Qonning tarkibi.Yangi olingan qon qizil rangli, loyqa suyuqlikdir. Agar uning ivib qolish xavfini oldi, olinib tindirilganida, sentrifugalansa, yanada yaxshiroq bo’lib u ikki qatlamga bo’linadi. Yuqorigi qatlam –sarg’ichroq rangda bo’lib –plazma va pastki qatlam – qoramtir- qizil rangdagi cho’kma – shaklli elementlar deyiladi. Cho’kma plazma bilan birga shaklli elementlardan –eritrositlar, leykositlar, trombositlardan hosil bo’ladi. Qonning barcha hujayralari ma’lum muddat yashaydi va so’ngra parchalanadi. Qon hosil qiluvchi organlarda (qizil ilik, limfa tuguni va taloq) qonning yangi hujayralari tinimsiz ravishda hosil bo’ladi.
Sog’lom odamlarda plazma va shaklli elementlar orasidagi nisbat uncha katta bo’lmagan chegarada (55 % -plazma va 45 %-shaklli elementlar) bo’ladi. Yangi tug’ilgan va yosh bolalarda shaklli elementlarning foyizli miqdori bir muncha yuqori bo’ladi.
9.2. Qon plazmasi.
Qon plazmasining tarkibi. Sog’lom odamning 100 ml qon plazmasida 93 g.ga yaqin suv saqlanadi. Plazmaning qolgan qismini mineral moddalar oqsillar (shu jumladan fermentlar) uglevodlar, yog’lar, gormonlar, darmon-dorilar, aminokislotalar tashkil qiladi.
Plazmaning osmotik bosimi. Tuzlar, oqsillar, glyukoza, mochevina va boshqa moddalarning plazmada erigan umumiy konsentratsiyasining yig’indisi osmotik bosimni tashkil etadi. Plazmaning osmotik bosimi asosan anorganik tuzlar bilan hosil qilinadi, chunki qand, oqsillar, mochevina va boshqa moddalarning konsentratsiyasi unchalik katta emas. Osmotik bosim organizmda qon bilan to’qimalar orasidagi suv almashinuvining ta’minlaydi.
Qonning osmotik bosimining doimiyligi, organizmdagi hujayralarning hayot faoliyati uchun juda muhim ahamiyatga ega. Ko’plab hujayralarning shu jumladan qon hujayralarining membranalari tanlab o’tkazish xususiyatiga ega. Shu sababli qon hujayralarini turli tuz konsentratsiyalariga ega bo’lgan eritmalarga, ya’ni turli osmotik bosimga ega bo’lgan eritmalarga solinganida qon hujayralarida jiddiy o’zgarishlar yuz beradi.
Ma’lumki, erituvchi doimo osmotik bosim yuqori tomondan past tomonga qarab harakat qilganligi sababli qon tarkibidagi eritrositlarni osmotik bosimi plazmadagi bosimdan past bo’lgan eritmaga solinganida (gipotonik eritma) osmos qonuniga asosan suv jadal ravishda eritrositlar ichiga kiradi, eritrositlar shishadi va ularning po’sti yorilib, uning ichidagi komponentlar suvga chiqadi, gemoliz yuz beradi. Eritrositlari gemolizga uchragan qon tiniq yoki laklangandek bo’lib qoladi. Odamlarning eritrositlari osh tuzining 0,44-0,48 % li eritmasiga solinganida gemolizlanishini boshlaydi. Gipotonik eritmalarga solingan eritrositlarni parchalanmaslik xususiyatga eritrositlarning osmotik chidamliligi yoki rezistentlik deyiladi. Eritrositlarning bu xususiyati yangi tug’ilgan va emadigan bolalarda voyaga yetgan odamlarnikiga nisbatan yuqori bo’ladi. Qon plazmasining osmotik bosimi osh tuzining 0,9 % li eritmasi konsentratsiyasiga tengdir. Emadigan bolalarning eritrositlarining maksimal chidamliligi 0,3 dan 0,4 % li osh tuzi chegarasida bo’lsa, minimal chidamlilik osh tuzining 0,48 dan 0,52 % chegarasida bo’ladi.
O’zining sifatiy tarkibiga va tuzlar konsentratsiyasiga ko’ra plazma tarkibiga teng bo’lgan eritmalar fiziologik eritmalar deb yuritiladi. Ular izotonikdir. Bunday suyuqliklar qon yo’qotilganida ulardan qon o’rnini bosuvchi sifatida foydalaniladi.
Qonga turli miqdordagi suv va mineral tuzlar tushishi mumkin, lekin shunga qaramasdan buyraklar faoliyati tufayli qonning osmotik bosimi doimiy ravishda bir darajada turishi ta’minlanadi.
Bu jarayonda buyraklar, ter bezlari ham ishtirok etib, ular orqali organizmdan suv, tuzlar va moddalar almashinuvining boshqa mahsulotlari chiqariladi.