X va H tovushlarining talaffuzi va imlosi haqida ham dastlabki tushunchalar beriladi, ularni farqlash bo‘yicha maxsus mashqlar ham uyushtiriladi.
Tutuqbelgisi(’) unli tovushdan so‘ng kelsa, uni cho‘zib talaffuz qilishga, undosh tovushdan so‘ng kelsa, undoshni unlidan ajratib talaffuz qilishga xizmat qilishi haqida ham tushunchalar berilib, asta-sekin uni qo‘llashga doir ko‘nikma va malakalar shakllantiriladi.
Savod o‘rgatish jarayonida harflarning 4 xil (bosma, yozma, bosh va kichik) shakli va ularning ishlatilish o‘rni o‘rgatiladi.
O‘quvchilarni o‘qishga o‘rgatish bo‘g‘in asosida olib boriladi. Bo‘g‘inlab o‘qishga o‘rgatish uchun so‘zni bo‘g‘inga bo‘lish, bo‘g‘in chegarasini aniqlashni o‘rgatish muhim sanaladi. Savod o‘rgatish davrida o‘quvchilar so‘zlarni bo‘g‘inlarga to‘g‘ri bo‘la bilsalar, o‘qish ko‘nikmasini ham yaxshi egallaydilar.
O‘qishning dactlabki bosqichida orfografik o‘qishdan foydalaniladi, asta-sekin orfoepik o‘qish ko‘nikmalari shakllantiriladi. Talaffuzi yozilishiga mos kelmaydigan tovushlar ishtirok etgan so‘zlar oldin orfografik, so‘ngra orfoepik o‘qib beriladi va ularning o‘qilishi bilan yozilishi taqqoslanadi. O‘quvchilar muayyan darajada tushunchaga ega bo‘lganlaridan so‘ng orfoepik o‘qish mashq qilinadi.
O‘qish va yozish jarayonining psixofiziologik tavsifi.O‘qish ham, yozish ham murakkab nutq faoliyati hisoblanadi. Bu jarayonlar kichik yoshdagi o‘quvchidan iroda, aql, hatto jismoniy harakatni ham talab qiladi.
Kichik yoshdagi o‘quvchini o‘qishga o‘rgatishda quyidagilar kuzatiladi:
Bola o‘qish paytida bitta harfni ko‘radi, uni bilish uchun rasmlarni ko‘z oldiga keltiradi, rasmlarni yoki boshqa harflarni eslaydi, esga tushirgach, uni aytishga oshiqadi, biroq o‘qituvchi aytishga yo‘l qo‘ymaydi, undan bo‘g‘inni aytishni talab qiladi. O‘quvchi ikkinchi harfni eslab olguncha, birinchisi esdan chiqib qoladi yoki ularni qo‘shib bo‘g‘in, bo‘g‘indan so‘z hosil qilguncha, o‘qish jarayoni sustlashadi.
Ko‘pincha bola o‘qiyotgan qatorni yo‘qotib qo‘yadi, harfni, bo‘g‘inni, so‘zni qayta o‘qishiga to‘g‘ri keladi. O‘quvchining diqqati kengaygan sari bo‘g‘in va so‘zni butunligicha idrok eta boshlaydi.
O‘qishni endi o‘rganayotgan bola o‘qiyotgan matn mazmunini o‘zlashtirmaydi, chunki u so‘zni qanday o‘qishga ko‘p kuch beradi. Darslikdagi rasmlar, o‘qituvchining savollari, ko‘rgazmali qurollar ularning ongli o‘qishlarini ta’minlaydi.
Tajribasiz kitobxon so‘zni birinchi bo‘g‘iniga yoki rasmga qarab topadi. Bu xato o‘qishga olib keladi. Bunday xatoning oldini olish uchun so‘z bo‘g‘inlab o‘qitiladi, so‘zni bo‘g‘in-tovush tomondan tahlil qilishga, tovush-harf tomondan analiz va sintez qilishga diqqat qaratiladi.
O‘qishni muvaffaqiyatli egallashlari uchun o‘quvchilarning idroki, xotirasi, tafakkuri va nutqini o‘stirishga katta e’tibor berish kerak. Savod o‘rgatishda fonematik eshitish qobiliyatlarini o‘stirishga, ya’ni tovushni aniq talaffuz qilishga, boshqa tovushlardan farqlashga o‘rgatish, bo‘g‘in yoki so‘zdan o‘sha tovushni ajrata olish ko‘nikmasini o‘stirish muhim sanaladi.
Fonematik eshitish imloviy malakani hosil qilishning muhim shartidir. Shu bois savod o‘rgatish davrida eshitish idrokini o‘stirish uchun ham maxsus xilma-xil mashqlar o‘tkazib borish maqsadga muvofiqdir.
Yozuv jarayonida o‘quvchilar ruchkani to‘g‘ri ushlashni, daftarni to‘g‘ri qo‘yishni, harfni yozishda yozuv chiziqlari, ular bo‘ylab qo‘lni harakatlantirishni esda saqlashi, harfni harfga qanday ulash, qatorga sig‘ish-sig‘masligini mo‘ljallashi lozim. Bu jarayon o‘quvchini aqliy va jismonan charchatadi, ayniqsa, ularning barmoq va elka muskullari charchaydi. Shuning uchun ham darsda ikki-uch marta daqiqali jismoniy mashqlar o‘tkazilishi maqsadga muvofiqdir.
Yozuv jarayonida o‘quvchi ruchkani qog‘oz ustida sekin, ishonchsizlik bilan qimirlatadi, bir harfni yozib to‘xtaydi va namuna bilan solishtiradi, ba’zan chiziqdan chiqib ketadi, noto‘g‘rilarini bo‘yab, to‘g‘rilaydi. Bunda u o‘qituvchiga har daqiqada murojaat qiladi, uning qo‘li va boshi yozishda birgalikda harakat qiladi. Yozuv jarayoni o‘quvchilarning ongli harakat qilishlarini ham talab etadi. Shu sababli bu jarayonga o‘qituvchi sabr-qanoat bilan katta e’tibor qaratishi juda muhim. Yozuvning chiroyli va imloviy jihatdan to‘g‘ri bo‘lishi savodxonlikning yuksak belgisidir.