Ishlash prinsipi. Uch fazali asinxron motorning stator chulg‘amiga uch fazali tok berilganda vujudga kelgan magnit yurituvchi kuch (MYuK) statorda aylanish chastotasi n1= 60 f /p bo‘lgan aylanma magnit maydonni hosil qiladi. Bu maydon kuch chiziqlari stator chulg‘ami o‘ramlarini va rotorning qisqa tutashgan chulg‘am sterjenlarini yoki uch fazali chulg‘ami o‘ramlarini kesib o‘tib, ularda EYuK lar hosil qiladi. Agar rotor chulg‘ami qisqa tutashgan bo‘lsa, undagi EYuK ta’sirida qisqa tutashgan rotor chulg‘amlari o‘tkazgichlaridan tok o‘tib, bu tokning stator hosil qilgan aylanma magnit maydoni bilan o‘zaro ta’siri natijasida rotor chulg‘ami o‘ramlariga elektromagnit kuch ta’sir qiladi. Bu kuch hosil qilgan aylantiruvchi (elektromagnit) moment tormozlovchi momentdan katta bo‘lsa, rotorni aylanma magnit maydon yo‘nalishida aylantiradi. Aylanma magnit maydonning aylanish chastotasi n1 bilan rotorning aylanish chastotasi n orasidagi nisbiy farqqa sirpanish (s) deyiladi va u quyidagicha aniqlanadi (n.b. – nisbiy birlik):
; b) (11.1)
Ish rejimlari. Stator magnit maydonining aylanish chastotasi n1 va rotorining aylanish chastotasi n larning qiymatlariga bog‘liq holda asinxron mashina motor, generator va elektromagnit tormoz rejimlarida ishlashi mumkin. Bulardan tashqari qisqa tutashuv va salt ishlash rejimlari ham mavjuddir.
Asinxron mashina motor rejimida (11.3,a-rasm) ishlaganida rotorning aylanish chastotasi stator aylanma magnit maydoni chastotasidan kichik (n1>n) bo‘lib, sirpanish esa 0 < s < 1 oraliqda bo‘ladi. Bu holda stator chulg‘ami tarmoqdan elektr energiya bilan ta’minlanadi va rotorning vali qandaydir mexanizmga mexanik momentni beradi. Mashinada elektr energiya mexanik energiyaga aylantiriladi.
Asinxron mashinaning rotori tormozlanib (n = 0 ), stator chulg‘ami tarmoqqa ulangan holatni qisqa tutashuv rejimi deyiladi (bunda sirpanish s =1 bo‘ladi). Agar rotorning aylanish chastotasini stator chulg‘ami aylanma magnit maydoni chastotasi (sinxron chastotasi) bilan teng (n = n1) qilinsa (buning uchun birlamchi motor yordamida rotorning aylanish chastotasini bir oz oshirish zarur), sirpanish s = 0 bo‘ladi. Bunda aylantiruvchi moment hosil bo‘lmaydi, chunki aylanma maydon rotor chulg‘amini kesib o‘tmaydi. Bunday rejimni asinxron mashinaning ideal salt ishlash rejimi deyiladi. Agar asinxron mashinaning rotorini birorta mexanizm yordamida stator magnit maydoni aylanish chastotasidan katta (n > n1) bo‘lgan chastotada aylantirilsa rotor chulg‘ami o‘tkazgichlaridagi EYuK, tokning aktiv tashkil etuvchisi va sirpanishlar o‘z yo‘nalishini o‘zgartiradilar. Bunda elektromag-nit moment M ham o‘z yo‘nalishini o‘zgartirib tormozlovchi bo‘ladi (11.3,b-rasm), ya’ni asinxron mashina generator rejimiga o‘tadi. Asinxron mashina generator rejimda birlamchi motordan mexanik energiya olib, uni elektr energiyaga aylantirib tarmoqqa beradi. Bunda sirpanish 0>s> – oraliqda o‘zgaradi («–» – nazariy nuqtai nazardan; amalda esa olib bo‘lmaydi). Agar asinxron mashinaning rotorini boshqa motor bilan stator magnit maydoni aylanishiga teskari yo‘nalishda aylantirilsa, rotor chulg‘ami o‘tkazgichlaridagi EYuK va tokning aktiv tashkil etuvchisi motor rejimidagi singari yo‘nalgan bo‘ladi, ya’ni mashina tarmoqdan energiya oladi. Lekin bu rejimda elektromagnit moment rotor aylanishiga teskari yo‘nalib, tormozlovchi bo‘ladi (11.3, c-rasm). Bu rejim – asinxron mashinaning elektromagnit tormoz rejimi deyiladi. Bu rejimda rotorning aylanish yo‘nalishi aylanma maydonnikiga nisbatan teskari bo‘lgani uchun rotor aylanish chastotasi n<0, sirpanishi esa 1< s < oraliqda o‘zgaradi. Bu rejimda asinxron mashina rotor tomonidan mexanik energiya, stator tomonidan esa elektr energiya oladi. Asinxron mashinaning elektromagnit tormoz rejimi amaliyotda kranlarda va ko‘targich mexanizmlarda yukni tushirish jarayonida uning tezligini kamaytirish yoki zarur bo‘lganda ularni tezda to‘xtatish uchun qo‘llaniladi. Bu maqsadda stator chulg‘amiga tarmoqdan ulangan xohlagan ikkita simning o‘rnini almashtirib ulash kerak bo‘ladi. Bu holda statorning aylanma magnit maydoni o‘z yo‘nalishini o‘zgartiradi va tormoz momentini hosil qiladi. Bu rejimda sirpanish katta (s =1) bo‘lganligidan, rotor chulg‘amidagi EYuK, demak, tok ham katta bo‘ladi. Bu tokni kamaytirish uchun faza rotorli motorda rotor chulg‘amini aktiv qarshilikka – tormozlovchi reostatga ulaydilar. Umumiy maqsadli asinxron motorlar nominal yuklama bilan ishlayotgandagi sirpanish sN 35 % ni, maxsus asinxron motorlarning ayrimlarida esa sN 1215% ni tashkil qiladi.