9.2. Savdo korxonalari daromadlarining tahlili Savdoda daromadlarining tahlilining vazifasi yalpi daromad, uning tarkibiy turlari bo‘yicha rejaning bajarilishi, ularni dinamikasini (o‘zgarish) tendensiyalari, tarkibiy siljishlar hamda ularga ta’sir qilgan omillarni ta’sir darajasini aniqlash asosida korxonani moliyaviy-xo‘jalik faoliyati natijasiga baho berish bo‘lib hisoblanadi.
Daromadlarni tahlil qilishda buxgalteriya, moliyaviy, statistik hisobotlar va tanlab kuzatish, ekspert baholash natijalari kabi ma’lumotlar ishlatiladi.
Hisobotlarga quyidagilarni kiritish lozim:
buxgalteriya balansi - 1-sonli shakl;
moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot 2-sonli shakl;
pul oqimlari to‘g‘risidagi hisobot;
foyda va zararlar to‘g‘risidagi hisobot – 9-shakl;
korxona xarajatlari to‘g‘risidagi hisobot – 5-S (savdo) shakli;
ulgurji va chakana tovar aylanmasi to‘g‘risidagi hisobot – 1-savdo shakli;
tovarlar sotish va qoldiq to‘g‘risidagi hisobot – 3-savdo shakli.
Bulardan tashqari buxgalteriyadagi tovar guruhlari bo‘yicha savdo ustamalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ishlatiladi.
Daromadlar miqdori absolyut – so‘mda va nisbiy ko‘rsatkichlarda hisob-kitob qilinadi. Uning nisbiy ko‘rsatkichlariga quyidagilarni kiritishni tavsiya qilamiz:
sotishdan olingan daromadlarga muomala xarajatlarini nisbati, foizda yoki koeffitsientda;
yalpi daromadlarini barcha aktivlarga nisbati, foizda yoki koeffitsientda;
yalpi daromadlarni asosiy fondlarga; aylanma mabalag‘larga, moliyaviy resurslarga nisbati, foizda yoki koeffitsientda;
moliyaviy faoliyatdan olingan daromadlarni moliyaviy resurslarga nisbati, foizda yoki koeffitsientda.
Bundan tashqari daromadlarni tarkibi har bir elementini ularga tegishli, ularni shakllantiradigan ko‘rsatkichlarga yoki manbasiga nisbatan tegishli ko‘rsatkichlar aniqlanishi ham maqsadga muvofiqdir.
Daromadlarni tahlil qilishda yalpi daromadga, uning tarkibiy qismi sotishdan olingan daromadlar, asosiy faoliyatdan olingan boshqa daromadlar, moliyaviy faoliyatdan olingan daromadlarga savdoning iqtisodiy faoliyatidan kelib chiqadigan omillar ta’sirini o‘rganish katta ahamiyat tutadi. Daromadlarning hajmiga, uning turlariga mos ravishda bir necha omillar ta’sir qiladi.
Tovarlarni sotishdan olingan daromadlarga quyidagi omillar ta’sir qiladi:
tovar oborotining hajmi, tarkibi va assortimenti;
tovarlarni keltirish shartlari;
tovarlarni siljitish. Bu jarayonda tovarlar fizik (real) miqdorda ishlab chiqarishdan chakana savdoga yetkaziladi. Tovarlarni siljitish bir necha bo‘g‘inlardan iborat bo‘ladi (ulgurji savdo bazalari, omborlari; har xil vositachilar). Ushbu bo‘g‘inlar qancha ko‘p bo‘lsa, savdo ustamasi ularning o‘rtasida taqsimlanadi va chakana savdoning hissasini kamayishiga olib kelishi mumkin. Ularning soni tovar assortimentlarining murakkabligiga, tovarlarni ishlab chiqarishdan chakana savdoga yetkazish shart-sharoitlariga va boshqalarga bog‘liq.
savdo ustamasining darajasi (sotib olish bahosiga nisbatan, %);
tovarlarni sotishda aholiga ko‘rsatiladigan qo‘shimcha xizmatlarning soni, sifati va ularning tariflari.
Tovar oborotining ortishi daromadlarni ortishiga olib keladi, chunki qancha tovar ko‘p sotilsa, shuncha savdo ustamasining summasi yuqori bo‘ladi.
Tovarlar assortimentiga qarab har xil ustamalar belgilanadi, bu esa agar yuqori ustama qo‘yilgan tovarlar ko‘proq sotilsa, ular uchun ustama summasi yuqori bo‘ladi yoki teskari holat ro‘y berishi mumkin.
Tovarlarni keltirish shartlariga e’tibor qaratsak, baholar o‘zgarmagan sharoitda tovarlarni siljitish bo‘g‘inlari qancha ko‘p bo‘lsa, chakana savdo bo‘g‘inlari shuncha kam daromad olishlari mumkin. Bozor raqobati sharoitida savdo korxonalari savdo ustamalarini mustaqil belgilaydi. Ayrim tovar guruhlari bo‘yicha savdo ustamalari davlat va mahalliy hokimiyatlar tomonidan chegaralanishi mumkin. Buni ular aholining kundalik ehtiyojiga taalluqli tovarlarni bahosini chegaralash maqsadida ham amalga oshiradi. Bu jahon amaliyotida ham mavjud. Lekin bunday sharoitda bir tomondan daromadni kamaytirmaslik kerak, ikkinchi tomondan, iste’mol tovarlariga raqobatbardosh baholarni ushlab turish zarar bo‘ladi.
Daromadlarni boshqa turlariga ta’sir qiluvchi omillar ularning iqtisodiy tabiatidan va shakllanish sharoitidan kelib chiqqan holda aniqlanadi (masalan: har xil xizmatlar va ularning ta’riflari, qimmatbaho qog‘ozlar bahosi, har xil foizlar va h.k.)
Favqulotda daromadlarning vujudga kelishi, ularni iqtisodiy tabiatidan ma’lum, lekin bularni ham sabablarini aniqlash, tahlil qilish, xulosalar qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Tahlil jarayonida biz yuqorida keltirgan ko‘rsatkichlarni rejaga nisbatan o‘zgarish miqdori, bir necha yillarga dinamikasi hisob-kitob qilinishi kerak.
Daromadlarni tahlili foyda va rentabellik ko‘rsatkichlarining tahlili bilan bog‘liq bo‘lganligi munosabati bilan ularning tahlili foyda va rentabellikni tahlili paragrafida kengroq yoritiladi.