XIX asrda Buxoro va Xiva xonligining qo’shni
davlatlar bilan savdo va diplomatik aloqalari
Reja:
XIX asrda Buxoro xonligining qo’shni davlatlar bilan savdo va diplomatik aloqalari
XIX asrda Xiva xonligining tashqi iqtisodiy aloqalari
X1X asr Buxoro xonligining qo’shni davlatlar bilan aloqalarini o’rganishda yangi bosqich hisoblanadi. Rus tadqiqotchi olimlari, chinovnik ofiserlari va sayyohlari yangi ma’lumotlar to’play boshlaydi. Jumladan, 1800 yili Toshkentga rus ofiserlari Pospelov bilan Burnashevning ekspedisiyasi tashkil qilindi. Ular Pavel I ning topshirig’iga binoan O’rta Osiyo xududini o’rganishi kerak edi. Ular Toshkentni va uning qo’shni davlatlar bilan savdo aloqalarini o’rganishga katta ahamiyat bergan. Pospelov va Burnashevlarning ma’lumotlariga ko’ra, toshkentliklar Buxoro, Rossiya, Xitoy, Eron va Hindistondan keltirilgan ko’p mollarni sotib olganlar.
Buxoroning qo’shni davlatlari bilan aloqalari tarixi XVIII asrning oxirlari va XIX asrning boshlarida 30 yildan ortiq Sharq mamlakatlari bo’ylab sayohat qilgan Gabaydulla Amirov tomonidan ham yozib qoldirilgan. Uning ko’rsatmalari 1825 yil «Aziatskiy Vestnik» jurnalida nashr qilingan. G.Amirovning ma’lumotlariga ko’ra, Hindistonning Jaynagar va Xaydarobod shaharlariga buxoro va kobul mollari qatori rus tovarlari ham keltirilgan2.
Buxoroning tashki savdo aloqalarida, uning ko’shnilari Marv va Hirot aholisi alohida rol o’ynagan. Buxorolik savdogarlar Marvga har xil rus tovarlarini olib kelgan. Rus tovarlari Buxoro orqali Hirot bozorlariga ham olib borilgan. G.Amirovning Buxoroning savdo ahamiyati to’g’risidagi fikrlarini Mulla Alim Mahmudninng “Tarixi Turkiston” asari ham tasdiqlaydi. Muallif bu asarda Buxoroni o’z davrining muhim savdo markazi bo’lganligini ta’kidlagan.
G.Amirov Kobul shahrining Buxoro-Afg’oniston savdosidagi muhim markaz ekanligi haqida yozib, bozorlarida 4 ta karvon-saroy, ularda hindistonlik, kashmirlik, eronlik va buxorolik savdogarlar to’xtashgan, deb ma’lumot beradi.
Sayohatchi Hindistonda bo’lgan vaqtida uning savdosi bilan yaqindan tanishgan. Uning yozishicha, Xaydarobodda ipak va paxtadan juda chiroyli matolar to’qilib, ular Kobul, Qandaxar, Hirot va Buxorogacha olib borib sotilgan. Sayyoh Jaynagarni muhim savdo shahri deb baholaydi. U shahar bozorida eron, afg’on, buxoro va qisman rus tovarlari sotilayotganligini ko’rgan. Ma’lumki, rus savdogarlari O’rta Osiyo va boshqa Sharq bozorlariga to’g’ridan-to’g’ri kirish imkoniyatiga ega bo’lmagan. Ammo o’rtaosiyolik, afg’on, eron, hind savdogarlarining vositachiligi orqali rus tovarlari O’rta Osiyo va Sharq mamlakatlariga olib borilgan.Amirov Kashmir savdosi haqida «Kashmirda 12 ming dastgoh bo’lib, unda 100000 shol ro’moli to’qiladi, undan 60000 Hindistonga, 12000 Eron, Turkiya va boshqa joylarga, 3000 Buxoro va Rossiyaga jo’natishga mo’ljallangan, 20000 ni aholi sotib olgan, deb yozadi1.
Biz uchun Ye.K.Meyendorfning asari muhim ahamiyatga ega. XIX asrning 20—yillarida Chor Rossiyasi Buxoro amirligiga o’z ekspedisiyasini yuboradi. 1820-1821 yillardagi A.F.Negri boshchiligidagi ekspedisiya tarkibida tabiatshunos Ye.K.Meyendorf ham bo’lgan. U sayohati mahsuli sifatida 1826 yilda «Puteshestviye iz Orenburga v Buxaru» deb nomlangan kitobini nashr qildirgan. Asarda ko’proq Buxoroning ichki va tashqi savdo aloqalari yoritilgan. U Buxoroni savdo-sotig’i rivojlangan, Afg’oniston, Eron, Hindiston va boshqa mamlakatlar bilan doimiy qizg’in savdo aloqalarida bo’lgan, aholisi zich joylashgan shahar, deb hisoblagan.
U Buxoroda bo’lganida 14 ta karvon saroy mavjudligini aniqlagan. Ular Abdullajon, Qushbegi, Hind, Nug’oy, Xo’ja Jo’ybor, Toshkent, Qarshi, Miragul, Amir, Kullota, Fishana, Dankulla-Shir va Urganch nomlari bilan atalgan2. XVIII asrning 70 yillarida Buxoroda 4 ta g’isht karvon-saroy bo’lgan bo’lsa, XIX asrning 40 yillarida N.V.Xanыkov davriga kelib ularning soni 24 ta g’isht va 14 ta cho’pqori karvon-saroyga yetgan3. Karvon-saroylarning yetishmaganligi sababli katta timlar qurila boshlangan.
Buxoroning qishloq xo’jaligi xususida yozib, Buxoro paxtasining kattagina qismi eksport qilinganligi bois paxta yetishtirish masalasiga alohida ahamiyat berilishini ta’kidlagan. U Kobulda g’o’za o’simligi yaxshi o’smasligi sababli paxta Kobulga Buxorodan keltirilishini, lekin Rossiyaga undan ham ko’p miqdorda chiqarilishini eslatib o’tgan.
Meyendorf Buxoro bozorlari rastasida hind parchasi va ip gazlama matolari borligini eslatadi. Buxoroga Hindistondan guruch, qimmatbaho toshlar va yupqa shamshir keltirilgan. U Buxoroning afg’on savdogarlari orqali Kashmir bilan olib borgan savdosi to’g’risida yozadi. Ular Kashmirdan shol va zar iplardan to’qilgan movut olib kelganlari haqida yozadi. Meyyondorf hindlar o’z tovarlari bilan Kabul, Shikarpur, Multon va umuman Hindistondan keladilar, deb yozadi. Ular kashmir sholi, zar ip bilan to’qilgan ipak matolar, yupqa ip matolar, salla uchun ishlatiladigan oq mato va astarlik uchun ishlatiladigan gulli mato, mayda dur va qimmatbaho toshlar, nil bo’yog’i keltirgan4.
Meyendorfning ma’lumotlari orasida Buxoroning Eron bilan savdo aloqalari haqidagi fikri diqqatga sazavordir. U Buxoroda feruza va parcha matolari bilan savdo qilgan eronlik savdogarlarni ko’rgan. Buxoroliklar Eronga paxta, ipak matolar, movut, qalampirmunchoq, ravoch va rus tovarlari olib borgan. U Buxoro qand unini Eron, Afg’oniston va asosan Peshavor orqali oladi, deb ta’kidlaydi. Shu mamlakatlardan salla uchun shol matolari, sariq kamar, gilam va feruza keltiradi. Shu xildagi savdoni davom ettirish uchun buxoroliklarga har yili 600 ta tuya kerak bo’ladi. Bu savdo Buxoro uchun Rossiya va Qashg’ardan keyingi darajada turganligini Meyendorf ta’kidlab o’tgan edi5.
Asarda Buxoroning Afg’oniston bilan savdo aloqalari ikkita savdo yo’li orqali olib borilishi xususida fikr bildirilgan. Birinchisi, Balx orqali Kobulga, ikkinchisi esa Buxorodan Hirotga boradigan yo’l bo’lgan. Afg’oniston Buxoroga eng yaqin mamlakat bo’lganligi sababli uzoq yillardan buyon bu ikki davlat o’rtasidagi savdo aloqalari doimiy davom etib turgan. Meyendorf ma’lumotlariga ko’ra, bir savdogar Buxorodan Kobulga 30 marta borgan ekan. Uning yozishicha, afg’onlar Buxoroga o’zlarining tovarlarini va tranzit yo’li bilan kashmir sholi matosini olib kelgan.Shunday qilib, Meyendorf keltirgan dalillar X1X asrning 20-yillarida ham Buxoro xonligining Afg’oniston, Hindiston, Kashmir va Eron bilan jadal savdo aloqalarida bo’lib turganlini tasdiqlaydi. Jumladan, keyingi to’rt-besh yilda Buxoroda hindlar soni juda tez ko’payib ketib 300 taga yetga, ularning bir qismi muqim o’rnashib olgan bo’lsa, qolgan qismi esa Kobulga borib kelib turadi1. Buxoroda taxminan 4000 afg’onlar bo’lib, ularning bir qismi savdo bilan shug’ullangan. Eronliklar esa 40000 kishi bo’lib, ularning aksariyat ko’pchiligi qullar bo’lgan2.
Buxoro xonligi haqidagi muhim ma’lumotlar A.F.Negri ekspedisiyasining vakili E.Eversman tomonidan ham to’plangan. Uning kitobida Buxoroning ichki va tashqi savdo aloqalari yaxshi aks ettirilgan. Eversman ma’lumotlariga ko’ra, Buxoro Rossiyaning bir qator shaharlari: Troisk, Orsk, Orenburg, Astraxan, va boshqa Sharq davlatlari: Eron, Afg’oniston, Hindiston, Kashmir bilan savdo aloqalari o’rnatgan. Muallif Rossiyadan Buxoroga keltirilgan tovarlarni sanab o’tadi. U Erondan 500 ta tuyada ipak va jun kiyimlari, shol, ro’mollar va boshqa tovarlar keltirilishini xabar qiladi3.
Kashmir va Kobuldan Buxoroga asosan, kashmir sholi, hindlarning gulli ip matolari, zar ip bilan to’qilgan gulli oliy navli ipak kiyimlar va nil bo’yog’i keltirilgan. Eversman ma’lumotlariga ko’ra, Kashmirdan har yili 40000 shol olib chiqilgan, ulardan Buxoroga faqat 3000 tasi keltirilgan4.Eversman Meyendorf kabi Buxoroni Osiyo tranzit savdosining muhim markazi sifatidagi ahamiyatini ta’kidlab o’tadi. U ham Meyendorf kabi Buxoro shahrida mavjud bo’lgan karvon-saroylar xususida fikr bildirgan. Masalan: hind karvon-saroyida hindlar, xitoy karvon-saroyida qo’qonlik va qashg’arlik savdogarlar, tatar karvon-saroyida tatarlar yashaganligi haqida ma’lumot bergan.
Muallif o’z e’tiborini Buxorodagi qimmatbaho toshlar savdosiga qaratgan. U yerda asosan feruza, la’l, siyohrang gilvata, silliqlangan karneollar, lazurit sotilgan. Lazurit Buxoroda xonalarni bo’yashda bo’yoq sifatida ishlatilgan5.
Eversman, Buxoroga Erondan ishlanmagan feruza keltirilib, Buxoroda silliqlanganligi, Badaxshondan — lazurit va gilvata keltirilganligini yozadi. Buxoroda ishlov berilmagan lazurit narxi, hajmiga qarab 20 dan 40 golland dukatigacha narxda sotilgan.
Negri missiyasining yana boshqa bir ishtirokchisi Budrin bo’lib, uning asari 1871 yil Sankt — Peterburgda nashr qilingan. Unda XIX asrning birinchi choragida Buxoroning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayoti aks ettirilgan. Budrin asarida Buxoroning ichki va tashqi savdo aloqalari yoritilgan. Uning ma’lumotiga ko’ra, Buxoroda 13 ta karvon—saroy bo’lib, unda hindlar, xivaliklar, nug’oylar, eronliklar, armanlar, qirg’izlar va boshqalar yashagan.
Budrin ma’lumotiga ko’ra, Buxoroda savdo ishlari past darajada bo’lgan. Bu yerdagi savdoda aldash va firibgarlik ishlatilgan. U jazo turlarining qattikligiga qaramay, savdogarlarni haq deb bo’lmaydi, deb yozadi. Agar xaridorga xarid qilingan tovar yoqmay qolsa, bir necha haftadan so’ng qaytarib olib kelsa, savdogar qaytib olishi kerak bo’lgan6.
Budrinning fikricha, hukumatning e’tiborsizligi Buxoro savdosining rivojlanishiga to’siq bo’lgan. U, hukumat faqat tovarlardan boj solig’i yig’ishni o’z vazifasi deb bilgan, savdogarlarni himoya qilmagan va uni o’z vazifasi deb hisoblamagan, deydi
Budrin, Hindiston, Eron va Rossiyaning Buxoro savdosidagi rolini alohida ta’kidlaydi. Lekin Buxoroga keltirilayotgan va u yerdan olib ketilayotgan tovarlarning tarkibiga to’xtalmagan. U o’z e’tiborini asosan tog’ ishlariga qaratgan. Buxoroliklar Hindiston, Eron va Xitoydan oltin, kumush, mis, qalay va temir olgan6. Hindistondan chit keltirilgan bo’lib, u salla uchun ishlatilgan7.
Shunday qilib, A.F.Negri elchiligining Buxoroga kelishi, amirlikning sharq davlatlari bilan savdosi haqidagi bir qancha asarlarning paydo bo’lishiga sabab bo’ladi.
Bu asarlar XIX asr boshlaridagi ilmiy tadqiqot ishlariga asos bo’ldi. Ye.K.Meyendorfning asari fransuz tilida nashr qilinganidan keyin bu asar parchalarining rus tilidagi tarjimalari paydo bo’la boshladi. Bu nashrlarning muallifi G.I.Spasskiy (1783-1864) edi. Spasskiy 1825-1827 yillarda Peterburgda «Aziatskiy vestnik» jurnalini nashrdan chiqaradi. Jurnalda uning sharqshunoslikka bag’ishlangan bir necha maqolalari ham chop qilinadi. Ular Meyendorfning «Noveysheye opisaniye Velikoy Buxarii» asarining bo’laklari edi1. Spasskiy e’tiborini O’rta Osiyoning Hindiston va Eron bilan savdo aloqalariga qaratgan. U jumladan, bunday yozadi, «Poytaxt Buxoroda savdo qilish uchun Shikarpur va Sinddan kelgan 200 nafar hindlar, hamda Multon va Panjobdan kelgan 50 sikxlar yashaydilar»2.
Ye.K.Meyendorf Buxoroda 300 nafar hind savdogarlari savdo qilganligini aniqlagan bo’lsa, Spasskiy esa ular 250 ta edi deb yozadi. Meyendorf asari asosida Spasskiy «Kratkoye opisaniye Buxarы i Xivы» va «O nыneshnem sostoyanii nekotorыx oblastey i gorodov v Sredney Azii» asarlarini yozgan3.
Meyendorfning asari asosida A.Kamenskiy o’zining «Statisticheskiy vzglyad na Buxariyu» va «Nravstvennoye sostoyaniye Buxarii» nomli maqolalarini «Severnыy arxiv» jurnalida nashrdan chiqargan4.
Buxoroning xalqaro savdodagi roliga A.F.Negri elchiligining boshqa vakillari ham muhim ahamiyat bergan edi. Elchilik vakillaridan biri o’z xatida shaharning yarmi karvon — saroylardan, bozor va do’konlardan iborat, turli millat savdogarlarining bu yerga intilishi Buxoroning savdo markazi ekanligidan dalolat beradi, deb yozgan edi5. Ma’lumki, bu savdo munosabatlari qaroqchilarning bosqinchiliklari natijasida qiyinchilikka duchor bo’lar edi. Buxoro hukumati bu hodisalarni bartaraf qilish uchun hyech qanday chora ko’rmas edi. Yuqoridagi xatda ta’kidlanganidek, "yaqinda qaroqchilar Erondan kelayotgan ikkita karvonni va elchilar ortidan Orenburg chegarasidan kelayotgan karvonning kattagina qismini ham talashgan”1.
A.F.Negri missiyasining vakillaridan biri tabiatshunos tadqiqotchi E.Eversman 1821 yil 21 yanvarda Peterburgga yuborgan xatida «Erondan kelayotgan ikkita buxoro karvoni turkmanlar tomonidan talanib, odamlar o’ldirilgan»ligi haqida yozgan. Tarixdan ma’lumki, Buxoro bilan Eron o’rtasidagi savdo — iqtisodiy aloqalari tez—tez sodir bo’lib turadigan turkman qaroqchilarining talonchiliklari oqibatida, ular o’rtasidagi savdo aloqalari yaxshi rivojlanmagan. Shuning uchun Negri elchiligining vakillari buxoro hukmdorlarini haqli ravishda ayblagan edilar, negaki ular bu kabi qaroqchilik harakatlarining oldini olish uchun zarur chora — tadbirlarni ko’rmagan edi. Shuni ta’kidlash lozimki, har doim ham Buxoro hukmdorlari xoxlagan taqdirlarida ham yo’llarning xavfsizligini ta’minlash uchun biror tadbir qilishi qiyin edi. Faqatgina xonlik poytaxti yaqinlaridagi savdo yo’llarining xavfsizligini ta’minlash mumkindir, ammo xonlikdagi hukumron bo’lib kelgan beqaror vaziyat tufayli Buxorodan Eronga boradigan yo’lni himoya qilishni hukumatdan kutish befoyda edi. Shuni eslatish lozimki, XIX asrdagi mang’itlar shayboniy Abdulloxon II yoki ba’zi ashtarxoniylar kabi ta’sirga ega emas edilar. XUSh asr o’rtalariga nisbatan Shoxmurod, Xaydar yoki Nasrullo davriga kelib, Buxoroning O’rta Osiyo mintaqasidagi ta’siri sezila boshlagan, lekin hanuz Buxoro avvalgi siyosiy mavqyeiga ko’tarila olmagan edi.
