Nazorat uchun savollar: «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»ning bosh g'oyasi nimadan iborat?
Uzluksiz ta 'lim tizimining mohiyatini yoritib bering.
Oliy о'quv yurtidan keyingi ta ta’lim mazmunini izohlab bering.
Kadrlar tayyorlash milliy modeli nima?
Kadrlar tayyorlash milliy modelining asosiy tarkibiy qismlari nimalardan iborat?
2-MAVZU: PEDAGOGIKA SHAXS TARBIYASI VA RIVOJLANISHI TO’G’RISIDAGI FAN. ILMIY–PEDAGOGIK TADQIQOTLAR METODOLOGIYASI VA METODLARI
REJA: 1. Pedagogika fanining predmeti va vazifalari
2. Pedagogikaning paydo bo’lishi va rivojlanishi
3. Pedagogika fanining asosiy tushunchalari va ularning o’zaro bog’liqliklari
4. Pedagogik fanlar tizimi.
5. Pedagogikaning boshqa fanlar bilan aloqasi.
6. Kasbiy faoliyatda pedagogik nazariyaning o’rni
7. Pedagogik amaliyot va uni o’rganish.
8. Pedagogika fanlar metodologiyasi.
Tayanch so’z va iboralar:Pedagogika, shaxs, tarbiya, didaktika, mohiyat, ta’lim jarayoni, tizim.
Pedagogika fanining predmeti. Pedagogika (yunoncha paidagogike bo’lib, paidagogos «bola» va «yetaklayman») ijtimoiy tarbiyaning umumiy qonuniyatlari, muayyan jamiyatda yagona ijtimoiy maqsadga muvofiq yosh avlodni tarbiyalash hamda unga ta’lim berishning mohiyati va muammolarini o’rganadigan fan. Pedagogika ijtimoiy fanlar tizimiga kiruvchi fan sanalib, yosh avlod hamda kattalarni milliy istiqlol g`oyalari asosida tarbiyalash, unga ta’lim berish muammolarini o’rganadi.
Pedagogika fani shaxsni rivojlantirishning ikki muhim jihati — uni o’qitish va tarbiyalashga asosiy e’tiborni qaratganligi bois didaktika (ta’lim nazariyasi) va tarbiya nazariyasi fanning muhim tarkibiy qismlari hisoblanadi.
Didaktika (ta’lim nazariyasi. yunoncha didaktikos «o’rgatuvchi». didasko «o’rganuvchi») ta’limning nazariy jihatlari, ta’lim jarayonining mohiyati, tamoyillari, qonuniyatlari, o’qituvchi va o’qituvchi faoliyatlari, ta’limning maqsadi, mazmuni, shakl, metod, vositalari, natijasi, ta’lim jarayonini takomillashtirish yo’llari va hokazo muammolarni tadqiq etadi.
Ta’lim o’z mohiyatiga ko’ra umumiy va maxsus kabi turlarga ajratiladi. Umumiy ta’lim har bir shaxsning kamol topishi hamda u tomonidan hayotiy faoliyatni tashkil eta olishi uchun zarur bo’lgan ma’lumotlarni berishga yo’naltiriladi. Umumiy ta’lim asosida o’zlashtirilgan ma’lumotlar kelgusida shaxsning kasbiy tayyorgarligini ta’minlashga imkon beruvchi maxsus ta’lim olishi uchun asos bo’ladi. Maxsus ta’lim— o’zida mutaxassislik xususiyatlarini namoyon qilib, shaxsga muayyan kasbiy faoliyatni tashkil etish borasida nazariy bilimlarni berish asosida amaliy ko’nikma hamda malakalarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Ta’lim, shuningdek, turli darajadagi ta’lim dasturlarini amalga oshirishiga ko’ra maktabgacha ta’lim, umumiy o’rta ta’lim, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim, oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash hamda maktabdan tashqari ta’lim kabi turlarga bo’linadi.
Tarbiya nazarivasi— pedagogikaning muhim tarkibiy qismlaridan biri bo’lib, tarbiya jarayoni mazmuni, shakl, metod, vosita va usullari, uni tashkil etish muammolarini o’rganadi.
Tarbiya muayyan, aniq maqsad hamda ijtimoiy-tarixiy tajriba asosida yosh avlodni har tomonlama o’stirish, uning ongi, xulq-atvori va dunyoqarashini tarkib toptirish jarayonidir.
Ijtimoiy tarbiya aqliy, axloqiy, jismoniy, mehnat, estetik, iqtisodiy, huquqiy, ekologik va jinsiy tarbiya kabi yo’nalishlarda tashkil etiladi.
Ijtimoiy tarbiya va uning bosqichlari. Insoniyatning yashash uchun kurashish va turli tabiiy ofatlardan himoyalanish yo’lida olib borgan harakatlari tarbiya g`oyalarining shakllanishiga asos bo’lib xizmat qilgan.
Ibtidoiy jamoa tuzumida odamlarning guruh-guruh bo’lib hayot kechirishi sababli bolalarga tirikchilik o’tkazish yo’lidagi faoliyat (o’simlik mevalari, ildizlarini terish, hayvonlarni ovlash)ni tashkil etish borasidagi tajribalarni o’rgatish guruh a`zolari tomonidan birdek amalga oshirilgan. Bilimlar, aksariyat hollarda, mehnat va o’yin jarayonlarida o’zlashtirilgan. Mehnat faoliyatini tashkil etish jinsiy xarakterga ega bo’lganligi bois o’g`il va qiz bolalarni tarbiyalashda o’ziga xos jihatlar ko’zga tashlangan.
Oila, xususiy mulk va davlatning paydo bo’lishi ijtimoiy tarbiya mazmunida ham tub o’zgarishlarning sodir etilishi, quldorlarning paydo bo’lishiga olib keldi. Aynan mana shu davrdan tarbiya jamiyatning ijtimoiy talab va ehtiyojlari asosida yo’lga qo’yila boshladi. Erkin fuqarolarni tarbiyaning maqsadi, vazifalari, mazmuni va vositalari borasidagi fikrlar Demokratik, Platon va Aristotellarning asarlarida muhim o’rin egallagan. Mutafakkirlarning asarlarida ushbu fikrlar mustaqil pedagogik nazariya sifatida emas, balki falsafiy qarashlar yoki jamiyatni tashkil etish loyihasining muhim komponenti tarzida bayon etilgan. Ushbu davrda tabiiy-ijtimoiy fanlar tizimi shakllanishi uchun boshlang`ich asoslar qo’yildi.
Quldorlik tuzumida erkin bo’lmagan kishilar (qullar)ning haq- huquqlari cheklanganligi bois tarbiya tizimi faqatgina quldorlar, ularning farzandlari uchun xizmat qilgan.
Quldorlik tuzumi o’rnida shakllangan feodal tuzumda pedagogik g`oyalar feodallar manfaatini ifoda eta boshladi. Mazkur davr pedagogik jarayonni tashkil etishda diniy g`oyalar yetakchi o’rin egallashi bilan tavsiflanadi. Ijtimoiy hayotda diniy muassasalar (G`arbda cherkov, Sharqda esa masjidlar)ning roli osha borib, bolalarni o’qitish va
tarbiyalash ishlari asosan shu maskanlarda tashkil etildi. Garchi dunyoviy g`oyalarni ilgari surish, ilmiy nazariyalarni yaratish va targ`ib etishning din peshvolari tomonidan qoralanishi kabi holatlar ham ko’zga tashlangan bo’lsa-da, ammo savdo-iqtisodiy aloqalar ko’lamining kengayishi, tabiiy ofatlarga qarshi keskin chora ko’rish ehtiyoji ilmiy bilimlarni rivojlantirish hayotiy zaruriyat ekanligini isbotladi. Insoniyat tarixidan mustahkam o’rin olgan Sharq Uyg`onishi deb nom olgan tarixiy jarayon aynan feodal tuzumi — o’rta asrlar davrida sodir bo’ldi. Sharqda buyuk allomalar — Muhammad Muso al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad al-Farg`oniy, G`arbda esa T.Mor, T.Kampanella, E.Rotterdamskiy, F.Rable, M.Monten va boshqalar tomonidan har tomonlama rivojlangan, ruhiy va jismoniy jihatdan sog`lom, antik dunyo va burjuaziya davri yutuqlari asosida ilmiy bilimlarni o’zlashtira olgan shaxsni tarbiyalash g`oyasi ilgari surildi va puxta asoslab berildi.
Savdo, hunarmandchilik va manufaktura negizida rivojlanib borayotgan ishlab chiqarishni yanada takomillashtirish yo’lidagi amaliy harakatlar bu boradagi muvaffaqiyat murakkab texnikani boshqara oladigan shaxsni shakllantirish evaziga hal etilishini tasdiqladi. Mazkur davrda ilg`or, progressiv pedagogik g`oyalar ilgari surildi. Aksariyat g`oyalar mazmunida bilim olishga nisbatan ijtimoiy tenglikni qaror toptirish borasidagi qarash o’z ifodasini to’di.
Aynan shu davrda pedagogika fani asoslari muayyan tizimga solindi va ilmiy jihatdan asoslandi. Bu o’rinda pedagogika fani rivojiga o’zining munosib hissasini qo’shgan mutafakkirlar: G`arbda — Ya.A.Komenskiy, D.Didro, J.J.Russo, F.Gerbart, V.V.Disterveg, K.D.Ushinskiy, A.S.Makarenko, V.A.Suxomlinskiy, Sharqda I.Ibrat, S.Siddiqiy, A.Shakuriy, S.Ayniy, A.Avloniy, A.Fitrat, H.H.Niyoziy, M.Abdurashidov, M.Behbudiylar shaxsga ta’lim berish va uni tarbiyalash borasidagi qarashlarni yanada boyitdilar hamda ta’lim tizimiga ilm-fan, texnika yangiliklarini tatbiq etish, o’qitishni yangi tizim (izchil, uzluksiz, asoslangan) asosida tashkil etish kabi g`oyalarni ilgari surdilar.
Sobiq Sho’ro davrida pedagogika fani mazmunan ilm-fan, texnika va texnologiya yutuqlari asosida boyidi, ta’lim muassasalari tizimi shakllantirildi, shuningdek, har tomonlama (gormonik) rivojlangan shaxsni shakllantirish nazariyasi asoslandi. Biroq, mazkur nazariya g`oyalarini amaliyotga tatbiq etishning puxta asoslangan mexanizmi yaratilmadi.
Pedagogika kontekstlik ma’nosiga ega bo‘lib o‘rganuvchining turli xil faoliyatlarida o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Amerikalik pedagog olim Bernstein fikriga ko‘ra pedagogika bir insonning ongli faoliyati boshqa bir insonni o‘rganishini ta’minlaydi. Uning fikricha pedagogika shaxsning yangi jihatlarini kashf qilish, fikrlarni bog‘lash, bilim, amaliyot va shaxs fikrini ta’minlovchi vosita xisoblanadi.Shu bilan birga u o‘qituvchining tashkilotchiligi,boshqaruvchanligi, talaba fikrini tahlil qila olishi va talabaga nisbatan o‘qituvchi masxuliyatini ko‘rsatuvchi xisoblanadi.2 Alexander’s fikriga ko‘ra pedagogika ham faoliyat ham tahlil turi xisoblanadi. Pedagogika o‘qituvchilarning fikrlashi, ularning e’tiqodi, munosabati, bilimi, talabalarni o‘qitish va o‘rganish jarayonida dars rejasini tushunishi, shuningdek ularni o‘qitish jarayonidagi ta’siridir va pedagogika ijtimoiy, madaniy, siyosiy jarayonlar bilan bog‘langan3. O’zbekiston Respublikasi mustaqillikni qo’lga kiritgach, rivojlanish va taraqqiyot yo’li demokratik, insonparvar va huquqfy jamiyatni barpo etishdan iboratligi e’tirof etilib, «Ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, uni o’tmishdan qolgan mafkuraviy qarashlar va sarqitlardan to’la xalos etish» davlat siyosatining ustuvor yo’nalishlaridan biri deya belgilandi. Asosiy e’tibor yuksak ma`naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi, yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga qaratildi.
Respublikada ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy mazmun hamda yo’nalishlari O’zbekiston Respublikasining «Ta’lim to’g`risida»gi Qonuni va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» kabi me`yoriy hujjatlarda belgilab berilgan.
Demak, mavjud sharoitda pedagogika fani barkamol shaxs va malakali mutaxassisni tayyorlashga yo’naltirilgan ijtimoiy harakat istiqbollari, bu boradagi muammolar va ularni hal etish yo’llarini o’rganadi.