Beklar va xonlar — o’tmishda hukmron ijtimoiy toifa, zodagonlar. Harbiy ishlar va siyosiy boshqaruv shu toifa vakillari qo’lida bo’lgan.
Kanizlar va g’ulomlar — o’tmishda zodagonlar xonadonida barcha qora ishlarni bajaruvchi qaram ijtimoiy toifa. Qadimgi davr qullaridan farqli o’laroq, islom dunyosida ular muayyan chekli huquqlarga ega bo’lishgan.
Fuqarolik mas'uliyati — qonun ustuvorligini tan olish va har bir shaxsning ijtimoiy hayotni takomillashtirish jarayonida ishtirok etish vazifasini teran his qilish. Ushbu fuqarolik mas'uliyatini to’liq anglab yetmas ekanmiz, bizning shaxs sifatidagi ma'naviy kamolotimiz ham tugallik kasb etmaydi.
"Fozil shahar" — Abu Nasr Forobiy talqinida «Insonlari haqiqiy saodatga erishish yo’lida bir-biriga yordam berish uchun birlashgan shahar". Har bir inson Haq oldidagi mas'uliyatini to’g’ri anglab, kamolot sari o’zi intilar ekan, o’zgalarning ham xuddi shunday intilishiga ko’makdosh bo’lishga astoydil urinsa, natijada «fozil shahar» (jamiyat, millat, mamlakat) vujudga keladi. Ulug’ allomaning bu qarashlari bugungi kundagi "fuqarolik jamiyati" tushunchasini mukammal ifodalaydi.
Qadr — Xoliqi olam irodasi va qudrati bilan yaratilgan har bir mavjudotning olamdagi o’ziga yarasha o’rni va salmog’i, har bir insonga yaratilishdan ato etilgan ilohiy ne'mat. Haqiqiy Shaxs darajasiga yetishgan inson o’z qadrini, shu bilan birga yorug’ olamdagi barcha ashyo va mavjudotlar qadrini muayyan darajada anglab yetgan, shu asosda jamiyatning faol a'zosiga aylangan inson bo’ladi. «Men Alloh tomonidan yer yuzida xalifa etib yaratilganman», deb o’zlikni anglab yetish o’z qadrini to’g’ri baholashning poydevoridir. O’z qadrini anglab yetish barobarida har bir inson o’zga insonlar ham yer yuzida xalifa ekanligiga imon keltirib, ularning ham qadrini o’zidan kam bilmaydi. Qadr timsol-tushunchasi ma'naviyatga oid bo’lib, uni iqtisod sohasiga tatbiq etilsa, qiymat va bahoga, siyosatda mavqe’ va maqomga aylanadi.
Mavqe — har bir insonning jamiyatda ishg’ol etib turgan muayyan o’rni, qadri va qudrati. Siyosatdagi huquq, burch, imtiyoz hodisalarining tagzaminida ayni shu insonlarning bir-biriga nisbatan mavqe va maqomi masalasi joy olgandir.
Maqom — har bir insonning jamiyat hayotida rasmiy hujjatlar bilan tasdiqlangan muayyan o’rni, holati. Har bir insonning mavqe va maqomi orasidagi farq qancha kuchayib borsa, uning ruhiyatida ham ziddiyat kuchayadi, natijada bu holat jamiyat hayotiga ham salbiy ta'sir ko’rsata boshlaydi.
Tadbirkor — mamlakatda ishlab chiqarish, tijorat va moliya ishlarini tashkil etuvchi va boshqaruvchi ijtimoiy toifa (sanoatchi, tijoratchi, bankir). Ijtimoiy vazifasi: mamlakatning iqtisodiy rivojini ta'minlash. Bosh ma'naviy fazilati: Farosat. O’tmishda asosan tijorat ahli sifatida namoyon bo’lgan.
Farosat — voqelikni asliga muvofiq idrok etish, unga to’g’ri munosabat hosil qila bilmoqlik, shu bilan birga voqelik talabiga muvofiq tadbir ishlab chiqib, uni hayotga tatbiq eta bilishdir. Buning uchun inson, avvalo, o’z holini to’g’ri idrok etishi, ikkinchidan, o’zgani tushunish, o’zgalarning ehtiyoji, xohishi, imkoni haqida to’g’ri tasavvur hosil qila bilishi kerak.