3-§. Falsafaning izlanish metodlari
Olamdagi o‘zgarish, rivojlanish, umumiy aloqadorlik va
taraqqiyotning qay tarzda amalga oshishi, qanday sodir bo‘lishi kabi
masalalar ham falsafaning azaliy muammolari qatoriga kiradi.
Falsafaning ana shu mavzularga munosabati va ular bilan bog‘liq
muammolarni hal qilishiga qarab farqlanadigan bir necha ta’limot,
qarash, usul va metodlari bor. Dialektika, metafizika, sofistika, eklektika,
dogmatika kabilar shular jumlasiga kiradi. Ularning tarixi nihoyatda
uzoq bo‘lib, Qadimgi Yunoniston va Rim davrida (mil. avv. VII-I asr)
boshlandi. Keyingi yillarda sinergetika ham falsafiy metod va ta’limot
sifatida talqin etilmoqda.
Dialektika – yunon tilida bahs va suhbatlashish san’ati degan
ma’noni anglatadi. Dialektika olamdagi narsa va hodisalar doimo
o‘zgarishda, o‘zaro aloqadorlik va bog‘liqlikda, taraqqiyot va
rivojlanishda deb tushunishdir. Dialektikaga ko‘ra, olamda o‘z o‘rniga va
joyiga, yashash vaqti va harakat yo‘nalishiga ega bo‘lgan barcha narsalar
va hodisalar bir-birlari bilan bog‘liq va aloqador tarzda, bir-birlarini
taqozo etadigan, doimiy va takrorlanib turadigan bog‘lanishlar orqali
namoyon bo‘ladi.
Taraqqiyot jarayonida avlodlar, davrlar, siyosiy tuzumlar, umuman
ijtimoiy voqea va hodisalar o‘z-o‘zidan avtomatik tarzda sodir bo‘lib,
nom-nishonsiz yo‘qolib ketmaydi. Balki ularning barchasi insonlar
o‘rtasidagi o‘zaro aloqa va munosabatlarning hosilasi, ijtimoiy
jarayonlarning natijasi, biror sababning oqibati sifatida namoyon bo‘ladi.
Bir davr ikkinchisining o‘rniga, bir avlod oldingisidan keyin. Bir voqea
boshqasining ortidan sodir bo‘lib turadi. Ana shu abadiy va azaliy
uzluksizlik, doimiy aloqadorlik, vaqtning orqaga qaytmasligi va
voqealarning ketma-ketligi tarzidagi bog‘lanishlar, rivojlanish va
taraqqiyot, olamning rang-barangligi va uyg‘unligi dialektikaning asosiy
tamoyillarini tashkil qiladi.
15
Falsafada mazkur tamoyillarga asoslangan tafakkurni – dialektik
tafakkur, ana shunday dunyoqarashni – dialektik dunyoqarash,
yondashuvni – dialektik yondashuv, metodni – dialektik metod deb atash
an’anaga aylangan. Shu bilan birga u yoki bu olimning ushbu
tamoyillarga asoslanadigan dunyoqarashi, falsafiy ta’limotlari ham bor.
Masalan, Demokrit va Geraklit dialektikasi, Kant yoki Gegel dialektikasi
deyilganda ana shunday hol nazarda tutiladi.
«Metafizika» yunoncha so‘z bo‘lib, «fizikadan keyin» degan
mazmunni ifodalaydi. Bu tushuncha falsafa tarixida birinchi marta,
Qadimgi Yunonistonning buyuk faylasufi Arastuning «Ilk falsafa» deb
atalgan asarlariga nisbatan ishlatilgan.
Metafizika bilish metodi sifatida hali ishlab chiqarish fan yetarli
darajada rivojlanmagan XVI-XVII asrlarda, paydo bo‘ladi. U vaqtlarda
ko‘pchilik tabiatshunoslik fanlari falsafadan endigina ajralib chiqib, ular
predmet va hodisalarni alohida-alohida o‘rganayotgan, ularning
xususiyatlari to‘g‘risida dalillar to‘planayotgan bir paytda metod ijobiy
rol o‘ynagan. Ayni shu vaqtda u tabiatshunoslikdan falsafiy metod
sifatida falsafaga kiritiladi. Lekin u metod faylasuflarni asta-sekin
dunyodagi predmet va hodisalarni bir-biridan ajralgan holda, ularni
umumiy bog‘lanishdan tashqarida tekshirishga va shuning natijasida
predmet va hodisalarni harakat holatida emas, balki harakatsiz holatda,
muhim darajada o‘zgaradigan narsalar sifatida emas, balki abadiy
o‘zgarmaydigan narsalar sifatida, tirik emas, balki o‘lik narsalar sifatida
tekshirishga odatlantirib qo‘ya boshlaydi. Lekin XVIII asrga kelib
tabiatshunoslik va ijtimoiy fanlar to‘plagan materiallar umumlashtirilib,
fanlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlik va bog‘lanishlar aniqlana boshlanib,
metafizikaning cheklanganligi, bir tomonlama metod ekanligi ma’lum
bo‘la boshlaydi.