XIX asrning 30 yillarida Rossiyada Buxoroning qo’shni davlatlar bilan aloqalari haqidagi nashrlar paydo bo’la boshladi. Ko’zga ko’ringan rus sharqshunosi P.S.Savelyev, «Buxara v 1835 godu» maqolasida Buxoro xonligida bo’lgan sayyohlar haqida ma’lumot beradi. Muallif Buxoroning hozirgi vaziyatini somoniylar davri bilan taqqoslab «Buxoro hali ham Sharq shaharlari orasida birinchi o’rinda turadi»1, deb yozgan edi. Savelyev sharq davlatlarining savdo munosabatlarida Buxoroning roli haqida gapirib, uni «O’rta Osiyoning muhim savdo ombori»2 deb yozgan edi va u yerda 4000 ta hindlar yashaydi, deb ta’kidlagan edi3. U Buxoroni O’rta Osiyoning markaziy savdo shahri deb baholagan edi.
P.S.Savelyev asosiy diqqatini karvon yo’llari tavsifiga qaratgan edi. U Buxorodan Eron va Afg’onistonga boradigan uchta karvon yo’li haqida, aynan, Mashhad, Hirot va Kobulga boradigan, va Buxorodan Kobul orqali Hindistonga boradigan yo’llar to’g’risida yozib qoldirgan edi.
Savelyevning asari Rossiyaning O’rta Osiyo bilan savdosi uchun muhim ahamiyatga ega edi. Asarda Buxoro xonligining ahvoli, ma’muriy boshqaruv tizimi, Buxoroning Sharq bilan savdodagi roli haqida ma’lumot beriladi.
XIX asrda Rossiyada sharqshunoslik ilmi fan sifatida shakllangan. Birinchi ilmiy markazlar — Qozon, Peterburg, Moskva universitetlari paydo bo’lib, unda sharqshunos mutaxassislar tayyorlana boshlaydi. Ko’pgina sharqshunoslar chet elliklar bo’lgan (X.D.Fren, B.A.Dorn) yoki endigina Rossiyaga qo’shilgan milliy xududlardan kelgan edilar (O.I.Senkovskiy). Shuning uchun birinchi rus sharqshunoslarining asarlari rus tilida emas, balki nemis va fransuz tillarida nashr qilingan edi.
Bu davrda tarjima asarlar ham paydo bo’la boshladi. Masalan: ingliz sayyohi, diplomat va josusi A.Berns XIX asrning 30 —yillarida Britaniya hukumatining maxsus topshirig’i bilan Buxoroga jo’natilgan edi. Uning asarida Hindiston, Afg’oniston va Buxorodagi ijtimoiy — iqtisodiy voqyealar haqida, ayniqsa shu mamlakatlar o’rtasidagi savdo munosabatlari to’g’risida muhim ma’lumotlar keltiriladi. Shu maqsadda Berns Buxoro xonligining ichki va tashqi savdosini diqqat bilan o’rganadi. Uning ma’lumotlariga ko’ra, har doimgiday Buxoro savdosida hind savdogarlari muhim rol o’ynagan. Berns hindlar haqida yozib, bunday deydi: “ular savdo ishlari bilan Balx, Buxoro, ba’zan Astraxanga ham borishgan. Shu kabi holatlarda ular Peshavor, Kobul va Bomianga borib, Oks orqali suzib o’tib Buxoroga borishgan, u yerda o’zlarining mollarini Osiyo va Rossiya mollariga ayirbosh qilishgan”4. Berns Buxoroda afg’onlarning savdo bilan shug’ullanishini ta’riflab, ularning ba’zilari Buxoro orqali Rossiya bilan ham savdo qilgan, deb yozadi. Bunga misol qilib, Berns bilan birga Kobuldan Dulat degan afg’on savdogari savdo qilish uchun Buxoroga kelganligi, u yerdan Rossiyaga bormoqchi bo’lganligi haqida yozib qoldirganligini eslatish kifoya5.
Bernsning ma’lumotlariga ko’ra, Kobul bozorlarida Buxorodan keltirilgan 40 dan ortiq nomdagi rus va o’rtaosiyo mollari bo’lib, ulardan 30 dan ortig’i Rossiyadan keltirilgan edi. Bundan tashqari, Buxoroga Hindistondan 17 nomda hind, shuningdek, yevropa, xususan ingliz tovarlari keltirilgan bo’lib, bular: indigo, kashmir jun ro’mollari, «lungi» deb ataluvchi multon sharflari, «nosirxon», «xota», «xosa — babar», «andarshox», «bedalxoni» va boshqa nomlar bilan ataluvchi hind matolaridir6.
Asarda Hindiston, Kobul va Buxoro o’rtasidagi savdo ishlarini G’azna tumanida yashovchi afg’on qabilalari — lugoniylar olib borganligi eslatiladi. Lugoniylar iyunning boshlarida savdo karvonlari bilan Hindistondan Kobulga kelib, tovarlarning ma’lum bir qismini shu yerda sotardi, so’ng qolgan qismi bilan Buxoroga yo’l olardilar.
Bernsning ta’killashicha, Balx, Xulum va Qunduzga ko’plab Buxoro ip gazlamalari olib borilgan. Buxorodan Kobul va Panjobga shol ro’mollari to’qish uchun ishlatiladigan pashm deb ataluvchi Turkiston yungi olib borilgan. So’ng bu shol ro’mollari Buxoroga qayta jo’natilib, u yerda bir maundi (256 ingliz funtiga teng) olti yarim tillodan sakkiz tillogacha sotilgan7.
U Buxoroda yashovchi hindlar savdo va sudxo’rlik bilan shug’ullanib juda katta foyda ko’rishlarini ham maqtanishardi va tez boyib ketishi bilan mamnun bo’lishar edi, deb yozgan edi. Buxorodagi o’z karvon-saroylarida yashayotgan hindlar 300 kishi atrofida bo’lgan, keyinchalik esa ularning soni anchagina ko’paygan. Ularning aksariyati Shikarpurdan kelishgan.
Shuni eslatib o’tmoq joizki, Bernsning va boshqa mualliflarning hindlarning savdo va sudxo’rlik bilan shug’ullanadilar degan fikrlari haqida tarixshunoslikda turli xil qarash mavjud. Birinchi nuqtai nazar tarafdorlari, haqiqatdan ham savdo va sudxo’rlik O’rta Osiyoga kelib qolgan hindlarning asosiy mashg’uloti deb xisoblovchilar bo’lib, X1X asrning ikkinchi yarmida P.I.Nebolsin bu fikrni asoslab bergan edi, o’zbek tarixchilaridan M.A.Boboxo’jayev esa uni qo’llab-quvvatlagan. Ikkinchi nuqtai nazar tarixchi G.M.Dmitriyev tamonidan ilgari surilgan bo’lib, O’rta Osiyodagi hindlarning savdo sudxo’rlikdagi rolini inkor etmagan holda, ularning bu mashg’ulotini ko’proq obyektiv ijtimoiy — siyosiy faktorlarga bog’liq deb hisoblagan.
M.A.Boboxo’jayevning ta’biri bilan aytganda, Afg’oniston va O’rta Osiyoda yashovchi hindlar sudxo’rlik ishlarida muayyan mavqyeni egallagan va ular mamlakatlarning ichki va tashqi savdosida katta rol o’ynaganligini Afg’oniston va O’rta Osiyo shaharlaridagi savdogarlarning milliy tarkibi ham tasdiqlaydi1.
G.L.Dmitriyevning fikricha, Hindistonni inglizlar bosib olishi natijasida karvon savdosi kuchayib ketib, O’rta Osiyoda hind mahallalari ko’payib ketgan edi. XIX —XX asrlarda mustamlaka sharoitida kapitalizmning rivojlanishi Hindistonda yangi paydo bo’layotgan hind milliy burjuaziyasini qo’shni davlatlarga siqib chiqargan. Shu bilan birga mustamlaka talonchiligi hind dehqonlari va hunarmandlarining sinishiga olib kelgan. Natijada ular O’rta Osiyoga kelib, bu yerda savdo va sudxo’rlik bilan shug’ullanishga majbur bo’lgan edi. Chunki O’rta Osiyoda dehqonchilik qilish uchun ularga yer yetmas, sudxo’rlik esa musulmonlar uchun ta’qiqlangan edi, ikkinchidan, sudxo’rlikka ehtiyojning mavjudligi uning paydo bo’lishiga obyektiv sabab bo’lgan. Hindlar esa aynan sudxo’rlik bozorini to’ldirgan.
O’rta Osiyoda asosan sudxo’rlik bilan shikarpurliklar shug’ullangan. Tarixchi I.M.Reysner, “Shikarpur-avloddan avlodga Afg’oniston, Xuroson, Turkiston va qisman Eron bilan qizgin va foydali savdo qilib kelgan odamlari bilan faxrlanishi mumkin. Shikarpur o’zining biror ishlab chiqargan tovari bilan maqtana olmagan va karvon yo’llari kesishgan markaz ham bo’la olmagan”, deb yozadi2. Shikarpur savdogarlari va sudxo’rlari Peshavor, Kobul, Qunduz, Xulm, Balx, Buxoro, Mashhad, Hirot, Seiston, Qandahorda o’zining gumashtalariga ega bo’lgan3.
Ingliz savdosi va sanoat kapitali manfaatlari tarafdori bo’lgan Bernsni ingliz tadbirkorlarining Sharq bozorlarini egallashi masalasi qiziqtirgan edi. Uning ta’kidlashicha, XIX asrning 30 yillarida ingliz va hind tovarlari ikki mingtagacha bo’lgan tuyada Kobulga keltirilgan edi. (taxminan 448 t). Bu tovarlarning yarmi Buxoroga olib borilgan4. Ingliz tovarlaridan qirqdan bir miqdorda yoki 2,5% boj solig’i olingan. Boj solig’idan tashqari poytaxtda Buxoro bilan Hindiston o’rtasidagi savdodan tranzit boj solig’i olingan. O’rta Osiyoning Afg’oniston va Hindiston bilan savdo aloqalarida Kobul har doim muhim rol o’ynagan. Shu munosabat bilan Berns Buxoro savdosi Kobul savdosi bilan chambarchas bog’liq, deb yozgan edi.
Berns asarining muhim tomonidan biri shu ediki, unda Buxoro bilan Eron o’rtasidagi savdo aloqalari tasnifi ham aks ettirilgan. Uning so’zlariga ko’ra, Buxorodan Eronga qorako’l terisi va gilamlar eksport qilingan, uning bir qismi so’ng Turkiya, Xitoy va boshqa mamlakatlarga jo’natilgan. Erondan Buxoroga ko’proq opium jo’natilgan bo’lib, so’ng O’rta Osiyodan Xitoyga yuborilgan. Berns Buxoroni hind kashmir shol ro’mollarini Eronga jo’natadigan tranzit savdo markaziga aylanib qolganligini e’tirof etadi. Shu narsa diqqatga sazavorki, Qandahorda bu tovarlarga katta boj solig’i solingani oqibatida uni Kashmirdan Eronga Buxoro orqali jo’natish qulay bo’lib qolgan ekan.
Berns Buxoro xonligining zo’ravonlik tizimini qoralagan bo’lsa ham, u yerda hali ham savdoning rivojlanayotganligini e’tirof qilib, ingliz savdo sanoat doiralarini O’rta Osiyo bozorlarini jadalroq egallashga chaqirgan edi. U ruslarning Buxoro xonligi bilan savdo aloqalari o’sib borayotganligini tashvishlanib yozgan edi. Berns, Rossiyaning O’rta Osiyo bilan savdo aloqalarining rivojlanishiga inglizlarning to’sqinlik qilishi kerakligini qattiq turib targ’ib qilgan edi1.
Shunday qilib, Bernsning asari rus jamoatchiligini O’rta Osiyoning savdo — iqtisodiy hayoti bilan tanishtirdi va Sharqda rus—ingliz raqobatini yanada rivojlantirishga undadi hamda O’rta Osiyo haqida ilmiy sohada esa yangi ilmiy asarlar paydo bo’lishiga zamin yaratdi.
1833 yili V.A.Perovskiy Orenburg general—gubernatori etib tayinlangach, chorizmning O’rta Osiyoga faol harbiy harakatlari boshlanib ketadi. Perovskiy 1833—1842 va 1851 — 1856 yillarda Orenburg general—gubernatori bo’lgan. Uning davrida cho’llarda ko’plab istehkomlar qurilgan, Orol dengizi o’rganilgan va u yerda kema qatnovi yo’lga qo’yilgan, Oq Machit qal’asi ishg’ol qilingan va 1854 yili Xiva xoni bilan Rossiya uchun foydali shartnoma tuzilgan edi2.
Perovskiy Buxoroning siyosiy ahvolini, uning ichki va tashqi savdosini bilishga qiziqib, Orenburg savdosini o’rganib chiqadi. Shu maqsadda u Buxoroga maxfiy ko’rsatma bilan P.I.Demezonni elchi qilib jo’natadi. Elchi Buxoroning Rossiyaga munosabati masalasini va O’rta Osiyoning boshqa davlatlar bilan savdo aloqalarini o’rganishi kerak edi3.
Sardiniya qirolligidan bo’lgan P.I.Demezon 1830 yilda Qozon universitetida sharq tilshunosligi bo’yicha nomzodlik unvonini olib, 1831 yilda Orenburgdagi Neplyuyev kadet korpusida arab va fors tillaridan o’qituvchilik qiladi, sentyabr oyidan esa Orenburg chegara komissiyasida tarjimon bo’lib xizmat qila boshlaydi4.
P.I.Demezon mulla kiyimida Mulla Jafar ismi bilan Buxoroga jo’nagan. Tarjimonlik va o’qituvchilik faoliyati unga sharq tillari, sharq urf —odatlari va sharqona odobni doimo takomillashtirib borishga imkon yaratgan, hamda Sharq mamlakatlarida sodir bo’layotgan voqyealardan doimo xabardor bo’lib turishiga yordam bergan. P.I.Demezon 1833—1834 yillarda Buxoroda bo’lib, Buxoro tarixi bilan bog’liq ko’p ma’lumotlarni yiqqan edi. Keyinchalik bu xabarlar. tarixchi N.A.Xalfin tomonidan nashr qilingan.
Sayohatchi o’zining esdaliklarida Buxoroning qo’shni davlatlar bilan savdo aloqalari to’g’risida juda muhim ma’lumotllar qoldirgan. Uning xabariga ko’ra, «Shaxzoda Abbos Mirzoning Xurosonga so’nggi yurishi Buxoroning Eron bilan savdo aloqalarini to’xtatib qo’ygan». Buxorodan Eronga ketayotgan karvon Xuroson chegarasida talangan. Shunday qilib, Demezon, Buxoroni Eron bilan bog’lovchi savdo yo’li yopib qo’yilgan va bu holat buxorolik savdogarlarining Astraxan orqali Eron bilan savdo qilishiga sabab bo’lgan edi, deb xabar beradi. Erondan Buxoroga boradigan an’anaviy karvon yo’lining xavfsizligiga ishonmaslik oqibatida Abbos Mirzo vafotidan keyin 1833 yilda Mashhaddan Buxoroga bor yo’g’i 63 ta tuyadan iborat bo’lgan karvon kelgan.
Demezon Buxoro bilan Hindiston o’rtasidagi an’anaviy savdo aloqalarining rivojlanganligini ta’kidlab o’tadi. Shu bilan birga, boshqa tadqiqotchilardan farqli o’laroq, Demezon Buxoro bozorlarining torligini, Hindiston uchun talabgor bo’lgan tovarlarni ishlab chiqarishning Buxoroda yo’lga qo’yilmaganligini eslatib o’tadi. Bu esa, deb yozadi u, hind va afg’on savdogarlarining Buxorodan faqat qimmatbaho metallar va unchalik ko’p bo’lmagan buxoro mollarini olib ketishiga sabab bo’lgan. Buxorodagi hind mollaridan asosan indigo buyog’i eslatib o’tiladi. Uning ta’kidlashicha, so’nggi 8 yilda Buxoroda nil buyog’ining 1 pudi 12 tillo turgan. 1 tillo 15 rublga teng bo’lgan. Buxoroda pullarning kamligi sababli nil bo’yog’ining 1 pudi 12 tillodan 4 tilloga tushib qolgan. Demezonning Buxoroga kelishidan bir yil oldin, ya’ni 1832 yilda bu yerda 1 pud nil 3,5 tillo, keyin esa 2 tilloyu 4 — 5 tangaga tushib ketgan (21 tanga 1 tilloga teng) edi.
Nil bo’yogi narxining bu kabi pasayib ketishini Demezon quyidagicha izohlaydi, ya’ni Buxoro savdogarlari nilni keyinchalik qimmat narxda sotish maqsadida ulgurji savdoda past narx bilan hammasini sotib oladi. “Lekin,-deb yozadi Demezon, - navbatdagi karvonning kelishi bilan ular nilni past narxda sotib yuborishga majbur bo’lgan, shuning uchun chayqovchilik natijasida Buxoro savdogarlari inqirozga uchragan”1. U nil bo’yog’i narxining tushib ketishining ikkinchi sababi, Buxoro bozorining nil bo’yog’i bilan nihoyatda ko’mib tashlanganligi bo’lishi mumkin, deb hisoblaydi.
Ammo Demezon, Hindistondan Buxoroga an’anaviy mollar qatorida ko’plab ingliz mollarining kirib kelishini tashvish bilan tilga oladi. Uning aytishicha, inglizlar Buxoroga zar parcha matosi, muslin deb ataluvchi yupqa gazlama, ip gazlama, chit, gulli hamda yo’l—yo’l matolar keltirilgan. Zar parchaning katta qismi Qo’qon orqali Buxoroga keltirilgan. Qizig’i shundaki, zar parcha matosi Buxoroga ko’proq Qo’qon orqali kirib kelgan.
