Xlorozlar va mozaikalar barglarda pigmentatsiya buzilishi natijasida yuzaga chiqadi. Xlorozlar bargning butun sathi och tus olishi yoki sarg‘ayishi bilan ifodalanadi, mozaikada bargning ba’zi qismlari och yoki sariq tus oladi va barg olachipor (mozaik) tusga kiradi. Xloroz va mozaika paydo bo‘lishining sabablari – o‘simliklar ozuqa moddalari bilan ta’minlanishi buzilishi yoki ular viruslar bilan zararlanishidir.
Mog‘or qatlamlari zararlangan organlar ustida paydo bo‘ladi va ular qo‘zg‘atuvchi zamburug‘ning mitseliysi va sporalash organlaridan tashkil topadi. Mog‘or qatlamlarining belgilari – joylashishi, tusi va b. diagnostik belgi hisoblanadi. Bularning misoli - g‘alla ekinlari va rezavor mevali o‘simliklarning un-shudring kasalliklaridir.
So‘lish yoki vilt keng tarqalgan kasallik xilidir. O‘simlik so‘lishining sababi uning ildiz yoki o‘tkazuvchi sistemasi zararlanishidir. Vilt qo‘zg‘atuvchisi poyaning ildiz sistemasiga kiradi, tomirlar ichi to‘lib, tiqilib qolishiga sabab bo‘ladi, o‘zidan toksinlar ajratib chiqaradi va bu toksinlar tomir devorchalarida nekroz qo‘zg‘atadi. Natijada o‘simlik suv bilan ta’minlanishi buziladi va u so‘lib qoladi. Viltni zamburug‘lar va bakteriyalar qo‘zg‘atishi mumkin. Zamburug‘lar qo‘zg‘atgan so‘lishni traxeomikoz, bakteriyalar qo‘zg‘atganini trexeobakterioz deb atashadi. O‘simliklar so‘lishi atrof-muhitning noqulay sharoitlari (qurg‘oqchilik, ildizlar jarohatlanishi va b.) tufayli ham yuzaga chiqishi mumkin.
Shishlar yoki bo‘rtmalar (bo‘qoqlar, g‘uddalar, o‘simtalar) – kasallik qo‘zg‘atuvchi ta’sirida zararlangan to‘qima o‘sib ketishi natijasidir. Ular o‘simliklarning har xil organlarida – ildizlarida (karam kilasi), tuganaklarida (kartoshka raki), ildizmevalarida (lavlagi ildizi raki) va boshqalarda paydo bo‘ladi. Ular paydo bo‘lishining sababi zararlangan hujayralarning hajmi oshishi (gipertrofiya) yoki soni ko‘payib ketishidir (giperplaziya). Ba’zan har ikki jarayon birga uchraydi. Shishlar, bo‘rtmalar, gallar hosil bo‘lishi zamburug‘lar, bakteriyalar va viruslar qo‘zg‘atadigan kasalliklarga xos belgilardir.
Deformatsiya zararlangan o‘simlik a’zosining shakli buzilishidir. Barglar buralishi, ipsimon shaklga kirishi, barglarda burushiqlar (ajinlar) paydo bo‘lishi, barglar seryaproq bo‘lib qolishi (maxrovost), mevalar shakli xunuklashishi – bularning barchasi deformatsiya misollaridir. Deformatsiyaning sababi – ozuqa moddalar oqib kelishi yoki assimilyatlar oqib ketishi jarayonlari buzilishi, to‘qima elementlari bir tezlikda (ravon) o‘smasligi va boshqalardir. Masalan, barglarda burushiqlar paydo bo‘lishi va ular jingalak bo‘lib qolishining sababi mezofill va barg tomirchalari ravon o‘smasligi, barglar ipsimon shakl olishining sababi esa faqat barg tomirchalari ravon o‘smasligidir. Barg buralishi o‘tkazuvchi sistema buzilishi va assimilyatlar oqib chiqishi izdan chiqishi natijasida yuz beradigan barglar kraxmal bilan normadagidan ko‘p to‘lib ketishi bilan bog‘liqdir. Deformatsiyalar zamburug‘lar, bakteriyalar va fitoplazmalar qo‘zg‘atadigan kasalliklarga xos belgilardir.
Qorakuya bilan zararlangan to‘qima parchalanadi va u kasallik qo‘zg‘atuvchisining sporalaridan tashkil topgan qora, changsimon massaga aylanadi. Aksariyat hollarda qorakuya o‘simliklarning generativ organlarida – boshoqda, donda hosil bo‘ladi, ammo o‘simlikning boshqa organlarida – poyada (bug‘doyning poya qorakuyasi), bargda (makkajo‘xorining pufakli qorakuyasi, piyoz qorakuyasi) va boshqa qismlarda ham rivojlanishi mumkin.
Pustulalar – zamburug‘lar sporalash organlarining to‘plamidir. Ular oldin epidermis ostida rivojlanadi, keyin epidermis yoriladi va zararlangan organ ustida sporalardan tashkil topgan “yostiqcha” paydo bo‘ladi. Pustulalar zang zamburug‘larining eng xarakterli belgisidir.
Mumifikatsiya (mumiyolanish) – o‘simlik zararlangan a’zosi to‘qimasining barcha qismlariga zamburug‘ mitseliysi tarqalishi natijasida zararlangan to‘qima qorayishi, quruq va zich bo‘lib qolishi va zararlangan organ sklerotsiyga aylanishidir. Bu tipdagi kasalliklar misollari – boshoqli o‘simliklarning o‘roqkuya kasalligi va olma mevalarining mumiyolanishidir.
Kalmaraz (parsha) qoplovchi to‘qimalarning lokal zararlanishi bo‘lib, unda zararlangan qismlar chatnab ketishi va uzuq-yuluq qoraqo‘tirlar hosil bo‘lishi kuzatiladi.
Yuqorida ko‘rsatilganlar kasalliklarning asosiy va eng ko‘p uchraydigan simptomlaridir. Ular xilma-xil bo‘lsa ham, ularning soni o‘simlik kasalliklari sonidan juda kam. Masalan, so‘lishning sababi zamburug‘lar va bakteriyalar qo‘zg‘atadigan kasalliklar yoki qurg‘oqchilik bo‘lishi mumkin. Chirishning sababi zamburug‘lar va bakteriyalar qo‘zg‘atadigan kasalliklardir. Shunday qilib, har xil sabablarga ko‘ra kasalliklarning bir xil belgilari paydo bo‘ladi. Bu hodisa konvergensiya nomini olgan. Konvergensiya tez-tez uchrashi hollari kasallik diagnostikasini qiyinlashtiradi, shu sababdan kasallikni aniqlash uchun faqat ayrim simptomlar asos qilib olinishi to‘g‘ri bo‘lmaydi. Fitopatologiya ko‘pgina – mikroskopik, biologik (mikologik, bakteriologik va b.), serologik, indikatorlar qo‘llashga asoslangan va boshqa diagnostika metodlariga ega.
Kasalliklar klassifikatsiyasi. Fanda barcha kasalliklarni guruhlarga bo‘lishadi. Kasalliklarning klassifikatsiyasi, yoki sistematikasi, ularning diagnostikasida, ya’ni ular paydo bo‘lishining sabablarini aniqlashda, muhim ahamiyat kasb etadi. Kasalliklar, ularni qo‘zg‘atadigan sabablar asosida, ikkita – infeksion (yuqumli) va noinfeksion (yuqumsiz) kasalliklar guruhlariga bo‘linadi.
Infeksion kasalliklarni har xil organizmlar – zamburug‘lar, bakteriyalar, viruslar, viroidlar, fitoplazmalar, nematodalar, yuksak gulli o‘simliklar va boshqalar qo‘zg‘atadi. Infeksion kasalliklarning barchasiga xos bo‘lgan xususiyat – ular bir o‘simlikdan ikkinchisiga o‘tib, tarqala olishidir.
Noinfeksion kasalliklar o‘simliklar o‘sishi uchun tuproqda, suvda va havoda har xil noqulay sharoitlar mavjudligi tufayli paydo bo‘ladi.
Atrof-muhit sharoitlari (iqlim, tuproq, o‘g‘itlar, tuproqqa ishlov berish va ekish usullari va h.) ayni paytda ham o‘simlikka, ham parazitga, yoki faqat ulardan bittasiga kuchli ta’sir etishi mumkin. Ammo ulardan qaysi biri kuzatilmasin, patologik jarayon o‘zgaradi. Shu sababdan ham o‘simlikka, ham parazitga ta’sir qiluvchi va ular orasidagi munosabatlarni goh biri, goh ikkinchisi foydasiga o‘zgartiruvchi atrof-muhit sharoitlarini o‘rganish patologik jarayonni boshqarish yo‘llarini topishga, ba’zan esa uning oldini olishga imkon beradi.
Yuqorida ko‘rsatilgan kasalliklarning barcha klassifikatsiya xillari o‘simliklar kasalliklarini aniqlash sistemasini yaratishga mo‘ljallangan. Kasallikni aniqlashning oxirgi maqsadi – uning etiologiyasini, ya’ni kelib chiqishining sabablarini aniqlashdir. Shuning uchun kasalliklarni qo‘zg‘atuvchi sabablar asosida guruhlarga ajratuvchi quyidagi etiologik klassifikatsiya ko‘proq qo‘llaniladi.