12-modda. Kodeksning O‘zbekiston hududidan tashqarida jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan amal qilishi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek O‘zbekistonda doimiy yashovchi
fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, basharti boshqa davlat hududida sodir etgan jinoyat uchun
o‘sha davlat sudining hukmi bilan jazolangan bo‘lmasalar, ushbu Kodeks bo‘yicha
javobgarlikka tortiladilar.
O‘zbekiston fuqarosi chet el davlati hududida sodir etgan jinoyati uchun, agar xalqaro
shartnomalar yoki bitimlarda boshqacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushlab berilishi
mumkin emas.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonunining 11-moddasi , O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 601-moddasi . Chet el fuqarolari, shuningdek O‘zbekiston hududida doimiy yashamaydigan
fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston hududidan tashqarida sodir etgan jinoyatlari
uchun faqat xalqaro shartnomalar yoki bitimlarda nazarda tutilgan hollardagina ushbu
Kodeks bo‘yicha javobgarlikka tortiladilar.
13-modda. Qonunning vaqt bo‘yicha amal qilishi Qilmishning jinoiyligi va jazoga sazovorligi ana shu qilmish sodir etilgan vaqtda
amalda bo‘lgan qonun bilan belgilanadi. Agar ushbu Kodeks moddasida harakat yoki
harakatsizlik sodir qilish payti jinoyat tamomlangan payt deb hisoblangan bo‘lsa, ijtimoiy
xavfli qilmish bajarilgan payt jinoyat sodir qilingan vaqt deb topiladi. Agarda ushbu Kodeks
moddasida jinoiy oqibat yuz berishi bilan jinoyat tamom bo‘lgan deb hisoblangan bo‘lsa,
jinoiy oqibat yuz bergan payt jinoyat sodir etish vaqti deb topiladi.
Qilmishning jinoiyligini bekor qiladigan, jazoni yengillashtiradigan yoki shaxsning
ahvolini boshqacha tarzda yaxshilaydigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega, ya’ni ushbu
qonun kuchga kirgunga qadar tegishli jinoiy qilmish sodir etgan shaxslarga, shu jumladan
jazoni o‘tayotgan yoki o‘tab bo‘lgan shaxslarga nisbatan, agar ular hali sudlangan
hisoblansalar, tatbiq etiladi.
Qilmishni jinoyat deb hisoblaydigan, jazoni kuchaytiradigan yoki shaxsning holatini
boshqacha tarzda yomonlashtiradigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega emas.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunining 41-moddasi .