Beshinchi bo‘lim. O’ZGARMAS TOK MASHINALARI O‘zgartirgich texnikasining jadal o‘sishi tufayli o‘zgarmas tok (O‘T) mashinalari ko‘pchilik holda motor rejimida ishlatilib amaliyot uchun muhim bo‘lgan quyidagi afzalliklarga ega:
a) aylanish chastotasining oddiy usulda keng ko‘lamda silliq o‘zgartirilishi; b) nisbatan kam tokda katta ishga tushirish momentining hosil bo‘lishi; v) o‘ta yuklama bilan ishlash qobiliyatining nisbatan kattaligi; g) har xil bikirlikka xos (aylanish chastotasi kam yoki ko‘p o‘zgaradigan) mexanik xarakteristikalarni olish mumkinligidir.
26-Bob. O‘zgarmas tok mashinalarining konstruksiyasi va ishlash prinsipi 26.1§. O‘zgarmas tok mashinalarining tuzilishi va ishlash prinsipi O‘zgarmas tok motor (O‘TM)lari elektr transportida, avtomatik rostlash tizimida, jo‘valash stanoklarida, yuk ko‘tarish kranlarida, ekskavatorlarda, metallarga ishlov berish stanoklarida, to‘qimachilik sanoatida keng ishlatiladi. O‘T generatorlari esa O‘T energiya manbai sifatida (masalan, katta quvvatli O‘TM larni O‘T bilan ta’minlashda) ishlatiladi.
O‘T mashinalari cho‘tka-kollektor apparatlarining ishi bilan bog‘liq bo‘lgan kamchiliklari mavjud, ya’ni katta yuklamada cho‘tkalar bilan kollektor orasida yuzaga keladigan uchqunlanish mashina ishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib ishonchlilik darajasini pasaytiradi. Shu sababli O‘T mashinalarini portlashga xavfli bo‘lgan muhitlarda ishlatib bo‘lmaydi. Kollektor O‘T mashinasining konstruksiyasini murakkablashtiradi, ekspluatatsiya jarayonida uni muntazam nazorat qilib turish talab qilinadi. O‘TM qisqa tutashgan rotorli asinxron motorga nisbatan 2,53 marta qimmat va uni ishlatish uchun O‘T energiya manbasi yoki o‘zgaruvchan tokni to‘g‘rilagich qurilmasi zarur bo‘ladi. Lekin, so‘nggi yillarda O‘TM ni reostatsiz ishga tushirishga imkon beradigan O‘T ni rostlashning tejamli usuli ishlab chiqilganligi; O‘T yuritmasi chastota vositasida rostlanadigan yuritmaga nisbatan arzonligi; kollektorsiz O‘T mashinalari ham ixtiro qilinib amalda qo‘llanila boshlanganligi kollektor bilan bog‘liq bo‘lgan jiddiy kamchilikka nisbatan barham berilib ishonchlilik daraja yaxshilanmoqda.