Ingliz tovarlari Buxoroga Eron orqali ham kirib kelgan. Demezon Buxorodalik vaqtida Mashhaddan so’nggi karvon kelgan bo’lib, bu karvonda 3 toy ingliz matolari — gulli bo’z, chit, muslin va boshqa tovarlar keltirilgan. Uning fikricha, bu ingliz tovarlari Rossiyadan keltirilgan tovarlarga qaraganda ancha sifatli bo’lib, tez sotilgan. Ingliz tovarlarining doimiy ravishda ko’plab keltirilishining oqibatida ular O’rta Osiyo bozorlarini butunlay ko’mib tashlagandi, bu esa rus savdosi uchun xavfli bo’lib, Demezonni tashvishga solgan edi. Shuning uchun, u O’rta Osiyo, jumladan, Buxoro bozorlarida Rossiyaning manfatlarini himoya qilish uchun zudlik bilan iqtisodiy va siyosiy choralar ko’rish zarurligini taklif qilgan.
Demezon o’z axborotida Buxoroning Eron bilan savdo aloqalarini to’liq tahlil qiladi. U «Buxoroda Eron elchilari juda kam, chunki bu yo’l xavf—xatarga to’liq, ularni yo’lda turkmanlar tutib olib qul qilib Xivaga sotib yuborishidan qo’rqadilar. Shuning uchun Buxoroda savdo qilayotgan eronliklar o’zlarining ishonchli kishilariga ega bo’lishlarini xoxlaydilar. Ular asosan Andxoy yoki Mashhaddan bo’lishlari muhimroqdir. Besh yoki oltita boy eronlik savdogarlar Buxoroda joylashib olishgan bo’lib, ular Kushbegi karvon-saroyida yashaydi”2.
Tadqiqotchi Buxoroga boradigan savdo yo’llarining holati faqat qaroqchilar tufayligina emas, balki mahalliy hokimlarning o’zlari tufayli ham xavfli ekanligini ta’kidlaydi. Masalan, Hirotdan Buxoroga yo’l olgan karvon Buxoro noibi Baturxon tomonidan talangan. Faqat Buxoro hokimiyatining aralashuvi natijasida Boturxon savdogarlarga keltirilgan zararni to’lagan edi3.
Asarning qimmatli tomoni shundaki, muallif unda Buxoroning Eron, Hindiston, Afg’oniston bilan savdosida qatnashgan tovarlar nomlarini eslatib o’tadi. Demezon Buxoro xonligining asosiy eksport tovari qorako’l terisi ekanligi, uning Afg’oniston va Eronga chiqarilganligi va Buxoroda sotilgan qorako’l terisining narxi to’g’risida ham ma’lumot beradi. O’z navbatida Buxoroga Hirot va Kobuldan talabgor bo’lgan tulki terisi keltirilganligi va undan bosh kiyimlari tikilganligi haqida ham xabar beradi.
Demezon Hindistondan Buxoroga keltirilgan tovarlarning turlari va narxlari haqida yozadi. Hindistondan nashatir, kimxob, ipak matolari, ingliz rangdori gulli matolari, chakan—ipak bilan gul tikilgan oq ip matolar, qalampir, dolchin, zindjabil, sandal daraxti, karkidon shoxi, qand, navvot, xna, zangori bo’yoq qalam, zarcheva, sardolik- qimmatbaho xaydarabad toshi va ingliz ip matolari keltirilgan. Nil bo’yog’ini Panjobdan afg’on qabilalari — lugoniylar keltirgan. Buxoroga Laxordan qand va shakar keltirilgan4.
Kashmirdan Buxoroga turli xil shol ro’mollar va turli matolar, kalta qo’njli etiklar, qo’lqoplar, siyohdon, tillahal yugurtirilgan yog’och qoshiqlar, qo’lyozma kitob va boshqa narsalar eksport qilingan.
Peshavordan Buxoroga paxtadan oq va havo rang salla, oliy navli guruch, hidlaydigan tamaki, kokos yong’og’idan ishlangan tamakidon, tuya terisidan tayyorlangan torozi keltirilgan.
Kobuldan Buxoroga havorang bo’yoq qalam, taomga ishlatiladigan zarchava, qurollar, shamshir, xanjar, kamon, guruch va tulki terisi jo’natilgan.
Hirotdan Buxoroga gilam, past navli qorako’l, pista, buzugunch (pista daraxtidan olinib bo’yoq uchun ishlatilgan), olxo’ri qoqi, nasha va boshqalar olib keltirilgan.
Buxorodan Eronga qimmatboho metallar, kashmir sholi va qoraqo’l olib ketilgan1.
Shunday qilib, P.I.Demezonning asari unda jamlangan ma’lumotlarning ko’pligi va qimmatliligi bilan boshqa asarlardan ajralib turadi.
Demezonning ma’lumotlarini Buxoroda 1835—1836 yillarda bo’lgan uning zomondoshi rus ofiseri I.V.Vitkevich ham tasdiqlaydi. Polyak inqilobchisi I.V. Vitkevich 1823da yil chor hukumati tomonidan Orenburg korpusiga davlatga qarshi faoliyat yuritganligi uchun oddiy soldat sifatida jo’natilgan edi.
Uning sharq tillarini o’rganishdagi noyob qobiliyatini Orenburg hukumati sezib, uni o’tmishiga ko’z yumib, diplomat sifatida muhim topshiriqlar bilan O’rta va Kichik qozoq sultonlari huzuriga jo’natadi.
Vitkevich 1830 yil unter ofiser unvonini oladi, unga dvoryanlik qaytarib berilgan. 1833 yil apreldan V.A.Perovskiy tavsiyasiga ko’ra praporshik lavozimiga tayinlanadi. U Orenburg chegara komissiyasida tarjimon bo’lib ishlagan. 1836 yilda Vitkevich Perovskiyning katta adyutanti qilib tayinlanadi. U rus hukumatining topshirig’i bilan 1835—1836 yillarda Buxoroda bo’lgan.
Perovskiy Vitkevichning sayohatini juda yuqori baholab, uning xabarlarini Osiyo departamentiga jo’natib, uni «ishbilarmon, uddaburon, o’z ishini biladigan, amaliyotchi, muomala madaniyatini juda yaxshi biladigan kishi» sifatida tariflagan edi2. Yozuvchi V.I.Dal Orenburg general— gubernatori maxsus topshiriqlar ofiseri Perovskiy ko’rsatmasi bilan Vitkevichning Buxoroga sayohati haqidagi hikoyalarini yozib olgan edi. Tarixchilardan V.G.Volovnikov va N.A.Xalfinlar Vitkevichning Buxoroga sayohatini juda yuqori baholashgan edilar3.
Sayyoh o’z ma’lumotlarida Buxoro savdosining qirralarini yoritib bergan. Uning ma’lumotlariga ko’ra, Buxoroda o’sha paytda 25 ta karvon—saroy bo’lib, ularning har birida sharqning turli davlatlaridan kelgan savdogarlar yashashgan. Masalan, boy afg’on savdogari Badriddin Buxoroda o’zining karvon — saroyi, oilasi va uyiga ega bo’lib, uning hisobida 40 ming tillo yoki 160 ming rub. puli bo’lgan. U Buxorodan Kobulga yuzlab eng asl otlar va ko’plab rus tovarlari olib borgan. Vitkevichning bu ma’lumotlari juda muhim, ammo Badriddinning boyligi hisobida adashgan ko’rinadi. Agar Demezon ma’lumotiga ko’ra, 1 tillo 15 rub.ga teng bo’lsa, afg’on savdogarining sarmoyasi esa 160 ming rub. emas, balki 600 ming rub. bo’lishi kerak edi.
Demezon kabi, Vitkevich ham Buxoroda ko’pgina hindlar, afg’onlar va eronliklar yashayotganligi to’g’risida yozgan. Bundan tashqari, u qaroqchilarning talonchiliklari tufayli buxoro—eron savdosidagi sodir bo’ladigan qiyinchiliklarni ham ta’kiddaydi. Qaroqchilik yo’li bilan ko’plab eronliklar asir olinib, so’ng Buxorodagi qul bozorida sotilganligini, Vitkevich shu kabi holatni Payas—Tani karvon saroyida kuzatganligini, u yerda qunluzliklar eronlik qullarning savdosi bilan shug’ullanganliklarini ta’kidlaydi4.
Buxoroda qimmatbaho madanlarga ehtiyoj borligini Vitkevich eslatib o’tadi. U tillo va kumushning tanqisligi oqibatida Buxoro hukumati oltinga kumush, kumushga esa mis qo’shib pul zarb qilganligini, Buxoro kumushni Koshg’ardan, tilloni Rossiyadan olganligini, so’ng buxoro tangalari sarroblar orqali Kobulga olib ketilganligini ta’kidlaydi1.
Vitkevich Biritaniya imperiyasining Buxoro xonligiga ingliz mollari bilan kirib kelib, Buxoro savdosini o’ziga itoat ettirishi va bozordan rus savdosini siqib chiqarib yuborishga harakat qilayotganligiga tanqidiy ko’z bilan qaragan. U inglizlar bilan bo’ladigan savdoning Buxoro uchun foydali emasligini ko’rsatib, inglizlar hyech qachon Buxoroga Hindistondan temir, mis, cho’yan, yuft va boshqa mollarni olib kela olmaydi, chunki bularning evaziga inglizlarga Buxoro hyech narsani taklif qila olmaydi, chunki Buxoroning ip matolari, quruq mevalari va boshqa mahsulotlari Hindiqushdan nariga jo’nata olmaydi, bu mahsulotlarni Rossiyadan boshqa hyech qayerga o’tkazishi mumkin emas, deb yozgan edi2.
Vitkevich Demezondan farqli o’laroq, Buxoro bozorlaridagi ingliz tovarlari narxining pastligini ta’kidlaydi. U rus—buxoro savdosining yorqin kelajagi borligi hakidagi xulosaga kelgan.
Shunday qilib, Demezon va Vitkevichning hisobotlari Buxoro xonligining qo’shni sharq davlatlari bilan jadal savdo munosabatlari o’rnatganligini, ular bergan ma’lumotlarning bir—biriga juda o’xshashligi esa ularning haqiqatga yaqinligini tasdiqlaydi. Shuning uchun ular hanuzgacha o’zining ilmiy ahamiyatini saqlab kelayapti.
Eron bilan Buxoro o’rtasidagi savdoning ahvoliga berilgan qimmatli baho 1841 yilda yozilgan podpolkovnik I.F.Blarembergning «Statiticheskoye opisaniye Persii» nomli monografiyasida o’z aksini topgan. Muallif asarda qimmatbaho toshlarning Buxoroga keltirilishi, ayniqsa, Nishopur va Mashhaddan qazib olingan feruzaning savdoda muhim rol o’ynaganligi haqida xabar beradi. Bu feruza Buxoro orqali Rossiyaga, undan Fransiya va boshqa Yevropa davlatlariga, hamda Bender Bushir porti orqali Hindistonga olib borilgan3.
Blarembergning yozishicha, Buxorodan Eronga qorako’l bilan birga turli xil rus tovarlar va tranzit mollari: xitoy choyi, qog’oz, bulg’ori charm, oyna, billur, chinni, temir va mis idishlar, movut va mayda tovarlar keltirilgan4.
Shunday qilib, Blarambergning ma’lumotlariga asoslanib, aytish mumkinki, Buxoro bilan Eron o’rtasidagi savdoda an’anaviy mollar bilan bir qatorda ko’proq rus tovarlari asosiy o’rin egallay boshlagan.
1840—1842 yillarda Buxoroga tog’ injeneri va diplomati K.F.Butenev elchiligi kelgan. Natijada elchilik ishtirokchisi N.V.Xano’kovning «Opisaniye Buxarskogo xanstva» degan asari paydo bo’lgan.
N.A.Xalfin ta’biricha, N.V.Xanыkovning mazkur kitobi O’rta Osiyoning yirik va kuchli davlati haqidagi birinchi rus tilidagi umumlashtirilgan asar hisoblangan. Muallif kitobda avvalgi tadqiqotlar va qo’lyozma asarlarga tayanib, o’zi shohid bo’lgan voqyealarni hikoya qiladi. V.V.Bartold o’z davrida bu asarga juda yuqori baho bergan edi5.
Asarda Buxoro xonligining ma’muriy boshqariluvi, ijtimoiy va siyosiy ahvoli, topografiyasi, qishloq xo’jaligi va hunarmanchilik tarmoqlari, uning asosiy shaharlari hisoblangan — Buxoro, Samarqand, Qarshi haqida to’liq ma’lumot beriladi. Bizni asardagi Buxoroning ichki va tashqi savdosi to’g’risidagi ma’lumotlar qiziqtiradi. Buxoro hayotida savdo dehqonchilikdan keyin ikkinchi o’rinda turgan va u yerda odamni hayratda qoldiradigan darajadagi do’konlar, rastalar, bozorlar, karvon saroylar va timlar ko’p bo’lgan. O’sha vaqtda Buxoroda 9 ta tim bo’lib, ulardan 5 tasi g’ishtdan va 4 tasi cho’pqori edi1. Asosiy savdo markazlari Buxoro, Samarqand va Qarshi shaharlari bo’lgan.
Xanыkov Buxoroni O’rta Osiyoning asosiy bosh savdo shahri edi, deb eslatadi. Buxoroga turli mamlakatlardan har yili 12 ba’zan 15 ming tuyada yuklar keltirilgan. U bu qadar ko’p mollarning keltirilishiga sabab, Buxoroning qulay geografik va savdo yo’llari kesishgan joyda joylashganligidadir, deb hisoblagan.
Ma’lumki davlatning xazinasi savdodan keladigan boj solig’i hisobiga ham to’ldirilgan. Shuning uchun, Buxoro hukumati bu savdodan manfaatdor bo’lgan. Lekin, deb yozadi muallif, yo’ldagi qaroqchilarning talonchiliklariga qarshi hukumat hyech kanday chora ko’rmagan.
Xanыkov Buxoro bozorlarida Eron, Afg’oniston, Hindiston, Rossiya va boshqa mamlakatlardan keltirilgan ko’plab tavarlarni ko’rgan. Uning yozishicha, Erondan Buxoroga yiliga uch ba’zan to’rt marta savdo karvonlari kelgan. qishda kelgan karvon muhimroh hisoblangan. Sababi, Buxoroda bahor boshlarida qorako’l arzon narxda sotilgan, Eronda esa qorako’lga talab kuchli bo’lgan. Shuning uchun, Eron savdogarlari qorako’lni arzonroq narxda sotib olish uchun vaziyatdan foydalanishga shoshilgan. Erondan Buxoroga ip va ipak matosi, gilam, feruza, ingliz chitlari, kolenkor-to’qima mato (qalin surp) va mal—mal keltirilgan. Ammo avvallari talabgor bo’lgan kermon shollari qisqarib ketgan. Buxorodan Eronga ip gazlama va berindj keltirilgan2.
Buxoro bilan Kabul o’rtasidagi savdo qishda dovon qor bilan qoplanib qolgan vaqtida qiyin ahvolda qolgan. Shuning uchun, u Kobuldan savdo karvonlari birinchi yoz oyining oxiri yoki ikkinchi oyining boshlarida Buxoroga kelgan, oxirgi karvon esa yozning oxirgi oyi va kuzning boshlarida kelganligini yozadi. Afg’onistondan Buxoroga asosan to’q ko’krang bo’yoq va ingliz tovarlari keltirilgan.
Ingliz tovarlarining ko’plab keltirilgishi natijasida O’rta Osiyo bozorlarining Angliyaga qaram bo’lib qolishi mumkinligi rus diplomatini tahlikaga solgan. Xano’kov Buxoroga ingliz mollari qatori an’anaviy hind tovarlar: buyoq olinadigan va dorivor o’simliklar, hind kimxoblari va talabgor bo’lgan mal-mal olib kelinganligini ma’lum qiladi. Bu mollar Buxoroga Hindistondan 3000 yoki 3500 tuyada keltirilgan3.
Muallif Buxorodan Eron, Afg’oniston va Hindistonga chiqariladigan tovarlar haqida ham ma’lumot beradi. Asosan Buxorodan boshqa davlatlarga ipak matolar, chit, qo’zi terisi va tillo olib ketilgan. Bundan tashqari, Buxoro Hindiston, Eron va Afg’onistonga turli xil rus tovarlarini o’tkazishda tranzit markaz rolini ham o’ynagan.
Asarda Rossiyadan Buxoroga chit, to’qima mato, mal-mal, ipak matolar, movut, parcha, teri, cho’yan, temir va po’lat olib kelinganligi, Buxorodan esa Hindiston, Afg’oniston va Eronga temir, cho’yan va po’lat idishlarning olib o’tilganligini xabar beriladi.
Demak, Buxorodan Hindiston, Afg’oniston va Eronga an’anaviy mahalliy tovarlar qatori ko’plab rus tovarlari, jumladan, cho’yan, po’lat va temir idishlar chiqarilgan, degan xulosaga kelish mumkin. X1X asrning 40-yillaridagi asarlarda Buxoroning qo’shni davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalari xususida aniq ma’lumotlar berila boshlanganligini N.V.Xano’kovning asari ham tasdiqlaydi. Bundan tashqari boshqa rus mualliflari qatori N.V.Xano’kov ham Buxoro bozorlarida ingliz va rus tovarlari raqobatining kuchayib borishidan tahlikaga tushganligini sezish mumkin.
Buxoro bilan Eron o’rtasida savdo aloqalari haqidagi muhim ma’lumotlar 1840—1842 yildagi Buxoroga uyushtirilgan rus elchiligi rahbari K.F.Butenevning «Gornыy jurnal»da e’lon qilgan maqolalarida yozib qoldirilgan. Uning yozishicha, bulat (po’lat) Buxoroga Erondan dumaloq, ba’zan to’rtburchak shaklida keltirilgan. Bu po’latlarning ba’zi navlari hind po’lati nomi bilan atalgan. Demak, po’latning bir qismi Hindistondan Eron orqali keltirilgan bo’lishi mumkin4.
Rus ma’murlari, rus sanoatchilari va rus savdogarlarini O’rta Osiyodagi Rossiya va Angliya o’rtasidagi siyosiy va iqtisodiy raqobat tashvishga sola boshlagan bo’lib, bu muammo kator rus tarixshunosligida o’z aksini topgan1. XIX asrning o’rtalarida O’rta Osiyodagi ikki katta mamlakat o’rtasidagi siyosiy va iqtisodiy raqobat rus tarixshunosligida yetakchi mavzu bo’lib qolgan.
Rossiyaning bir necha shaharlarida tez-tez savdo yarmarkalari bo’lib turgan. Bu yarmarkalarda o’rta osiyo mollari qatori sharqning turli mamlakatlaridan keltirilgan tovarlarni uchratish mumkin bo’lgan. Jumladan, 1843 yilda Nijegorod yarmarkasiga O’rta Osiyo orqali 76500 rub.lik kashmir sholi keltirilgan, ammo 1844—1845 yillarda yarmarkada bu tovar umuman bo’lmagan2. Bu albatta ingliz-sind urushlari bilan bog’liq bo’lib, 40-yillardan e’tiboran Kashmir inglizlar nazorati ostiga tushib qolgan edi.
Bu davrlarga kelib, nafaqat kichik hisobot tarzidagi asarlar, balki yirik fundamental asarlar ham paydo bo’la boshlaydi. Masalan, N.M.Karamzinning «Istoriya gosudarstva Rossiyskago» va I.Solovyevning «Nastolnaya xronologiya, zamechatelnыx proisshestviy, poleznыx otkrыtiy, rojdeniya i smerti znamenitыx lyudey, ot sotvoreniya mira po nastoyasheye vremya» asarlari nashr qilina boshlaydi.
XIX asrning o’rtalarida rus ilmiy markazlari ham bu masalaga e’tiborini qarata boshlaydi. Masalan Imperator Rus Geografik jamiyatining moliyaviy yordami natijasida P.I.Semenov-Tyan—Shanskiy, N.M.Prjevalskiy, Ch.Ch.Valixanov ekspedisiyalari tashkil etiladi. Geografik jamiyat O’rta Osiyo davlatlari va xalqlari hayotining turli qirralarini o’zida aks ettirgan umumlashma va maxsus tadqiqot asarlarini nashr etishga ko’maklashadi. Xuddi shunday nashrlar qatoriga P.Nebolsinning “Ocherki torgovli Rossii s Sredney Aziyey” kitobini kiritish mumkin.
Rus geografik jamiyati a’zosi bo’lgan P.Nebolsinni Rossiyaning O’rta Osiyo bilan savdo aloqalari qiziqtirgan. Shu maqsadda, u 1850 yilda Orenburg chegara chizig’ini aylanib chiqadi, bir necha oy Orenburg va Troiskda bo’ladi, hamda Qozog’istonga boradi, 200 ta rus, tatar, koreys, xivalik, buxorolik, qo’qonlik, afg’on va boshqa kishilardan so’rab asari uchun statistik ma’lumotlar to’playdi.
P.Nebolsin sayohatining maqsadi Rossiyaning Xiva, Buxoro, Qo’qon, vaziyat imkon bersa, Eron bilan haqiqiy savdo–sotiqning ahvolini, Rus-Buxoro savdosini o’rganishdan iborat bo’lgan.
Boshqa rus mualliflari kabi, u ham Buxoro bozorlaridagi ingliz va rus tovarlari o’rtasidagi raqobatdan tashvishlangan edi. Asarda Buxoroning Rossiya uchun muhim iqtisodiy ahamiyati, ya’ni paxta mahsulotlari yetkazib beradigan o’lka, rus tovarlari uchun bozor ekanligi ta’kidlanadi. Nebolsinni Buxoroning an’anaviy savdosini o’rganishdan ko’ra, ko’proq rus tavarlari uchun bozor qidirish masalasi qiziqtirgan edi.
O’sha davr tadqiqotchilari kabi P.I.Nebolsin ham Buxoroni O’rta Osiyoning markaziy savdo shahri, uning tranzit savdo markazi ekanligini, qo’shni davlatlarni qisman mahalliy, qisman rus, ingliz va hind tovarlari bilan ta’minlashini e’tirof etgan3.
X1X asrning 50-yillarida Buxoro Afg’oniston, Eron, Hindiston va Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarda bo’lgan. U Buxoroning Kobul bilan savdo munosabatlaridagi muhim rolini, hamda uning Rossiya bilan Afg’oniston o’rtasidagi savdo aloqalaridagi o’rnini alohida ta’kidlaydi. Jumladan, Buxorodan Kobulga an’anaviy tovarlar: ipak, echki juni, bo’z, viboyka va ko’proq rus tovarlari: mis, qozon, sandiq, pichoq, qaychi, nina, teri, ustara, zar ip, zarrin jiyak, kashenil-deb ataluvchi qizil rangli bo’yoq, yengil ipak matolar va movut keltirilgan4.
Nebolsin asarda buxorolik Mir Xalimning ma’lumotlarini keltiradi.Unga ko’ra, Kobuldan Buxoroga bir yilda uch, to’rt marta savdo karvoni kelgan va har bir karvonda taxminan 200 dan 300 tagacha tuyada nil bo’yog’i keltirilgan. Yiliga 1000 tuyadan ortiq bo’yoq olib kelingan. Bu nil bo’yoqlarini hindlar va lugoni deb ataluvchi afg’on kabilalari olib kelishgan5.
Umuman, Afg’onistondan Buxoroga ingliz chitlari, kashmir sholisi, hind parchasi (kimxob), nil, doka, turki deb ataluvchi arzon va sifatsiz mo’yna, oshlangan va oshlanmagan kiyik terisi, ziravorlar, nasha, Multondan esa yengil va nafis ip va ipak matolar keltirilgan.
Ko’rib o’tilayotgan asarda Buxoroning Eron bilan savdo aloqalari xususida anchagina ma’lumotlar mavjud. Unga ko’ra, Buxorodan Eronga asosan qorako’l keltirilgan. Buxorodan qorako’l terisini olib ketish 1844 yildan ancha o’sa boshlagan, buning sababi Buxoro amiri Nasrulloning Buxorodan inglizlarning katta boyliklarni olib ketishiga to’sqinlik qilish maqsadida o’zining savdogarlariga naqd pulga inglizlar bilan savdo qilishni qa’tiy taqiqlab quyganligi edi1. Eron orqali ingliz savdosida vositachi bo’lgan eronlik savdogarlar Buxoro bilan savdoni yo’qotmaslik uchun qorako’lni sotib olishga majbur bo’lgan. Buxorodan Eronga qorako’ldan tashqari nil, kashmir sholisi, ro’mol, koshenil (qizil rangli bo’yoq), rus chiti, nanka-deb ataluvchi sariq rangli dag’al ip gazlama, baxmal, bulg’ori charm, qozon, temir va sandiq keltirilgan. Buning evaziga esa Erondan Buxoroga ingliz chiti va movuti, eron parchasi, gilam, ro’mollar, yarim ipak matolar, mo’yna, feruza, muruch, zanjabil, shirinliklar, qalampirmunchoq va smolka keltirilgan2.
Yuqoridagilarga asoslanib aytish mumkinki, Buxorodan Eronga mahalliy tovarlar qatori rus tovarlari ham olib ketilgan ekan. Nebolsinga Buxoro bozorlariga Erondan mahalliy mollar qatori ingliz tovarlarining keltirilishi yoqmagan. Ma’lumki, bu vaqtlarda Eron savdogarlari nafaqat O’rta Osiyo bilan jadal savdo aloqalari o’rnatgan, hattoki, ular O’rta Osiyoning Orenburg va Orsk shaharlariga boradigan karvonlariga hamroh ham bo’lishgan edilar. Orenburg chegara bojxonasining Orenburg general-gubernatoriga bergan bildirishnomasida, 1809 yil iyul oyida Orenburgga kelgan Buxoro karvonlari tarkibida oltita Eron savdogarlari bo’lganligini ma’lum qilgan3.
Buxoro orqali Rossiya va G’arbiy Yevropa mamlakatlariga olib ketiladigan an’anaviy eron tovarlari orasida juda ko’p feruza va qo’zi terilari bo’lgan.
Nebolsin O’rta Osiyoni o’rganayotgan boshqa tadqiqotchilar kabi, O’rta Osiyo bozorlariga Eron va Hindiston orqali ko’plab ingliz tovarlarining kirib kelishidan xavotirga tushgan. U O’rta Osiyo aholisining rus tovarlariga ehtiyojini o’rganib chiqib, bu tovarlarning bir qismi Buxoro orqali Hindiston, Eron, Afg’oniston bozorlariga yetib borishini ta’kidlaydi. U Rossiyadan O’rta Osiyoga tillo, kumush, mis, cho’yan, temir, metal buyumlar, teri, bo’yoq, qand, movut, chit va turli ip va ipak matolar keltirilishini ta’kidlab, Buxoro biror bir mamlakatdan rus metal buyumlariga o’xshash tovarlarni bunday arzon narxlarda sotib olishi mumkin emas, deb yozadi4.
Nebolsin, inglizlar Buxoro bozorlaridan rus savdosini siqib chiqarish maqsadida har xil usullarni qo’llab ko’rganligini tashvishlanib yozgan edi. Ingliz hukumati O’rta Osiyoga Hindiston orqali o’z ayg’okchilarini va siyosiy josuslarini yuborib, ma’lumotlar to’playdiki , bu ma’lumotlar inglizlarning O’rta Osiyoga uyushtiradigan bosqinchiligiga tayyorgarlikni yengillashtirishi kerak edi. Ular bu maqsadga, boshqacha usul, yani iqtisodiy tazyiq o’tkazish yo’li bilan ham erishmoqchi bo’lishgan. Buning uchun britaniya tadbirkorlari ingliz tovarlarini O’rta Osiyo bozorlarida juda past narxlarda sotishgan. Rus savdosini sindirish maqsadida 1841- 1842 yillarda Buxoro bozorlariga shu darajada ko’p tovarlar olib kelib, juda past narxlarda sotishganki, aholi rus tovarlariga umuman qaramay qo’yishgan. Shu yo’l bilan rus savdogarlarini savdodan chetlatib, bir-ikki yildan so’ng tovarlarning narxini ikki barobarga ko’tarib yuborgan5.
Shunday qilib, P.I.Nebolsinning asari Buxoroning Rossiya, Afg’oniston, Hindiston va Eron bilan savdo aloqalarini o’rganishning muhim yakuni bo’ldi. Nebolsin rus burjua doiralari tarafdori sifatida diqqat e’tiborini kelajakda Rossiyaning O’rta Osiyo, jumladan, Buxoro bozorini egallash masalasiga qaratdi. Shuning uchun, u O’rta Osiyo bozorlariga ko’plab ingliz tovarlarining kirib kelayotganligini, hamda rus tovarlari bilan raqobatlashayotganligini tashvish bilan yozgan. Qoloq krepostnoy Rossiya sanoatining rivojlangan ingliz sanoati bilan raqobatlasha olmayotgan bir sharoitda, Nebolsin bu iqtisodiy tanglikdan chiqib ketishni O’rta Osiyoni Rossiyaga qo’shib olish bilan hal qilish kerakligini taklif qilgan. Uning fikricha, siyosiy yo’l bilan O’rta Osiyo bozorlarini ingliz tovarlari uchun yopib qo’yib, uni rus kapitalizmining monopoliyasiga aylantirish kerak edi. Bu yo’l esa rus kapitalistik doiralarini Hindiston, Eron va Afg’oniston bozorlariga kirib borishini tezlashtirgan bo’lardi.
X1X asrning 50-yillari oxiriga kelib ingliz tovarlarining O’rta Osiyo bozorlariga ko’plab kirib kelishi kuzatiladi. O’rta Osiyo bozorlariga hind eksporti 6 mln. ser. rub.ga (kumush tanga birligiga) oshib ketgan1. Aksariyat rus mualliflarining asarlarida, O’rta Osiyoning Rossiyaga qo’shib olinishi bilan O’rta Osiyo bozorlaridagi ingliz-rus raqobatini ruslar foydasiga hal qilish mumkin, degan fikr ilgari surilgan.
X1X asrning 50-yillarida jahon iqtisodiy inqirozi natijasida Rossiyada ishlab chiqarish qisqarib ketadi va tashqi savdo hajmi kamayadi, hamda Qrim urushidagi chorizmning mag’lubiyati natijasida Rossiyaning umumiy tashqi siyosiy ahvoli og’irlashib qoladi. Imperiyaning savdo sanoat doiralari mavjud holatdan chiqib ketishning birdan bir yo’li sifatida rus tovarlari uchun bozorlarni kengaytirish zarurligini e’tirof qlgan.
Bu vaziyatdan chiqib ketishning eng maqbul yo’li O’rta Osiyo bilan tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, Turkistonning yangi bozorlarini bosib olish va egallash edi. O’rta Osiyo xomashyoning muhim manbai, eng avvalo, rus to’qimachilik sanoati uchun paxta bo’lishi mumkin edi. Bu esa rus publisistikasida O’rta Osiyoning hayoti va tarixi masalallarining keng ko’lamda o’rganilishiga sabab bo’ldi.
Rus publisistikasida O’rta Osiyo, jumladan, Buxoro muammosi ingliz-rus raqobati ta’siri ostida yoritila boshlandiki, natijada Rossiyada bu masala doirasida ko’plab asarlar paydo bo’la boshladi. V.V.Grigoryev, V.Dolinskiy, Yu.A.Gagameyster, Kazalinskiy, A.N.Teterevnikov, M.Mixaylov, A.Gluxovskiylar o’z asarlarida to’g’ridan to’g’ri rus kapitalistik doiralarining manfaatlarini himoya qilib, O’rta Osiyo masalasini faqat, siyosiy jihatdan hal qilish, ya’ni mintaqani, xususan, Buxoro xonligini Rossiya imperiyasiga qo’shib olish yo’li bilan hal qilishdan iborat, deb hisoblashgan.
Shunday qilib, X1X asrda Buxoro xonligining iqtisodiy ahvoli, uning qo’shni sharq davlatlari bilan aloqalari to’g’risida anchagina materiallar to’plandi. Ayrim asarlarda Buxoro tashqi savdosi muammosi masalasi ko’rib chiqilgan, jumladan, Ye.K.Meyendorf va N.V.Xanыkovlarning asarlarida tashqi savdo masalasini Buxoroning umumiy iqtisodiy hayotini tahlil qilish orqali ko’rib chiqqan.
Rus tadqiqotchilari Buxoro xonligi ijtimoiy va siyosiy ahvolining og’irlashishiga qaramasdan, amirlik poytaxti Osiyo tranzit savdosining muhim markazi bo’lib qolganligini, uning qo’shni davlatlar bilan aloqalari kengayganligini va jo’shqin bo’lganligini e’tirof etishgan.
X1X asr o’rtalariga kelib, rus publisistikasida O’rta Osiyo bozorlarida Angliya bilan Rossiya o’rtasidagi raqobatda Rossiyaning ustun kelishi masalasi yetakchi o’rinni egalladi. Unda, faqatgina siyosiy jihatdan u yoki bu ko’rinishda Buxoro Rossiya tomonidan egalab olinmas ekan, Buxoro bozorlarini iqtisodiy jihatdan egallash bilan muammoni hal qilib bo’lmasligi e’tirof etila boshlangan edi.
Shuni ta’kidlab o’tish joizki, rus-buxoro iqtisodiy aloqalari masalasini yoritishda rus tadqiqotchilari rus sanoatchilari doirasi manfaatlarini himoya qilib chiqib, Sharq mamlakatlari Rossiyadan Angliyaga nisbatan ko’proq ehtiyojiga zarur bo’lgan tovarlarni olar edi, deb to’g’ri e’tirof etgan.
Asarlarda Buxoro xonligining Hindiston, Eron, Afg’oniston bilan an’anaviy savdo aloqalaridagi tovarlarning ro’yxati va tarkibi chuqur tahlil qilingan. Umuman, Buxoroning chetga tovarlar chiqarishi hali ham ko’p bo’lishiga qaramasdan (bu asosan qorako’l hisobiga), uning sanoat ishlab chiqarishi jihatidan qoloqligi sababli xonlikning iqtisodiyoti sezilarli tarzda ortda qola boshlaganligi eslatiladi. Bu holat esa mamlakatdan qimmatbaho madanlarning Sharq davlatlariga olib chiqib ketilishining ortishiga sharoit yaratdi.
Rus tadqiqotchilari Buxoro-Rossiya savdosining muhim ahamiyatga ega ekanligini, xonlikning rus tovarlarini sharq mamlakatlariga yetkazib berishdagi vositachilik roli ortib borganligini haqqoniy e’tirof etgan edilar.
X1X asrning 30-yillarida O’rta Osiyo va xususan Buxoro haqidagi rus asarlari diqqat markazida Sharq bozorlari uchun kurashda ingliz-rus raqobati keskinlashib borayotgan bir sharoitda Turkistonning kelgusi taqdiri masalasi ko’ndalang turgan edi. Endilikda esa ko’proq, Buxoroning qo’shni davlatlar bilan savdo aloqalari ahvoli va kelajak taqdiri masalasi, O’rta Osiyo bozorlarida qaysi buyuk davlat Angliya yoki Rossiya ustunlik qiladimi degan nuqtai nazardan tahlil qilina boshlangan. O’rta Osiyoning Rossiya tarkibiga kiritilishi jarayoni boshlab yuborilgan davrda, ya’ni X1X asrning 50 yillari oxiri – 60 yillari boshlarida rus publisistikasida asosiy e’tibor «buxoro masalasi”ga qaratiladi. V.V.Grigoryev, P.I.Nebolsin, A.N.Teterevnikov, A.Gluxovskiylar rus kapitalizmi manfaatini himoya qilgan holda Buxoro iqtisodiyotini egallash va undan foydalanish bo’yicha turli xil takliflar va loyihalarni kirita boshlagan.
Rus tadqiqotchilari uchun 1868-1873 yillarda Buxoroning Rossiyaga vassal bo’lib qolishi bilan Buxoro xonligini xom ashyo bazasi va kengayayotgan rus kapitalistik tovarlarini sotadigan bozor sifatida foydalanishni baholaydigan yangi vaziyat vujudga keladi.
Dostları ilə paylaş: |