib jamoatchilik fikrining ahamiyati har sohada muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatib beradi. Har bir shaxs qaror qabul qilishda avvalo o‘zining fikrini eshitishi va taxlil etishi shuningdek, atrofdagi boshqa insonlarning ham fikr-mulohalarini o‘rganib chiqishi natijasida to‘g‘ri mulohazalar yuritishi qaror qabul qilishning adolatli bo‘lishini ta’minlaydi.
Jamoatchilik fikrining o‘z o‘rnida va aniq maqsad sari amalga oshirilishi jamoatchilik muhokamalari instituti faoliyatini tashkil etishga asos bo‘ladi. O‘z o‘rnida ushbu soha bizdan katta bilim va mahorat talab etadi. Bu muhokama jarayonlarini tashkil etish bo‘yicha biz boy tariximizga tayangan holda hozirda ilg‘or demokratik davlatlarning tajribalarini chuqur o‘rganishimiz, o‘zimizning milliy va an’anaviy ish usullarimizni qayta tiklash masalalariga e’tibor qaratishimiz zarur bo‘lib, bu borada bugun barcha jamiyatshunos olimlar oldiga yangi – yangi vazifalar qo‘ymoqda.
Zero, fuqarolarning bu siyosiy huquqlarini ta’minlashdan ko‘zlangan asosiy maqsad - shaxsiy manfaatlari ustuvorligini ta’minlash yo‘li bilan jamiyatda sog‘lom ijtimoiy fikr shakllantirish, ularga xizmat ko‘rsatuvchi davlat hokimiyati boshqaruvida erkin ishtirokini qonuniy asoslashdir.
Tashkil etilish tizimi va harakat mexanizimiga ko‘ra jamoatchilik muhokamalari jamoatchilik fikrini eshitishga xizmat qiladi. Boshqacha aytganda, uning harakat mexanizmi jamoatchilik fikri tushunchasi bilan uzviy bog‘liqdir.
"Jamoatchilik fikri" atamasi inglizcha Public opinion so‘zidan olingan bo‘lib, dastlab bu atamadan XVII asrlarda Angliyada, XVIII asr oxirlaridan boshlab esa boshqa mamlakatlarda ham foydalanila boshlandi13. Jamoatchilik fikri atamasi tarixiy davr nuqtai nazardan olganda, Yevropada yirik sanoat ishlab chiqarishini gurkirab rivojlanishi hamda shahar aholisi sonining o‘sishi bilan uzviy bog‘lash mumkin.
Jamoatchilik fikri o‘zi nima? U qanday shakllanadi? Jamoatchilik fikri davlat ahamiyatiga molik muhim masalalarda ko‘pchilikning hoxish-irodasi, talablarini bilish va e’tiborga olishning noorganik uslubidir. Jamoatchilik fikrida odatda xaqiqiy va chalkash fikrlar chatishib ketsada u har bir muhim masalada yakuniy qaror qabul qilishda katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Bunga tarixdan juda ko‘p misollarni ko‘rsatish mumkin.
Jamoatchilik nazoratini o‘rganishda bevosita O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 12-aprel kungi “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunidir. Mazkur qonunda jamoatchilik nazoratini tashkil qilish va amalga oshirishning huquqiy asoslari yaratilgan.
Ushbu qonunning mazmun-mohiyatiga ko‘ra jamoatchilik aloqalarini tartibga solishning huquqiy asosi yaratilgan bo‘lsada, amalga oshirilishi mexanizmiga ko‘ra davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etishdan iboratdir. (Qonuning 1-moddasi14). Ushbu qonun 21 ta moddadan iborat.
Jamiyatda insonlarning o‘zaro ijtimoiy hamkorligini o‘rganish, ularning ijtimoiy fikrini shakllantirilishiga olib keluvchi omillarni o‘rganishda biz bevosita qonunning 13-moddasiga e’tibor qaratdik. Hususan, “Jamoatchilik fikrini o‘rganish turli ijtimoiy guruhlarning normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari to‘g‘risidagi, davlat organlarining, ular mansabdor shaxslarining qonunchilik talablariga rioya etishiga, fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini ta’minlashga doir faoliyati to‘g‘risidagi fikrini baholash maqsadida axborotni yig‘ish, umumlashtirish hamda tahlil etishdan iboratdir.
Jamoatchilik fikrini o‘rganishni nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari qonunchilikka muvofiq o‘tkazishi mumkin”15. Bundan tushunishimiz mumkinki, jamoatchilik nazoratini olib borishda jamoatchilik fikrini o‘rganish huquqiy asoslari aniq belgilab berilgan. Shu asosda biz ijtimoiy fikrlarni o‘rganishda turli jamoalarda ijtimoiy guruhlarning faoliyatiga baho beramiz.
Davlat va uning organlari faoliyatini jamoatchilik fikri orqali o‘rganilishi nazorat qilish tizimining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazining 2019 yilgi “O‘zbekiston Respublikasida qonunlar bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish” to‘plamida alohida mavzu qayd etilgan16. Bu esa o‘z o‘rnida ijtimoiy soha mutaxassisilari va huquqshunoslar oldida fuqarolarning bevosita nazorati va jamoatchilik tashkilotlarining nazorati bilan bir qatorda jamoatchilik fikrini nazoratning mustaqil sub’ekti sifatida o‘rganishni taqozo etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 1991 yil 28 avgustda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti bilan Markaziy nazorat komissiyasining qo‘shma plenumidagi “Xalqimizning fikri – biz uchun oliy mezon” nomli ma’ruzasida aynan ijtimoiy fikrning tarixiy davrda o‘ynaydigan katta roli aniq ko‘rsatib berilgan. Xususan, “Bizning pozitsiyamiz halol va ochiq - oydin bo‘ldi. Biz hech narsani xalqdan yashirganimiz yo‘q. Sharmandali siyosiy ig‘vogarlikka uchmagani va respublikada osoyishtalik va aniq mehnat maromini saqlab qolish borasida hamma ishlarni qilgani uchun biz xalqimizdan benihoya minatdormiz... Bugun biz sira uyalib qolganimiz yo‘q. Faollarimiz, barcha sofdil kishlarning qo‘llab-quvvatlashiga tayanib, xalqning turmush darajasini yaxshilashning dolzarb muammolarini ko‘chalarga tanklar chiqarib ham, maydonlardagi balanparvoz da’vatlar bilan ham hal qilib bo‘lmasligini obdon uqib olishdi. Respublika faollari xalq bilan birga bo‘ldi va bugun xalqqa yorug‘ yuz bilan qarashi mumkin”17.
Jamoatchilik fikri ijtimoiy-siyosiy vaziyatga ko‘ra o‘zgaruvchan bo‘lib, ijtimoiy ong shakllari, aytaylik, fan yoki san’atdan farq qiladi. Zero, ijtimoiy fikr jamiyatda bugungi sodir bo‘layotgan voqea va hodisalarga nisbatan o‘zgaruvchan munosabat shakli bo‘lib ko‘pincha kishilar ruhiyatidagi xis - tuyg‘ular bilan birga aks etadi. Bu jamoatchilik fikri bilan muayyan bir tarixiy shart-sharoit talablari asosida shug‘ullanish, e’tiborga olish zarurligini ko‘rsatadi. Jamoatchilik fikrini o‘rganish masalalari bilan shug‘ullangan ispan sotsiologi Ortega-I-Gasset shunday yozgan edi: "Dunyoni jamoatchilik fikri boshqaradi, bu shunday asosiy kuchki, unda kishilar hamjamiyatidagi xukmronlik kelib chiqadi"18.
Amerkalik fizik, faylasuf, psixoanalitik olim, Nobel mukofotining sovrindori Vernon Vulf butun borliqni to‘g‘ri tushunish uchun “xolodinamika” degan yangi ta’limot yaratgan. U o‘zining ta’limotida, butun borliqni o‘zaro bog‘lab, uni bir butun qilib turgan kuch bu – fikr, deydi19.
Xalq irodasi, xohish va talabi ijtimoiy fikrda yaqqol gavdalanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning mustaqillikka erishish arafasida yuksak minbarlardan turib so‘zlagan har bir ma’ruzasida xalq nomidan ishonch bilan gapirishi, uning ijtimoiy fikrda bildirayotgan aniq munosabatiga tayanib tarixiy qarorlar qabul qilganligi va bu tarixda o‘zini to‘la oqlaganligi fikrimizga dalil bo‘la oladi.
