Urg’ochi gulning eng pastki qismi-tuguncha, o’rta qismi - ustuncha va ustki qismi - tumshuqchadan iborat. Tumshuqcha changlanish vaqtida changlarni qabul qilib oladi, ustuncha tumshuqchani tuguncha bilan birlashtiradi va uni ozmi - ko’pmi balandlikka ko’tarib turadi; tugunchaning ichida urug’kurtaklari (makrosporantiyalar) bo’ladi. Urug’lanishdan keyin bulardan urug’lar xosil bo’ladi, tuguncha esa mevachaga aylanadi. Binobarin, tuguncha urug’ kurtaklari bilan birga onalik (ginetsey) ning muxim qismini tashkil etadi.
Tutning urg’ochi (onalik) guli kosa shaklidagi gultevarakligining ikkita yashil bargchasi gulning ichidan, ikkitasi sirtidan onalikni urab olgan bo’ladi. Urg’ochi gul tugunchasi gul tevarakligining ustki qismida joylashganligi uchun, uni ustki erkin tugunchali gul deyiladi. Tuguncha bir xonali bo’lib, ustuncha orqali tumshuqcha bilan birlashadi. Urg’ochi gulning ustunchasi tutning turiga qarab uzun va qisqa bo’ladi. Bu sistematika jihatidan ahamiyatlidir. Ba’zi tugunchada ustuncha bo’lmaydi. Ustunchasiz tugunchada joylashgan gul tumshug’iga kalta pocha deyiladi. Onalik tumshuqchasi qo’sh qanotli bo’lib, sirtida juda ko’p tukchalar joylashgan. Bu tukchalar otalik changini ushlab qolishga yordam beradi. Tukchalarning tubidan maxsus shira (qand eritmasi - enzim) chiqadi. Bu eritmada tumshuqchaga otalikdan tushgan gul changi bo’rtib, naycha hosil qiladi.
Urug’kurtak yadrosining ichida joylashgan murtak qopchasi yettita hujayradan tuzilgan. O’rtadagi eng katta hujayraning markazida ikkita yadrodan hosil bo’lgan ikkilamchi yadro bor, uning ikki ichki tomoniga uchtadan yalong’och hujayra kelib yopishadi. Ularning xar qaysisida o’ziga xos yadrosi va parda bilan ajratilgan alohida protoplazmasi bo’ladi.
Urug’ yo’li yaqinida turuvchi uchta hujayra tuxum apparatini hosil etadi. Bu apparat bitta tuxum hujayra (urg’ochi gameta) va ikkita yordamchi hujayra (sinergidlar) dan iborat. Murtak qopchasida, tuxum hujayrasiga qarama- qarshi tomonida uchta hujayra joylashgan bo’lib, ularga antipodlar deyiladi.
Urug’lanish hodisasi quyidagicha ro’y beradi: erkak gulning changi oq rangli onalik tumshuqchasiga tushgach, bir necha soat, ba’zan bir necha minutdan keyin chang naylari o’sa boshlaydi va u tumshuqchaning etiga kirib, so’ngra tuguncha devorchalari orqali urug’kurtakka va urug’poyaga qarab o’sadi. Changdagi oziq moddalar (kraxmal, shakar, moy) tumshuqcha va urug’kurtakdan ajralib chiqadigan oziq moddalar bilan qo’shilib, urug’ yo’li tomon o’sayotgan chang naychalariga sarf etaladi. Onalikning eti orqali ko’p chang naychalari bir tomonga qarab o’sadi. Nihoyat, eng hayotchan va kuchli naycha urug’ yo’liga birinchi bo’lib yetib keladi va urug’kurtak yadrosiga hamda murtak qopchasiga kiradi. So’ngra chang naychasining uchi yoriladi. Uning ichidagi ikkita jinsiy hujayra (sperma) ning bittasi tuxum hujayra bilan va ikkilamchi yadrosi bilan qo’shiladi, ya’ni qo’shaloq urug’lanish hodisasi ro’y beradi. Bu hodisani 1898 yilda mashxur rus botanigi S.G.Navashin kashf etgan.
Urug’kurtak qo’shaloq urug’langandan keyin urug’ga aylanish jarayonida eng oldin murtak qopchasidagi ikkilamchi hujayradan hosil bo’lgan endosperm (jamg’arilgan oziq modda), so’ngra tuxum hujayradan ro’yobga kelgan murtak rivojlana boshlaydi. Shunday qilib, urug’kurtaklardan urug’lar, uning qoplagichlaridan urug’ po’stlari, tuxum hujayradan murtak hosil bo’lib, murtak qopchasining ikkilamchi yadrosi bo’lgan hujayra endospermaga, tuguncha esa mevaga aylanadi.