Narrativ tahlil. Ushbu tahlil orqali gapdagi so‘zlarda ifodalangan ketma-ketlikni real voqelik ketma-ketligi bilan o‘zaro munosabatga kiritish mumkin. Ushbu tahlil hikoyadan iborat matnlarni tahlil qilishga mo‘ljallangan. Bu tahlilning afzalligi shundaki, bunda baholash tadqiqotchi tomonidan bajarilgan vazifalar asosida emas, balki ma’lum kategoriyalar (sub’ekt, ish-harakat, ob’ekt) asosida amalga oshiriladi. Narrativ matnlar badiiy, tarixiy yoki gazeta matnlaridan olingan hikoyalar bo‘lishi mumkin.
Matnni ekspert baholash. Ushbu tahlil usuli quyidagi xususiyatlarga ega: a) matn muallifini baholash yoki matn muallifining kategorial xususiyatlar (jins, yosh, tug‘ilgan joy, yashash joy, ta’lim darajasi)ini aniqlash; b) matn muallifining temporal (vaqtinchalik, dinamik) tuyg‘ulari (emotsional holati)ni baholash; v) tadqiq qilinayotgan matnning yaratilish sharoitini aniqlashga qaratilgan baholash (intervyu davomida savollarning haqiqiyligi); g) matnda ifodalangan axborotning maqsadli buzilishini yuzaga keltirishga qaratilgan baholash. Bunday ekspert baholashda quyidagi usullar qo‘llanilishi mumkin: matn parchasi yoki to‘liq matnni perefraza qilish; semantik baholash usuli; erkin assotsiativ eksperiment usuli; prediktiv matn tahlili usuli.