Qop-qora olovday lovillar yollar.
Kampirlar alanglab quloq soldi jim, Bir seskanib ketdi nuroniy chollar. (Sh.Rahmon)
Eng baxtiyor lahzalarda ham Uning sokin isyoni so‘nmas. Tug‘ilmagan shunchaki aslo, U hech qachon shunchaki o‘lmas. (Sh.Rahmon)
“Sokin isyon” ... bu ikki so‘z aslida “bir qozonda qaynamaydi” – sokinlik isyonni, isyon sokinlikni inkor etadi. “Ular go‘yo hech ham qovushmaydi”. Lekin Shavkat Rahmonni shaxsan tanigan, yaqindan bilganlar bu ikki ters holat uning shaxsiyatida nihoyatda munosib ravishda qovushganini, bir-biri bilan rosa chiqishganini ko‘radi. Shoirning bu sokin isyoni qayg‘uli yoki g‘azabga minilgan onlardagina emas, balki “eng baxtiyor lahzalarda ham” so‘nmaydi.26 Odam uxlayapti,
Uyg‘otmang uni!
Sukunat shivirlar quloqlariga...
Odam lablarini tutar sevinib
Bolalikning barcha
Buloqlariga. (Sh.Rahmon)
Bu she’riy misralarda ham shoir o‘zgacha tasviriy vositalardan foydalanib, nozik ma’no qirralarini ochib bergan. Ya’ni “sukunat” – jimlik tushunchasini anglatsa-da, “shivirlar” so‘zi o‘z ma’nosiga ko‘ra, ovoz chiqarish, tovushning qandaydir darajadagi holatini ifodalash ma’nosida qo‘llanadi. Muallif bu ikki ma’nosi jihatidan qarama-qarshi bo‘lgan so‘zlardan foydalangan. Bu o‘zgacha tarzda shakllangan sintaktik birlikdir.
Tavtologik ((yunoncha tautologia – aynan o‘sha so‘z) bir fikrni, mazmunni boshqa yoki so‘zlar vositasida takroran, ortiqcha ishlatish, so‘zni ortiqcha takrorlash)27 badiiy tasvir vositasidan zerikkan yoki yangilikka intilgan ijodkor o‘z fikrlarini ifodalashda leksemalarning turli semantik qirralarini ochish maqsadida oksyumorondan foydalanadi. Masalan: qayg‘uli shodlik, qora chaqmoq, qop-qora olov, jodugar navo. Bu sintaktik qurilmalar odatdagi so‘z birikmalaridan tinglovchining e’tiborini jalb qilishi, lirik qahramon maqsadini to‘laroq, o‘zgacha tarzda yoritib berishi bilan ajralib turadi.
Oksyumoron usuli biror ma’no, tushuncha yoki fikrni yangicha usulda ifodalash maqsadida yuzaga chiqishi mumkin: soqov qichqiriq. Bu birikma dard, azob,insonning ichidagi faryodini tushunish kabi ma’nolarni ifodalash uchun xizmat qilgan.
Oksyumoron usulining yuzaga chiqishida mantiqsizlikka asoslanganlik, uning asosiy nazariyasi bo‘lsa, so‘zlovchining an’anaviy ifoda vositalaridan zerikishi yoki yangicha shakl orqali yangicha mazmun bayon qilishga intilishi va nutq birligiga e’tibor qaratishga urinishi kabilar oksyumoronni yuzaga keltiruvchi asosiy omillar bo‘lib xizmat qiladi.
Oksyumoronli birikmalarda ijodkorning badiiy-estetik maqsadi ham yetakchi o‘rin tutadi. Ayniqsa, Tursun Ali, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf, Rauf Parfi kabi shoirlar ijodida badiiy tafakkur mahsuli bo‘lgan oksyumoronlar uchun ko‘plab dalillar topish mumkin. “Ma’yus shodlik” (Tursun Ali), “Mendan tilsizgina bir narsa so‘rar” (R.Parfi. 182-bet. “Chingiz Aytmatov” nomli she’r), “kibor olomon” (“Van Gog” nomli she’ridan, 179-bet). Bu misollarda o‘quvchi nima uchun muallif shunday birikmalarni qo‘llaganini anglashga intilishi lozim. Buning natijasida o‘quvchi idrokida matn qayta tuziladi. Matn doirasidagi bu holat tafakkur darajasida kerak ham, chunki oksyumoron bir vaqtda ham tafakkur, ham nutq hodisasi sanaladi. Ularni ajratish mumkin emas. Bir tomondan, u obrazli tus oladi, ikkinchi tomondan, ma’no doirasi kengayadi. Natijada gapning shakliy va mazmuniy birligi mukammallashadi.
Shu o‘rinda yana bir muammo yuzaga chiqadi. Keltirilgan misollarda oksyumoron ba’zan ikkita so‘z yordamida hosil qilinadi, boshqa bir turida esa metafora yoki jumla doirasida shakllanadi. Demak, oksyumoron turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘lishi ham mumkin.
Ba’zi manbalarda, jumladan, M.Yo‘ldoshev28ning ishida oksyumoron antiteza tarkibida berilgan. Biz bu fikrga qo‘shila olmaymiz. Chunki bir qarashda, oksyumoron antitezaga o‘xshab ketadi, lekin undan farq qiladigan jihatlari bor. Ularning tutashgan nozik nuqtasini topish va farqli tomonlarini belgilash lozim, deb o‘ylaymiz.
Xullas, oksyumoron faqatgina ziddiyat mahsuli ham emas. Balki semantik ziddiyat badiiy tafakkur mahsuli sifatida o‘ziga xos modal ma’no, ironik mazmun ifodalash vositasi ko‘rinishlari hamda badiiy-ijodiy yondashuv sifatida namoyon bo‘luvchi, keng qamrovli uslubiy vosita hisoblanadi.