O‘zbekistonning mustaqil demokratik taraqqiyot yo‘li. Milliy tiklanish bosqichi va uning o‘ziga xos xususiyatlari.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng iqtisodiy, ijtimoiy siyosiy, mafkuraviy-ma’naviy sohalarda taraqqiyot va yangilanishning o‘ziga xos hamda o‘ziga mos yo‘lini tanladi. Respublikamizning bozor iqtisodiyotiga o‘tish tajribasi, «o‘ziga xos va o‘ziga mos» taraqqiyot yo‘li, istiqlolning dastlabki kunlaridan boshlab milliy an’analarimizga asoslangan yangi davlatchilik nazariyasi, milliy tiklanish g‘oyasi, istiqbolda mo‘ljallangan strategik masalalar, mintaqaviy va xalqaro siyosat, O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida tutgan o‘rni va mavqei kabi dolzarb masalalar ishlab chiqildi. Shuningdek, O‘zbekistonda qurilayotgan huquqiy demokratik davlat xususiyatlari, demokratiya va xalq ruhiyati, demokratik tamoyillar rivoji, madaniyatlar va цivilizatsiyalar sintezi, fuqarolik jamiyati tizimini shakllantirish yo‘llari, milliy mafkura zarurati va uning negizlari, milliy qadriyatlarni tiklash, necha ming yillik tariximizni o‘rganishning konцeptual g‘oyalari asoslab berildi. Xalqimiz istiqlol davrida erishilgan barcha yutuq va natijalarni haqli ravishda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning nomi va faoliyati bilan uzviy bog‘liq holda ko‘radi. Butun O‘zbekiston bolalari – mening farzandlarim deb bilgan, mamlakatimizning kelajagi zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, iste’dodli, izlanuvchan yoshlar qo‘lida ekanini chuqur anglagan holda, u kishi yoshlarimizning ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishga xizmat qiladigan, navqiron avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishning yangi tizimini shakllantirish hamda hayotga joriy etish ishlariga bevosita rahbarlik qildi. Islom Karimov ham mustaqil demokratik taraqqiyot va jamiyat rivojlanish qonununiyatlarini asoslab, o‘z asarlarida muhim nazariy-konцeptual g‘oyalarni ishlab chiqdi.
Ma’lumki, Islom Abdug‘anievich o‘z rahbarlik faoliyatining mazmuniga aylangan «Bizdan ozod va obod Vatan qolsin!» degan ezgu g‘oyani ilgari surgan va bu shior barchamizning, butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan edi. Ulug‘ yo‘lboshchi ana shu buyuk vazifani hamma vaqt, har qanday vaziyatda ham sharaf bilan ado etdi, bu yo‘lda beqiyos kuch-g‘ayrati va aql-zakovatini, kerak bo‘lganda hatto aziz jonini ham ayamadi. Ko‘pni ko‘rgan xalqimiz aynan Islom Abdug‘anievich rahbarligida g‘oyat murakkab tarixiy davrda mamlakatimiz mustaqillikka erishganini, milliy davlatchiligimizni tiklash va dunyo hamjamiyatidan munosib o‘rin egallash, O‘zbekiston Respublikasi Konstituцiyasini ishlab chiqish va amalga tatbiq etish, hayotning barcha soha va tarmoqlarini isloh qilish borasida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritganini, bularning barchasi erkin va farovon hayotimiz uchun mustahkam poydevor bo‘lib kelayotganini hech qachon unutmaydi1.
Albatta jamiyat taraqqiyotining muayyan bosqichlarida ijtimoiy hodisalarga munosabat xilma-xil tarzda namoyon bo‘ladi. Xususan, mustaqqilligimizning birinchi kunidan boshlab, hayotimizning barcha jabhalarida «qadriyatlar», «milliy tiklanish», «milliy ong», «milliy g‘urur», «milliy iftixor» kabi atamalar tez-tez ishlatiladigan bo‘lib qoldi. Bu bejiz emas. Zotan, mustaqqillik, ayni paytda, milliy tiklanish hamdir. Uni esa mazkur tushunchalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
1991yil 31avgustda Islom Abdug‘anievich Karimov O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qildi. Shu kundan e’tiboran jahon xaritasida yangi mustaqil va suveren davlat – O‘zbekiston Respublikasi paydo bo‘ldi. Darhaqiqat, “Bundan yigirma sakkiz yil oldin Birinchi Prezidentimiz, muhtaram Islom Abdug‘anievich Karimov xalqimiz va jahon hamjamiyatiga O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qildi. O‘tgan qisqa davrda jonajon O‘zbekistonimiz mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli istiqlol yo‘lini bosib o‘tdi.
Bugun bir haqiqatni katta g‘urur va iftixor bilan aytishga to‘la asosimiz bor: mard va matonatli xalqimiz qanchalik qiyin va og‘ir sinovlarga duch kelmasin, o‘zining mustahkam irodasini namoyon etib, o‘zi tanlab olgan mustaqillik yo‘liga doimo sodiq bo‘lib kelmoqda2.
Davlat va jamiyat boshqaruvi murakkab jarayon bo‘lib, uni tashkil etish va boshqarish bo‘yicha turli xil modellar, boshqaruv shakllari hamda yo‘llari ishlab chiqilgan. Insoniyat tomonidan ming yillar davomida “taraqqiyparvar davlat”, “komil jamiyat” barpo etish g‘oyasi ilgari surilgan. Shu asosda o‘tgan asrdan boshlab jahon amaliyotida huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini tashkil etish bo‘yicha amaliyot bir necha davlatlar tajribasida qo‘llanilib, hayotda o‘z samarasini berdi. Bugungi kunda esa o‘z suverenitetiga ega bo‘lgan ko‘pgina mamlakatlar uchun bunday yo‘l eng maqbul maqsadga aylandi.
Jonajon Vatanimizning ko‘p ming yillik tarixida yangi davr – erkinlik va ozodlik, milliy tiklanish va taraqqiyot davri boshlandi.
Albatta, ushbu yutuqlarning qo‘lga kiritilishida Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘anievich Karimovning tarixiy xizmatlari beqiyos bo‘lganini bugun barchamiz, butun xalqimiz takroran esga olishimiz tabiiydir.3
Ma’lumki, Islom Karimov respublikamiz rahbari sifatida ish boshlagan4 paytda (1989 yil 23 iyun) o‘lkamizda uzoq yillar davomida hukm surgan kommunistik mafkura va faqat xom ashyo yetkazib berishga asoslangan bir yoqlama iqtisodiy siyosat har bir sohada o‘zining halokatli salbiy ta’sirini keng miqyosda ko‘rsata boshlagan edi.
Respublikamiz rahbari etib saylangan Islom Karimov ishga kirishgan kunning ertasigayoq, ya’ni 1989 yil 24 iyun kuni O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetida katta majlis o‘tkazdi va unda nutq so‘zladi. Bu nutq mohiyat e’tiboriga ko‘ra Islom Karimovning O‘zbekiston rahbari sifatidagi birinchi nutqi ekani bilan ham alohida tarixiy ahamiyatga egadir. Ushbu chiqishda Islom Karimovning siyosiy yetakchiga xos barcha fazilatlari yaqqol namoyon bo‘ladi. O‘zining keskin tanqidiy va amaliy ruhi bilan ajralib turadigan mazkur nutqida O‘zbekistonda vujudga kelgan o‘ta murakkab ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat va uning sabablarini chuqur tahlil qilib, achchiq va haqqoniy bir xulosaga keladi. «Biz bundan buyon eskicha yashayolmaymiz va bunday yashashga zamonning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi», deb yangi lavozimga qanday ulug‘ maqsad va mas’uliyat bilan kirishayotgani, o‘z faoliyatida islohotchilik, el-yurtning dardu tashvishlari eng oliy mezon bo‘lib qolishini ochiq bayon qiladi.
Vaqt va hayotning o‘zi Islom Abdug‘anievich Karimov zamonamizning yetuk siyosatchisi, dunyoda va turli mintaqalarda yuz berayotgan o‘ta murakkab voqea-hodisalarning mohiyatini davlatchilik nuqtai nazaridan ko‘ra oladigan, o‘z yurti va xalqi uchun, har bir vatandoshimizning taqdiri uchun ulkan mas’uliyat tuyg‘usini teran his etadigan atoqli rahbar ekanini har tomonlama tasdiqladi. Milliy tariximizning eng keskin va tahlikali davrida, turli ziddiyatlar avj olgan, mamlakatimizda millatlar va fuqarolar o‘rtasida urush xavfi yuzaga kelib, iqtisodiyot og‘ir ahvolga tushib qolgan, muxtasar aytganda, eski tuzumning umri tugab, yangi zamon boshlanayotgan bir paytda olib borilgan boshqaruv va davlat siyosati, tom ma’nodagi tarixiy islohotlar O‘zbekistonning, o‘zbek xalqining keyingi taqdiri va taraqqiyotida, hech shubhasiz, hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Sh.M.Mirziyoev ta’kidlaganidek, mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, o‘zbek xalqining ulug‘ va ardoqli farzandi, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov Vatanimizni mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, halokat yoqasiga kelib qolgan yurtimizni qayta tikladi. Buyuk Yo‘lboshchimiz g‘oyat qaltis va tahlikali bir vaziyatda og‘ir qiyinchiliklar va sinovlarga qaramay, tarixan qisqa davrda O‘zbekistonni jadal va barqaror sur’atlar bilan rivojlanayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylantirdi5. Mustaqil davlat sifatida rivojlanish yo‘limizning asosiy prinцiplari, umummilliy shioriga aylanib ketgan «O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat», «Mustaqillik – bu avvalo huquqdir», «Yangi uy qurmasdan turib, eskisini buzmang», «O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘li», «Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun», «O‘zbek xalqi hech qachon hech kimga qaram bo‘lmaydi», «Bizdan ozod va obod Vatan qolsin» kabi mashhur iboralar sokin kabinetlarda emas, aksincha, ana shunday shiddatli kurashlar, tinimsiz bahs va munozaralar, achchiq hayotiy tajribalarda tug‘ilganini anglashda mustaqil O‘zbekiston mustaqilligining 20 yillik sanasida O‘zbekiston nashriyoti tomonidan nashr etilgan va Mustaqil O‘zbekistonning yangi tarixiga aloqador bo‘lgan 35 ta faktik daliliy materiallarni qamrab olgan “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” deb nomlangan kitob g‘oyat muhim manba vazifasini bajaradi. Jumladan, o‘lkamizdagi vaziyatni chinakamiga o‘nglash, yurtdoshlarimizning hayotga qarashini, bugungi va ertangi kunga ishonchini mustahkamlash uchun avvalo, ularning iqtisodiy, moddiy ahvolini yaxshilash zaruratini chuqur anglagan Islom Karimov aholi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan juda katta bir masalani – odamlarga tomorqa yer berish masalasini kun tartibiga qo‘yadi. 1989 yil 17 avgustda respublika hukumatining Toshkentda bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida aholiga tomorqa va shaxsiy uchastkalar ajratish masalasi muhokama qilinadi va «Qishlokda yashovchi har bir oilani tomorqa bilan ta’minlash, ularga yakka tartibda uy-joy qurish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berish haqida» qaror qabul qilinadi. Ushbu tarixiy hujjatda qishloqda yashovchi har bir kishiga o‘rtacha 25 sotixdan yer ajratib berish va tomorqa maydonlarini qariyb 4,5 barobar ko‘paytirish ko‘zda tutilgan edi.
