9-Mavzu yuzasidan nazorat savollari: 1. Metodika fanlarini o’qitishda qanday o’qitish metodlaridan foydalanish maqsadga muvofiq?
2. Maktabgacha ta’lim fanlarini o’qitishda og’zaki o’qitish metodlariga nimalar kiradi?
3. Ko’rgazmali metodlarni bilimlarni o’zlashtirishdagi roli nimalardan iborat?Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ko’rgazmali metodlarning axamiyati nimada ?
4. O’qitish metodlariga qanday talablar qo’yiladi?
5. Suhbat maetodi va uning turlarini ayting ?
6. Mustaqil ishlar metodi va uning axamiyati bilib oldingizmi, amalda bajarib ko’ring.
7. Muammoli izlanish metodini ta’riflang.Bolalarda nima beradi ?
8.Didaktik o’yinlar metodiga ta’rif bering, MTT larda qanday amalga osgirish mumkin?
9. Og’zaki bayon metodlarini birorta mashg’ulot ishlanmasi yozib sinab ko’ring, qulayliklarini asoslang.
10. Maktabgacha ta’lim muassasalarida oqitish metodlarining asosan 3 turidan foydalaniladi; Ko’rgazmali, og’zaki, amaliy metod. Ularning har birini tarkibiy qimlari bor, ularni o’rganing.
10-ma’ruza mavzusi; Metodika fanlarini o’qitishda pedagogik texnologiyalardan foydalanish. Mavzu rejasi; 1.Pedagogik texnologiya haqida tushuncha.
2. Pedagogik texnologiyalardan foydalanishning ilmiy asoslari
3. Pedagogik texnologiyalarning xususiyatlari.
Tayanch so’z va iboralar; texnologiya, pedagogic texnologiya, Bespal’ko,Monaxov,Larner, texnologiyalar tarixiYUNESKOo`qitish texnologiyasi, innovatsion pedagogik texnologiyalar .
Mustaqillikka erishgan O`zbekiston olimlari xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va ilmiy-ma`rifiy aloqalar o`rnata boshladilar. Natijada yurtimizga ilg`or va samarali texnologiyalar kirib kela boshladi. Shular qatori jahondagi progressiv pedagogik texnologiya degan tushunchalar ham kirib, pedagogik jamoatchiligimiz fikrini chulg`ab oldi. Pedagog olimlar tomonidan pedagogik texnologiya tushunchasiga o`nlab ta`riflar berilgan. Pedagogik texnologiyani o`quv jarayoniga olib kirish zarurligini birinchilar qatorida har tomonlama ilmiy asoslab bergan rossiyalik olim V.P. Bespal`koning fikricha: « Pedagogik texnologiya (PT) – bu o`qituvchi mahoratiga bog`liq bo`lmagan holda pedagogik muvafaqqiyatni kafolatlay oladigan o`quvchi shaxsini shakllantirish jarayonining loyihasidir». Rossiya olimlaridan V.M. Monaxov: «PT – avvaldan rejalashtirilgan natijalarga olib boruvchi va bajarilishi shart bo`lgan tartibli amallar tizimidir», - degan qisqacha ta`rifni bera turib, uning asosiy xususiyatlariga e`tiborni qaratadi. «PT – o`quv jarayonini texnologiyalashtirib, uning qayta tiklanuvchanligini hamda pedagogik jarayon turg`unligini oshirib, bu jarayon ijrochisining sub`ektiv xususiyatlaridan uni ozod qiladi”, - deydi V.M. Monaxov. M.V. Klarin fikricha, PT – o`quv jarayoniga texnologik yondashgan holda, oldindan belgilab olingan maqsad ko`rsatgichlaridan kelib chiqib, o`quv jarayonini loyihalashdir. I.Ya. Larnerning fikriga ko`ra, PT – o`quvchilar harakatlarida aks etgan o`qitish natijalari orqali ishonchli anglab olinadigan aniqlanadigan, maqsadni ifodalaydi. Nurali Sayidahmedov va Abdurahmon Ochilovlarning fikricha, PT – bu o`qituvchi (tarbiyachi)ning o`qitish (tarbiya) vositalari yordamida o`quvchi (talaba)larga muayyan sharoitda ta`sir ko`rsatishi va bu faoliyat mahsuli sifatida ularda oldindan belgilangan shaxs sifatlarini intensiv shakllantirish jarayonidir. B.L. Farberman pedagogik texnologiyaga quyidagicha ta`rif beradi: «PT – ta`lim jarayoniga yangicha yondashuv bo`lib, pedagogikada ijtimoiy muhandislik ong ifodasidir. U pedagogik jarayonni texnika imkoniyatlari va insonning texnikaviy tafakkuri asosida standart holga solib, uning optimal loyihasini tuzib chiqish bilan bog`liq ijtimoiy hodisadir». Bu ta`riflarni uzoq xorijda berilgan ta`riflar bilan solishtirib ko`rish uchun yapon pedagog olimi T. Sakomoto bergan ta`rifni keltiramiz. «PT, - deydi Sakomoto, - bu tizimli fikr yuritish