3. Geografiya ta’limida o‘quvchilarning globus bilan ishlash malakalarini oshirish va baholash. Geografik globus — Yer sharining kichraytirilgan modeli bo‘lib, Yerning
tashqi qiyofasini hamda uning yirik qismlari (materiklar, okeanlar, ularning
bo‘laklari) nisbatini eng to‘g‘ri va ko‘rgazmali tasvirlaydi. Globusda kartografik
tasvirning xatoliklari bo‘lmaydi.
Maktab o‘quv globuslari 1:83 000 000, 1:50 000 000, 1:40 000 000,
1:30 000 000 masshtabda tayyorlanadi.
Mashhur vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniy (973-1048-y.) XI asrda birinchi
bo‘lib shimoliy yarimsharning globusini yasagan. Butun Yer sharini tasvirlagan
birinchi mukammalroq globusni 1492-yilda Martin Bexaym yasagan. Lekin unda
Amerika, Avstraliya va Antarktida tasvirlanmagan. Hoji Yusuf Hay’atiy
1886-yilda ishlagan globus Samarqanddagi madaniyat va san’at tarixi muzeyida
saqlanmoqda. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zMU geologiya va geografiya
fakultetida 1984-yilda H.Hasanov rahbarligida I. Y.Oshev yasagan ulkan “Relyefli
globus” o‘rnatilgan.
Hozirgi vaqtda globuslarning bir necha turlari mavjud. Bular maktab globusi,
relyefli globus, osmon jismlarini tasvirlovchi globuslardir.
Globus Yerning kichraytirilgan modeli bo‘lganligi uchun unda geografik
xaritalarda uchraydigan xatoliklar bo‘lmaydi. U teng masshtabli, tengburchakli va
teng maydonli bo‘lgani uchun unda tasvirlangan geografik borliq, voqea va
xodisalar to‘g‘ri va aniqligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun globuslar
umumta’lim, o‘rta va oliy ta’limning deyarli barcha predmetlarini o‘rganishda
albatta qo‘llaniladi.
Globus yordamida o‘quvchilar ongida jahondagi yirik hududlarning tasviri
o‘lchamlari va maydoni haqida to‘la va aniq tasavvurlar shakillanadi. Faqat
globusdagina daraja to‘ri hech qanday xatoliklarsiz tasvirlanadi, paralellar va
meridianlar orasidagi masofa joydagi masofaga mos keladi. Globusdan tabiiy
geografik, iqtisodiy geografik hamda amaliy geografiya kurslari darslarini
o‘tkazishda keng foydalaniladi.