31.3§. O‘zgarmas tok mashinalarining zamonaviy turlari a) Kontaksiz (ventilli) o‘zgarmas tok motorlari. Ma’lumki, odatdagi O‘TM larining asosiy kamchiligi – cho‘tka-kollektor qurilmasining ishdagi ishonchliligining kamligidir. O‘TM larining ish xossalarini yaxshilash maqsadida ularning cho‘tka-kollektor qurilmasi yarim o‘tkazgichli kommutator (invertor) bilan almashtirilgan. Bu kommutator kontaksiz rotor holati datchigidan kiradigan signallar orqali boshqariladi. Motorning ishchi chulg‘ami (bir-biridan fazoda 120° siljigan va «yulduz» ulangan A, B va C chulg‘amlari) stator o‘zagi pazlarida joylashtirilgan, rotori esa doimiy magnitdan yasalgan (31.3-rasm).
Birorta mexanizmni harakatga keltirayotgan motorning vali rotor holati datchigi (RHD) bilan mexanik ravishda birlashtirilgan bo‘ladi. RHDning rotorida signal elementi (SE), statorida esa sezgir elementi (Sez.E) o‘rnatiladi. Bundan keladigan signal kommutator bloki (KB)ga kiradi. Yakor chulg‘ami seksiyalarining O‘T manbasiga ulanishi KB elementlari orqali amalga oshiriladi. RHD ning vazifasi – doimiy magnit qutblarining yakor chulg‘ami sektsiyalariga nisbatan tutgan holatiga mos holda boshqarish signalini KB ga berishdan iboratdir. RHD ning sezgir elementi sifatida asosan Xoll EYuK datchigi qo‘llaniladi. Bu datchikning chiqishidagi signal zanjirdagi tokning yo‘nalishi va qo‘zg‘atish chulg‘ami magnit maydonining yo‘nalishiga mutanosib ravishda o‘zgaradi. Statik kommutator RHD dan boshqarish signalini olib motorning yakor chulg‘amida xuddi kollektor bilan cho‘tka yakor chulg‘amida hosil qiladigan toklarning o‘zgarishini vujudga keltiradi.
Kommutator (K) – har fazaviy chulg‘amga bittadan TA, TB, TC tranzistordan iborat bo‘lib, A, B, C fazaviy chulg‘amlarga ketma-ket ulangan. Tranzistorlarga beriladigan boshqarish signallar Sez.E ning holatiga bog‘liq ravishda ishlab chiqiladi. Tranzistorlar kalit rejimida ishlab «yopiq» yoki«ochiq» turg‘un holatiga ega. Birinchisi signal yo‘q vaqtiga to‘g‘ri keladi, ikkinchisi esa signal berilganda bo‘ladi. 31.3-rasmda Sez.E statorning «A» fazasiga mos kelgan holati ko‘rsatilgan. Bunda TA– ochiq, ya’ni «A» fazasidan tok IA o‘tadi, TB va TC lar esa yopiq bo‘ladi. IA toki rotorning doimiy magnit maydoni bilan ta’sirlashib aylantiruvchi moment M ni hosil qiladi. Natijada, rotor RHD bilan soat strelkasi bo‘yicha aylana boshlaydi. Bir oz vaqtdan keyin Sez.E birdaniga ikkita fazaga ta’sir eta boshlaydi, so‘ngra esa «B» fazasi ishlaydi va hokazo. Kontaksiz O‘TM lari shu tarzda ishlaydi. Ularning mexanik xarakteristikalari 31.3,b-rasmda keltirilgan.
Kontaksiz O‘TM lari odatdagi motorlarning ijobiy sifatlarini saqlagan holda, ularda cho‘tka-kollektor qismining yo‘qligi ularning katta afzalligidir. Konstruksiyasi (motor, RHD va kommutator) ning murakkabligi va narxining qimmatligi ularning kamchiligidir.