5.3. Bosh miya po’stlog’ida qo’zg’alishlarni analizi (tahlili) va sintezi (umumlashtirilishi).
Analitik-sintetik faoliyat haqida tushunchalar. Katta yarim sharlar po’stlog’iga tushayotgan impulslarning asosiy manbai bo’lib organizmning retseptorlari bilan qabul qilinuvchi tashqi dunyoning va ichki muhitning juda ko’plab qo’zg’atuvchilari hisoblanadi. Po’stloqqa tushayotgan impulslar analiz-farqlanadi va sintezlanadi –umumlashtiriladi va sharhlanadi.
Ayrim qo’zg’alishlarni po’stloqda farqlanishi, qismlarga ajratilishi va bo’linishi ya’ni ularning differensiyasi bosh miya po’stlog’ining tahlillovchi faoliyatining namoyon bo’lishidir.
Shuni qayd qilish kerakki, qo’zg’alishlarning dastlabki tahlili retseptorlardayoq boshlanadi (ulardan biri nur qo’zg’atuvchilarini, boshqasi-tovush, uchinchisi – kimyoviy va boshqalar). Tahlilning eng oliy shakli katta yarim sharlar po’stlog’ida yuz beradi.
Bosh miyaning analitik faoliyati uning sintetik faoliyati bilan uzviy bog’langan bo’lib turli qismlarida turli qo’zg’atuvchilar ta’siri ostida yuzaga kelgan qo’zg’alishlarni umumlashtiradi va sharhlash bilan namoyon bo’ladi. Katta yarim sharlarning sintetik faoliyatiga misol bo’lib har qanday refleksni hosil qilishda uning asosida yotuvchi vaqtinchalik bog’lanishlar xizmat qiladi. Murakkab sintetik faoliyat ikkinchi, uchinchi va oliy tartibdagi reflekslar hosil bo’lishida namoyon bo’ladi. Umumlashning asosida qo’zg’alishning irradiasiya (to’lqinsimon tarqalishi) jarayoni yotadi.
Analiz va sintez bir-biri bilan uzviy bog’liq va po’stloqda murakkab analitik-sintetik faoliyat kechadi.
Dinamik steriotip.Organizmga tashqi dunyo ayrim, alohida qo’zg’atuvchilar bilan ta’sir etmay, balki odatda bir vaqtda va navbatma-navbat qo’zg’atuvchi tizim bilan ta’sir ko’rsatadi. Agarda ushbu tizim shu tartibda, tez-tez takrorlansa, bu esa bosh miya po’stlog’i faoliyatida tizimli yoki dinamik steriotip hosil bo’lishiga olib keladi.
Dinamik steriotip bu qat’iy bir vaqtda navbatma-navbat bajariladigan mustahkamlangan shartli reflektor aktlarning zanjiri va organizmning musbat (mustahkamlangan) va manfiy (mustahkamlanmagan) shartli qo’zg’atuvchilarning murakkab tizimli reaksiyasining natijasi hisoblanadi.
Steriotipni hosil qilish – bu po’stloqning murakkab sintezlovchi faoliyatiga misoldir. Odatda steriotipni hosil qilish juda qiyin, lekin u hosil qilinsa, uni qo’llab-quvvatlab turish uchun po’stloq faoliyatida jiddiy kuchlanish talab qilinmaydi. Ko’pchilik ta’sirlar bu paytda o’z-o’zidan bajariladi (avtomatik holda). Dinamik steriotip odamlarda odatlarni hosil bo’lishi, mehnat operatsiyalarida bajariladigan ishlarni ma’lum tarzda shakllanishi, turli murakkab ishlarni bajara olishiga asos bo’ladi.
Yurish, yugurush, chang’ida sayr qilish, royalda o’ynash, ovqatlanishda pichoq, qoshiq, sanchupdan foydalanish, xat yozish- bularning hammasi katta yarim sharlar po’stlog’ida hosil bo’luvchi dinamik steriotipning asosida yotuvchi ko’nikmalar hisoblanadi.
Har bir odamning kun tartibining asosida dinamik steriotipning hosil bo’lishi yotadi. Steriotip uzoq yillar davomida saqlanib qoladi va odamlarning xulq-atvorini asosini tashkil qiladi. Steriotiplarni o’zgartirish juda qiyin kechadi - odatda uni o’zgartirish mumkin emas. Esga oling bola yozishda ruchkani noto’g’ri ushlashga, partada, stolda noto’g’ri o’tirishga va boshqalarga o’rgangan bo’lsa, uni esidan chiqarish qanchalik qiyin. Steriotiplarni o’zgartirishni qiyin ekanligi bolalarni, ularni hayotini dastlabki yillaridan boshlab tarbiyalash va o’qitish usullarining to’g’ri ekanligiga asosiy e’tiborni berish kerak.