TURKIY XALQLAR TARIXINI O`RGANISHDA XITOY MANBALARINING O`RNI
II BOB MARKAZIY OSIYO TARIXIGA BAG'ISHLANGAN ILK O'RTA ASR MANBALARINING XUSUSIYATLARI 2.1 Turkiy tildagi Xitoy manbalar va ularning xususiyatlari VI asr boshlarida inqirozga uchrayotgan eftaliylar davlati bilan bir vaqtning o'zida Oltoyning Janubiy viloyatlarida turkiy qabilalarda siyosiy munosabatlar faollashadi. Bu davrda Sharqiy Turkiston, Farg'ona, So'g'diyona, Xorazm, Baqtriya, Shimoliy Hindiston va Sharqiy Eron hududlarida eftaliylar, Mo'g'uliston va qisman Shimoliy Xitoy ustidan Jo'jan xonligi hukmronlik qilib kelardi. Bundan tashqari hozirgi Xitoy Shimoliyda Vey (Yuan-Vey) sulolasi (386-558) hukmronlik qilardi. Uning kelib chiqishi turkiy negiz bilan bog'liq bo'lib, VI asr boshlarida Kaspiy dengizidan Uzoq Sharqqacha bo'lgan hudud ko'plab turkiy tilli sulolalar nomi bilan bog'liq bo'lgan.
Oltoy janubida hal qiluvchi o'rin egallagan Ashina qabilasi sardori Bumin 551 - yilda tarixdagi yana bir ulkan saltanat - Turk hoqonligiga asos soladi. Dastlab u Jo'jan xonligi bilan aloqani uzib, Vey xonadoni bilan quda andalik munosabatlarini o'rnatadi. 553 - yilda Bumin vafot etgach, o'rniga bir necha oy Qora Issiqxon, undan so'ng Mug'anxon (553 - 572) taxtga chiqadi. Uning davrida turklar yoki ashinaliylar sulolasi “Koreya qo'ltig'idan G'arbiy dengizgacha bo'lgan erlarni o'z siyosiy hukmlari ostiga olishga muvaffaq bo'lganlar. Hoqonlikning g'arbiy hududlarga hujumiga yabg'u hoqon”, Mug'anxonning amakisi boshchilik qiladi. 565 - yilda Istemi eftaliylar qo'shiniga qaqshatqich zarba berib, 507 - yili sosoniylar eftaliylardan tortib olgan Toharistonni ham zabt etadi. Demak, VI asr so'nggi choragida hududlarimizda ashinaliylar hukmronligi o'rnatiladi.
Saltanat maydonining haddan tashqari kattaligi, uni boshqarishdagi murakkabliklar, tadbirkor va donishmand hukmdorlarning nisbatan kam bo'lish, Vizantiya, Eron, Xitoy kabi davlatlar bilan bo'lgan doimiy raqobat, hududlararo tafovutlar 603 - yilda hoqonlikning ikkiga bo'linishiga olib kelgan. Mamlakatimiz G'arbiy Turk hoqonligi tarkibiga kirgan. VII asrning birinchich oragi G'arbiy turk hoqonligining eng kuchaygan davri bo'lgan.
O'zaro nizolar va boshboshdoqlik natijasida VII asr ikkinchi yarmida VIII asrda turk hoqonligi barham topgan va tarixi sahnasidan tushgan.
Ilk o'rta asrlarda Buyuk Ipak yo'li orqali olib borilagan keng ko'lamdagi xalqaro savdo turk hoqonligi, Hindiston, Xitoy, Eron va Vizantiya o'rtasida iqtisodiy va madaniy aloqalarni kengaytirdi. Yuksak madaniyatning serjilo qirralari VI - VIII asrlarning moddiy madaniyat obidalari, diniy e'tiqodlari-yu tasviriy san'at namunalarida o'z aksini topdi.
Xitoy manbalarida shunday ma'lumot bor: “Ibodatxonada muhofazada turadigan turkiy tuzuklar majmuasi bor. Biror bir jazoni belgilashda ushbu tuzuklarni olib, unga asoslangan holda hukm chiqaradilar”. Bundan tashqari turkiy bitiklar ham tuzuklar mavjudligi haqida ma'lumot beradi.
Turk hoqonligi qaror topishi (552 yil) va Markaziy Osiyoni o'z tasarrufiga olishi natijasida turkiy va so'g'diy madaniyatlar simbiozi o'zining eng yuksak cho'qqisiga chiqdi. Asosli ravishda 570 - 783 - yillar A. N. Bernshtam tomonidan “Turk-so'g'd davri” deb belgilandi1.