Sofistika – (yunon. sophisma – ataylab xato dalillar asosida, ko‘p
ma’noli so‘zlarga asoslanib fikr yuritish) – bilib turib, xato asoslardan
yolg‘on xulosa chiqarishdir. Bu yerda so‘fiylik falsafasi emas, balki o‘rta
asrlarda Yevropada keng tarqalgan alohida falsafiy ta’limot nazarda
tutiladi.
Sofistik tafakkur usuli dastlab qadimgi yunon falsafasida paydo
bo‘lib, o‘rta asrlarda ayniqsa keng tarqaladi va rivojlanadi.
Qadimgi davr yunon falsafasida biron-bir bilim sohasini mukammal
egallagan kishilar sofistlar, deb atalgan bo‘lsa, keyinchalik o‘rta asrlarga
kelib, notiq, bilimdonlik, donishmandlik bilan nom chiqargan kishilar
16
ham, turli omonim so‘zlar asosiga qurilgan turli fikrlar bilan kishilarning
boshini qotiradigan, ustamonlik bilan ular fikrlarini chalg‘itadigan
kishilar ham sofistlar deb atala boshlanadi.
Sofistik tafakkur usuli yoki sofistik muhokama jarayonida bilib
turib, ataylab yolg‘on asoslardan yolg‘on xulosalar chiqarish asosida fikr
yuritish usulidir.
Eklektika (yunon. – tanlayman) – turli qarama-qarshi nazariyalarni,
qarashlarni aralash-quralash qilib yuboruvchi tafakkur usulidir. Dialektik
tafakkur usuliga muqobil bo‘lgan tafakkur usullaridan yana biri bu
eklektikadir.
Eklektik tafakkur usuli ham dastlab qadimgi yunon falsafasida
yuzaga keladi. Eklektik tafakkur usuli, ayniqsa, O‘rta asr falsafasi va
yangi zamon falsafasi sxolastiklari qarashlarida keng qo‘llaniladi.
Eklektik tafakkur usulida narsa va hodisalarning muhim va nomuhim,
asosiy va asosiy bo‘lmagan xususiyatlari, ular o‘rtasidagi bog‘lanishlar
mexanik ravishda birlashtirilib, qorishtirilib ifodalanadi. Narsa va
hodisalarga, ularning bog‘lanishlariga aniq, muayyan makon va
zamonda, muayyan vaziyat va shart-sharoitda yondashmaslik, ulardagi
asosiy va ikkinchi darajali tomonlarni hisobga olmaslik asosida eklektik
tafakkur usuli paydo bo‘ladi. Eklektik tafakkur usuli asosida ham formal
mantiq qonunlaridan noto‘g‘ri foydalanish, narsa va hodisalar
mohiyatiga yuzaki yondashish yotadi.
Dogmatika (yunon. o‘zgarmas, qotib qolgan, aqida) – aniq shart-
sharoitlarni hisobga olmay qo‘llaniladigan qoida, prinsip, fikrdir.
Dogmatik tafakkur falsafadagi amaliyot va fanning yangi ma’lumotlarini
hisobga olmay, aniq makon va zamon bilan bog‘liq bo‘lmagan,
o‘zgarmas tushunchalar va qoidalar bilan ish ko‘ruvchi tafakkur usulidir.
Dogmatik tafakkurning asosini metafizika tashkil qilib, u dastlab sofistik
tafakkur usuliga qarama-qarshi o‘laroq vujudga keladi.
Sinergetika – olamning o‘z-o‘zini tashkil etish, makon va zamonda
narsa va hodisalarning azaliy ketma-ketligi, o‘zaro aloqadorligi, ularning
muayyan tizimlardan iborat sababiy bog‘lanishlar asosida mavjudligini
e’tirof etishga asoslangan ilmiy qarashlar majmuasidir. U asosan XX
asrning ikkinchi yarmida shakllangan ta’limot bo‘lib, asoschisi Nobel
mukofoti sovrindori I.Prigojindir, bu ta’limotni dialektika asosida
shakllangan va uni to‘ldiradigan ilmiy qarashlar majmuasi deydiganlar
ham bor. Ularga qarshi o‘laroq, dialektika endi kerak emas, uni
sinergetika bilan almashtirish lozim deb hisoblovchilar ham mavjud.
17
Sinergetikaning XX asrdagi shaxdam odimlari o‘rta asrlarda
Yevropada aniq fanlar sohasida induksiya va deduksiya usullarining
muvafaqqiyatli qo‘llangani, katta mavqega ega bo‘lgani va pirovard
natijada, falsafiy metodga aylanganini eslatadi. Sinergetika XX asr tabiiy
fanlarining falsafa sohasiga kiritayotgan eng katta yutuqlaridan biri
sifatida baholash mumkin. Ammo, bu uning dialektikani falsafadan
butunlay surib chiqardi degani emas. Zero, falsafada har bir ta’limot,
uslub va metodning o‘z o‘rni va faoliyat darajasi bor. Dialektikaning
falsafadagi o‘rni, qadr-qimmati nihoyatda katta va u falsafaning asosiy
qismlaridan biri bo‘lib qolaveradi.
Yüklə Dostları ilə paylaş: |