Tavhid haqiqati — Allohning barcha kitoblarida uqtirilgan, ajdodlarimiz asrlar davomida anglab yetgan va imon keltirgan Borliq haqiqati bo’lib, Tavhid e'tiqodida ifodalanadi. Tavhid haqiqatining mohiyati shundaki, yagona Alloh irodasi bilan biz ko’rib turgan Borliqning har bir uzvi, qismi, zarrasi o’zgalari bilan bog’liq, o’zaro aloqadordir. Shu sababli Borliqdagi har bir zarra o’zgarishi butun Borliqni o’zgartiradi, har bir zarradagi o’zgarish esa, o’z navbatida, butun borliqdagi o’zgarishdan kelib chiqadi. Bu umumjahoniy qonuniyataro yer yuzida xalifa qilib yaratilgan Inson zotining alohida imtiyozi -uning irodasi erkin, unga ongli va ixtiyoriy harakat qilish imkoni berilgan. Shu bilan birga Yer yuzida xalifalik ham katta imtiyoz, ham jiddiy mas'uliyatdir — ongli va hur zot sifatida Inson har bir qadami uchun butun Borliq oldida mas'ul, har bir xatti-harakatiga Alloh oldida javob beradi. Tavhid haqiqatining yana bir sirini e’tirof etish kerak. Borliqning yagonaligi shuni taqozo qiladiki, undagi eng ibtidoiy makonda siljish harakatidan eng oliy ma'rifat yo’llarigacha aslida bir paytning o’zida mavjud. Faqat insoniy mantiqning muayyan darajada chekli ekanligi bois, biz tasavvur etgan zamon va makonda har bir narsa-hodisaning holati kamolotning muayyan bosqichi doirasida tasavvur qilinadi.
Yangi davrning ma'naviy mohiyati - Yangi davrning buyuk haqiqati ikki asosda: 1) dunyoni surat va ma'no yaxlitligida o’rganish va 2) bahamjihatlikda boshqarishga intilish bilan o’zligini namoyon etadi.
Yangi davr ma'naviyatiga o’tish yoki islom mintaqa madaniyati davri ma'naviy yutuqlarining ommalashuvi bosqichi — Yangi davr milliy ma'naviyatimiz takomilining ikki bosqichidan birinchisi, XVI asrdan XIX asrning birinchi yarmigacha davom etadi. Bu bosqichda yaxlit islom mintaqa madaniyati erishgan yutuqlar zaminida mahalliy o’lkalar keng xalq ommasining ma'naviy saviyasi oshib bordi, mintaqa xalqlari o’tgan davrda erishilgan yuksak ma'naviy qadriyatlarni saqlab qolishga va rivojlantirishga urindilar, shu bilan birga mintaqa siyosiy hayotida tanazzul jarayonlari yildan yilga kuchayib, islom dunyosida siyosiy parokandalik va yaxlit mintaqa madaniyatining parchalana boshlashi, hokimiyatni boshqarishda sulolaviylik an'anasining jamiyat ma'naviy takomil darajasi bilan nomuvofiqligining keskin namoyon bo’lishi, turli siyosiy guruhlararo noittifoqlik balosi, ma'naviyat ahlining siyosatga aralashuvi, xos va avom orasidagi ma'naviy chegaraning yo’qolib borishi kuzatiladi.