Organizmda moddalar almashinuvi.
Odam tashqi muhitdan ovqat qabul qilish, organizmda uni o`zgarishi, hazm qilinishi, hosil bo`lgan qoldiq moddalarning tashqariga chiqarilishi moddalar almashinuvi deyiladi. Moddalar almashinuvi natijasida energiya hosil bo`ladi. Bu energiya hisobiga organlar ish bajaradi, hujayralar ko`payadi, yosh organizm o`sadi va rivojlanadi, tana haroratining doimiyligi ta`minlanadi. Moddalar almashinuvi bir-biriga chambarchas bog`liq bo`lgan ikki jarayon, ya`ni assimilyatsiya va dissimilyatsiya orqali o`tadi. Ovqat moddalari tarkibiy qismlarining hujayralarga o`tishi assimilyatsiya deyiladi.
Assimilyatsiya natijasida hujayralarning tarkibiy qismlari yangilanadi, ular ko`payadi. Organizm qancha yosh bo`lsa, unda assimilyatsiya shuncha aktiv o`tadi, bu esa yosh organizmning o`sishi va rivojlanishini ta`minlaydi .
Hujayralar eskirgan tarkibiy qismlarining parchalanishi dissimilyatsiya deyiladi. Buning natijasida energiya hosil bo`ladi. Dissimilyatsiya natijasida hosil bo`lgan qoldiq moddalar ayirish organlari orqali tashqariga chiqariladi. Keksa odamlar organizmida dissimilyatsiya jarayoni ustun bo`ladi. Sog`lom organizmda bu ikkala jarayon muvozanatda bo`ladi. Jismoniy mehnat, sport, aktiv turmush odam tanasidagi to`qimalarning yangilanishi, organizmning yosh, sog`lom va tetik saqlanishiga olib keladi. Moddalar almashinuvida ishtirok etadigan asosiy oziqmoddalar-oqsillar; yog``lar, uglevodlar, mineral tuzlar, vitaminlar va suv hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |