Faoliyat mahsulini tahlil qilish
metodi. Inson xotirasi, tafakkuri, qobiliyati
va xayolining xususiyatlarini aniqlash maqsadida bu metod rivojlanish
psixologiyasida keng qo’llanadi. Bolalar chizgan rasmlar, yasagan o’yinchoqlar,
modellar, yozgan she’rlarni tahlil qilish orqali ularning mantiqiy xotirasi, tafakkuri,
texnik, badiiy va adabiy qobiliyati, ijodiy xayoli yuzasidan materiallar to’plash
mumkin. Mazkur metoddan foydalanishda mahsulotni yaratgan shaxs bevosita
ishtirok etmaydi. Obyekt bilan subyekt o’rtasida muloqot o’rnatish uchun
shaxsning psixikasi to’g’risida sirtdan muayyan hukm va xulosa chiqariladi. Ijodiy
faoliyat mahsullariga kundalik, sxema, ixtiro, diagramma, kashfiyot, qurilma,
asbob, texnik model, moslama, milliy kashtachilik, hunarmandchilik, zargarlik
buyumlari, referat, kurs va malakaviy bitiruv ishlari, ilmiy ma’ruza, konspekt,
taqriz, tezis, maqola, ko’rsatmali qurollar, loyiha, magistrlik, nomzodlik, doktorlik
dissertasiyalari va hokazolar kiradi. Bular turli yoshdagi va jinsdagi odamlar, har
xil kasb egalari tomonidan yaratilgan bo’lishi va shunga ko’ra shakli, mazmuni,
sifati, originalligi, katta-kichikligi, xususiyati, mazmunmohiyati bilan bir-biridan
keskin tafovut qilishi mumkin.
Ijodiy faoliyat mahsullarini tahlil qilish orqali bolalar, o’quvchilar, talabalar,
konstruktorlar, olimlar, hunarmandlar, ishchilar, keksa yoshdagi qariyalar psixik
xususiyatlari, mahorati, salohiyati, ijodiyoti to’g’risida ma’lumotlar to’plash
mumkin. Lekin insondagi psixik o’zgarishlar, kamol topish va bularning kechishini
ifodalovchi materiallar yig’ish uchun bu metodning o’zi yetmaydi. Shuning uchun
inson psixikasini o’rganish maqsadida boshqa metodlardan ham foydalanish
ma’qul.
Test
metodi. Test — inglizcha so’z bo’lib, sinash, tekshirish, demakdir.
Shaxsning aqliy o’sishini, qobiliyatini, irodaviy sifatlari va boshqa psixik
xususiyatlarini tekshirishda qo’llanadigan qisqa standart masala, topshiriq, misol,
jumboqlar test deb ataladi. Test ayniqsa odamning qanday kasbni egallash
mumkinligini, kasbga yaroqliligi yoki yaroqsizligini, iste’dodlilar va aqli zaiflarni
aniqlashda, kishilarni saralashda keng qo’llanadi. Test metodining qimmati
tajribaning ilmiylik darajasiga, tekshiruvchining mahoratiga va qiziqishiga,
yig’ilgan psixologik ma’lumotlarning obyektivligi va ularni ilmiy tahlil qila
bilishga bog’liqdir.
Dostları ilə paylaş: |