2.Mintaqada turizmning rivojlanish tendensiyalari. Mintaqaning turistik resurslari salohiyati.
Ahmad al-Farg`oniy majmuasi. Majmua mustaqillik davrida - 1998 yilda bunyod etilgan. Abul Abbos ibn Muhammad ibn Kasir Ahmad al-Farg`oniy 797 yili Farg`ona vodiysining Qubo (Quva) qishlog`ida tug`ilgan. Xalifa Horun ar-Rashidning sharqiy yerlaridagi muovini, o`g`li Ma’munning Marvdagi olimlari doirasiga kirgan. Ahmad al-Farg`oniy nihoyatda mashhur olim bo`lib, asarlarining tarjimasi bir necha asrlar davomida hatto Yevropa universitetlarida ham asosiy darslik sifatida qo`llanilgan. Manbalarda Ahmad al-Farg`oniy va uning 861 yilgi ixtirolari haqida ko`p gapiriladi. U ixtiro qilgan "Miqyos an-Nil " (Nil daryosi suvini o`lchash) hozirgi kunda ham Misrning Qohira shahrida saqlanib qolgan. Vafoti taxminan 865-866 yillar, deb qabul qilingan.
Burxoniddin Marg`inoniy (ramziy) maqbarasi.O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov sa’y-harakatlari bilan allomaning ramziy maqbarasi 2000 yilda Rishton shahrida bunyod qilindi. Buyuk faqih Abul Hasan Ali ibn Abu Bakr ibn Abduljalil al-Farg`oniy ar-Rishtoniy al-Marg`inoniy 1123 yilning 23 sentyabrida tug`ilgan. U Qur’on, hadis va fiqh ilmini benihoya chuqur va mukammal egallagani va bu sohada beqiyos durdonalar yaratgani tufayli "Burhon ad-din val-milla" (Din va ummatning hujjati) degan nom olgan. 1178 yili yozgan "Al-Hidoya" asari fiqh bo`yicha eng aniq, izchil, mukammal asar sifatida butun Islom olamida hanafiy mazhabining fiqh masalalaridagi asosiy qo`llanmasiga aylangan.
Xo`ja Amin maqbarasi. XVIII asr. Xo`ja Amin maqbarasi XVIII asrning ikkinchi yarmida bunyod etilgan. Maqbarani bezashda XIV asr boshida o`rta osiyolik me’morlar foydalangan rang-barang sirkor qoplamadan siqib chiqargan o`yma sopol qo`llanshgan. Tarixiy manbalarda yozilishicha, XVI asrning oxirlarida SHayx Xovandi Tahur avlodlaridan bo`lgan Iminxo`ja Eshon Toshkentdan Namanganga kelib o`rnashib qoladi. Unga ixlos qiluvchi kishilar ko`payib ketadi. Iminxo`ja Eshon qaynotasidan meros qolgan boyliklar evaziga Ibrohimxo`ja xotiralari uchun taxminan XVII asr oxiri - XVIII asr boshlarida Ibrohimxo`ja qabrining oldi tarafiga maqbara bunyod etadi. Maqbara qurilishiga o`sha davrning mohir me’morlari jalb qilinib, u juda nozik did bilan qurilgan.