7.6. Ilk o‘spirinlik davrida o‘quv kasbiy faoliyatning etakchi faoliyatga aylanishi va kasb tanlash muammosi
Ilk o‘spirinlar shaxsining taraqqiyotida ijtimoiy foydali mehnatning roli katta. Ilk o‘spirinlar mehnati faqat o‘zining moddiy natija berishi tomoni bilangina muhim emas. Bu Yoshdagilarning mehnatini to‘g‘ri tashkil etish shaxsning kollektivizm, umum foydasi uchun qilinadigan mehnatga muhabbat, tashabbuskorlik, maqsadga intiluvchanlik, intizomlilik, qat’iyatlilik singari sifatlarini tarkib toptirishga yordam beradi. O‘quvchilar umumiy mehnatda qatnashar ekanlar, mehnatni va mehnat kishilarini hurmatlash tuyg‘usini hosil qiladilar, ularda mehnat qilish ehtiyoji va istagi paydo bo‘ladi.
Mehnat jarayonida o‘quvchilarda yangi tuyg‘ular – o‘z mehnatidan quvonish, yaratilgan narsa bilan faxrlanish tuyg‘usi, ko‘p kuch-g‘ayrat sarflagandan keyin erishilgan g‘alabadan qanoat hosil qilish tuyg‘usi vujudga keladi. Ana shu yangi quvonchli emotsiya o‘quvchini yana bir marta bu tuyg‘ularni boshdan kechirish uchun tag‘in mehnat vaziyatiga jalb qiladi. Mehnatning ijtimoiy ahamiyati va uning natijalariga ijtimoiy baho berish – o‘quvchini mehnatga psixologik jihatdan tayyorlashning zarur tomonlaridan biridir.
Jamoada mehnat qilishda uning tarbiyaviy ahamiyati kuchli bo‘ladi. Jamoaviy mehnat, o‘zaro mehnat ma’suliyati ilk o‘spirin shaxsini tarkib toptirishda katta rol o‘ynaydi.Jamoa bo‘lib mehnat qilish o‘quvchilarning mehnatda hamkorlik va o‘zaro yordam ko‘rsatish tajribasini, bir-birlarini nazorat qilish tajribasini hosil qilishlariga imkon beradi, mehnatning umumiy natijalaridan shaxsiy manfaatdorlikni, o‘z xatti-harakatlarini jamoa manfaatlariga bo‘ysundirish odatini tarkib toptiradi. Ilk o‘spirinlik Yoshi – mehnat hayotida o‘z-o‘zini aniqlab olish Yoshi bo‘lib, bu vaqtda o‘quvchi o‘zining mehnatdagi iste’dodini jiddiy ravishda izlay boshlaydi, unda o‘zining kelajakdagi kasbini belgilab olish intilishi paydo bo‘ladi. O‘smirlardan farqli ravishda ilk o‘spirinlar kasbni o‘ylab tanlaydilar, nima uchun shu kasbni tanlaganliklarini asoslab beradilar. Ularning ko‘plari o‘zlarining individual jismoniy va psixik xususiyatlarini biror kasb kishisiga qo‘yiladigan talablar bilan taqqoslamoqchi bo‘ladilar. Buning natijasida ilk o‘spirinlar amaliy jihatdan masalaga yaqinlashib qoladilar va o‘z qiziqishlari hamda imkoniyatlarini hisobga olib, haqiqiy kasblarni tilga ola boshlaydilar.
Ming-minglab kasblar bor, lekin muayyan mehnat turiga individual moyillik bilan unga bo‘lgan qobiliyat va uning ijtimoiy ahamiyatiga yuqori baho berish birga qo‘shilib ketgan vaqtdagina chin yurakdan tanlangan kasbgina kishiga ma’naviy qoniqish va jamiyatga foyda keltiradi. Ilk o‘spirinlar uchun xarakterli xususiyat – kasblarga keskin tanlab munosabatda bo‘lishdir.Ular ayrim kasblarni yuksak baholaydilar, o‘quvchilarning ko‘z o‘ngida bu kasblarning ijtimoiy mavqei ulug‘dir. Boshqa kasblarning ijtimoiy mavqei juda past.
Kasbiy niyatlarning barqarorligini o‘rganish yuzasidan N.I.Krilov o‘tkazgan tekshirish shuni ko‘rsatdiki, hatto o‘z niyatlarini amalga oshirib, oliy o‘quv yurtiga kirgan talabalar orasida ham ko‘plari o‘zlarining kim bo‘lishlarini oxirigacha hal qilmaganlar. Bunga sabab Yoshlarni mazkur oliy o‘quv yurtiga olib kelgan kasb haqidagi tasavvur bilan bu kasbning haqiqiy, amaliy mazmuni o‘rtasidagi nomuvofiqlikdir. O‘zining kasb tanlash bo‘yicha taqdirini tasodifan hal etish murakkab kechinmalarga, tanlagan kasbi sohasida ikkilanishlarga, og‘ir ichki nizolarga olib kelishi mumkin. Bu esa yigit va qizlar uchun ham, jamiyat uchun ham katta zarar keltiradi.
Kasb tanlash nimaning ta’siri ostida ro‘y beradi? Bunday tanlashning motivlari nima?
Ko‘pdan-ko‘p materiallar maktab o‘quvchilarida o‘zlarining kelajakdagi kasblariga qiziqishni tarbiyalashda maktab va o‘qituvchilarning ma’lum darajada rol o‘ynashini ko‘rsatadi. Bir qancha tadqiqotlarning bergan ma’lumotlariga qaraganda, so‘rab chiqilgan o‘quvchilarning 40-50 % kelajakdagi kasbni tanlashga biror o‘quv predmetiga bo‘lgan qiziqishlari sabab bo‘lganligini aytadi. Ko‘pgina o‘quvchilar xalq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan kasblarni tanlaydilar, bunga Vatanga foyda keltirish istagini sabab qilib ko‘rsatadilar, lekin bu kasblarni o‘zlarining individual xususiyatlariga, qobiliyatlariga muvofiq keladi, deb hisoblamaydilar. Ilk o‘spirinlarning ko‘pchiligi kasb tanlashga motiv qilib o‘z qobiliyatlarini ko‘rsatadilar. Ko‘p o‘quvchilar esa oilaviy an’analarning mavjudligini, moddiy-maishiy ta’minlanganlik sababini, do‘stlar va o‘rtoqlaridan namuna olganligini motiv qilib ko‘rsatib o‘tadilar. Ayrim hollarda ish joyi yoki oliy o‘quv yurtining uydan yaqinligi va boshqalar motiv bo‘lgan.
Ilk o‘spirinlarning qiziqishlarini xarakterlaganda avvalo shuni aytish kerakki, yigit va qizlar odatda xuddi shu Yoshda biror fanga, bilim tarmog‘iga, faoliyat sohasiga bo‘lgan o‘zlarining qat’iy spetsifik qiziqishlarini belgilab oladilar. Ilk o‘spirin Yoshidagi bunday qiziqish shaxsning bilish-professional yo‘nalishining tarkib topishiga olib keladi, yigit yoki qizning maktabni tamomlagandan keyin qanday kasb tanlashini, hayot yo‘lini belgilab beradi. Ana shunday maxsus qiziqishning mavjudligi muayyan sohadagi bilimlarni kengaytirish va chuqurlashtirishga doimiy intilishni rag‘batlantiradi: katta maktab Yoshidagi o‘quvchi zarur adabiyot bilan aktiv ravishda tanishib boradi, tegishli to‘garaklarda bajonidil shug‘ullanadi.
Ilk o‘spirinlik Yoshida bilishga oid qiziqishlar tobora keng, qat’iy va amaliy xarakter kasb etadi.O‘quvchilarning qiziqishlari keng va xilma-xil bo‘lib boradi: texnikaga, tabiyotga, ijtimoiy-siyosiy masalalarga, falsafiy-axloqiy masalalarga, sportga qiziqish ortadi