9 – May “Xotira va qadrlash” kuni Xotira – ajdodlarga yuksak xurmat va extirom ifodasi. Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulug` deganlaridek, Prezidentimiz tomonidan istiqlolning ilk yillaridan el-yurtimiz taqdiriga daxldor tarixiy adolatni tiklash, ajdodlarimizning ezgu ishlari, jasoratini ulug`lash va abadiylashtirish, mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor xalqimizning ana shunday o`lmas qadriyatlari, bebaxo ma’naviy fazilatlarini namoyon etib kelmoqda.
Ikkinchi jaxon urushida jasorat ko`rsatgan, olovli maydonlarda o`z yurtining tinchligi va ozodligi, oilasi, farzandlarining xotirjamligi uchun kurashgan insonlar mudom xalqimiz ardog`ida beayov janglarda jon fido qilgan bobolarimiz xotirasi qalblarimizda abadiy yashaydi. Bugun oramizda yashayotgan 5 ming 400 nafardan ziyod Ikkinchi jaxon urushi qatnashchilariga davlatimiz tomonidan xar tomonlama e’tibor va g`amxo`rlik ko`rsatilmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2014-yil 18-aprelda qabul qilingan “Ikkinchi jaxon urushi qatnashchilarini rag`batlantirish to`g`risida”gi farmoni mamlakatimizda Ikkinchi jaxon urushi qatnashchilariga ko`rsatilayotgan extiromning yana bir yorqin ifodasidir. Mazkur farmonga muvofiq barcha shaxar va tumanlarda, qishloq va maxallalarda urush qatnashchilari va nogironlariga pul mukofotlari topshirilmoqda. Respublikamizda amalga oshirilayotgan ishlar qatorida universitetda ham qator tadbirlar, uchrashuvlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, joriy yilning 8 may kuni Harbiy fakultetda 2-jaxon urushi qatnashchisi Istam Komilov bilan uchrashuv o`tkazildi. Uchrashuvda ishtirok etgan I.Komilovning 1941-1945 yillarda dushman bilan yakkama – yakka janglarda bo`lib, tinchlik va farovonlik uchun kurashgan onlari to`g`risida so`zlab berdi. Tadbir davomida ikkinchi jahon urushi bilan bog`liq hujjatli film namoyishi bo`ldi.
1999 yili 9 may kuni O’zbekiston poytaxtida Xotira maydoni ochildi va shu kundan buyon 9 may Xotira va qadrlash kuni deb nishonlanmoqda. Ushbu bayram keng ma ‘noga ega bo’lib, u mustaqil O’zbekistonda asrlar davomida qaxramona, o’lkamizni ximoya qilgan, uning erkinligi, mustaqilligi va xalqining tinchligi uchun kurashgan vatandoshlar xotirasiga bag`ishlanish bilan bir qatorda u umumxalq hotirasi va insonni qadralash kuni hamdir. Xotira va qadrlash kuni chinakam milliy-umumhalq bayramidir, bu kunlari kishilar uzoq-yaqinda yashovchi yaqinlarini holidan habar oladilar, katta yoshlilarni ziyorat qiladilar va ularga alohida izzat ko’rsatiladi.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan e’lon qilingan 9 may – Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda.
Hamma narsa inson uchun, uning manfaatlari uchun. Ana shu ezgu maqsad istiqlol yillarida hayotimizda mustahkam o‘rin egalladi, izchil islohotlarning, yurtimiz mustaqil taraqqiyot yo‘lining bosh yo‘nalishi sifatida hamyurtlarimiz hayotida o‘zining mustahkam ifodasini topdi. Zotan bugun O‘zbekiston inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati ulug‘lanadigan buyuk mustaqil davlatga aylandi.
Xotira va qadrlash – xalqimizning asriy qadriyatlari, ulug‘ fazilatlaridan. El-yurtining tinchligi, osoyishtaligi, erki va ozodligi uchun kurashgan insonlar hamisha xalqimiz ardog‘idadir. Ana shunday mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatganlarga, jang maydonlarida jonini fido qilgan bobolarimiz, sabr-bardosh bilan katta qiyinchiliklarni yengib o‘tgan nuroniy momolarimizni sharaflash, xotirasini abadiylashtirish, ularga g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatish mustaqillik yillarida yangicha ma’no-mazmun bilan boyidi.