Turkiy va so'g'diy madaniyatlarning muhim qirralari quyidagilari aks etgan. Bu birinchidan, shaharsozlik madaniyati misolida ko' rinadi. Asosan, savdo - tijorat faoliyati bilan turli mintaqalarga o'rnasha boshlagan so'g'diylar o'zlariga xos bo'lgan shaharsozlik an'analarini manzilgoh (koloniya)lari shaharlashgan diyorlarda ham amaliy qo' llay boshlaydilar. Jumladan, III - V (yoki VI) asrlarda hamda VII asr oxiri - VIII asr boshlari davomida ikki bosqichda kechgan so'g'diylarning Yettisuvga kolonial harakati so'g'diy o'troq madaniyatining turkiy yarim o'troq va ko'chmanchi madaniyat bilan qorishib ketishiga olib keldi2. Jumladan, arxeologlar Chu vodiysidan V - VI asrlarga oid boy o'troq madaniy qatlamni topishgan3. Bu yodgorliklarni tadqiqotchilar vodiy shaharlarida hunarmandchilik, savdo va qishloq xo'jaligi bilan band bo'lgan so'g'diylarga bog'lashadi. Aytish mumkinki, ular ta'sirida ko'plab turkiy qabilalar o'troq hayotga o'tganlar. Asta sekin so'g'd manzilgohdari yirik turk- so'g'd shaharlarga aylangan, bu ayniqsa, Choch vohasida boshlanib, to Qashg'ar o'lkasi tomon cho'zilgan joyda yaqqol ko'zga tashlanadi. Choch va Iloq hayotida so'g'd - turk madaniy simbiozi azaliy bo' lib, bu jarayon shak qabilalari va so'g'diylarning dastlabki munosabatlaridan, ya'ni so'g'diylarning ilk bor sharqqa ko'chish davri (mil. avv. IV asr)dan ham avval boshlangan. Shu bilan birga ko'chmanchilarning ham bu vohaga jadal kirib kelishi IV - VI asrlarda yanada faollashdi. Vohada ilk o'rta asrlarda Binkat, Shturket, Chinonchket, Unjaket, Xarashket, Nuket, Banaket, To'nket, To'qket, Nujet, Farnket kabi shaharlar vujudga keldi4. Hozirda ham so'g'dcha “kent - kand” - shahar qo'rg'on ma'nosini bildiruvchi toponimlar mavjud bo'lib, ular Parkent, Pskent, Zarkent, Xo'jakent kabi shaharlarda saqlangan. Bundan tashqari Choch vohasidagi o'nlab qishloqlar (Nomdanak, Novdak, Sanganak, Samsarak, Nevich, Lashkarak, Xisorak va b.)da sof so'g'diy etimologiya saqlangan. Shu bilan birga sof turkiy etimologiyaga xos shahar nomlari ham ushbu vohaga xosdir (Abrliq, Namudliq, Etliq, Obliq va b.).
Buyuk Ipak yo'li bo'ylab esa bunday shaharlar tizimi ko'plab uchraydi. Jumladan, Isfijob, Juvikat, Novkat, Arsubaniket, Subaniket, Hamuket,Chimkent, Manket, Syutkent, Jankent, Yorkent, Novqat, O'zgand kabi so'g'diy va Qarnoq, Beshbaliq, Boybaliq, Jo'ynoq, Qorashar, Qorasuv, Oqsuv, Talas kabi turkiy toponimlar so'g'd - turk shaharsozligining mushtarak an'analaridan dalolat beradi5.
So'g'diylar va boshqa mahalliy Markaziy Osiyoliklar sharqiy yo'nalishdagi turk shaharlarining qurilishiga bevosita bosh - qosh bo'lganlar. Jumladan, Uyg'ur hoqoni Bayonchur (747-759) Selenga daryosi bo' yida so'g'dlik mutaxassislar yordamida Boybaliq shahrini qurdirgan bo'lsa, undan so'ng hukmronlik qilgan Bug'u hoqon (759-779) Urxun daryosi bo'yida Baliq, Uyg'urbaliq, Qorabolg'asun kabi shaharlarni barpo ettirdi6. Barcha shaharlar Markaziy Osiyodan borgan so'g'dlik, chochlik va farg'onalik shaharsozlar yordamida qurilib, shaharlar tarhiga mahalliy uslublarga bir qadar ahamoniylar va yunonlar shaharchiligi uslublarining ta 'sirida takomillashgan O'rta Osiyo shaharsozlik madaniyati asos qilib olingan edi.
An'anaga ko'ra shaharlar qo'rg'on qilib o'rab olingan. Qo'rg'on devori keng bo'lib, bu aynan mudofaa maqsadlariga mo' ljallangan. Shahar - qo'rg'on atrofida esa bog'lar barpo etilgan. Shahar qo'rg'oni ichida qal'a bo'lib, u alohida devor - ichki devor bilan qurshab olingan. Masalan, Qorabolg'asun shahri devorining balandligi 10 metr, soqchi minorasiniki 13 metr, qal'a minorasi 14 metr balandlikda bo'lgan. Shahar ko'chalarining jami uzunligi 24 chaqirimni tashkil etgan. Shu bois bu yirik shahar Uyg'ur hoqonligining poytaxtiga aylangan. 846 - yilda ushbu shaharda bo'lgan arab geografi Abulqosim Ubaydulloh ibn Xurdodbeh o'zining “Kitab al-masolik va al-mamolik” asarida “shahar aholisi asosan turklardan, olovga topinuvchilar (zardushtiylar, ya'ni o'rtaosiyoliklar, jumladan, so'g'diylar)dan hamda zindiq (moniy)lardan iborat” deb, yozgan7. Bu shaharlar yirik ijtimoiy - iqtisodiy, siyosiy, savdo - tijorat va madaniy markazlar sifatida IX - XII asrlarda ham turklarga, ham assimilyatsiya jarayonida turklasha boshlagan forsiyzabon o'rta osiyoliklarga, jumladan, so'g'diylarga umummanfaatlari yo'lida xizmat qilgan. Bu kolonial manzilgohdarda qad rostlagan shaharlar So'g'ddagi Afrosiyob, Ko'ktepa, Tuproqqo'rg'on kabi qadimgi va ilk o'rta asrlar shaharlarini eslatar edi.
Madaniy uyg'unla shuv aloqalarining yana bir qirrasi bu tasviriy san'at namunalarida o'z aksini topgan edi. Bu sohada ham turk - so'g'd hamjihat hayotini ifodalovchi ko'plab nodir durdonalar saqlanib qolgan. Jumladan, Afrosiyob, Varaxsha, Panjikent, Kushoniya hamda Turfon vohasidan topilgan devoriy suratlarda epik syujetlar, saroy hayoti va yuqori tabaqa jamiyati turmush tarzi aks ettirilganligi diqqatga sazovordir. Afrosiyobdan topilgan devoriy rasmlar o'zining betakrorligi bilan ajralib turadi. Har bir sahna tasviri o'ziga xos bo'lib, tarixiy voqelik, badiiy syujetlar, turli an'ana va marosimlarning ifodasini ko'ramiz. Bu yodgorlik san'at asari sifatida mohir musavvirlar tomonidan yaratilgan. Undagi bo'yoqlarning a'lo darajada tanlanganligi rassomlarning yuksak did egasi bo'lganliklaridan dalolat beradi8. Personajlarda esa turk jangchilarga xos belgilardan kokildor erkaklar tasvirlangan. Turklarda soch o'stirilib, peshona shoyi tasma bilan bog'lab olingan. Turk erkaklari ko'proq soqollarini olib yurgan. Sahnada huddi shu tasvirdagi jangchilar So'g'd ixshidining soqchilari sifatida aks ettirilgan. Bu holatni V. L. Vyatkin turklarning So'g'd shahar hayotida o'rni va so'g'dlarga ta'siri sifatida baholaydi9.
So'g'd tasviriy san'atining Sharqiy Turkistondagi o'rni ham beqiyos bo'lgan. Ko'plab shaharlardagi qal'a, saroy va boy xonadonlarining bino ichki devorlari turli mavzulardagi san'at asarlari bilan bezatilgan10.
Haykaltaroshlik sohasida VI - IX asrlarda avval Yettisuv va Farg'onada, so'ng So'g'dning markaziy hududlarida toshga o'yib ishlangan kichik haykalchalar va sopol buyumlar “turk, so'g'd va xitoy unsurlarining” o'zaro ta'sirlari natijasi edi11.
Tasviriy san'atning boshqa turlari qatorida musiqa va raqs san 'ati ham turk - so'g'd madaniy umumiyligini ifoda etgan. Turk hoqonlari va Xitoy imperatorlari saroylariga Markaziy Osiyolik san'atkorlar tez-tez tashrif buyurib turishgan. Ayniqsa, raqqosalar ancha mashhur bo' lishgan. Xitoyliklar ularni yuksak baholab “Charx urayotgan qizlar girdobi” deb ataganlar.Choch lik, kumedlik, keshlik, maymurg'lik va samarqandlik raqqosalar shunday nazokat bilan o'yin ijro etganlarki, “lahza o'tib ular bulutlar kabi ko'kka ko'tarilib, quyoshga yetgudek” bo'lib tuyulgan. Bu raqs namunalari turk va xitoy raqqosalari tomonidan o'zlashtirilib ijro etilgan. Turklar orasida ko'plab so'g'diy musiqa asboblari ham rasm bo'la boshlagan. Sharqda Buxoro musiqa asboblarining o'nga yaqin xili ma'lum bo'lgan. Qo'shiqlar yakka va jo'r bo'lib ijro etilgan. VII asrda O'rta Osiyo qo'g'irchoq teatri Xitoyga kirib bordi va o'zlashtirildi12.
Turk hoqonligi davrida so'g'd va turk madaniyatlarining bir-birini to'ldirishi eng yuksak cho'qqisiga chiqdi. O'troq va ko'chmanchi madaniyatlar simbiozi shakllandi. Ayniqsa, Buyuk ipak yo'li bo'ylab olib borilgan uzluksiz aloqalar o'zaro madaniy almashinuvlar uchun qulay imkoniyat yaratdi. So'g'diylarning bir qolipdagi an 'anaviy o'troq madaniyati, turklarning tabiat va cheksiz borliq bilan bog'liq hayotni ifodalovchi madaniyati bilan aralashib o'ziga xos madaniyatga zamin bo'ldi. Turklar shaharlarga kelib o'rnashgach, o'z ta'sirlari doirasida betakror ijod yaratdilar. So'g'diylar esa ulardan dasht hayoti, ko'ch manchilar turmushi va urf-odatlarini aks ettiruvchi manzaralarni o'zlashtirib o'z asarlarida qo'llay boshladilar. Ayniqsa, hayvonlar tasviri, ov sahnalari, olishuvlarning ko'rinishi jonli ifodasini topdi. Ko'plab turk - so'g'd idishlarida hayvonot dunyosining tasvirlanishi ko'chmanchi madaniyatning o'troq madaniyatga tabiat manzaralarini olib kirganligidan dalolat beradi13.
Turk-so'g'd madaniyati simbiozida yozuv madaniyatining o'rni beqiyosdir. Oromiy yozuvi asosida mil. avv. IV - III asrlarda shakllana boshlagan so'g'd alifboli - fonetik yozuvi, milodiy VI - IX asrlarda Markaziy Osiyoning turkiy davlatlarida rasmiy hujjatchilikda qo'llanildi. Shu bilan birga so'g'd tili ham turkiy tillar qatori muomala vositasiga aylandi. So'g'd yozuvi ta'sirida VI - VIII asrlarda uyg'ur yozuvi shakllandi. Uyg'ur xatining shakllanishi so'g'diylar va turkiylarning madaniy, ijtimoiy - iqtisodiy, savdo munosabatlaridagi hamjihatligining mahsuli edi. Qolaversa, so'g'd tilining xalqaro miqyosda vosita tiliga aylanishida turk-so'g'd qo'sh tilliligining o'rni va ahamiyati ham kuchli edi. X asrda Qoraxoniylar davridan Markaziy Osiyo turklari orasida arab yozuvini qo'llash rasmiy tus ola boshlagan bo'lsa-da, uyg'ur xati O'rta Osiyoda XV asrgacha, Sharqiy Turkistondagi turk buddaviylari orasida to XVIII asrgacha amalda bo'lgan. Bu yozuvda yaratilgan monuviylarning tavbanomasi “Xuastuanif”, buddaviylarning “Maytri simit”, “Oltin yarug” kabi yozma yodgorliklari, arab yozuvi bilan yonma-yon yozilgan Yusuf Xos Xojibning “Qutadg'u bilig”, Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyiq”, Xorazmiyning “Muhabbatnoma”, Xo'jandiyning “Latofatnoma”, Yusuf Amiriyning “Dahnoma”, Mir Haydarning “Mahzun ul-asror” kabi asBarlarining har ikki yozuvdagi qo'lyozmalari mavjud14.
Garchi R. Got'o, V. Tomsen va V. A. Livshits kabi tadqiqotchilar qadimgi turkiy yozuvning kelibchiqishini VI - VII asrlarda so'g'd yozuvi asosida shakllangan desalar-da, ammo bu faraz hanuzgacha o'z tasdig'ini topgan emas15. Qolaversa, agar olimlar tomonidan Olma Ota yaqinidagi Issiq qo'rg'oni qabridan topilgan kumush idish sirtidagi yozuv, Afg'onistonning Dashi Novur qoyatoshidagi yozuvlardan biri, O'zbekiston va Tojikistonning sakkiz shaharidan topilgan “noma'lum” yozuvlar qadimgi turk yozuvi ekanligi o'z tasdig'ini topsa, u holda qadimgi turkiy yozuv so'g'd yozuvi bilan deyarli bir vaqtda mil. avv. VII - VI asrlarda paydo bo'lgan hisoblanadi16. Bundan tashqari qadimgi turkiy yozuv o'z takomiliga ko'ra so'g'd va uyg'ur yozuvlaridan farqli VI - IX asrlarga kelib turk tili fonetik imkoniyatlarini to'liq qamrab olgan va tovushlar ifodasi uchun 40dan ziyod belgi bilan qo'llanilgan. Shakl jihatidan ham so'g'd yozuvidan farq qilib, ba'zi belgilar oromiy shaklga yaqin bo'lsa-da, bizningcha, mustaqil taraqqiyot yo'lini bosib o'tgan. Ayrim hollardagina oromiy yozuvining ba 'zi belgilaridan foydalangan bo'lishi mumkin. Qolaversa, qadimgi turk yozuvi so'g'd va uyg'ur yozuvlari kabi kursiv shaklga ega emas, ya'ni harfiy belgilar alohida-alohida yoziladi. Shunday bo'lishiga qaramay qadimgi turkiy yozuvning asosida shakllanganligi g'oyasi ham rad etilmagan. Balki bu ikki etnos bir vaqtda o'z yozuv madaniyatlarini yaratishgani, so'g'd tilining xalqaro vosita tiliga aylanishi, so'g'd yozuvi imkoniyatining oshishi, qadimgi turkiy yozuv imkoniyatining faqat “tosh bitiklar” bilan cheklanish darajasi bilan izohlanar. Shu o'rinda ta'kidlash joizki, turklar ishlab chiqqan yozuvidagi sof spetsifik holat, muayyan bir etnos tiliga moslashganligi, kursiv shaklining yo'qligi ham bu yozuvga bo'lgan talabni bir oz cheklagan bo'lishi ehtimol. Biroq asrlar davomida qadimgi turk tilidagi obidalar asosan tosh bitiklar shaklida yetib kelganligi turk yozuvining aynan epigrafik bitiklar uchun mo'ljallanganligidan dalolat beradi. Jumladan, bizgacha To'nyuquq, Ulug', Qultegin, Bilga hoqon kabi turk tilidagi toshbitiklar qatorida uch tilli (qadimgi turk, so'g'diy, xitoy) Qorabolag'asun, Ongin bitiklari kabilar saqlanib qolgan17. Yaqinda Tyan'shandagi Qo'chqor vodiysining Ko'ksoy manzilidan ham qadimgi turk yozuvi aks ettirilgan tosh topilgan18.
Shunday bo'lsa-da, turklar so'g'diy yozuvga ehtiyoj sezganlar. Bu yozuvda turk hoqonlarining rasmiy hujjatlari bitilgan, turklarning so'g'd tili qatorida so'g'diy yozuvidan ham foydalanganliklari kuzatiladi. So'g'd tilining I - Turk hoqonligida rasmiy tillardan biri bo 'lganligi epigrafik yodgorliklardan biri, 581 - 587-yillar orasida bitilganligi taxmin qilingan Bug'ud yodnomasi (I - Turk hoqonligining rasmiy bayoni)da o'z aksini topgan. Yodgorlik xonlik hukmdorlaridan biri Maxan-tegin sharafiga bitilgan19. Gobiy cho'lining janubidagi Sevrey qoyasidan so'g'd va turk tilida 762 - yilda Xitoyga hujum qilgan uyg'ur hoqoni Begyo-Ingi Yanglakar ma'lumoti chekilgan bitiktosh topilgan20. Mo'gulistonning shimoli-g'arbidagi Tayxir-Chulun qoyasiga qora tush bilan turkcha va so'g'dcha yozuvlarda “kelib-ketuvchi” sayyohlarning ro'yxati bitilgan bo'lib bu VIII - IX asrlarga oid deb hisoblanadi. 808 - 821-yillarda hukmronlik qilgan uyg'ur hoqoni Alp-bilga Qorabolg'asunda turk, so'g'd, xitoy tili va yozuvlarida o'z davri voqealarini zikr ettirgan21. Yettisuvda Olotovning janubiy tizmalaridagi Teraksoy va Qulonsoy daralaridagi qoyatoshlardan so'g'd tilida turkiy ismlar ro'yxati topilgan22. Shu hududdagi Qizilsuv qal'asidan sopol idishlarda so'g'dcha yozuv, Tarozdan topilgan taxtachadagi so'g'd yozuvi, Qirg'izistondan topilgan xumdagi so'g'd yozuvi va boshqa turk - so'g'd yozuv madaniyatlarining hamkorlikda yuksak darajaga etganligidan dalolat beradi23. Turk hoqonlari saroylarida ko'plab so'g'diylar xizmat qilganlar. Xitoy manbalarida ular ismlari (An Napan'to, elbi-nezuk- Eltabar, Kan Ai - Kul-tarxon, An Sui Sze, Shi-Shi Xusi, An Yun-Yan) Markaziy Osiyo shahar nomlariga nisbat berilib keltirilgan. Ular hoqonlikning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida yetakchi o'rin tutganlar. Sharqiy Turkistondagi, jumladan Dun'xuandagi so'g'diylar orasida assimilyatsiya jarayoni natijasida turkiy ismlar va unvonlar (Uzmish, Erkin, Turg'un, Takin, Eltabar va b.) rasm bo'lib borgan. Huddi shu jarayon Markaziy Osiyoda ham kuzatilgan. So'g'd hokimlari saroylarida turkiy amaldorlarning xizmati salmoqli bo'lib borgan. Jumladan, Panj viloyati hokimi Chakin chur Bilga, shu viloyatning keyingi hukmdori, “Samarqand taxtiga da'vogar” Devashtichning framandari lavozimini egallagan Utt, Devashtichning eng yaqin maslahatchisi kohin Ko'rchilar shu davrning namoyandalari edi.
Adabiyot sohasida ham bu ikki etnos vakillari yuksak namunadagi asarlarni ijod etganlar. Ular tomonidan so'g'diy va turkiy tillarda, asl so'g'd, uyg'ur, monuviy va xristian-suriyoniy yozuvlarida o'nlab diniy, diniy-didaktik va dunyoviy asarlar yaratilgan.
Kitobot madaniyati vujudga kelishi bilan badiiy ijod namunalarini to'plash imkoniyatlari kengaydi. Agarda dastlabki kitobni “Avesto” desak, keyinchalik ayniqsa VII -VIII asrlarda so'g'd - buddaviy kitobotining salkam o'ttizga yaqini, moniy dini mazmunidagi kitoblarning o'nga yaqini va bir qancha xristian dini mazmunidagi kitoblarning namunalari bizgacha yetib kelgan. Bu kitob parchlari dunyoning turli shaharlaridagi muzeylar va kutubxonalardan o 'rin olgan. Turkiy kitobot ikki xil yo 'nalishda: tosh bitik va qo'lyozma shaklida bo'lib, umumiy nom bilan “bitig” deb atalgan24. So'g'd kitoboti asosan teri, qog'oz va yog'och novdalariga yozilgani bois “pustak” (o'zbekcha po'stak-teri) deb nomlangan. Bundan tashqari So'g'dda munshaot janri, maktublarda an 'anaviy boshlanma formalari amal qilgan25. Bularning barchasi turkiy va so'g'diy madaniyatning yuksak namunalari mavjud bo'lganligini ko'rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, turkiy va so'g'd iy madaniyatlar sintezi Markaziy Osiyoning bir yarim yillik tarixida o'ziga xos iz qoldirdi. Mintaqada “yagona tarixiy - madaniy makon” vujudga keldi. VIII asrdan so'ng islom madaniyati bilan boyib jahon madaniy taraqqiyotiga munosib hissa bo'lib qo'shildi. Etnomadaniy jihatdan o'zbek va tojiklarining turmush tarzi, urf-odat va an'anasi hamda qadriyatiga aylandi.
Turkiy til deganda, Sibirdan Bolqon yarim oroligacha birchiziq bo'ylab cho'zilgan ulkan geografik hududda tarqalgan o'zbek, uyg'ur, qozoq, qirg'iz, qoraqal-poq, saxa (yoqut), tuva, xakas, oltoy, karagas, shor, turkman, ozarbayjon, turk, gagauz, tatar, boshqird,ch uvash, qo'miq, no'g'ay, qorachoy-bolqor, tofalar,ch uvash kabi 25 dan ortiq til tushuniladi. Hozirgi tarqalish geografiyasiga ko'ra, quyidagi mintaqalarga ajratiladi: O'rta va Janubiy-sharqiy Osiyo, Janubiy va G'arbiy Sibir', Volga-Kama havzasi, Shimoliy Kavkaz, Zakavkaz'e va Qora dengiz bo'yi.
Turkiy tillarni birinchi marta tasnif qilgan olim Mahmud Qoshg'ariydir. Turkiy tillar tasnifi bilan qiziqish XIX asr oxiri va XX asrda qayta avj oldi va hozirgacha ko'plab tasniflar vujudga keldi
Eng qadimgi turkiy yozma yodgorliklar (Orxun-Yenisey yozuvida) VII - XI asrlarga mansub bo'lib, ular, asosan, qabrtoshlar tarzida Shimoliy Mongoliya, Qirg'izistonda, Yenisey daryosining yuqori qismi, Talas vodiysida va boshqa shaharlarda topilgan. Brahmi va so'g'd yozuvlarida bitilgan qadimgi turkiy yodgorliklar ham uchraydi (Sharqiy Turkiston va Markaziy Osiyo). Keyinchalik uyg'ur va arab alifbolari asosidagi turkiy yozuv sharqda (Qashqar, Markaziy Osiyo, Oltin O'rda hududi, Volgabo'yida) va g'arbda (saljuqiylar davlatida, Ozarbayjon, Turkiya va boshqa hududlarda) rivojlandi. Xitoyda yashovchi uyg'urlar XI asrdan hozirgacha arab alifbosi asosidagi yozuvdan foydalanadilar. Qadimgi yozuv an'analariga ega bo'lgan turkiy xalqlarning aksariyati (o'zbek, uyg'ur, turk, ozarbayjon, turkman, tatar, boshqird kabi) XX asrning 20-yillarigacha arab alifbosi asosidagi yozuvga ega bo'lgan.
Turkiylar o'z yozuvlarini ijod qilganlar. Hoqonlik tarixidan hikoya qiluvchi yozuvlar quyidagi hududlarga bo'lib tasniflanadi: Shimoliy Mo'g'uliston yodnomalari, Lena-Baykalbo'yi yodnomalari, sharqiy Trukiston yodnomalari, Oltoy yodnomalari, Markaziy Osiyo guruhi yodnomalari, sharqiy Yevropa yodnomalari. Ular orasida eng mashhurlari Qultigin, Bilga hoqon, Tunyuquq, Ongin kabi bitiktoshlardir.
Bu davrda turklar o'z yozuvlarini ijod qiladilar. Yangi yozuv biri ikkinchisiga tutashib ketadigan 38-40 harfdan iborat bo'lib, tosh va yog'och ga o'yib yozish uchun nihoyat qulay edi. Ularning namunalarini yuqorida sanab o'tgan edik.
Qadimgi Turk manbalari orasida XVII asrda Sibir hamda Mo'g'ilistonda, Oltoy hamda O'zbekistonda topilgan runiy bitiklar alohida qiymatga egasr Bu yozuvlarning yetti guruhi - Lena - Baykalbo'yi bitiklari, Yenisey, Mo'g'uliston, Oltoy, Sharqiy Turkiston, Markaziy Osiyo bitiklari ma'lum. Bu bitiklar O'zbekiston xalqlarining arablar istilosi arafasidagi ijtimoiy - siyosiy hamda madaniy hayotini o'rganishga yordam beradi.
Yenisey bitiklari mashhur rus haritashunos olimi S. U. Remezov (taxminan 1642 - 1720-yy.) tarafidan XVII asr oxirida Yenisey havzasi (hozirgi Xakas avtonom viloyatiga qaraydi) topilgan. Undan keyin bu haqda shvesiyalik harbiy asir F. Stralenberg (Tabbert) ma'lumot beradi. U Yenisey havzasidagi qabrtoshlardan toshga o'yib yozilgan notanish xatlarni topgan. Bu yozuv haqidagi ma'lumotlar birinchi marta o'tgan asrning birinchich oragida “Sibirskiy vestnik” jurnalida e'lon qilindi. 1889-yili fin olimlari Yeniseydan topilgan yozma yodgorliklar xaritasini tuzdilar.
Mo'g'ulistondan topilgan bitiklar orasida To'nyuquq, Qultegin, Bilga hoqon va Ongin muhim o'rin tutadilar.
To'nyuquq bitigi Ulan-Batordan 66 km janubi-sharqda, Bain Tsokto manzilida shaharlashgan va ikkinchi turk hoqonligining asoschisi Eltarish hoqonning (681 - 691-yy.) maslahatchi sarkarda To'nyuquqqa atalgan va 712 - 716 yillari yozilgan. 1897 - yili rus olimi D. A. Klements (1848 - 1914) va uning xotini Yelizaveta Klementslar tarafidan ochilgan, V. V. Radlov (1899 y.), V. Tomsen (1922y.), X. Sheder (1924 y.), D. Ross (1930 y.) hamda G. Aydarov (1971) tarafidan yaxshi o'rganilgan va matni nemischa, daniyacha, inglizcha va ruscha tarjimalari bilan chop etilgan. Obida G'. A. Abdurahmonov hamda A. Rustamov tomonidan o'zbek tiliga qisqacha tarjima qilingan (1982 y.).
Qultegin bitigi. Bilga hoqonning (716-734 yy.) inisi Qultegin (731- yili vafot etgan) sharafiga yozilgan. Mo'g'ulistonning Koshosaydan vodiysida Ko'kshin O'rxun daryosi bo'yidan rus arxeolog va etnograf olimi N. M. Yadrinsev (18421894 yy.) tomonidan 1889 yili topilgan.
Bitik V. V. Radlov (1891 y.), A. Xeykel (1892 y.), V. Tomsen (1896 y.), P. M. Melioranskiy (1897 y.), X. Sheder (1924 y.), S. E. Malov (1951 y.), G. Aydarov (1971 y.) lar tomonidan nemischa, frantsuzcha, ruscha tarjimalarda chop etilgan. G'. A. Abdurahmonov va A. Rustamov tomonidan o'zbek tiliga qilingan qisqacha tarjimasi (1982 y.) ham bor.
Bilga hoqon bitigi. Qultegin bitigidan 1 km janubi - g'arbda - Ko'kshin O'rxun daryosi havzasida topilgan bu obida 735 - yili bitilgan. Uni V. V. Radlov, S. E. Malov, P. M. Melioranskiy va V. Tomsen tomonidan o'rganilgan va chop etilgan.
Ongin bitigi Mo'g'ulistonning Koshosaydan vodiysidan topilgan va kimga atalganligi aniq ma'lum emas. Ba'zi fikrlarga qaraganda, yuqorida tilga olingan Eltarish hoqon va uning xotini Elbiyga xotun sharafiga qo'yilgan (735 y.), boshqa fikrga ko'ra Qopag'on hoqonga (691-716-yy.), yana bir ma'lumotga (J. Klosson) qaraganda Bilga hoqonning harbiy boshliqlaridan Alp Eletmish (taxminan 731 yilda o'lgan) sharafiga qo'yilgan.
Obida 1892 yili V. V. Radlov tarafidan (estompaji) va 1957 yili J. Kloson tomonidan (inglizcha tarjimasi va tadqiqot bilan nashr qilingan).
Bulardan tashqari, Qarabalsag'un shahri (Ulan-Batordan taxminan 400 km janubda shaharlashgan qadimiy shahar) xarobalaridan, Xayto Tamir, Cho'yren, Beyshin - Udzur, Bayan-Xo'ngur va boshqa shaharlardan topilgan yozuvlar ham muhimdir.
Oltoydan topilgan bitiklardan chorish, Katandi daryolari, Qo'shog'och hamda tog'li nohiyalaridan topilgan bitiklarni aytib o'tish mumkin. Bular O'rxun- Yenisey bitiklaridan farqli o'laroq, etnografik materialga boydir. Oltoydan topilgan yozuvlar P. M. Melioranskiy, E. R. Tenishev, A. K. Borovkov, K. Seydakmatov, V. M. Nadelyaev hamda D. D. Vasilyev tomonidan e'lon qilingan.
Sharqiy Turkistondan topilgan bitiklar orasida Turfon vohasidagi g'orlarga shaharlashgan ibodatxona devorlariga yozilgan bitiklar alohida o'rin tutadi. Bitiklar V. Tomsen tarafidan chop qilingan.
Qozog'iston hamda Qirg'izistonda topilgan bitiklar (XX asrning 60-70- yillarida topilgan) hali chuqur o'rganilmagan. Bular orasida Talas vohasidagi (Ayritom, Teraksoy, Qulonsoy, Toldiqo'rg'on, Urjor, Sirdaryo, Ila, Olma Ota, Tolg'ar, Tinbas va hokazo) topilgan bitiklar muhim ilmiy ahamiyat kasb etadi.
Qozog'iston hamda Qirg'iziston hududidan topilgan bitiklarning ba'zilari S. Sodiqov, M. E. Masson, A. N. Bernshtam, A. S. Omanjolov, G. Musaboyev, Ch. Jumag'ulov hamda G. Karag'ulovalar tomonidan e'lon qilingan.
Qadimiy turk runik yozuvlari (asosan sopol idishlarga yozilgan) Farg'ona, Oloy vodiysi hamda Janubiy O'zbekiston va Tojikiston hududidan, ya'ni Bekobod, Isfara, Marg'ilon, Farg'ona, Andijon, Quvasoy, O'sh, O'zgand, Kofirnihon, shuningdek So'g'ddan ham topilgan va A. N. Bernshtam, B. A. Litvinskiy, V. A. Bulatova, E. R. Tenishev, Yu. A. Zadneprovskiy tarafidan o'rganilgan.
Umuman, qadimiy turk runik yozuvlari xalqimiz tarixini yoritishda juda qimmatli manbadir. Turkiy tillarda so'zlashuvchi xalqlarning tillari, etnografiyasi, tarixi, adabiyoti, fol'klori, madaniyatini o'rganuvchi gumanitar fanlar majmui turkologiya deb nomlanadi. Dastlab turkologiya asosan, filologik fan sifatida rivojlandi. Turkologiyaning eng muhim manbalari: VII - XI asrga mansub O'rxun- Yenisey yozuv (bitik)lari, uyg'ur yozuvi yodgorliklari, o'rta asrlarda yashab, arab, fors va turkiy tillarda ijod etgan mualliflarning asarlari va boshqalar. Turkiy qabilalar haqida Mahmud Qoshg'ariy tomonidan to'plab tartibga solingan eng qadimgi ma'lumotlar to'plami - “Devonu lug'ot at turk” va Abulg'ozi Bahodirxonning tarixiy - etnografik asarlari ham muhim ahamiyatga egasr
G'arbiy Yevropa turkiylar bilan XI - XIII asrlarda, Vizantiya hamda salibchilarning saljuq turklariga qarshi kurashi paytida tanishadi. Turklar tomonidan Konstantinopolning bosib olinishi ularga bo'lgan qiziqishni yanada orttirdi. Yevropa adabiyotida Usmonli turk imperiyasining dastlabki tavsifi XV - XVI asrlarga mansub. G'arb sharqshunosligida turkiyshunoslikning XVII - XVIII asrlardagi bosh yo'nalishi Usmonli turk imperiyasini, uning siyosiy va harbiy qudrati negizlarini o'rganishdan iborat bo'lgan. Yevropadagi dastlabki tadqiqot ob'ektlaridan yana biri turk tilidir: 1533 - yilda dastlabki qo'lyozma qo'llanmasi, 1612 - yilda Ibronim Megizerning ilk bosma grammatikasi yaratildi. Usmonli turk tili bo'yicha yuqoridagi va boshqa asarlar, ayniqsa, F. Meninskiyning turk tili grammatikasi va lug'ati (XVII asrning 2-yarmi) G'arbiy Yevropa va Rossiyada XVIII asr oxiri - XIX asr boshida turkiy tillarni ilmiy o'rganishga zamin hozirladi.
Rossiyada turkshunoslik bilan muntazam shug'ullanish (XVIII asrning 2- yarmidan) I. Giganov va S. Xal'finlarning nomi bilan bog'liq. Turkshunoslik Rossiyada XIX asrda va XX asr boshlarida sezilarli taraqqiyot darajasiga erishadi va kompleks fan sifatida shakllanadi (X. D. Fren, O. Senkovskiy, M. M. Kazimbek, O. N. Byotlingk, L. Z. Budagov, P. M. Melioranskiy, F. E. Korsh, V. V. Grigor'yev, N. Ya. Bichurin, V. V. Vel'yaminov-Zernov, N. V. Xanikov, I. N. Berezin, I. Veselovskiylarning turkiy xalqlar tillari, adabiyoti va tarixini, qisman numizmatikani o'rganishga bag'ishlangan asarlari). XIX asr 60-yillarida N. I. Il'minskiy va V. V. Radlovlarning asarlari bilan turkiy tillarni o'rganish (ayniqsa, qadimgi va o'rta turkiy yozuv yodgorliklarini o'rganish, tillarni qiyosiy o'rganish, umumturkiy lug'at yaratish va b.) tarixida yangi bosqichga asos solindi. L. Budagovning 2 jildli “Turkiy lahjalarning qiyosiy lug'ati” (1869 -1871), V. V. Radlovning 4 jildli “Turkiy lahjalar lug'ati tajribasi” (1888 - 1911) lug'atlari turkiy leksikografiya tarixida muhim yangilik bo'ldi. Markaziy Osiyo xalqlari tarixini, uning ijtimoiy, iqtisodiy muammolarini o'rganish (XIX asr oxiri) esa B. B. Bartol'd nomi bilan bog'liq. XIX asr oxiri - XX asr boshlarida turkshunoslikning rivojlanishiga turkiy xalqlarning o'zlaridan yetishib chiqqan ba'zi olimlar ham (Ch . Valixonov, Q. Nosiriy, M. F. Oxundov, Ishoqxon Ibrat, I. Oltinsarin, N. F. Katanov va b.) hissa qo'sha boshladilar. XIX asr oxiri - XX asr boshlarida lingvistik turkshunoslik maktablari Markaziy Osiyo va Kavkazda ham paydo bo'ldi. N. P. Ostroumov, N. N. Pantusov, V. P. Nalivkin, I. A. BelYayev, S. Lapin, I. Budzinskiy, L. Afanas'ev, I. D. Yagello, I. M. Bukin, I. Oltinsarin kabilar Markaziy Osiyodagi turkiy tillarni, N. V. Xanikov, L. Lazarev, V. X. Kondaraki, O. Zaatov, M. G. Afanas'yevlar Kavkazdagi turkiy tillarni o'rganish bilan shug'ullandilar.
Sho'ro davrida tarix va tarixnavislik, til va adabiyot sohalaridagi bir tomonlama siyosat va mafkura tazyiqi sezilib tursada, sharqshunoslik va turkshunoslik ijobiy an'analarga asoslangan holda rivojlanishda davom etadi. Bunda o'z ijodlarinich or Rossiyasi davridayoq boshlagan V. V. Bartol'd, V. D. Smirnov, V. A. Bogoroditskiy, A. N. Samoylovich, S. E. Malov, N. I. Ashmarin, A. E. Krimskiy, A. P. Kovalevskiy, N. Ya. Marr, I. A. Orbeli va b. olimlar alohida o'rin egallaydi (N. F. Katanov 48 ta turkiy til va lahjalarning chog'ishtirma gramatikasini yozdi, N. I. Ashmarin chuvash tiliga oid 17 jildli asar yaratdi).
Turkiyzabon xalqlar tarixi, etnografiyasi va arxeologiyasi esa V. V. Bartol'd, A. Yu. Yakubovskiy, S. I. Rudenko, N. P. Direnkova, S. V. Kiselyov, V. A. Shishkin, M. E. Masson, S. P. Tolstov, A. P. Okladnikov, Ya. G'. G'ulomov, A. X. Margulan, T. A. Jdanko, L. N. Gumilyov, A. D. GraCh, L. R. Kizlasov va b. tomonidan o'rganildi. Turkiy xalqlar adabiyotlarini o'rganishda ham muayyan yutuqlarga erishildi (V. D. Smirnov, A. N. SamoyloviCh, E. E. Bertel's, V. A. Gordlevskiy, V. M. Jirmunskiy, Abdurauf Fitrat, A. Sa'diy, M. Avezov, H. Orasli, M. G'aynullin, Hodi Zarifov, Izzat Sulton va b.ning asarlari).
XX asrning 40-yillardan boshlab hozirgi turkiy tillar va ularning lahjalarini o'rganish bilan bir katorda tarixiy va qiyosiy-tarixiy fonetikasini, grammatikasini o'rganish boshlanadi, leksikologiya va leksikografiya, dialektografiya va dialektologiya rivojlanadi, XX asr 50-yillardan esa turkiy yozuv yodgorliklarini lingvistik jihatdan o'rganish keng yo'lga ko'yiladi. S. E. Malov yodgorliklarning matnlarini hamda “Qadimgi turkiy yozuv yodgorliklari” nomli umumlashtiruvchi asarini nashr ettiradi (1951). 10 kishidan iborat turkiyshunoslar guruhi tomonidan “Qadimgi turkiy til lug'ati” (1969), E. V. Sevortyan va shogirdlarining 4 jildli “Turkiy tillarning etimologik lug'ati” (1974-1989), Amir Najibning “Turkiy tillarning tarixiy-qiyosiy lug'ati” (I jild, 1979), o'zbek lug'atchilarining 4 jildli “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug'ati” (1983-1985) kabi lug'atlarning nashr etilishi, hozirgi qozoq, turkman, ozarbayjon, o'zbek, tatar, qirg'iz, qoraqalpoq tillari izohli lug'atlarining yaratilishi ham turkshunoslik rivojiga katta hissa bo'lib qoshildi.
O'zbekistonda turkshunoslik muammolari bilan shug'ullanish va shu sohada mutaxassislar tayyorlash ishlari O'zbekiston FA Til va adabiyot, Sharqshunoslik, Tarix, Arxeologiya institutlarida, Qoraqalpog'iston bo'limida, Toshkent Sharqshunoslik institutida, O'zMU va b. universitetlarning tegishli fakul'tetlarida amalga oshirilmoqda.
Tadqiqotlarni targ'ib qilish, ommalashtirish maqsadida sobiq SSSR davrida «Sovet turkiyshunosligi» («Советская тюркология ») jurnali (1970 y.dan Bokuda) va «Тюркологгический сборник » («Turkologiya to'plami», 1970 y.dan Moskvada) muntazam nashr etilib turgan, lekin XX asr 90-yillar o'rtalarida mazkur jurnalni «Turkologiya» nomi bilan nashr etishga urinishlar bo'lsa-da, keyinchalik bu jarayon to'xtab qoldi. Turkshunoslikni muammolarini yorituvchi jurnal va blyulletenlar Londonda (“Asia Major”), Istanbulda (“Turk Dili”), Anqarada (“Turk Dili Arastirmalari yilligi”, “Tarix Arastirmalari Dergisi”), Parijda (“Turcica”), Toshkentda (“Sharq mash'ali”, “Sharqshunoslik”, “O'zbek tili va adabiyoti”) va boshqa shaharlarda nashr etilib kelmoqdalar. 2003-yildan boshlab Qozog'istonda Ahmad Yassaviy nomidagi Qozoq-turk xalqaro universitetida “Turkologiya” jurnal nashr etilmoqda.