Demak, ijtimoiy fikrning shakllanishi o‘z-o‘zidan stixiyali amalga oshadigan mexanizmga egaligi bizdan unga ijobiy ta’sir ko‘rsatish uchun albatta, jamoatchilik muhokamalarini tashkil qilishni talab qiladi.
Jamoatchilik fikri stixiyali va aniq qo‘yilgan u yoki bu masalaning muhokama natijalari ta’sirida shakllanadi. Alohida shaxslarga mansub stixiyali shakllanadigan ijtimoiy fikr ularning yoshi, kasbi, ma’lumoti, yashash manzili, qiziqishi, jamiyatda ijtimoiy-siyosiy faollik darajasiga hamda zaruriy axborot bilan ta’minlanish holatiga bog‘liq bo‘lib, amalda uni shaxsiy nuqtai nazarini belgilaydi. Albatta, bu fikr ham xarakteriga ko‘ra ijtimoiy mohiyatga ega. Ammo, ularning har biri ifodalanishi nuqtai nazariga ko‘ra jamoatchilik fikridan vaqtincha yoki butunlay farq qilishi ham mumkin.
Erkin individual usul u yoki bu dolzarb masalada jamiyatdagi turli toifadagi kishilarni erkin o‘zaro fikr almashishi, masalaga shaxsiy nuqtai nazaridan turib baho berishi, o‘zining munosabatini aniq bildirishi bilan xarakterlanadi. Bu usul odatda kishilar tomonidan “kuxnya”dagi ijtimoiy fikr ya’ni oshxonada shaxslararo o‘zaro suhbat va munozaralarda yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Demak, shaxs o‘zida ommaning manfaatlari mushtarakligi bilan bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy ong shaklidagi alohida qarashlarini, ijtimoiy hayotdagi voqea yoki hodisalarga nisbatan munosabati, pozitsiyasini ijtimoiy fikr tarzida ifodalaydi. Bu shaxsiy ijtimoiy fikr jamoatchilik muhokamalari jarayonida o‘zgarishi yoki aksincha yanada mustahkamlanishi mumkin.
Jamoatchilik fikri shakllantirishning aniq maqsadga yo‘naltirilgan asosiy usuli maxsus institutlar yordamida masalani muhokamaga qo‘yish, uni maqsad va vazifalarini oldindan belgilash, muhokama jarayonini boshqarish jarayonlariga bog‘liq. Bu usul jamoaviy tarzda tashkil etilgan konferensiya, seminar – trening, ijtimoiy-siyosiy tadbirlar va OAVlari orqali maxsus beriladigan dolzarb masalalar muhokamasi jarayonlarida amalga oshadi.
Fikr ijtimoiy muhokamalar jarayonining eng muhim va natijani belgilab beruvchi qismi hisoblanadi. Fikrlar dastavval individual xarakter kasb etadi. Ayni bir shaxs tomonidan boshlab berilgan fikr jamoatchilik e’tiboriga tushgandan boshlab ijtimoiy xarakterga ega bo‘la boshlaydi. Fikrlar xarakter va mazmuniga ko‘ra turli usullarda bo‘lishi mumkin. Masalan, axborotlar ta’sirida, tahlil va mushohada orqali, maslahat berish yoki olish uchun, ikkilanuvchi yoki qat’iy xulosaga kelish orqali bildiriladigan fikrlarni ko‘rsatish mumkin. Shu bilan birga individual yoki ijtimoiy fikrni umumiy ma’noda zararli yoki foydali, asoslangan yoki asoslanmagan, ijobiy yoki salbiy ko‘rinishlarda ham ishlatish mumkin.
Ijtimoiy muhokamalar institutining asosiy vazifasi yuqoridagi turli-tuman shakl va mazmun kasb etuvchi individual fikrlarni yuzaga chiqishiga qulay shart-sharoit yaratib berish orqali ijtimoiy fikrni aniq maqsadga yo‘naltirilgan pozitiv harakatini tashkil etishdir. Zero, ijtimoiy fikrlar qizg‘in muhokamalar natijasida o‘z o‘zidan moddiylashadi, g‘oyaviy-siyosiy kuchga aylanadi.