usulini pedagogikaga singdirish, boshqacha qilib aytganda, pedagogika jarayonini muayyan bir tizimga keltirishdir». Aynan tizimli yondashuv pedagogik texnologiyalarni o`qitishga boshqa yondashuvlardan farqlovchi asosiy belgi hisoblanadi. Pedagogik adabiyotlarda pedagogik texnologiyaga berilgan boshqa ta`riflar (V.Gushaeev, V.Slastenin, B.Lixachev, I.Volkov, M.Choshanov, Ch.Yudit va boshqalar) ham keltiriladi, ammo ularning birontasi YUNESKO ta`rifi drajasiga ko`tarila olmagan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining nufuzli idoralaridan biri bo`lgan YuNeSKOning ta`rifi bo`yicha, «PT – bu bilim berish va uni egallashda texnika va inson resurslarini o`zaro uzviy bog`liq holda ko`rib, butun ta`lim jarayonini loyihalashda va amalda qo`llashda majmuali yondashuv usulidan foydalanishdir». Keltirilgan ta`riflarni tahlil qiladigan bo`lsak, olimlarining bergan ta`riflari bir-biriga yaqin kelsa-da, farqi ham anchaligini ko`ramiz. Jumladan, Sakomoto va YuNeSKO ta`riflarida tizimli yondashuv tamoyiliga alohida urg`u berilgan. Haqiqatda esa, ob`ektiv borliqqa tizimli yondashuv tamoyilini yaxshi bilgan kishiga Sakomoto aytganidek, «PT – o`quv jarayonini muayyan bir majmuga keltirishdir», degan tushuncha kifoya qiladi. Bu tushuncha orqali PT ning boshqa hamma xususiyatlarini, ya`ni maqsadga yo`naltirilganligini, bir necha o`zaro uzviy bog`liq bo`lgan qismlardan tashkil topganligini va boshqalarni anglab olsa bo`ladi. Chunki bu xususiyatlarning hammasi, tizimlar nazariyasiga binoan, tizim deb nom olgan narsa va hodisalarning ajralmas sifatlaridir. Demak, pedagogik texnologiyaning ikkita muhim xususiyatini ta`kidlash mumkin. Birinchisi, tizimliligi bo`lsa, ikkinchisi, muayyan bir vaqt mobaynida bosqichma-bosqich pedagogik muolajalar amalga oshiriladigan jarayon ekanligidir. O`zbekistonlik pedagog olim B.G`.Ziyomuhammedov pedagogik texnologiyaga quyidagicha ta`rif bergan: «PT – bu jamiyat ehtiyojidan kelib chiqib, oldindan belgilangan kishi ijtimoiy sifatlarini samarali shakllantiruvchi va aniq maqsadga yo`naltirilgan o`quv jarayonini tizim sifatida ko`rib, uni tashkil qiluvchi qismlari bo`lgan o`qituvchi (pedagog)ning o`qitish vositalari yordamida tahsil oluvchilarga ma`lum bir sharoitda muayyan ketma-ketlikda ko`rsatgan ta`sirini nazoratda tutuvchi va ta`lim natijasini baholab beruvchi texnologiyalashgan ta`limiy tadbirdir». Innovatsion pedagogik texnologiyalarni amaliyotga qo`llashni tadqiq qilgan olimlar R.Ishmuxammedov, A.Abduqodirov, A.Pardaevlarning fikricha, pedagogik texnologiya – aniq ketma-ketlikdagi yaxlit jarayon bo`lib, u talabaning (yoki o`quvchi) ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda bir maqsadga yo`naltirilgan, oldindan puxta loyihalashtirilgan va kafolatlangan natija berishga qaratilgan pedagogik jarayondir.
Demak, pedagogik texnologiya muayyan ketma- ketlikda, tartibda amalga oshiriladigan, ta`lim oluvchilarning ehtiyoj va imkoniyatlarini hisobga olgan holda aniq maqsadlarga yo`nalgan, puxta loyihalashtirilgan, ta`lim-tarbiya samaradorligini oshirishga qaratilgan va yakuniy natijaga erishishni kafolatlaydigan pedagogik jarayondir. Bu o`rinda shuni ta`kidlash joizki, pedagogik texnologiya tushunchasi bilan ta`lim texnologiyasi, interfaol uslublar va o`yin kabi tushunchalarni bir birdan farqlash zarur. Ta`lim texnologiyasi tushunchasi aynan ta`lim (o`qitish, o`rganish) sohasiga taulluqli bo`lsa, pedagogik texnologiya tushunchasi nafaqat ta`lim, balki tarbiya jarayonini ham o`z ichiga oladi. Interfaol usullar pedagog va talabalarning o`zaro faolligiga asoslangan ta`lim-tarbiya usullaridir. Rolli va ishbop o`yinlar esa interfaol usullarning bir guruhini tashkil etadi. Pedagogik texnologiya jaryonida bunday usullardan bir nechtasi qo`llanilishi mumkin. Biz ushbu qo`llanmada interfaol usullar va pedagogik texnologiyalarni farqlagan holda, ularni aloxida bo`limlarda bayon etmoqchimiz.