fikrlash faoliyati – aql, fahm-farosat vositasida turli xil muammolar, masalalar va jumboqlarni yechishga qaratilgan faoliyat;
imajitiv – (“image” – obraz so’zidan olingan) faoliyati shundayki, u ijodiy jarayonlarda xayol va fantaziya vositasida hozir bevosita ongda berilmagan narsalarning xususiyatlarini anglash va xayolda tiklashni taqozo etadi.
Ijtimoiy xulq motivlari va shaxs motivatsiyasi.
“Motivasiya” tushunchasi “motiv” tushunchasidan kengroq ma’no va mazmunga ega. Motivasiya – inson xulq-atvori, uning bog’lanishi, yo’nalishi va faolligini tushuntirib beruvchi psixologik sabablar majmuini bildiradi. Bu tushuncha u yoki bu shaxs xulqini tushuntirib berish kerak bo’lganda ishlatiladi, ya’ni: “nega?”, “nima uchun?”, “nima maqsadda?”, “qanday manfaat yo’lida?” degan savollarga javob qidirish – motivasiyani qidirish demakdir. Demak, u xulqning motivasion tasnifini yoritishga olib keladi.
Shaxsning jamiyatda odamlar orasidagi xulqi va o’zini tutishi sabablarini o’rganish tarbiyaviy ahamiyatga ega bo’lgan narsa bo’lib, masalani yoritishning ikki jihati farqlanadi:
ichki sabablar, ya’ni xatti-harakat egasining subyektiv psixologik xususiyatlari nazarda tutiladi (motivlar, ehtiyojlar, maqsadlar, mo’ljallar, istaklar, qiziqishlar va hokazolar);
tashqi sabablar – faoliyatning tashqi shart-sharoitlari va holatlari. Ya’ni, bular ayni konkret holatlarni kelib chiqishiga sabab bo’ladigan tashqi stimullardir.
Shaxs xulq-atvorini ichkaridan, ichki psixologik sabablar tufayli boshqarish odatda shaxsiy dispozisiyalar ham deb ataladi. Ular shaxs tomonidan anglanishi yoki anglanmasligi ham mumkin. Ya’ni, ba’zan shunday bo’ladiki, shaxs o’zi amalga oshirgan ishi yoki o’zidagi o’zgarishlarga nisbatan shakllangan munosabatning xaqiqiy sababini o’zi tushunib yetmaydi, “Nega?” degan savolga “O’zim ham bilmay qoldim, bilmayman”, deb javob beradi. Bu anglanmagan dispozisiyalar yoki ustanovkalar deb ataladi. Agar shaxs biror kasbga ongli tarzda qiziqib, uning barcha sir-asrorlarini egallash uchun astoydil harakat qilsa, bunda vaziyat boshqacharoq bo’ladi, ya’ni, dispozisiya anglangan, ongli hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan motiv – konkretroq tushuncha bo’lib, u shaxsdagi u yoki bu xulq-atvorga nisbatan turgan moyillik, hozirlikni tushuntirib beruvchi sababni nazarda tutadi.
Motivlaming anglanganligi: ijtimoiy ustanovka va uni o‘zgartirish muammosi.
Ustanovka – bu ibora psixologiyada inson xatti-harakatining anglanmagan programmasi sifatida tushuniladi. Inson doimiy bajaradigan xatti-harakat dastavval anglanilgan holda amalga oshadi va u takrorlangani sari beixtiyor, avtomatlashgan holatga o’tib boradi. Aynan shunday anglanilmagan harakat rejasi ustanovka deb ataladi. Shaxsdagi maqbul harakatlar muntazam takrorlanishi natijasida unda maqsadga muvofiq faoliyat ustanovkasi shakllanadi. Binobarin, shaxsning doimiy faoliyati va xulqini kuzatgan holda unda qay mazmundagi ustanovkalar ustuvor ekanligi haqida xulosa chiqarish mumkin.
Ijtimoiy ustanovka shaxs xulq-atvorining ichki, anglanmagan yoki qisman anglangan motivlariga kiradi. Masalan, bir kishiga badiiy adabiyotdan aynan bir guruh asarlar yoqadi. Lekin nima uchun xuddi shu asarlar guruhi yoki shu adib yoqishini tushunmaydi. O’sha guruhdan yangi bir kitob qo’lga kirganda u albatta yoqishi kerak degan tasavvurda bo’ladi. Shu ma’noda olib qaralganda, ijtimoiy ustanovka shaxsdagi anglanmagan munosabatlarga o’xshaydi. Lekin aslida uning tabiati juda murakkabdir. Chunki ijtimoiy ustanovka tushunchasida munosabatlar ham, shaxsiy ma’no ham, baholar sistemasi ham, bilimlar ham o’z ifodasini topadi. Ijtimoiy ustanovka shaxsning ijtimoiy obyektlar, hodisalar, guruhlar va shaxslarni idrok qilish, baholash va qabul qilishga nisbatan shunday tayyorgarlik holatiki, u bu baho yoki munosabatning aslida qachon shakllanganligini aniq anglamaydi. Masalan, Vatanimizni hammamiz sevamiz, bayrog’imiz muqaddas, nemis investorlarga ishonamiz, negrlarga rahmimiz keladi, tijorat ishlari bilan shug’ullanadiganlarni albatta puldor, badavlat, deb hisoblaymiz va hokazo. Bu tasavvurlar, baho va hissiyotlar qachon va qanday qilib ongimizda o’rnashib qolganligiga e’tibor bermasdan yuqorida sanab o’tgan hissiyotlarni boshdan kechiraveramiz. Mana shularning barchasi ijtimoiy ustanovkalar bo’lib, ularning mazmun mohiyati aslida har bir inson ijtimoiy tajribasi davomida shakllanadi va uzoq muddatli xotirada saqlanib, konkret vaziyatlarda ro’yobga chiqadi.
Dostları ilə paylaş: |