2.2. Mehnat bozorini tartibga solishning asosiy yo`nalishlari va istiqbollari
Mehnat bozorida yuzaga keladigan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar tizimida aholining ish bilan bandligi va mehnat sharoitlarini belgilash, u yoki bu ijtimoiy muammolarni hal qilish, ijtimoiy-mehnat mojarolarini bartaraf etish bo`yicha ish beruvchilar bilan yollanma xodimlar o`rtasidagi munosabatlar markaziy o`rin egallaydi. Mehnat bozorida mazkur munosabatlar jamoaviy, shaxsiy va hududiy usullar asosida tartibga solinadi. Jamoaviy bitimlar tuzilayotganda O`zbekiston Respublikasining «Mehnat Kodeksi», Xalqaro Mehnat Tashkilotining Konvensiyasi va tavsiyalariga asoslaniladi. Xalqaro Mehnat Tashkilotining Konvensiyasida (54bandida) ta’kidlanganidek, ―Jamoaviy muzoqaralar, bir tomondan, tadbirlar, tadbirkorlar guruhi bilan, boshqa tomondan esa, mehnatkashlarning bitta yoki bir necha tashkiloti o`rtasida: a) mehnat sharoiti va bandlikni belgilash; b) tadbirkorlar va mehnatkashlar o`rtasidagi munosabatlarni tartibga solish; v) tadbirkorlar yoki ularning tashkilotlari va mehnatkashlarning tashkiloti yoki tashkilotlari o`rtasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadlarida olib boriladigan barcha muzoqaralarni bildiradi‖.
Mehnat bozorida bunday tartibga solishni qo`llanishning eng muhim afzalligi shundaki, unda qabul qilinadigan qarorlar nihoyatda qayishqoq (egiluvchan, moslashuvchan) bo`ladi, ularni na qonunchilik, na sud va na ma’muriy usullarga qiyoslab bo`lmaydi.
Xodim bilan tuzilgan shaxsiy shartnoma ish beruvchisi uchun ancha foydalidir. SHaxsiy shartnoma tizimi mehnatchining mehnat sharoiti va unga to`lanadigan ish haqini shu odamga qarab belgilash imkonini beradi. Jamoaviy bitimlarga ko`ra esa, bunday qilib bo`lmaydi. SHu bilan birga, tuziladigan shaxsiy bitim ko`p hollarda mehnatkashlarni ijtimoiy kafolatlarining kattagina qismidan mahrum etadi.
So`nggi holatni alohida hisobga olishimiz lozim. CHunki, respublikamizda, bir tomondan, ishchilarni yollab ishlatish bo`yicha xususiy tadbirkorlik va biznes yaxshi rivojlanmagan bo`lsa, ikkinchi tomondan esa, kam ta’minlangan hamda ijtimoiy jihatdan yetarli darajada himoya qilinmagan mehnatkashlar orasida ishsizlar soni oshib borayapti.
O`zbekiston respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2012 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2013 yilda respublikaning rivojlanish istiqbollariga bag`ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida ―YAngi ish o`rinlari tashkil etish va mamlakatimiz aholisi bandligini ta’minlash 2013-yil va undan keyingi yillarga mo`ljallangan maqsadli vazifalarni hal qilishning eng muhim ustuvor yo`nalishi bo`lib qoladi‖ deb ta’kidlab o`tdilar.1 Bularning hammasi mehnat bozoridagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishning yangi, samarali hududiy usullarini, ularni mehnat resurslari ortiqcha va yetishmaydigan hududlarga bo`lgan holda, tadqiq etishni talab qilmoqda.
Respublikaning mehnat resurslari ortiqcha hududlari, avvalo, Andijon,
Farg`ona, Namangan, Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlari uchun mazkur bozorni tartibga solishning ancha samarali usullari deb, ishchi kuchiga bo`lgan talabning oshishi va uning taklifi kamayishini hisoblash zarur.
Ishchi kuchlariga bo`lgan taklifni kamaytirish, shuningdek, ularni mehnat bozoriga oqib kelishini qisqartirish va harakatchanligini rag`batlantirish hamda ish vaqti va mavjud ish joylarini ijtimoiy ishlab chiqarishda band bo`lganlar o`rtasida qayta taqsimlash orqali samarali tashkil etish mumkin. Respublikamizda «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» asosida umumta’lim dasturlarini kengaytirish va o`qish muddatini uzaytirish bilan kasbiy tayyorgarlikni yaxshilash, o`quv yurtlarida kunduzgi ta’lim oladigan talaba o`rinlarini ko`paytirish, ishlab chiqarishdan ajralgan holda o`qiyotganlarga stipendiyalarni oshirish, ayollarga bola parvarish uchun to`lanadigan nafaqalar va beriladigan ta’lim muddatini ko`paytirish. Mehnat stajini hisoblashda ularga imtiyoz berish; pensionerlar, nogironlar hamda ularni parvarishlaydigan shaxslarning pensiyalarini oshirish – mehnat bozorida ishchi kuchlarini oqib kelishini kamaytirish chora-tadbirlari hisoblanadi.