Bu jihatlar yurtimizda keng nishonlanayotgan Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda, ona diyorimizni, xalqimizning ozodlik va istiqlolini, erkin va farovon hayotini mardlik va shijoat bilan himoya qilgan fidoyi yurtdoshlarimizga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, hurmat-ehtiromda yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2011 yil 22 aprelda qabul qilingan «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi farmoni mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan ehtiromning yana bir yorqin ifodasidir. Mazkur farmonga muvofiq barcha shahar va tumanlarda, qishloq va mahallalarda urush qatnashchilari va nogironlariga pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
9 may. Poytaxtimizdagi Xotira maydoni har qachongidan gavjum. Bu yerga urush va mehnat faxriylari, hukumat a’zolari, deputatlar va senatorlar, harbiylar, jamoatchilik vakillari tashrif buyurdi.
Maydon uzra mahzun musiqa taraladi.
Soat 9.00. Maydonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov kirib keldi.
Davlatimiz rahbari harbiy orkestr sadolari ostida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.
Prezidentimiz Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan minglab vatandoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
– Bugun butun xalqimiz 9 may sanasini – fashizm ustidan qozonilgan buyuk G‘alabaning 66 yillik bayramini keng nishonlamoqda. Bu qutlug‘ sana bilan avvalambor safimizda sog‘-omon yashab kelayotgan urush qatnashchilarini, muhtaram faxriylarimizni, barcha-barcha yurtdoshlarimizni chin qalbimdan samimiy tabriklayman, – dedi Islom Karimov.
Ma’lumki, 1999 yildan 9 mayni yurtimizda Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlaymiz.
Xotira, qadr degan tushunchalar azal-azaldan el-yurtimizning tafakkuri, ma’naviy hayotimizning ajralmas bir qismi bo‘lib keladi. O‘zini, o‘z el-yurtining o‘tmishini, tarixini eslamaydigan, bilmaydigan, o‘z xotirasida saqlamasdan yashaydigan odam bolasini, ongli insonni tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Xotira deganda, barchamiz qon-qonimiz, suyak-suyagimizga singib ketgan muqaddas tuyg‘uni tushunamiz. Chindan ham, o‘tganlarni xotirlash, ularning ruhini yod etish xalqimiz uchun asrlar davomida ezgu an’ana, ezgu odatga aylanib qolgan.
Tarixiy xotira – bu avvalo hayot mazmunini, avlodlar o‘rtasidagi vorislik tuyg‘usini anglash demakdir, dedi davlatimiz rahbari. Uzoq-yaqin o‘tmishda sodir bo‘lgan voqea-hodisalardan bugungi va ertangi kun uchun zarur saboq va xulosalar chiqarib yashash demakdir. O‘z bolalari va avlodlariga, ularning ongu shuuriga ajdodlar ruhiga hurmat va ehtirom tuyg‘usi bilan yashashni singdirish demakdir.
Ikkinchi jahon urushi, uning jarohatlari el-yurtimiz xotirasida umrbod saqlanadi. Ko‘pni ko‘rgan, jafokash xalqimiz bu urushda ne-ne asl farzandlaridan, oilaning tayanchi va suyanchi bo‘lmish qancha-qancha navqiron o‘g‘lonlaridan judo bo‘lgan, dedi Islom Karimov.
Agar urush arafasida O‘zbekistonda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan bo‘lsa, shundan 1,5 millioni urushda bevosita ishtirok etgan. Yosh go‘dak va bolalarni, qariyalar va ayollarni hisobga olmaganda, xalqimizning 40 foizdan ko‘prog‘i qo‘liga qurol olib, jangu jadallarda qatnashgan. Va bu dahshatli qirg‘inda qariyb 500 ming yurtdoshimiz, ya’ni urushda qatnashganlarning 30 foizi halok bo‘lganini inobatga oladigan bo‘lsak, erishilgan G‘alabaning qadr-qimmati nechog‘li baland ekani, O‘zbekiston xalqining fashizmga qarshi kurashga qanday katta hissa qo‘shgani yaqqol ayon bo‘ladi.
Bu haqiqatni hech kim, hech qachon unutmasligini istardim, qolaversa, talab qilardim, dedi Prezidentimiz.
Ishonchim komil, bu mard va jasur yurtdoshlarimiz qandaydir noma’lum tepalikni egallash uchun emas, avvalo fashizm balosini yurtimiz ostonasiga yo‘latmaslik uchun, o‘zining ota-onasi, suyukli yori, aziz farzandlari, yoru do‘stlarini, el-yurtini himoyalash, asrash uchun jangga kirgan, jon fido qilgan.
Shuning uchun ham bu dahshatli urush yetkazgan og‘ir jarohat, bitmas yara bo‘lib, hech qachon xotiramizdan o‘chmaydi. Yurtimizda biron-bir oila, biron-bir xonadon yo‘qki, kimidir bu urushda qatnashmagan bo‘lsin, bu urush ularning boshiga kulfat keltirmagan bo‘lsin. Bu mudhish qirg‘in tufayli qancha askarlar mayib-majruh bo‘lib qaytgan, qancha ayollar beva, minglab bolalar yetim bo‘lib qolgan.
Tabiiyki, har bir oila jang maydonlarida qurbon bo‘lganlarni, bedarak ketganlarni, o‘z ajdodining xotirasini qancha yillar o‘tsa ham armon bilan eslaydi.
Bugun poytaxtimizda, viloyat, shahar va tuman markazlarida barpo etilgan mana shunday go‘zal Xotira maydonlarida urushda jasorat ko‘rsatib halok bo‘lganlar, front ortida kechani kecha, kunduzni kunduz demay mehnat qilgan matonatli insonlarning aziz xotirasi oldida bosh egib, ta’zim qilish barchamiz uchun ham qarz, ham farz.
Bir so‘z bilan aytganda, xotira tuyg‘usining asl ma’nosi bugungi tinch-osuda, erkin hayotga biz osonlikcha erishmaganimizni, bu yorug‘ kunlar osmondan tushmagani, qanday og‘ir mashaqqat bilan qo‘lga kiritilganini doimo eslatishni ifoda etadi.
Bugungi ayyomning yana bir muhim jihati shundaki, u bir-birimizni, avvalambor, safimizda tetik bo‘lib yurgan urush qatnashchilarini qadrlab, ularga mehr-oqibat ko‘rsatib yashashga da’vat etadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 8 ming 600 dan ortiq urush qatnashchisi hayot
kechirmoqda. Muhtaram faxriylarimizning hayotini mazmunli qilishga, umrini uzaytirishga qo‘limizdan kelgancha hissa qo‘shish, ularga nafaqat mana shunday bayram kunlarida, balki har kuni, har soatda g‘amxo‘rlik va mehribonlik ko‘rsatish barchamiz uchun, avvalambor, rahbarlar uchun ham qarz, ham farz ekanini unutmasligimiz kerak, dedi Yurtboshimiz.
Xotira va qadrlash marosimining yana bir muhim ahamiyati shundaki, u barchamizni bugungi notinch va tahlikali dunyoda doimo sezgir, hushyor va ogoh bo‘lib, tinch-osoyishta hayotimizning, musaffo osmonimizning qadriga yetib yashashga da’vat etadi.
Shu ma’noda, dunyoning ayrim mamlakatlarida bugun qanday nizo va qarama-qarshiliklar paydo bo‘layotganini unutmasligimiz darkor. Misol uchun, mana yon qo‘shnimiz – Afg‘onistonda 30 yildan buyon urush davom etmoqda.
Biz bunday notinchliklardan tegishli xulosalar chiqarishimiz, yurtimizda hukm surayotgan tinchlikni, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlashimiz kerak. Xalqimizning eng katta boyligi – bag‘rikenglik, mehr-oqibat. Biz bu bag‘rikenglikni, mehr-oqibatni doimo asrab-avaylashimiz zarur.
Biz o‘z oldimizga qo‘ygan buyuk va ezgu maqsadlarga erishish, dunyodagi rivojlangan, demokratik davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallash haqida gapirganda, bu yo‘lda bizning tayanchimiz, suyanchimiz bo‘lgan yoshlarni milliy g‘oyamiz ruhida, hech kimdan kam bo‘lmaydigan avlod etib tarbiyalash – hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.