Qo’shiqlar tasnifi. Hozirgi paytda ham qo’shiqlar xalq hayotiga hamrohdir. Ularda mehnat, tarixiy voqealarga munosabat, mavsum-marosimdagi urf- odatlar, qolaversa, yosh yigit- qizlarning ishqiy kechinmalari o’z ifodasini topadi. Shu jihatdan xalq qo’shiqlarimizni quydagi turlarga bo’lib o’rganishimiz va tahlil qilishimiz mumkin:
1. Mehnat qo’shiqlari.
2. Mavsum-marosim qo’shiqlari.
3. Lirik (ishqiy) qo’shiqlar.
4. Tarixiy qo’shiqlar.
Mehnat qo’shiqlari Boshqa xalqlarda bo’lgani kabi mehnat jarayonini o’zida ifodalashi bilan mashhur. Ma’lumki, o’zbek xalqi asarlaridan buyon dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik bilan shug’ullanib keladi. Mehnat esa o’ziga yarasha tashvishdan, iirodalilikni namoyish qilishdan, ba’zan insonning o’zini majbur qilishdan iborat bo’ladi. Ayniqsa, kun davomida doimiy ravishda bir xil zerikali harakat qilish odamni toliqtiradi, qilinayotgan ishni to’xtatmagan holda ovunish choralarini topishga majbur qiladi. Ana shunday damlarda eng samarali yechim qo’shiq aytishdan iborat bo’ladi. Tanob-tanob yerga don sochish yoki bug’doy o’rish, chelak-chelak sut sog’ish, metr- metr gilam to’qish faqat aytishga oson. Aslida bu ishlar dehqon, sut sog’uvchi, gilam to’quvchidan katta jismoniy kuch va malaka talab qiladi. Shuning uchun ajdodlarimiz har bir ishni qo’shiq bilan bajarish ham mehnatning samarali bo’lishini, ham qilinayotgan ishni zerikmasdan bajarish yo’lini o’ylab topganlar. Xalqimiz orasida yashab kelayotgan mehnat qo’shiqlari bajariladigan ish sohalariga qarab uch xil bo’ladi:
1. Dehqonchilik bilan bog’liq mehnat qo’shiqlari.
2. Chorvachilik bilan bog’liq mehnat qo’shiqlari.
3. Kasb-hunar bilan bog’liq mehnat qo’shiqlari.
Ajdodlarimiz madaniyati merosi bo’lmish “Avesto”da shunday parcha bor:
“Zardusht iloh Axura Mazdadan so’radi:
-Ey, Axura Mazda! Zaminni hammadan ham baxtiyor qiluvchi zot kim?
Axura-Mazda javob berdi:
-Ey, Zardusht! Kimki uni yaxshilab haydasa va ziroatga tayyorlasa!
Ey, Zardusht! Kimki g’alla eksa, u haqiqatani ekadi…”
Demak, ota-bobolarimiz yer yuzidagi eng qadim zamonlardan buyon dehqonchilik bilan shug’ullanib kelayotgan xalq ekan. Dehqonchilik bilan shug’ullanish esa ijtimoiy hayotning ma’lum pog’ona bosqichlari bosib o’tilgandan keyin paydo bo’ladi. Demak, bizning ajdodlarimiz o’sha paytlarda ham madaniyat o’chog’iga aylangan hududlarda yashaganlar va dehqonchilik bilan shug’ullanganlar. Ehtimol, shuning uchun ham Mahmud Koshg’ariyning “Devon-u lug’otit turk” asarlarida bog’dan mevalar terish haqidagi qo’shiqlar uchraydi. Xalq og’zaki ijodi asarlarning to’plash ekspeditsiyalarida dehqonchilik bilan bog’liq mehnat qo’shiqlaridan ko’plab yozib olishini bu tur qo’shiqlarning xalq hayoti bilan juda yaqin ekanini yana bir bor isbotlaydi.
Shoxlari bor quloch-quloch
Shoximga qo’nar qaldirg’och
Yuray desam, voy, qornim och,
Men qo’shga qanday yarayin.
Ho’kizginam bo’yniginang ezildi,
Ko’zginangdan yoshlar qator tizildi.
Bo’yinturuq bilan omoch tortmasang,
Sening bilan menga go’rlar qazildi.
Dehqonchilik qo’shiqlarida yil-o’n ikki oy mobaynida boriladigan mehnat jarayoni bosqichma-bosqich o’z ifodasini topadi. Ularda yer haydash, dalaga yangi yil hosili uchun bug’doy sepish, unib chiqqan va boshoqlari yetilgan bug’doylarni o’rish, ularni yanchib donini ajratish kabi har bir jarayon, albatta, qo’shiq aytish faqat dehqonning bajarayotgan mehnati aks etgan, desak, xato bo’ladi. Chunki har bir qo’shiqda dehqon, albatta, o’zining ichki kechinmalarini, hayot tajribasidan olgan taassurotlarini, turmush tashvishlarini bayon etishiga urinadi. Qo’shiq aytuvchi kishi sahnada san’atkor emas, balki dalada ham oddiy ijrochi, ham tinglovchi sifatida namoyon bo’ladi. Aslini olganda uning qo’shiqlarini yer haydayotgan yoki bug’doy yanchayotgan ho’kizi eshitadi xolos. Dehqonga ho’kizdan boshqa tinglovchining keragi ham yo’q. Chunki u dilidagi his-tuyg’uni o’ziga o’zi aytadi va shu yo’l bilan qilayotgan ishini engillashtiradi, ko’ngliga taskin beradi.
Bu qo’shiqlarda ho’kizni erkalash, unga biron kimsaga murojaat qilganidek munosabatda bo’lish, uning tilidan qo’shiq to’qib o’zining dardini ifodalash tuyg’usi yetakchilik qiladi. Ho’kiz: “Yuray desam, voy, qornim och”,- deganida, dehqon nomidan gapiradi. Aslida dehqonning qorni och emasmi?!. Shu o’rindayoq omoch tortayotgan ajdodimiz ho’kizni erkalashga tushadi. Uni “Ho’kizginam” deb siylaydi. O'z taqdirini ho’kizning qismati bilan teng ekanini: “Sening bilan menga go’rlar qazildi” kabi misralar vositasida ifodalaydi. quyidagi qo’shiqqa e’tibor bering:
“Xo’p hayda-yo, xo’p hayda,
Qalqon qulog’im, hayda,
Temir tuyog’im, hayda,
Ostingda bosgan donni
Oyog’ing qilsan mayda”.
Demak, bug’doyni “po’stidan judo qilayotgan ho’kiz” dehqon uchun eng qadrdon kishisidan ham azizroqdir. Shu sababli “qalqon qulog’im”, “temir tuyog’im” sifatlashlari yaratilgan. Hatto bir qo’shiqda:
“Jilviragan qoshingni mayda-yo, mayda,
Surmalayin jonivor, mayda-yo, mayda” deyiladi.
Bu qadar e’zoz, bu qadar go’zal fikrlarning bayoni ho’kizga qaratilganiga ishonging ham kelmaydi. Ammo bu hayot haqiqati edi. Dehqon uchun ho’kiz hayot va mamot masalasi edi. (A. Qahhorning “O'g’ri” hikoyasini eslang). Shuning uchun ham yuzlab qo’shiqlarda, ayniqsa, “qo’sh” va “mayda” ho’shihlarida bobo dehqonlarimiz ho’kizning fazilatlarini maqtab kuylaganlar. O'rim qo’shig’ida esa tasvir markaziga o’roq chiqadi. Endi o’roqning olmosligi, o’tkirligi ta’riflanadi. O'roq shu qadar keskir-ki, bug’doyni o’rmasdan turish mumkin emas: O'rog’im olmos,
O'rimdan qolmas,
Sira ham tolmas,
O'rmasam bo’lmas.
“Yorg’ichoq” qo’shiqlarida ham qo’shiqchi yorg’ichoqqa murojaat etadi. U bilan gaplashadi, hasratlashadi, dardini to’kadi. Natijada yorg’ichoq dehqonning his- tuyg’usini samimy ravishda bayon qilish vositasiga aylanadi:
Yorg’ichoq yalpoqqina,
Un qilar oppoqina,
Yorg’ichoq xir-xir etar,
Mushtdakkina xamir etar
Yorg’ichog’im guldur-guldur,
Bo’g’zim to’la oppoq undir,
Boy bobomning xonadoni
Ikkimizni yeydir-yeydir.
Ma’lum bo’ladiki, yil fasli o’zgaradi, dehqonning muomala qiladigan narsasi (ho’kiz, o’roq, yorg’ichoq) o’zgardi, ammo qo’shiqning yaratilishidan nazarda tutilgan maqsad (og’ir mehnatni yengillatish, ichki his- tuyg’uni ifodalash) o’zgarmaydi. Har qanday vaziyatda ham xalq hayotining badiiy ifodasi sifatida qo’llanadi.
Chorvachilik bilan bog’liq mehnat qo’shiqlari, asosan, sog’ish jarayoni aks etgan lirik parchalardan iboratdir. Ular sigir, echki, qo’y kabi hayvonlarni sog’ish paytida aytiladi. Dehqonchilik bilan bog’liq qo’shiqlar kabi sog’im qo’shiqlari ham tinimsiz bir xil harakat jarayonini nisbatan yengillashtirishga xizmat qilgan. Ikkinchi tomondan sog’ilayotgan sigir ham aytilayotgan qo’shiqqa bora-bora o’rgangan. Qo’shiqni eshitganida o’zini ancha tinch tutgan va ko’proq sut bergan. Shuning uchun “xo’sh-xo’sh” larda sog’uvchi kimsa sigirni erkalagan, unga shirin-shirin so’zlarni aytgan:
Ho’shim molim-govmishim,
Emchaklaring sog’mishim,
Oralab yeding o’tingni,
Iylab bergin sutingni.
Seni siylab boqayin,
Ko’zmunchoqlar taqayin,
Quralay ko’z govmishim,
Tuyoqlari kumushim.
Zotli molim xo’sh-xo’sh,
Sutli molim xo’sh-xo’sh.
E’tibor bersak, dehqonchilikda ho’kiz “temir tuyog’im” deb erkalangan edi. Endi sigir “quralay ko’z”, “tuyoqlari kumushim” deb atalayapti. Har qanday holatda inson bu erkalashlarni ho’kiz yoki sigir tushunib yetmasligini yaxshi biladi, ammo qo’shiq ijrosidagi tovush tovlanishining, ohangning hayvonlarga ijobiy ta’sir ko’rsatishiga ishonadi.
Turey-turey qo’shiqlari qo’ylarni sog’ish paytida aytilgan. Qorako’lchilikda qimmatbaho teri olish uchun qo’zilar tug’ilganidan ko’p vaqt o’tmay so’yilgan. Sovliqlardan sut olish esa keyin ham davom etavergan. Ona qo’yni sog’ish bilan bolasidan ajralgan sovliqning qismati nisbatan engillashgan. Shuning uchun turey-tureylarda ona qo’yning qo’zisidan ajralganiga hamdardlik bildirilgan, unga achinish tuyg’usi ifodalangan:
Bolalilar bosh bo’lar, turey-turey,
Bolasizlar yosh bo’lar, turey-turey,
Kelar yili tuqqaning, turey-turey,
Qo’zingga yo’ldosh bo’lar, turey-turey.
Boshqa xalq qo’shiqlari singari turey-tureylarda ham erkalash, qo’shiq ohangini qo’yga muloyim yetishiga harakat qilish aniq seziladi. Uning aqlli ekani, egasiga yordam berishga tayyorligi ta’kidlanadi. Hatto bog’da ochilgan gul bilan teng ko’riladi. Bu o’rinda qo’y sog’ishning xalq turmushi tarixida juda uzoq qadimgi zamonlarga borib taqalishini ham yodda tutish kerak. “Alpomish” dostonida Boysari Barchin qizini maktabdan chiqarib oladi. “Qizimga Ko’kqamish ko’lida qo’y sog’dirib, chorvadorlik ilmini o’rgatayin, qo’y sog’moqqa usta bo’lsin”,-deydi. Demak, ko’chmanchi qabilalarda qo’y sog’ish alohida ko’nikmani talab qilar ekan. Shuning uchun ham bu ish bilan shug’ullanadigan odamlar asrlar davomida sog’iladigan qo’ylar bilan qanday muomalada bo’lish sirlarini egallaganlar. Shirin so’zlar bilan qo’ylarning ko’ngliga yo’l topishga uringanlar:
Esli molim-oqilim, turey-turey,
Yelkamdagi kokilim, turey-turey,
Shuncha molning ichida, turey-turey,
Bog’da ochilgan gulim, turey-turey.
Chorvachilikda churiya qo’shiqlarining ham o’ziga xos o’rni bor. Avvalo sog’iladigan sigirga, qo’yga, echkiga alohida-alohida qo’shiq yaratilishiga e’tibor beraylik. Xo’sh qo’shiqlari qo’y sog’ishda aytilmaganidek, turey-turey va churiya-churiyalar sigir sog’ishda aytilmagan. Tabiiyki, hayvon uchun qanday qo’shiq aytib sog’ish bari bir emasmi? - degan savol tug’iladi. Ha, hayvon uchun bunday emas. Gap shundaki, chorvador xalq har bir qo’y yoki echkiga o’ziga xos munosabatda bo’ladi. Ular hatto sigirning qaysi rangni yaxshi ko’rishini, qaysi qo’shiqni ijro etganlarida ko’proq sut berishini bilganlar:
Og’ziginangda o’ting bor, churey-churey.
Yelinginangda suting bor, churey-churey.
Sersoqolim jonivor, churey-churey.
Kerilib turgan buting bor, churey-churey.
Churiyalardagi “Og’ziginang”, “yelinginang”, “sersoqolim” kabi so’zlarga e’tibor bering. Nega “og’zing” yoki “yelining” deb qo’yaqolinmagan. Avvalgi tur qo’shiqlardagi kabi bularda ham echkini erkalash, uning tabiatiga moslashish harakati seziladi:
Shoxlaring bor bir minora, churiya-churiya.
Minora qushlar qo’nara, churiya-churiya.
Bolang olib iskasang-a, churiya-churiya.
Kuygan yuraging qonar-a, churiya-churiya.
Xullas, chorvachilik bilan bog’liq qo’shiqlar xalqimizning qadimdan bu kasbni egallab kelganidan, chorvachilikning sir- sinoatlaridan xabardor ekanliklaridan dalolat beradi. Xalq har bir hayvonga xuddi odamdek muomalada bo’lgan. Uni erkalagan, maqtagan, ta’riflangan, sifatlangan. Eng muhimi, bu shirin so’zlarning hayvonlarga ijobiy ta’sir qilishiga ishongan.
“Xo’sh”, “turey-turey”, “churiya-churiya” qo’shiqlarini chorvadorlar ichida yashagan shoirtabiat odamlar to’qishgan. Bu qo’shiqlarda so’z san’atining boshqa namunalarida bo’lganidek turli badiiy san’atlardan foydalanilgan. Xususan, “esli molim”, “qalam qoshing”, “zotli molim” kabi sifatlashlar; “qozon-qozon suting bor”, “aqllisan, donosan”, “shoxlaring bor bir minor” kabi mubolag’alar; “elkamdagi kokilim”, “bog’da ochilgan gulim” kabi istioralar; “qalam qoshing suzilsin”, “sutliligingni bildirgin” kabi jonlantirishlar qo’llangan. Qo’shiqlarning qofiyalanishiga ham alohida e’tibor berilgan. Bu tasvir vositalari qo’shiqlarning estetik qimmatini oshiradi, alohida joziba bag’ishlaydi.
O'zbek xalqi qadimdan hunarmandchilik bilan shug’ullanib kelgan. O'zbekiston hududida ishlab chiqarilgan shohi- atlaslar, banoras to’nlar, amaliy san’at namunalari, to’qilgan gilamlar butun dunyoga mashhur bo’lgan. Qadimda o’z hunari bilan nom taratganlar ustalar o’z shogirdlaridan kasbiy ko’nikmalari qatori she’r o’qish, qo’shiq aytish, biron musiqa asbobida kuy chalishni ham talab qilganlar. Ularning fikricha har tomonlama yetuk bo’lmagan inson, ayniqsa, estetik zavqi yo’q kimsa bironta hunarni ham uquv bilan o’zlashtira olmas ekan. Shuning uchun xalqimiz orasida turli kasb bilan shug’ullanayotgan odam bor-ki, qo’shiq aytadi, askiya aytadi, musiqa chaladi. Bu fazilat unga o’zi ishlab chiqariyotgan narsaning go’zal ko’rinishiga ega bo’lishini ta’minlaydi. Qo’shiq bilan tayyorlanayotgan narsaga ustaning mehri quyiladi.
O'zbek xalq mehnat qo’shiqlarining salmoqli qismini kashta tikish, bo’z to’qish, charx yigirish kabi faoliyat bilan qo’shib turli ohangda ijro etiladigan she’r namunalari egallaydi. Jumladan, ularning eng qadimgilaridan biri charx qo’shiqlari hisoblanadi. Bugungi kun tekstil sanoati paydo bo’lmasidan avval paxtaning chigiti qo’lda ajratib olinar va paxta momig’idan charxni aylantirish vositasida ip yigirilardi. Ayollar kecha-kunduz ip yigirish bilan shug’ullanib, tayyor bo’lgan iplardan gazlamalar to’qishardi. Bu mehnat jismonan ortiqcha kuch talab etmasa ham, o’ta zerikarli va unumsiz edi. Mehnat azobini yengillashtirish uchun charx qo’shiqlari aytilgan:
Charx yigirib, charx yigirib,
Shul qo’lginam toladir,
Agar shuni yigirmasam,
Bolalar och qoladur.
Har bir zerikarli va mashaqqatli mehnatning ham chegarasi bo’ladi. Ammo agar odam bevosita charxda ip yigirish orqali kun ko’rsa, unga bu azobli mashg’ulot chegarasizdek bo’lib tuyulgan. Ana shunday daqiqalarda odam o’ziga o’zi chorasiz, najotsiz bir shaxs bo’lib ko’ringan. Qo’shiqda bu holat shunday kuylangan:
Charxginam, ey, charxginam,
Yurakkinam olasan,
Ayt-chi, sen bu yurtlardan,
Qachongina yo’qolasan?!
Xalq qo’shiqlari, asosan, she’riyatning barmoq vaznida to’qilgan. Barmoq vaznidagi she’rlarda misradagi bo’g’inlar soni asosiy she’riy o’lchov bo’lib qoladi. Masalan, birinchi to’rtliklardagi 1va 3 misralari 8 bo’g’indan, 2 va 4 misralari 7 bo’g’indan iborat. Ammo ba’zan aruz vaznida to’qilgan qo’shiqlar ham uchraydi. Aruz vaznidagi she’riy misrlarda cho’ziq (yopiq) hijo (bo’g’in)lar ma’lum tartibda oldinma keyin keladi. Quyidagi parchaga e’tibor bering:
Charxginam sarparasi sakkiz tugun,
Sakkiz oy ketgan og’am kelsin bugun.
Bu misralar aruz vaznining ramali musaddasi mahzuf bahrida aytilgan. Ammo xalq qo’shiqlarida biz aruz vazni qoidalariga mukammal amal qilgan holda to’qilgan she’rlarni ko’p uchratmaymiz. Taxmin qilish mumkinki, odatda bunday misralar mumtoz she’riyat bilan shug’ullangan yoki mumtoz she’riyatdan xabardor farzandlar tomonidan yaratilgan bo’lishi mumkin. Xalq she’riyatining asosiy vazni barmoq deb belgilanishida bunday holatlarni ahamiyat jeihatidan ikkinchi darajali deb hisoblaymiz.
O'rmak qo’shiqlari gilam to’qish paytida ijro etilgan. Ma’lumki, o’zbek gilamlari va sholchalari gul bezaklarining rang-barangligi, murakkab chizgilariga boy ekanligi, o’zining pishiq-puxta to’qilishi bilan shuhrat topgan edi. Deyarli hamma viloyatlarda ayollar to’qigan gilamlar ham turmushga uzatiladigan qizlarga sep, ham ro’zig’ordagi biron kamchilikni to’ldirish vositasi bo’lgan. Qo’shiq esa ana shunday murakkab jarayonni yengillatgan. Agar bir o’rinda bu hunarning azobi bayon etilsa, ikkinchi o’rinda to’g’ridan- to’g’ri his-tuyg’u o’z ifodasini topgan:
O'rmagimga o’ray-yo,
Men boshimga qaray-yo,
O'rmakkinam o’ngin deb,
Endi sendan so’ray-yo.
Boshqa bir to’rtlikda esa ommaviy muammolar ham qo’shiqchi diqqat markazida turgan:
O'rmagim yotibdi o’ralib,
Men yuribman kerilib,
Qaynonam qaramaydi,
O'rmagimga o’yrilib.
Bo’zchi kosiblari soatlab bir xil qo’l va oyoq harakatlari bilan shug’ullanganlar. Ular bu harakatlarga shu qadar o’rganib ketgan edilar-ki, bo’z to’qiydigan qurilma do’kon bo’lmasa ham qo’llari bevosita aynan o’sha shakllarni hosil qilaveradigan darajaga yetgandi. Shuning uchun bo’zchi qo’shiq aytganida yoki askiyaga qo’shilganida o’zini juda erkin tutgan. Natijada qo’shiq aytishdan bo’zchi estetik qoniqish hosil qilgan:
Bo’z to’qiyman, qirog’ini o’xshatib,
Mokki otaman qo’lginamni qaqshatib,
Bozordagi shohilardan yaxshiroq
Nafisdan o’xshagan bo’zim yaxshidir.
Yuqoridagi qo’shiqda bo’zchining o’z mehnatiga baho berishi ham ifodalangan, dnyishimiz mumkin. Ma’lumki, bo’z paxta ipidan to’qilgan. Bunday matoni odatda kambag’al, iqtisodiy jihatidan yaxshi ta’minlanmagan odamlar sotib olganlar. Bo’zning pishiq va ayni paytda mayin chiqishi bo’zchi mahoratiga bog’liq bo’lgan. Uzilgan ipni o’sha zahoti ulash, mokkini ustalik bilan otish mato to’qiydigan qurilma do’konni bir maromda ishlatish mahsulotning sifatli chiqishini ta’minlagan. Binobarin, bo’zchi ham ish faoliyatiga zehn bilan qarashga. Ham kayfiyatini yaxshi tutishga uringan. Ammo turmush tashvishlari unga har doim salbiy ta’sir qilgan. Quyidagi qo’shiqqa o’xshagan namunalar ana shunday damlarda aytilgan:
Do’kon uyga kirsam, tanam qaqshaydi,
Sovuqlarda o’lmay qolsam, yaxshiydi
Qarish tillaga ketsa yaxshiydi
Shunday mening bo’zim arzon ketarmi.
Do’kon, ya’ni bo’z to’qiladigan qurilmali uyga kirishdanoq kun bo’yi qilinadigan mashaqqatli mehnat azobi bo’zchiga tinchilik bermagan. Qish kunlari esa qo’l-oyoqlarining ishlashi yanada qiyinlashgan. Bunday ko’ngilsiz vaziyat qo’shiqlarda aks etmasligi mumkin emasdi.
Marg’ilon, Qo’qon shahridagi keksa bo’zchilar bilan bo’lgan suhbatimizda ular bo’z qo’shiqlarini doimiy ravishda xirgoyi qilmasliklarini ham qayd etganlar. Ish paytida ular “Galdir”, “Omonyor”, “Sumbula” kabi qo’shiqlarni, askiya payrovlarini aytishar ekan. Bu holat boshqa mehnat sohalari bilan shug’ullanuvchi odamlar uchun ham taalluqlidir. Xususan, gilam to’qiydiganlar faqat o’rmak, ip yigiruvchilar faqat charx qo’shiqlarini aytishgan ekan, degan tasavur hosil bo’lmasligi lozim. Ularning har biri o’ziga yoqqan qo’shiqni xirgoyi qilgan. Ammo bari bir tabiatan she’r to’qiy oladigan tug’ma shoir odamlar o’z kasblariga atab qo’shiq yaratganlar.
Shunday qilib, mehnat qo’shiqlari haqida quyidagi xulosalarga kelishimiz mumkin: