G‘ovlar orasida yugurish ritmi. Makon hamda vaqt ichida kuch-
lanish nisbatan qanchalik to‘g‘ri taqsimlanganligiga qarab harakat
ritmini belgilash mumkin. Ritm harakatlarning majmuali tavsifi
hisoblanadi. Ritmning to‘g‘riligi ko‘p jihatdan g‘ovlar balandligi va
ularning joylashtirilishi birligi bilan belgilanadi. O‘rgatish chog‘ida
g‘ovlar shunday joylashtirilishi kerakki, o‘quvchilar yugurishni kat-
ta yoshli sportchilar ritmida amalga oshirsinlar: g‘ovlar orasidagi
qadamlarni, g‘ovlardan tez va qiyalatib o‘tishni qadamlarni uzunligi
va bajarilish vaqti bo‘yicha to‘g‘ri nisbatda bajarishni o‘zlashtirsinlar.
Yosh g‘ovchi o‘z jismoniy va texnik tayyorgarligini yaxshilab
borgani sayin yugurish tuzilishi hamda ritmini keskin o‘zgartirmagan
holda g‘ovlarni mashg‘ulot uchun joylashtirish tartibini musobaqalar
sharoitiga yaqinlashtirib boradi.
G‘ovlar ancha baland, ular orasidagi masofa katta bo‘lsa, texnika-
dagi xatolar ko‘payib boradi: g‘ovlar orasida uzaytirilgan qadamlar
bilan yugurish, tizzasi yetarlicha bukilmagan oyoq bilan siltovchi
harakatni bajarish, baland traektoriyada uchish va g‘ov ortiga sust
harakat bilan “qo‘nish” odatdagi holga aylanadi. Bunday xatolar,
hatto sezilarsiz bo‘lsa ham, ularni tuzatish juda qiyin, ba’zan texnikani
to‘g‘rilash mumkin ham emas. Shunday qilib, g‘ovlar osha yugurish
ritmini o‘rgatganda, g‘ovlarni qulay joylashtirish eng muhimidir.
Shu sababli ko‘pincha soddalashtirilgan sharoitlar usulidan tez-tez
foydalanib turiladi. Lekin soddalashtirish darajasi ham katta ahamiyatga
ega. U har bir aniq holatda, antropometrik ko‘rsatkichlar va jismoniy
tayyorgarlik darajasiga qarab belgilanadi. Sportchining bo‘yi balandroq
bo‘lsa, g‘ovlar balandligi kamroq o‘zgartiriladi, ular orasidagi
masofa esa kattalashtirilishi mumkin, bunda sportchi tang joyda erkin
harakatlanishga o‘rgatiladi. Ba’zan soddalashtirish mutanosib ravishda
amalga oshiriladi, masalan, 1-razryadli sportchilar uchun g‘ovlarni 7, 8
m masofada, 100 sm balandlikda, sport ustalari uchun muvofiq ravishda
8, 9 m va 103 sm qilib joylashtirish optimal sanaladi.