Nihoyat, jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish ham, jinoyat sodir etishga
suiqasd qilish ham jinoyatchi erishishni ko‘zlagan jinoiy natijaning mavjud
emasligini nazarda tutadi. Subyektga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra,
jinoiy natijaning mavjud emasligi tamom bo‘lgan va tamom bo‘lmagan
jinoyat o‘rtasidagi chegara hisoblanadi. Biroq, agar jinoiy natijaning
mavjud emasligi subyektning harakati oqibati bo‘lsa (jinoiy niyatni
bajarishdan ixtiyoriy qaytish), u holda shaxsni
jinoiy javobgarlikka
tortishga ham asos bo‘lmaydi.
Xullas, faqat qasddan sodir etiladigan jinoyat bosqichlari jinoyat-
huquqiy ahamiyat kasb etadi. Ehtiyotsizlikdan sodir etilgan jinoyatlar
bosqichlari jinoiy deb tan olinmaydi, zero, ehtiyotsiz
jinoyatlar ijtimoiy
xavfli oqibat kelib chiqmasdan oldin jinoyat-huquqiy jihatdan neytraldir.
Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish uchun ham, jinoyat sodir etishga
suiqasd qilish uchun ham jinoiy qilmishni sodir etishga qasdning va
qilmishning mavjudligi hamda jinoiy natijaning mavjud emasligi bir xilda
zarur.
Jinoyat bosqichlari qasddan sodir etilgan jinoyatni kvalifikatsiya
qilishda, chunonchi jinoyat tamom bo‘lganmi yoki yo‘qmi, tamom
bo‘lmagan bo‘lsa, qaysi bosqichda to‘xtatib qo‘yilgan –
tayyorgarlik
ko‘rish bosqichida (tayyorgarlik ko‘rish bosqichi) yoxud jinoyat
tarkibining obyektiv tomonini bajarish bosqichida to‘xtatilganligi
(jinoyatga suiqasd qilish) nuqtai nazaridan muhim hisoblanadi. Bunda
tamom bo‘lmagan jinoyatni kvalifikatsiya qilishda shunga e’tibor berish
lozimki, jinoyatni sodir etishning har keyingi bosqichi oldingi bosqichini
o‘z ichiga qamrab oladi. Masalan, o‘g‘rilik jinoyatini sodir etish niyatidagi
shaxs, avval ba’zi tayyorgarlik harakatlarini sodir etib (qurol topadi, turli
moslamalar tayyorlaydi va h.k.), keyin o‘zganing mulkiga tajovuz qilish
davomida, harakatlari unga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra to‘xtatilsa,
shaxs o‘g‘rilik jinoyatini sodir etishga
suiqasd qilganligi uchun
javobgarlikka tortiladi. Shu bilan birga, shaxs o‘zganing mol-mulkini
yashirin ravishda talon-toroj qilsa hamda ushbu mulkdan o‘z manfaatlariga
ko‘ra foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lsa, uning harakatlari tamom
bo‘lgan o‘g‘rilik deb kvalifikatsiya qilinadi.
266