Bundan tashqari, yuz minglab gektar sug‘oriladigan yer texnik ekinlar oborotidan chiqarildi, paxta yetishtirish plani 700 ming tonnaga kamaytirildi. Bu – paxta yakkahokimligini bartaraf etish yo‘lidagi dastlabki, ammo o‘ta muhim amaliy qadam edi.6 1989 yilning sentyabr – oktyabr oylarini tasavvur etib ko‘raylik. Axir bu davr sobiq sovet tuzumining obrazli qilib aytganda “qamchisidan qon tomib turgan” vaqt edi. Chunki bu davrda Boltiqbo‘yi, Kavkazorti mamlakatlarida mustaqillik uchun bo‘lgan dastlabki kurashlar boshlangan, juda qaltis siyosiy vaziyat hukron bo‘lgan payt edi. O‘zbekistonda ham bunday harakatlarning boshlanishi o‘z-o‘zidan Moskvaga yoqmasligi, kuchli e’tirozlar va qarama-qarshiliklar bo‘lishi tabiiy edi. Ammo Birinchi Prezidentimiz o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish tashabbusi bilan chiqib, kuchli iroda va qat’iy jur’at bilan himoya qilib, “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishiga erishgan. 1989 yil 21 oktyabr O‘zbek tilini davlat tili deb qonunning qabul qilinishi mustaqil taraqqiyot yo‘liga o‘tishdagi eng muhim siyosiy qadamlardan biri bo‘ldi.
Tilning davlat tili maqomida bo‘lishi shu davlatning mustaqilligini ko‘rsatuvchi muhim shartlardan biridir. Bugun yer yuzida 7000 ga yaqin til va laxja bo‘lsa, ulardan bor-yo‘g‘i 178 tasi davlat tili maqomiga ega. Ular orasida o‘zbek tili ham borligi bizning baxtimiz, faxrimizdir.
O‘tgan yillarga nazar tashlasak, milliy tilimizga munosabat va e’tiborning qanchalik o‘zgarganligiga guvoh bo‘lamiz. Hech ikkilanmay aytish mumkinki, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning istiqlolga erishish, shu yurtda yashayotgan, uning rivoji, istiqboli uchun jon kuyidirayotgan har bir insonning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Zero, o‘zlikni anglash, milliy iftixor hissining shakllanishi millat tilining mustaqilligi, erkinligi bilan bog‘liqligi hech kimga sir emas.
1990 yilda umumxalq tantanasi sifatida “Navro‘z” bayramini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Respublikada insoniy qadriyatlarni yanada kamol toptirish, o‘z o‘ziga ishonch ruhi va milliy g‘ururni mustahkamlash, do‘stlik, birodarlik, hamjihatlik, mehr-shafqatni ulug‘lash, madaniy va tarixiy an’analarni davom ettirish hamda rivojlantirish, asrlar davomida shakllangan urf-odatlar va udumlarni e’zozlash maqsadida 21 mart Navro‘z umumxalq bayramini keng nishonlash, bayrami an’analariga binoan, har bir fuqaroga izzat-ikrom ko‘rsatish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston xalqining istiqlolga bo‘lgan intilishi, orzu-umidlari ro‘yobi ifoda etilgan Mustaqillik deklaratsiyasi O‘zbekiston Oliy Kengashi tomonidan 1990 yil 20 iyunda sobiq SSSR tarkibiga kiritilgan respublikalar ichida birinchilardan bo‘lib qabul qilindi.
Bu hujjatning tarixiy ahamiyati shundan iborat ediki, u o‘zbek davlatchiligi tarixidagi birinchi tinch yo‘l bilan o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi to‘g‘risidagi hujjat edi. O‘zbekiston o‘zining tashqi munosabatlarida, davlat hokimiyati masalalarini hal etishda tanho hokimligini, uning chegaralari va hududi daxlsiz ekanligi, o‘z taraqqiyot yo‘lini, o‘z nomini, davlat ramzlarini (gerb, bayroq, madhiya) o‘zi ta’sis etishi va demokratik huquqiy davlat tashkil topganligini butun dunyoga ma’lum qildi.
Mazkur xujjat O‘zbekiston qonunlarini Ittifoq qonunlaridan ustivorligini ham ta’minlab, O‘zbekistonning 1991 yil 31 avgustga qadar mavjud bo‘lgan boshqaruv, huquqiy faoliyatini, barcha sohada mustaqil siyosat olib borish imkonini berdi.
Mustaqillik deklaratsiyasi tamoyillari asosida O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi qonuni, Bosh qomusimiz qabul qilindi.
