I. Adabiyotlar sharxi Fitopatologiya (yunonchadan phyton – o‘simlik, pathos – kasallik, logos – ilm) – o‘simlik kasalliklari haqidagi fan bo‘lib, uning asosiy vazifasi – qishloq xo‘jaligiga fitopatogen organizmlar keltiradigan zararni kamaytirishdan iboratdir. Fitopatologiya kasallangan o‘simlikni, kasallik paydo bo‘lishining sabablarini va atrof-muhit sharoitlarining kasallik rivojlanishiga ta’sirini o‘rganadi.
Fitopatologiya umumiy fitopatologiya va qishloq xo‘jalik fitopatologiyasiga bo‘linadi.
Umumiy fitopatologiya kasalliklar paydo bo‘lishining sabablarini, kasalliklar rivojlanishining xususiyatlarini, qo‘zg‘atuvchilarni va himoya metodlarini o‘rganadi.
Qishloq xo‘jalik fitopatologiyasi muayyan ekinlarning kasalliklarini, qo‘zg‘atuvchilarning tur tarkibini, har xil mintaqalarda o‘sadigan o‘simliklardagi kasallik belgilarini va himoya usullarini o‘rganadi.
Fitopatologiya fanining rivojlanishi yangi maxsus fanlar, jumladan, kasallik sabablarini o‘rganuvchi etiologiya, o‘simliklarning kasalliklarga chidamliligini o‘rganuvchi fitoimmunologiya, kasalliklar paydo bo‘lishining qonuniyatlarini va ular yalpi tarqalishining sabablarini o‘rganuvchi epifitotiologiya va o‘simliklarni kasalliklardan himoya qilish fanlari paydo bo‘lishiga olib keldi.
Keyinchalik o‘simliklar immuniteti, kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishini bashorat qilish, o‘simliklarni himoya qilishning biologik usuli va o‘simliklar karantini kabi yangi va mustaqil fanlar ajralib chiqdi. [5,11].
Barcha maxsus fanlar kabi fitopatologiya ham bir qator chegaradosh fanlar, jumladan mikologiya, mikrobiologiya, virusologiya, botanika fanlarining bilimlar sistemasiga tayanadi va mikologiya fitopatologiyaning asoschisi hisoblanadi.
Fitopatologiya sohasi bo‘lmish epifitotiologiya fanining asosini, iqlim faktorlarining qo‘zg‘atuvchilarga ta’sirini hisobga olgan holda, kasalliklar paydo bo‘lishining qonuniyatlarini o‘rganish tashkil etadi. Ob-havo bashorati ma’lumotlarini kasallik kechishini iqlimga bog‘liq holda tadqiq etib olingan ma’lumotlar bilan solishtirish kasallik paydo bo‘lishining vaqti va rivojlanishining xarakterini oldindan bashorat qilishga imkon yaratadi. Shunday qilib epifitotiologiya, yoki kasalliklar bashorati haqidagi fan, meteorologiya bilan yaqindan bog‘liq. Keyingi yillarda kasalliklar paydo bo‘lishini bashorat qilish uchun qo‘zg‘atuvchilar rivojlanishiga ta’sir etuvchi ob-havo sharoitlarini hisobga oluvchi matematik modellardan foydalanishmoqda.
Fitopatologiya o‘simlikshunoslik, dehqonchilik va agrokimyo fanlari bilan uzviy bog‘langan. Kasalliklar rivojlanishining xarakteri ko‘p tomondan qishloq xo‘jalik ekinlarini o‘stirish texnologiyalariga bog‘liq: kasallik qo‘zg‘atuvchilari dalada to‘planishi jarayonida almashlab ekish muhim rol o‘ynaydi; o‘g‘it turi va miqdori o‘simliklar zararlanishi darajalariga ta’sir etadi va h. Keyingi davrda kasalliklarga chidamli navlar yaratishning ahamiyati tobora ortmoqda. [9].
Anchagina fitopatologik tadqiqotlar entomologik ma’lumotlarga tayanadi. Buning sabablari, birinchidan, ayrim hasharotlar virus kasalliklari qo‘zg‘atuvchilarining tashuvchilari ekanligi, ikkinchidan, o‘simliklar zararli hasharotlar bilan shikastlanishi qo‘zg‘atuvchilar o‘simlik to‘qimalariga kirishiga imkon yaratishi va kasalliklar rivojlanishiga ta’sir etishidir.
O‘simliklarni himoya qilish chora-tadbirlarining samaradorligini baholashda fitopatologiya ko‘p iqtisodiy va matematik tadqiq qilish metodlarini qo‘llaydi.
Madaniy ekinlar kasalliklar bilan yalpi zararlanishi fojiali oqibatlarga olib kelgani to‘g‘risida dehqonchilik ilmi tarixida ko‘p ma’lumotlar mavjud. O‘simliklarni epifitotiyalardan – muayyan maydonda kasalliklar yalpi rivojlanishidan – himoya qilishning zamonaviy, ancha ishonchli usullari mavjudligi tufayli bunday halokatli oqibatlar hozirgi davrda kam kuzatiladi, ammo o‘simliklar kasalliklari bugungi kunda ham qishloq xo‘jaligiga katta zarar yetkazmoqda. Misol uchun, fitoftoroz rivojlanishi natijasida kartoshka hosilining yarmi yoki undan ham ko‘prog‘i yo‘qotilishi, pomidor esa butunlay hosil bermasligi mumkin. Bug‘doy va boshqa g‘alla ekinlarining zang kasalliklari tufayli ko‘p hollarda hosilning 30-40 foizi, un-shudring tufayli esa 10-15 foizi nobud bo‘ladi. Kasalliklar tufayli ko‘p sabzavot mahsulotlari yo‘qotiladi. [20,21].
O‘simlik kasalliklari rivojlanishi natijasida hosil kamayishining sabablari har xil. Agar vegetatsiya davrida alohida o‘simliklar nobud bo‘lsa, dalada ekin tup soni kamayadi. Misol uchun, g‘o‘za va zig‘ir fuzarioz so‘lishi ushbu tipga mansub. Boshqa kasalliklar barglarning ayrim joylari nobud bo‘lishi va assimilyatsiya sathi kamayishiga olib keladi. Ba’zi (viruslar qo‘zg‘atadigan va noinfeksion) kasalliklar tufayli o‘simliklar o‘sishi susayadi, rivojlanmagan, past bo‘yli o‘simliklar esa normal va sifatli hosil bermaydi. Mevalar, sabzavotlar va tuganaklar chirishi qishloq xo‘jaligiga eng ko‘p zarar yetkazadigan kasalliklardir. [3].
Patogenlar zararining bir shakli – mahsulot sifati pasayishidir. Masalan, kalmaraz bilan zararlangan olmaning sotish bahosi pasayadi. Kartoshka tuganaklarida kalmaraz mavjud bo‘lsa, mahsulotning butun to‘pi (partiyasi) sifati va, tabiiy, bahosi bo‘yicha pastroq kategoriyaga o‘tkaziladi.
Fitopatogen organizmlarning zarari bevosita va bavosita bo‘ladi.
Bevosita zararni sog‘lom va kasal o‘simliklar hosilini solishtirish yoki nobud bo‘lgan (umuman hosil bermaydigan) o‘simliklar sonini hisoblash orqali aniqlash mumkin. Bevosita zararga kasallikning hosilni kamaytirishi, sifatini pasaytirishi, omborxonada saqlash muddatini kamaytirishi kiradi. Misol uchun, kalmaraz bilan zararlangan urug‘li mevalarning bevosita nobudgarchiligi hosil kamayishi, shikastlangan mevalar hisobiga mevaning sotuv bahosi pasayishi hamda meva saqlash davrida nobud bo‘lishidan tashkil topadi.
Bavosita zararni aniqlash murakkabroq. Bu zarar kasallikning barcha salbiy oqibatlari – (ko‘p yillik) ekinlar zaiflashishi yoki kasallik bilan bog‘liq bo‘lgan bavosita jarayonlar yuzaga kelishidan iborat. Misol uchun, kartoshka fitoftoroz bilan zararlanishda bevosita nobudgarchilik hosil kamayishi va saqlanayotgan tuganaklar yo‘qotilishi bo‘lsa, bavosita nobudgarchilik zararlangan mahsulotda ikkilamchi kasalliklar (chirishlar) rivojlanishi bilan ifodalanadi. Fitoftoroz bilan tuganaklar 15-20% ga zararlangan bo‘lsa, omborxonalarda saqlash davrida mahsulotning 50 foizi yo‘qotilishi mumkin. Mahsulotni qaytadan saralashga ketadigan sarf-xarajat va tuganaklarning chiqitlari ham fitoftoroz tufayli kuzatiladigan bavosita zararga kiradi. [14,19,26].