Egalik kategoriyasi. Grammatik egalik kategoriyasi ot turkumiga xos grammatik ko`rsatgichlar yig‘indisi bo`lib, barcha turkiy tillar uchun umumiydir. Bu kategoriyaning o`ziga xosligi shundaki, u bir vaqtning o`zida ham shaxsga qarashli predmetni, ham shu predmetga egalik qiluvchi shaxsni anglatadi. Masalan, kitobi so`zidagi -i qo`shimchasi, bir tomondan, predmet (kitob)ning III shaxsga qarashliligini bildirsa, ikkinchi tomondan, shu shaxsning predmet (kitob)ga egaligini anglatadi.
Turkiy tillarda grammatik egalik ma’nosi turli usullar bilan ifodalanadi:
1. Morfologik usul, ya’ni so`z negizlariga egalikni anglatuvchi maxsus qo`shimchalarni qo`shish orqali: tuva tilida tevem, teveң, tevezi, tevevis, teveңer, tevezi kabi.
2. Morfologik-sintaktik usul, ya’ni qaratuvchi qaratqich kelishigidagi kishilik olmoshi va qaralmish-egalik affiksini olgan ot yoki otlashgan leksema: turk. benim dostim, senin dostun, onun dostu, bizim dostumuz, sizin dostunuz, onun dostu kabi.
3. Sintaktik usul, ya’ni qarashlilikning egalik qo`shimchalarsiz, so`z tartibi usulida ifodalanadi. Masalan, o`zbek tilida bizning uy, uy meniki; chuvash tilida man al (mening qo`lim), san al (sening qo`ling) kabi.
Grammatik egalikning morfologik usul bilan ifodalanishi qadimturkiy tillarning ham asosiy xususiyati bo`lgan. Egalik qo`shimchalarining eng qadimgi shakllarini quyidagicha ko`rsatish mumkin:
BIRLIK KO`PLIK
I. -m, -ыm//-im -bыz//-biz, -ыbыz//-ibiz
II. -ң, -ың//-iң -ңыz//-ңiz, ыңыz//-iңiz
-g‘, -ыg‘//ig‘ -g‘ыz//-g‘iz, -ыg‘ыz//-ig‘iz
III. -ы//i, -sы//-si -ы//i, -sы//si
BIRLIK KO`PLIK
I. at+ыm, ata+m at+ыbыz, ata+bыz
II. at+ың, ata+ң at+ыңыz, ata+ңыz
at+ыg‘, ata+g‘ at+ыg‘ыz, ata+g‘ыz
III. at+ы, ata+sы at+ы, ata+sы.
Grammatik egalikning I shaxs birlik qo`shimchalari barcha turkiy tillar uchun -m, -ыm//-im, -um//-үm shaklidadir. Bu shaklda qo`shimchalar tarkibidagi unli tovushlarning o`zgarishi so`z negizi tarkibidagi unli tovushning xususiyatiga bog‘liq, bunda unlilar uyg‘unligi (singarmanizm) qoidasi to`la kuchga kiradi. Faqat chuvash tilida I shaxsning birlik shaklining qo`shimchasiz qo`llanish holati uchraydi: man al (mening qo`lim), san al (sening qo`ling kabi).
Masalan, gagauz tilida I shaxs birlikning ifodalaninishi: bobam (otam), bulum (xolam), kiyadыm (kitobim), koyunum (qo`yim), yanaam (yonog‘im), balыыm (balig‘im), kѳpәәm (ko`pagim), bileziim (bilakuzugim), үzүүm (uzugim) va b.
Grammatik egalikning II shaxs birlik shakli hozirgi turkiy tillarda asosan -ң, -ың//-iң, -uң//-үң qo`shimchalari orqali shakllanadi: atың, itiң, uyuң kabi. Bu shaxsning -g‘, -ыg‘//-ig‘, -ug‘//-үg‘ kabi arxaik shakli qadimgi yozma yodgorliklar tilida ma’lum darajada faol bo`lgan bo`lsa ham, hozirgi turkiy tillarda faqat chuvash tilidagina saqlanib qolgan: ыvыlu//og‘ыlыg‘//og‘lug‘ (o`g‘ling) kabi. Ozarbayjon turk, turkman, gagauz, tillarida -n, ыn//-in, -un//-үn shakllari orqali o`zgaradi.
Masalan, ozarbayjon tilida aadың emas, aadin, eviң emas, evin; gagauz tilida: boban (otang), bulun (xolang), kiyadыn (kitobing), koyunun (qo`ying), yanaan (yanog‘ing), balыыn (balig‘ing), uzuun (uzuging) kabi.
II shaxs birlik shakllaridagi egalik affikslarining -y, -ыy //-iy shakllarini karaim tili va ayrim o`zbek shevalarida uchratish mumkin: karaim. atыy (otang), uyiy (uying); o`zbek (dial) uyiy(la), kitobiy (la), ahvoliy (la) kabi.
Egalik qo`shimchalarining ko`plik anglatuvchi shakllari ko`p nusxalidir. Bunda faqat egalik qo`shimchalari tarkibidagi unli tovushlargina o`zgarib qolmasdan, balki qo`shimchalarning boshi va oxiridagi undosh tovushlar ham o`zgarishga uchraydi Masalan, -biz//-miz qo`shimchalari tarkibidagi i unlisi turli turkiy tillarda i//ы//’//i shakllarida o`zgarsa, boshlang‘ich b undoshi b//v//m//n, so`nggi z undoshi esa z//s//t//r// kabi tovush almashinishlariga ega. Buni gagauz tilidagi I, II shaxs ko`plik shakllarining o`zgarishida yaqqol ko`rish mumkin: bobamыs, bobaniz (ota), bulumuz, budunuz (xola), kiyadыmыz, kiyadыnыs (kitob) kabi.
Turkiy tillarda I shaxsning ko`plik shakllari quyidagi ko`rinishlarga ega: -bыz//-biz, -bыt//-bit, -mыz//-miz, -vыz//-viz, -vыs//-vis, -mыr//-mir va boshqalar.
I shaxs ko`plikdagi egalik qo`shimchalarning -bыz//-biz shakli shu turdagi qo`shimchalarning eng qadimgi shakli bo`lib, qumiq, qorachoy, balqar, shor, oltoy, qirg‘iz, boshqird, tatar tillarida qo`llaniladi: tatar. yulibiz, qumiq. atыbыz, qirg‘iz. atabыz kabi.
Yoqut tilidagi -bыt//-bit qo`shimchalari oxiridagi t undoshi -bыz//-biz qo`shimchalari oxiridagi z undoshining s sifatida jarangsizlashidan hosil bo`lgan: uolbut (o`g‘limiz), agabыt (otamiz) kabi.
Bu shaxsning deyarlik ko`pgina turkiy tillarda uchraydigan -mыz//-miz variantlari qadimgi -bыz//-biz shaklidan kelib chiqqan. Affiks boshidagi b undoshining m undoshiga o`tishi turkiy tillarda umumiy holat bo`lib, bu b undoshi unlilar o`rtasida kelganda ham, b undoshining assemilyatsiyasidan ham kelib chiqishi mumkin. Bu shaklning variantlari ko`p: -viz//-vuz, -vis//-vus, o`zbek adabiy tili lahjalarida -vza, -uvza, -’mm’z kabi.
Misollar, o`zbek. dalamiz, uyimiz, tuva. tevevis (tuyamiz), ѳshxүvүs (echkimiz), o`zbek lahjalarida uyivuz, uyivza, qizimmiz va b.
Bu shaxsda egalik affiksining -mr//mir shakli faqat chuvash tilida uchraydi: abmr (otamiz), ыvilmir (o`g‘limiz) kabi.
Egalik affikslarining II shaxs ko`pligining qadimgi shakli -ңыz//-ңiz bo`lib, bu ham I shaxs ko`plik qo`shimchalari kabi ko`p variantli va boshqa egalik affikslariga nisbatan turkiy tillararo tarqalish diapazoni ham keng. O`zbek, qozoq, no`g‘ay, qoraqalpoq, turkman tilida -ңыz//-ңiz, turk, gagauz, ozarbayjon, karaim tillarida -nыz//-niz, ыnыz//-iniz, karaim tilining ayrim dialektlarida -yыz//-yiz, ыyыz//-iyiz, tatar, boshqird, qumiq, qorachoy-balqar tillarida -g‘ыz//-g‘iz shakllari qo`llaniladi.
III shaxs egalik affikslari ko`p ma’nolidir. Bunday holda egalik affikslari o`z ma’nosi (qarashlilik ma’nosi)ni yo`qotadi: otasi, onasi, yaxshisi kabi.
Bu shaxs shakllari so`z yasash vazifasini ham bajaradi: Misollar: ozarb. duni (kechasi), sabahlari (ertasi); o`zbek. ertasi, tonglasi, kechasi, qisqasi; uyg‘ur. yazligi (yozda), kuzlugu (kuzda) kabi.
Oltoy tilida adazi uli (ota va o`g‘il), enezi balazi (ona va bola), shor tilida karazi kunduzi-be (kecha va kunduz), abazi palazi (ota va o`g‘il) kabi birikmalarda bog‘lovchi vazifasini ham bajaradi.
Dostları ilə paylaş: |