2.2. Kasalliklar klassifikatsiyasi, morfologiyasi va tarqalishi Kasallik rivojlanishi muddatiga qarab ularning o‘tkir va surunkali xillarini ajratishadi. O‘tkir kasalliklar tez rivojlanadi va bir mavsumda tugaydi. Boshoqli ekinlarning zang kasalliklari va kartoshkaning fitoftoroz kasalligi o‘tkir kasalliklar misoli bo‘lishi mumkin. Surunkali kasalliklar ko‘p yillik o‘simliklarda rivojlanadi. Misol uchun mevali daraxtlarning qurish kasalligi bir necha yil ichida daraxtlar nobud bo‘lishiga olib keladi. Aksariyat noinfeksion kasalliklar surunkali shaklda rivojlanadi. Bu hol atrof-muhitning noqulay faktori to‘xtovsiz ta’sir etganida kuzatiladi. Masalan, agar tuproqqa o‘simlik uchun yetmayotgan mikroelementlar (temir, marganes va h.) solinmasa, xloroz kasalligi surunkali shakl oladi.
Kasalliklar o‘simliklarni muayyan rivojlanish bosqichida zararlash xususiyatiga qarab ham ajratiladi, masalan nihol (maysa, ko‘chat) kasalliklari, ko‘chatxonlarda uchraydigan kasalliklar, yetilgan o‘simliklar kasalliklari va h.
Kasalliklar o‘simlikning qaysi organlarini zararlashiga qarab ham klassifikatsiya qilinadi, masalan, urug‘ kasalliklari, meva kasalliklari, tuganaklar kasalliklari, ildiz kasalliklari, barg kasalliklari, poya kasalliklari va h. Madaniy ekinlarning qaysi guruhlari zararlanishiga asoslanib, g‘alla ekinlari kasalliklari, sabzavot ekinlari kasalliklari, mevali daraxtlar kasalliklari va boshqalar ajratiladi.
Patologik jarayon rivojlanishi o‘simlikda kasallik belgilari, yoki simptomlari, paydo bo‘lishi bilan birga o‘tadi. Har bir alohida kasallikning o‘ziga xos belgilari mavjud, ammo, atrof-muhit sharoitlari bilan bog‘liq holda, bu belgilar namoyon bo‘lishida ba’zi o‘zgarishlar kuzatiladi. Shu sababdan kasallikning tipik simptomlarini va notipik simptomlarini ajratishadi. Atrof-muhit sharoitlari bilan bog‘liq bo‘lgan kasalliklar namoyon bo‘lishi xususiyatlari haqidagi ma’lumotlar kasallikni to‘g‘ri aniqlashga imkon yaratadi.
Barcha – ham noinfeksion, ham infeksion kasalliklarning simptomlarini bir necha tiplarga ajratish mumkin. Bu simptomlarning tavsiflari quyida keltiriladi.
Chirish kasallik namoyon bo‘lishining eng xarakterli xilidir. O‘simlikning barcha qismlari, ayniqsa suv va zahira moddalariga boy a’zolari (ildizmeva, meva va tuganaklari) chiriydi, tinim davrida (saqlash paytida) ular chirish bilan ko‘proq zararlanadi. Ko‘p hollarda o‘simliklarning o‘zak qismlari (yog‘ochi, ildizlari) chiriydi. Zararlangan to‘qimalar yumshab ketishi va yemirilishi chirishga xos belgilardir. Agar patogen ajratib chiqaradigan toksin ta’sirida hujayralararo modda yemirilib, hujayralar bir-biridan ajralib ketsa (to‘qimalarning yaxlitligi buzilsa), yumshoq chirish paydo bo‘ladi. Zararlangan to‘qima yumshaydi, har xil tus olib va shaklini yo‘qotib bo‘tqaga o‘xshab qoladi.
Chirish ho‘l (yumshoq), quruq va qattiq bo‘lishi mumkin. Ho‘l chirish aksariyat hollarda sersuv a’zo va to‘qimalarda (tuganaklarda, piyozboshlarida va b.) paydo bo‘ladi. Ho‘l chirishda to‘qima parchalanishi hujayra moddalari yemirilishi bilan birga yuzaga chiqadi. Hujayralararo modda va namligi nisbatan oz bo‘lgan hujayra qobiqlari parchalanganida quruq chirish paydo bo‘ladi, to‘qima shaklini yo‘qotadi va kukunsimon yoki tolasimon massa hosil qiladi. Qattiq chirish rivojlanishi hujayralar nobud bo‘lishi, ammo to‘qimalar yumshamasligi bilan ifodalanadi.
Dog‘lar, yoki nekrozlar o‘simliklarning zararlangan a’zolari – barg, meva, poya to‘qimalarining alohida qismlari nobud bo‘lishidir. Dog‘larning shakli turli-tuman – dumaloq, serqirra, uzunchoq va h. bo‘lishi mumkin. Barg to‘qimalari nobud bo‘lganida dog‘lar barg tomirchalari orasida joylashib, mutanosib ravishda, serqirra shakl olishi mumkin. Dog‘larning dumaloq shakli ko‘p uchraydi. Dog‘lar mikozlar, bakteriozlar va virozlar uchun xarakterli belgilardir.
Yaralar o‘simliklarning suvga to‘yingan organlari va to‘qimalari zararlanganida paydo bo‘ladi. Zararlangan joyning atrofidagi to‘qimalar yumshab ketishi natijasida, o‘sha joy botiq bo‘lib qoladi va u yerda patogenning sporalashini kuzatish mumkin. Yaralar mavjud bo‘lishi tok, poliz ekinlari va boshqa o‘simliklarda uchraydigan antraknoz kabi kasalliklarga xosdir.