Muhammad Rahimxon madrasasi. XIX asrning ikkinchi yarmi. Xivadagi me’moriy yodgorliklardan biri bo`lgan bu madrasa 1871 yilda Xiva xoni Muhammad Rahimxon II (Feruz) tomonidan qurilgan. Muhammad Rahimxon II 1844-1910 yillarda yashab o`tgan. U mamlakat madaniyati va iqtisodiy hayotini ko`tarishda ilg`or tadbirlarni amalga oishrdi. Madaniyat va fan arboblariga homiylik qildi. O`zi ham Feruz taxallusi bilan ijod qilgan. Muhammad Rahimxon ulamolarga, shoiru adiblarga, umuman, turli sohaning fazilatli kishilariga homiylik ko`rsatgan xondir. SHe’riyatda Ogaxiyni va iymon-e’tiqod, dinu diyonat hamda shariatda adolatpeshaligi bilan mashhur bo`lgan qozikalon, shayxul islom Salimoxun Matnona o`g`lini ustoz va pir tutdi. El-ulusning iqtisodiy-madaniy darajasini ko`tarish choralarini ko`rdi. U Turkiston xonliklarida birinchilar qatorida toshbosmaxona va suratxona qurdirgan.
Islomxo`ja madrasasi va minorasi. XX asr boshlarida qurilgan Islomxo`ja madrasasi va minorasi Xivaning dovrug`ini olamga taratgan. Uni yaratish tashabbuskori va homiysi Asfandiyorxonning bosh vaziri Islomxo`ja bo`lgan. Minora Xivaning faxridir. Islomxo`ja o`z davrining fan, madaniyat, texnika yangiliklariga g`oyat qiziquvchi davlat arbobi edi. U Xorazmni dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatorida ko`rishni istar, Vatanii tashqi dunyo bilan bog`lashga intilar, ilg`or g`oyalar bilan to`lib-toshgan inson edi. U Xiva qadimiy obidalarini saqlash, ta’mirlash ishlariga ham katta g`amxo`rlik ko`rsatgan. Xonlikni idora etishdagi xizmatlari uchun “Vaziri Akbar “ unvoni berilgan. U Xivada pochta va telegraf binosi, Nurullaboy saroyi, maktab va kasalxona qurdirgan.
Mahmud az-Zamaxshariy ziyoratgohi. Maqbara o`zi ko`hna Urganchda – hozirgi Turkmaniston hududida joylashgan. Abul qosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariy hijriy 467 yili qadimiy Zamaxshar qishlog`ida tug`ildi. Urganchda zamonasining ulug` allomalari qo`lida ta’lim oldi. Ilohiyoshunoslik sohasida bilim va malakasini oshirish maqsadida Makkai mukarramaga bordi. U yerda alloma tafsir ilmi sohasida ulug` kashfiyot sanalgan “Al-Kashshof” asarini yaratdi. Ka’batullohda uzoq vaqt turib qolganidan unga “Jorulloh” (Allohning qo`shnisi) unvonini berdilar. Allomaning tafsir va hadis, sarf va nahv, ilmi adabga doir 50 dan ziyod asarlari ilm olamida yuksak qadrlanadi. “Al-Kashshof” tafsiri necha zamonlardan beri musulmon olamidagi oliy o`quv muassasalarida darslik sifatida o`qitib kelinmoqda. Buyuk allomaning lug`ashunoslik, nazm, xalq, og`zaki ijodi, jo`g`rofiya va boshqa sohalarga doir asarlari ham bizgacha yetib kelgan. 1995 yilda bu ulug` alloma sharafiga Xorazmda majmua barpo etilib, tavalludining 920 yilligi xalqimiz tomonidan keng nishonlandi.