30.7§. O‘zgarmas tok motorlarini tormozlash usullari Ayrim yuritmalar uchun birinchi darajali ahamiyatga ega bo‘lgan O‘TM ning tormozlash masalasi ham ularni rostlash jarayoniga taalluqli hisoblanadi. O‘TM ni tormozlash zaruriyati quyidagi hollarda, ya’ni uni qisqa vaqt ichida butunlay to‘xtatish va uning aylanish yo‘nalishini o‘zgartirish kerak bo‘lganda, xavfli vaziyat sodir bo‘lganda va shularga o‘xshash hollarda tug‘iladi. Elektr usulda tormozlashda elektr mashinasi bu davrda motor rejimidan generator rejimiga o‘t-kaziladi va, demak, yakorning aylanish yo‘nalishiga teskari bo‘lgan elektro-magnit momentini, ya’ni tormozlash momentini hosil qiladi.
Elektr tormozlash usuli uchtaga bo‘linadi: 1) dinamik, 2) rekuperativ (energiyani tarmoqqa qaytarish yo‘li bilan tormozlash) va 3) teskari ulash yo‘li bilan tormozlash.
Dinamik tormozlashda EM si tarmoqqa ulanmagan holdagi generator sifatida ishlaydi, rekuperativ usul bilan tormozlashda elektr tarmog‘i bilan parallel ishlayotgan generator sifatida, teskari ulash yo‘li bilan tormozlashda esa, tarmoqqa ketma-ket ulangan generator sifatida ishlaydi.
a ) Parallel qo‘zg‘atishli motorning tormozlash xarakteristikalari. Dinamik (reostatli) tormozlash. Faraz qilaylik, mashina 30.15-rasmda ko‘rsatilgan 4-xarakteristikaning D nuqtasi bilan aniqlanadigan rejimda ishlasin. Parallel qo‘zg‘atishli motorni dinamik tormozlashda uning yakorini tarmoqdan uzilgandan keyin yuklama qarshiligi (reostat)ga ulanadi. Qo‘zg‘atish chulg‘ami butun tormozlash jarayonida tarmoqqa ulangan holda qoladi. Mashina, agregatda to‘plangan kinetik energiya tufayli, mustaqil qo‘zg‘atishli generator sifatida ishlay boshlaydi va uning chulg‘amida yo‘nalishi lishi, xuddi O‘TM niki singari bo‘lgan EYuK hosil bo‘ladi.
Dinamik tormozlash rejimiga o‘tishdan keyingi vaqtning boshlang‘ich onida mashinaning aylanish chastotasi n = const bo‘lganligi uchun, shunga mos bo‘lgan EYuK ham o‘zgarmas (Ea= =CEФ∙n=const) bo‘ladi. Motor si fatida ishlagandagi yakor toki quyidagiga teng edi:
Ia = (U − Ea)/Ra,
lekin yakorni tarmoqdan uzgandan keyin (demak, U = 0) va uni yuklama qarshiligi Rr ga ulagandan keyingi (bu qarshilik tok kuchini cheklash uchun ulanadi) tokning qiymati quyidagiga teng bo‘ladi:
Ia = −Ea/(Ra+Rr) = − CE∙Ф n/(Ra+ Rr). (30.33)
Bu holda kuchlanish U = 0 bo‘lganligi uchun (30.30) ifodaga asosan elektr mashinasi mexanik xarakteristikasining tenglamasi quyidagi ko‘rinishga ega bo‘ladi:
n = M (Ra+ Rr)/ (CE CMФ2). (30.34)
Bu tenglama, 30.15-rasmda ko‘rsatilgan 2-chorakdan 4-chorakka koordinatalar boshidan o‘tuvchi to‘g‘ri chiziq tenglamasiga to‘g‘ri keladi. Tok Ia ning yo‘nalishi o‘zgarganligi sababli momentning ham yo‘nalishi o‘zgaradi, ya’ni u tormozlash momenti bo‘ladi va Rr=Rr3 da mashinaning ishi N3 nuqta bilan aniqlanadi. Mashinaning bu nuqtadagi ishi tormozlash momenti (–M) va aylanish chastotasining boshlang‘ich qiymati n ga mos keladi. Aylanish chastotasining bundan keyingi o‘zgarishi R1, R2 va R3 larga mos ravishda 1, 2 va 3-xarakteristikalar bo‘yicha kamayadi va u 0 ga teng bo‘lishi mumkin. Yuk ko‘tarib-tushiruvchi mexanizmlarda tushib kelayotgan yukning ta’siridan EM ning yakori teskari yo‘nalishda aylana boshlashi mumkin. Yukning hosil qilgan (Myu= const bo‘lgandagi) momentiga mos keladigan to‘g‘ri chiziq BC bilan 3-xarakteristikaning kesishish nuqtasi K da yukning tushish tezligi barqaror bo‘ladi.
EM sining tormozlash rejimidagi mexanik xarakteristikalari Ф = const bo‘lganda, boshqa masshtabda, xuddi tezlik xarakteristikalari ko‘rinishida bo‘ladi (chunki M = CmФ∙Ia= CmIa).
Shunday qilib, parallel qo‘zg‘atishli motorning dinamik tormozlashdagi mexanik xarakteristikalarini ifodalovchi koordinatalar boshidan o‘tadigan to‘g‘ri chiziqlarning absissalar o‘qiga og‘maligi qarshilik Rr(a) ning qiymatiga bog‘liq bo‘ladi, ya’ni Rr(a) qancha katta bo‘lsa, ularning og‘maligi shuncha kam bo‘ladi (30.15-rasm).