Mustaqillik deklaratsiyasi 12 moddadan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Sovet Soцialistik Respublikasi Oliy Soveti: o‘zbek xalqining davlat qurilishidagi tarixiy tajribasi va tarkib topgan boy an’analari, har bir millatning o‘z takdirini o‘zi belgilash huquqini ta’minlashdan iborat oliy maqsad haqi, har bir kishining farovon hayot kechirishini ta’minlashni oliy maqsad deb bilgan holda, O‘zbekiston xalqlarining kelajagi uchun tarixiy mas’uliyatni chuqur his etgan holda, xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlarga va demokratiya prinцiplariga asoslanib, O‘zbekiston SSRning Davlat mustaqilligini e’lon qildi.
Xalqning madaniy qadriyatlari, ma’naviy merosi ming yillar mobaynida Sharq xalqlari uchun qudratli ma’naviyat manbai bo‘lib xizmat qilgan.
O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgandan keyingi o‘tgan davr ichida mamlakatimizning barcha soxalarida bo‘lganidek, milliy-ma’naviy hayotimizda ham ulkan o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Ayniqsa, millatimizning o‘zligini anglash jarayonlari, o‘z milliy-ma’naviy merosni o‘zlashtirish, milliy urf-odatlar, an’analar, qadriyatlarimizni tiklash va muqaddas dinimizning ulkan imkoniyatlaridan baxramand bo‘lish borasida ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi
Milliy o‘zini anglash etnik umumiylikni anglash va boshqa etnoslarning mavjudligini e’tirof etish; milliy qadriyatlar, til, ona yer, ma’naviyatga sodiqlik; vatanparvarlik; milliy mustaqillik va millatni rivojlantirishga intilish hamda milliy manfaatlarni anglash va uni himoya qilish salohiyati kabilardan tashkil topadi.
Mamlakatimiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgandan keyin o‘zbeklar bilan yonma-yon yashayotgan millatlar va elatlar manfaatlarini hisobga olish davlat siyosatida yetakchi o‘ringa ko‘tarildi. Bu xaqiqatni alohida ta’kidlash lozim. Jumladan, mustaqilligimizning dastlabki kunlaridayoq I.A.Karimov “...ozchilikdan iborat millatlarning manfaatlari va huquqlarini himoya qilish, ularning madaniyati, tili, milliy urf-odatlari va an’analari saqlanishi va rivojlanishini kafolatli ta’minlash, davlat tuzilmalarining faoliyatida va jamiyat turmushida faol qatnashish”, siyosiy sohadagi vazifalardan biri ekanligini ta’kidlagan edi.
Millatning mustaqilligini, uning o‘ziga xosligini faqat milliy g‘oyalar, ularning moddiy kuchga aylanishi natijasida ta’minlash mumkin bo‘ladi. Milliy g‘oya xar bir insonning o‘zini anglashi jarayonida shakllana boshlaydi.
Milliy taraqqiyot — evolyuцion xarakterga ega, u millatning shakllanishi, takomillashishi va yuksalishi kabi uzluksiz jarayondir. Milliy tiklanish, millat taraqqiyoti tarixining ma’lum bir bosqichida ma’lum sabablar oqibatida boy berilgan salohiyatni qaytadan millat taraqqiyotiga yo‘naltirish bilan bog‘lik bo‘lgan jarayondir. Jamiyat rivojida milliy taraqqiyot modelining o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki aynan milliy taraqqiyot modeli xalq, millat tomonidan ma’qullangan ijtimoiy – siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy rivojlanish yo‘llarini, davlat boshqarish usullarini, mintaqaviy va global integratsiya strategiyasi tushuniladi. U milliy davlatning ichki va tashqi siyosatiga oid, ichki xususiyatidan kelib chiqadigan konцeptual g‘oya, rivojlanishning nazariy andozasi, amaliy muammolarini hal etish mexanizmlarining mujjassammidir. Uning markazida milliy taraqqiyot manfaatlari, ushbu manfaatlarni ifoda etish va himoya qilish chora – tadbirlari turadi.
Dostları ilə paylaş: |