Tanqidiy fikrlar maqsad va vazifalariga ko‘ra turli shakllarda bildiriladi. Masalan, do‘stona va samimiy, keskin va g‘arazli, maxsus va shunchaki, asoslangan va asoslanmagan, foydali va foydasiz, kerakli va keraksiz, o‘rinli va o‘rinsiz va boshqalar. Ilmiy adabiyotlarda o‘zaro tanqid va o‘z o‘zini tanqid jarayoni ijobiy natijaga erishishda eng muhim mexanizm sifatida taklif etiladi. Ijtimoiy fikrlarni shakllanishi va rivojlanishida jamiyatdagi sog‘lom tanqidiy muhit katta rol o‘ynaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini o‘rganish ishini yaxshilash haqida” 1997 yil 25 iyundagi Farmoniga muvofiq, mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, inson huquqlarini ta’minlash, fuqarolar, jamiyat va davlat manfaatlarini uyg‘unlashtirish va jamoatchilik fikrini o‘rganish ishlarini yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 09.07.1997 yil 9-iyul kungi “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik markazini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi 343-sonli qarori qabul qilindi.
Jamoatchilik fikrini tashkil etish va o‘tkazishdan ko‘langan asosiy maqsad muhokama etilayotgan dolzarb masalalarning samarali еchimlari bo‘yicha har tomonlama ilmiy-amaliy asoslangan takliflar bankini yaratishdir. Takliflar mavzu bo‘yicha o‘rtaga tashlangan turli fikr-mulohazalarni umumlashtirish asosida shakllanadi. Bu jarayonda eng muhim masala takliflarning konstruktivligi hamda ijro uchun ko‘pchilik tomonidan ma’qullanishidir. Takliflar xarakteriga ko‘ra turlicha bo‘lishi mumkin. Masalan, hozir va kelajakka mo‘ljallangan tavsiyalar, ilmiy asoslangan va amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan, ijobiy va salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan va boshqalar.
Mazkur ishda biz jamoatchilik fikrini tashkil etuvchi barcha institutlarni qamrab olishni maqsad qilib qo‘ymagan holda, aholini ijtimoiy himoya qilishda muhim nazariy va amaliy jihatlarini o‘rganishni oldimizga maqsad qilib qo‘ydik. Zero, jamiyatda erkin ijtimoiy fikrni shakllantirishda aholining turli qatlamlari bilan ishlashni takomillashtirish shu kunning muhim talabi bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekistonda sog‘lom ijtimoiy fikrni shakllanishiga mustaqillik yillarida hayotimizni barcha sohalarida erishilayotgan ulkan yutuqlar, qo‘lga kiritilayotgan zafarlar asosiy omil bo‘lmoqda.
“O‘zligimizni anglab, - deb alohida ta’kidlaydi birinchi prezidentimiz Islom Karimov, - yurtimizning, taqdirimizning tom ma’noda egasi bo‘lib, erkin va ozod hayot kechirishning haqiqiy ahamiyati va mohiyatini chuqur tushunib olgan zahmatkash, mard va matonatli xalqimizning fidokorona mehnati bilan amalga oshirilayotgan olamshumul ishlar, mamlakatimiz, shahar va qishloqlarimizning qiyofasi tubdan o‘zgargani, hayotimiz tobora farovon bo‘lib borayotganini sezmaslik, ko‘rmaslik va kuzatmaslikning o‘zi qiyin, deb o‘ylayman20.
Bunday ulkan yutuq va marralarning asosiy omili va mezonini biz, avvalo, odamlarimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi tobora o‘zgarib, ularning siyosiy faolligi, huquqiy madaniyati, fuqarolik saviyasi va burchi yuksalib borayotganida ko‘ramiz”21 deb ta’kidlab o‘tganlar. Darhaqiqat, bu mustaqillik yillarida qo‘lga kiritilgan eng muhim yutuqlarimizdan biri – sog‘lom ijtimoiy fikr bo‘ldi deyish uchun bugun barcha asoslarga egamiz.



Yüklə 0,78 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin