Terminologiya. Terminlar tizimi. Bilim, fan sohasining ma’lum bir terminologiyasi – bu tushunchalar tizimida ilmiy tushunchalarni ajratib ko‘rsatish uchun qo‘llaniladigan, o‘zaro ma’lum bir aloqa va bog‘liqlikda bo‘lganterminlar, so‘zlar va so‘z birikmalari tizimidir.
Terminologiya doimiy harakatda: nimadir o‘zgaradi, qo‘shiladi, eskiradi, ta’minotdan chiqadi, yo‘qotiladi. Ko‘plab qadimdan ma’lum maxsus so‘zlar yangi ilmiy tarkibga ega bo‘ladi. Ko‘plab qadimdan ma’lum maxsus so‘zlar yangi ilmiy mazmun oladi. Terminologiya – ilm, ilmiy adabiyot tilining muhim ajralmas qismidir.
Nega bir nechayuz yillardan buyon “o‘lik tillar” deb atalmish guruhga mansub bo‘lgan aynan lotin tili “o‘lik” qadimgi yunon tili bilan birgalikda hali hanuz tibbiyot va biologiya ilmiy tillari rivojiga faol ta’sir ko‘rsatib kelmoqda? Ushbu savolga javob berish uchun lotin tili tarixi va uning tibbiyot rivojlanishidagi roli haqida tanishib olishimiz zarur.
Lotin tili tarixidan. Lotin tili (lingua Latina)hind-yevropa tillari oilasining italiy tillari guruhiga mansub. U uzoq o‘tmishda hosil bo‘lgan. Dastlab bu tilda Italiya markazidagi Latsiy viloyatida istiqomat qiluvchi lotin qabilasi (Latini), hamda Qadimgi Rim ahli va milodiy I asr boshlarida Rim qo‘l ostiga o‘tgan Apennin yarim oroli hududidagi italiy qabilalar so‘zlashishgan. Mil. av. III asr o‘rtalaridan boshlab lotin tili Rim legioni bilan birga yanada qadimiyroq madanaiyatga ega davlatlar – Yunoniston, Karfagen, Misr, Suriya va b. – hamda Yevropaning u davrda madaniyati kam yerlarga kirib bordi.
Qadimiy davr lotin tili tarixi bir-biridan u yoki bu darajada farqlanuvchi 5 ta davrga ajratiladi:
1) eng qadimgi lotin tili davri (mil. av. VI-IV asrlar);
2) klassik davrgacha bo`lgan lotin tili davri (mil. av. III-II asrlar, adabiy lotin tilining shakllanish vaqti);
3) klassik, “oltin” lotin tili davri (mil. av. I asr, juda boy leksika va rivojlangan adabiyoti bilan ajralib turadi);
4) klassik davrdan keyingi, “kumush”lotin tili davri (milodiy I asr, adabiy tilning fonetik va morfologik meyorlari uzil-kesil shakllandi);
5) so‘ngi bosqichdagi lotin tili (II-VI asrlar; yozuv tili bilan xalq-so’zlashuv tili – “xalqona lotin”o‘rtasida tafovut paydo bo‘ldi).
V asrda Rim imperiyasi qulaganidan keyin xalq-so‘zlashuv tilining mintaqaviy farqlanishi tezlashib, bu narsa IX asrga kelib alohida, mustaqil roman tillarining (italyan, fransuz, portugal, ispan, rumin, moldavan va b.) paydo bo‘lishiga olib keldi. Yozma lotin tilining birligi saqlanib qoldi, u leksik jihatdan rivojlanishda davom etdi, klassik lotin tilining asosiy lug‘at tarkibi va grammatik qurilishi barqarorlashdi. Adabiy lotin tili tarqalgan barcha hududlarda u ma’muriy boshqaruv, savdo-tijorat, maktab tili edi; o‘rta asrlarda butun G`arbiy Yevropa umumiy yozuv tili bo‘libqo‘llandi; XVIII-XIX asrlargacha diplomatiya, ilm-fan va falsafa tili, XX asrda esa katolik cherkovi tili, Vatikanning (italyan tili bilan birga) rasmiy tili bo‘lib qoldi. Lotin tiliYevropa madaniyati rivojida ulkan rol oynadi. Yevropa tillaridagi siyosiy, ilmiy va texnik terminologik tizimlarning leksik jihatdan boyishi va ko‘payib borishiga ijobiy ta’sirko’rsatdi.
Lotin tili qadimiy Hind-Yevropa tillariga xos, uni Xett tili, Hind-Eron, Kelt tillari bilan yaqinlashtiruvchi xususiyatlarni saqlab qolgan. Asosiy fonetik jihatlari unda unlilar cho‘ziqligining fonologik farqlanishiga egaligi, urg‘uso‘zning oxirgi bo‘g‘iniga tushmasligi, undoshlarning kuchsizlanib borishi kabilardan iborat. Morfologik xususiyatlari: fleksiyadan shakl yasashning asosiy vositasi sifatida foydalanish, fleksiyaning 5 turi mavjudligi, turlanishning 6 kelishikka asoslanishi, fe’llarda 3 xil mayl (indikativ, konyunktiv, imperativ) va 2 xil nisbat (aktiv va o‘rtapassiv) farqlanishi va b. So‘z tartibida fe’l gap oxirida keladi. Lotin tili leksikasida yaqin qarindosh yoki noqarindosh qabilalar tillarining ta’siri saqlanib qolgan. Lotin tiliga yunon tili, ayniqsa, mil. av. III-I asrlarda kuchli va davomli ta’sirko‘rsatgan. Lotin tili leksikasi, yunon tili bilan birga, ilmiy terminologiya sohasida hanuz baynalmilal terminlarni yaratishda manba bo‘lib xizmat qilmoqda.