’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi namangan davlat univerteti



Yüklə 2,18 Mb.
səhifə13/90
tarix27.12.2023
ölçüsü2,18 Mb.
#200707
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   90
Ma\'naviyatshunoslik Majmua. (MEJFAK) (1)

Mavzu bo’yicha nazorat savollari:

  1. Jamiyat taraqqiyoti jarayonida sog’lom ijtimoiy-ma’naviy ehtiyojlar muttasil o’sib borishi qonuni?

  2. Ma’naviyat rivojlanishining umumtamadduniy (sivilizatsion) taraqqiyot darajasiga bog’liqlik qonuni?

  3. Ma’naviyat yuksalishining ijtimoiy ong va ijtimoiy munosabatlar rivojlanish darajasiga bog’liqlik qonuni?

  4. ijtimoiy-ma’naviy ehtiyojlar?

  5. Umumma’naviy ehtiyojlar, ya’ni ma’naviyat yaxlit tizim, bus-butunlik sifatida taqozo etadigan va vujudga keltiradigan ehtiyojlar?



Tavsiya etiladigan adabiyotlar ro‘yxati:

  1. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. – T.: O‘zbekiston, 2018.

  2. Mirziyoev Sh. Milliy taraqqiyot yo‘limizni qat’iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko‘taramiz. 1-jild. - T.: O‘zbekiston, 2018.

  3. Karimov I. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – T.: Ma’naviyat, 2010.

  4. Erkaev A. Ma’naviyatshunoslik. 1-kitob. Ma’naviyat ontologiyasi va fenomenologiyasi. – T.: Ma’naviyat, 2018. - 480 b.

  5. Qosimon B. Uyg‘ongan millat ma’rifati. – T.: Ma’naviyat, 2011.

  6. Yusupov E. Xadislarda dunyoviy va diniy g‘oyalarning bog‘liqligi. - «O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar» jurnali, 1994, 5-son.



5-MAVZU: MA’NAVIYAT KATEGORIYALARI
REJA:

  1. O’zlikni anglash ma’naviyatning asosiy kategoriyasi sifatida.

  2. Ma’naviyatning tolerantlik kategoriyasi.

  3. Qadriyat tushunchasi.

  4. Ma’naviyatshunoslik fani kategoriyalari va asosiy tushunchalarining boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlar tushunchalari bilan uzviy bog’liqligi.



Ma’naviyatshunoslik alohida mustaqil fan sifatida o’zining asosiy tushunchalariga, kategoriyalariga, tamoyillariga, qonunlari va mezonlariga ega. Ular orasida boshqa turdosh fanlardan kirib kelganlari bor. Masalan, falsafadan, etika, estetika, yurisprudentsiya, dinshunoslik va boshqa fanlardan olingan ong, tafakkur, borliq, qadriyat, axloq, nafosat, imon, haqiqat, adolat, tenghuquqlilik va sh.k. tushunchalarsiz ma’naviyatshunoslikni fan sifatida tizimlashtirib bo’lmaydi. Ayniqsa, falsafa fani tushunchalari, kategoriyalari, usullari, bilish nazariyasi ma’naviyatshunoslik shakllanishi uchun zaruriy ilmiy asos va qurilmadir. Zero, ma’naviyatshunoslik fani etika, estetika, kulturologiya, dinshunoslik, sotsiologiya, siyosatshunoslik, mantiq ilmlari singari falsafiy fanlar tizimiga mansubdir. Shu sababdan u, birinchi galda, boshqa falsafiy fanlarning tushunchalaridan, kategoriyalaridan foydalanadi, ular yordamida o’z ilmiy apparatini shakllantiradi. Lekin boshqa fanlardan qabul qilingan tushunchalarni o’z predmetidan kelib chiqib talqin qiladi. Ayni paytda uning faqat o’ziga xos bo’lgan asosiy tushunchalari va kategoriyalari bor.
Ma’naviyatshunoslik fani birinchi galda «ma’naviyat», «ma’naviy ong», «ma’naviy madaniyat», «ma’naviy muhit», «ma’naviy qadriyatlar», «ma’naviy ehtiyojlar», «shaxs ma’naviyati», «jamiyat ma’naviyati», «ma’naviy yuksalish», «ma’naviy erkinlik», «tafakkur erkinligi», «milliy g’oya», «tolerantlik», «bag’rikenglik». «o’zlikni anglash», «ma’naviy asoslar» va ularning muqobil ko’rinishlarini ifodalovchi «ma’naviyatsizlik» va h.k. tushunchalardan foydalanadi. Avvalgi mavzularda ma’naviyat, ma’naviy ong, ma’naviy madaniyat, e’tiqod, iroda, ma’naviy muhit kabi kategoriyalar va tushunchalar to’grisida ancha mulohazalar yuritildi. Ularning mazmun-mohiyati va voqelik shakllarini ochib berishga harakat qilindi. Ma’naviyatning tarkibiy qismlarini tashkil etuvchi falsafa, din, axloq, nafosat, huquq, siyosat bilan bog’liq tegishli fanlar kategoriyalari ustida esa maxsus to’xtalib o’tirmaymiz. Faqat avval aytilmagan ba’zi kategoriyalar va tushunchalar haqida umumiy fikrlarni bildirib o’tamiz. Ularning mazmuni esa boshqa mavzu-larni o’rganish jarayonida to’laroq ochiladi.
Ma’naviyatning asosiy kategoriyalaridan biri - o’zlikni anglashdir. Uning boshqacha sinonimi identlik (ayniyat) deyiladi. O’zlikni anglash - insonning xos, mohiyatli belgisi. Shaxs o’zining individual identligini, ijtimoiy - guruhiy, korporativ, tabaqaviy - sinfiy va milliy identligini turli darajada anglashi mumkin: qisman, nisbatan to’laroq, ziddiyatli, ikkilanishlar bilan, o’z imkoniyatlariga ishonmasdan yoki o’z imkoniyatlarini ortiqcha baholab (xudbinlik, manmanlik) va nihoyat, adekvat (o’z salohiyati va qobiliyatiga mos). Shunday qilib, o’zlikni, o’z identligini anglash, turli darajada va mazmunan har xil kechadi. «Identlik», o’zlikni anglashni ifodalaydigan tushuncha o’laroq, fanda keng qo’llaniladi.
Identlik, avvalo, insonning olamdagi o’z o’rnini, tabiatdagi eng ulug’ va yagona aqlli, yaratuvchi jonzot ekani-ni bilishdir. Inson nega dunyoga keldi, uning yashashdan maqsad-muddaosi nimada, hayotining ma’nisi ne? O’zlikni anglash ushbu savollarga javob izlash va topishdir. Inson o’zligini anglashi jarayonida tabiatdan, hayvonot olamidan ajralib chiqdi, ma’naviy mavjudotga aylana boshladi. O’zlikni anglash yangi bilimlarga, yuqori ko’rinishlarda esa haqiqatga, oliy idealga intilishdir. Shu sababdan dinda «o’zini anglagan Rabbini (Ollohni) ham anglaydi», degan tasdiq mavjud.Tabiatning insondan tashqari biror jonzodi o’zligini anglay olmaydi, chunki uning ongi, shuuri yo’q. O’zini tabiatdan ajrata olmaydi, o’z oldiga reja - maqsad qo’yib, o’z borlig’ini, yashash sharoitini takomillashtirolmaydi. U faqat mavjud ekotizimda muayyan pog’onani egallaydi, uning muhim zaruriy bo’g’inini tashkil qiladi, xolos. Hayvonotning mavjud ekotizimdagi o’rni, vazifalari, hayoti tabiat tomonidan avvaldan belgilangan. Inson esa aqli va mehnati orqali o’z tabiiy yashash shart-sharoitini ham, ijtimoiy muhitini ham o’zgartirish qobiliyatiga ega. Buning uchun u, avvalo, o’z oldiga maqsad qo’yadi, unga yetishish uchun bilimini va mehnat ko’nikmasini o’stiradi. Ishlab chiqarish qurollari yaratadi, ularni takomillashtiradi, tabiat jismlarining xossalarini o’rganadi va yangi-yangi mahsulotlar yetishtirib, muhitini, yashash sharoitini yaxshilaydi. Ongi, bilimlari o’sgani sayin oldiga qo’ygan maqsadlari ham o’sa boshlaydi, yuksaladi. Demak, o’zlikni anglash yangi bilimlarga, yangi mehnat ko’nikmalariga yoki umumiy tsilib aytilsa, yaratuvchilikka intilish va irodasini namoyon etib, uni kuchaytirishdir.
Ontologik jihatdan maqsad va intilish yo’q joyda o’zligini anglash, binobarin, ma’naviyat ham yo’q. Inson kundalik hayotiy maqsadlariga erishib, nisbatan to’q va xavfsiz hayotini ta’minlab, bilimi va yaratuvchiligini rivojlantirish jarayonida yuksak haqiqat haqida o’ylay boshlaydi, uni hayotining oliy maqsadiga - idealiga aylantiradi. Dastlab bu yuksak haqiqatni tabiatdan ustun turuvchi g’ayritabiiy kuchlarda, ruhlarda va h.k. da ko’radi. Ularga etiqod qiladi. E’tiqod o’zlikni anglashning muhim shakllaridan biridir.
Inson ijtimoiy mavjudot o’larotso’zligini anglashda, birinchi galda, o’zini ma’lum tarixiy, etnik, lisoniy, madaniy, e’tiqodiy, siyosiy birlikning a’zosi sifatida anglaydi. O’zini ular bilan kelib chiqishiga ko’ra umumiy bir, to’la o’xshash, mos - ident, deb hisoblaydi. Rivojlanmagan jamiyatlarda bu borada katta va murakkab muammolar deyarli uchramaydi. Urug’-jamoada, qabilada qon-qardoshlik asosidagi etnik, lisoniy, madaniy-e’tiqodiy birlik o’zaro mos keladi. Ular o’z identligini (ayniyatini) avvalo quyidagi omillar - etnik (genetik), til, umumiy asotirlar, urf-odatlar, umumiy sig’inish predmetlari va marosimlari asosida aniqlaydilar..
Biroq dunyo dinlari paydo bo’lganidan keyin masala biroz qiyinlashdi. Chunki etnik ong (qon-qardoshlik ayniyati) va diniy ong o’rtasida farq vujudga keldi: «Biz turkiylar musulmonmiz, ular esa musulmon bo’lsada, eroniylardir yoki arablardir» qabilida. E’tiqodiy mazhablar paydo bo’lishi diniy ayniyatni ham chigallashtirdi. «Ular shia, biz sunniymiz», degan o’zlikni anglashning diniy shakllari paydo bo’ldi. Bir xalq turli tarixiy sabablarga ko’ra, ikki, hatto uch dinga e’tiqod qilib qolgan. Masalan, bengallarning bir qismi musulmon (Bangladesh), ikkinchi qismi hinduizmga e’tiqod qiladi (G’arbiy Bengaliya). Albatta, turli diniy e’tiqod ularning mentalitetiga, madaniyatiga, urf-odatlariga, o’zaro aloqalariga, milliy identligiga ziddiyatli ta’sir ko’rsatadi.
Zamonaviy jamiyatda milliy identlik masalasi ancha o’zgardi. Endi diniy, hatto etnik identlik ba’zi hollarda birlamchi, asosiy belgilardan hisoblanmaydi. Masalan, turli xalqlarning o’zaro aloqalari rivojlanishi, yirik shaharlarda, rivojlangan mamlakatlarda aholi tarkibining etnik xilma-xillik kasb etishi, aralash nikohlar, ular farzandlarining etnik mansubligi masalasi, odamlarning erkin harakatlanishi va yashashi va sh.k. lar keng tarqalgan bizning zamonda identlik ko’proq qaysi tildan va madaniyatdan foydalanishga qarab yoki fuqaroning o’z istagiga ko’ra yoxud qaysi davlat fuqarosiligiga qarab belgilanmoqda. Uzini rossiyalikman yoki amerikalikman deydigan, rus yozuvchisiman yoki amerikalik rejissyorman deydigan, ammo etnik jihatdan nemis, lotin, amerikalik, ukrain, belorus, yahudiy, armani, chuvash, mardvin yoki boshqa xalqqa mansub kishilar ko’p. Bunday kishilar har doim, barcha zamonlarda bo’lgan. AQSH, Kanada, Braziliya, umuman Lotin Amerikasi, Yevropa mamlakatlarida milliy identlik fuqarolik bilan bir xil tushuniladi.
Fors-tojik adabiyotining buyuk namoyandalari orasida etnik turkiylar salmoqli o’rin egallaydi: Nizomiy Ganjaviy, Amir Xusrav Dehlaviy, Bedil, Mirzo G’olib va boshqalar. Atoqli shoir O’ljas Sulaymonovni qozoq shoiri deyish kerakmi yo rus shoiri? Tiliga ko’ra (rus tilida ijod qiladi), u rus she’riyati vakili, ammo milliy o’zligini anglashiga, milliy identlik tuyg’usiga, adabiyot uchun yana bir muhim omil - obrazlar tizimiga ko’ra, asl qozoq milliy shoiridir. Oydinlashmoqdaki, milliy identlik masalasi bugungi kunda ancha murakkab, ammo rivojlangan G’arb mamlakatlarida dolzarbligini yo’qotgan masaladir. Milliy identlik etnik identlikdan kengroq tushuncha. Milliy identlik, avvalo, o’zini qaysi xalqning vakili deya hisoblashi, qaysi xalq bilan uning taqdiri birligini, ajralmasligini his qilishidadir.
Tarixan turli sabablar bilan bizning tuproqqa ke-lib qolgan, guj yashaydigan arablar bor. Ular o’zbek jamiyatiga to’la integratsiyalashgan. Orasidan olimlar, yozuvchi-shoirlar, san’atkorlar, davlat arboblari yetishib chiqqan. Ularning etnik arabligi ongida qisman saqlanib qolgan. Lekin til, madaniyat, urf-odatlar va boshqa ijtimoiy qadriyatlar, siyosiy va fuqarolik ongi bo’yicha ular o’zbeklar bilan ident. Ulardan birortasi «Men arab shoiriman, arab olimiman yoki arab davlati arbobiman» demaydi. Ushbu ma’noda ular milliy identlik jihatidan o’zbek, ammo ongida etnik identlik masalasida farq qisman mavjud.
Identlikning, milliylikdan tashqari, ijtimoiy-guruhiy shakllari bor. Ular o’tmishda asosan kasbiy-korporativ ko’rinishlarda namoyon bo’lgan. Bugun ommaviy madaniyat ta’sirida qiziqishlari, futbol komandalari, estrada yulduzlariga ishqibozligi, biror buyumni iste’mol qilishiga qarab identlikning submadaniy shakllari vujudga kelmokda. Masalan, baykerlar (mototsiklchilar) uyushmasi, futbol komandalarining fanatlar klubi va hokazo.
O`zlikni anglash, albatta, millatning tarixiy xotirasi, nasl-nasabi, ajdodlarining buyuk ishlarini, yutuqlarini bilishni, ular bilan faxrlanishni, milliy g’ururni ham o’z ichiga oladi. Ammo o’zlikni anglash nafaqat o’tmish yutuqlarini, shuningdek, yo’qotishlarini, mag’lubiyatlarini, ularning sabablarini ham bilishni,tarixdan xulosalar chiqarib, kelgusida ularni takrorlamaslikka intilishni ham bildiradi. Bundan tashqari, o’zlikni anglash millatning bugungi ahvolini, imkoniyatlarini, shu jumladan, kamchiliklarini to’g’ri tahlil qila olishni, oldiga yuksak, ammo real maqsadlar qo’ya olishni, ularga erishish uchun milliy irodani safarbar eta olishni bildiradi. Milliy identlik - bu milliy manfaatlarni to’g’ri anglashdir, bu milliy jipslik, ahillikdir, mahalliychilik, guruhiy-korporativ xudbinlikdan ustun tura olishdir. O`zlikni anglash kelajak rejalari, millat istiqboli haqida qayg’urishdir. Individual darajada o’zlikni anglash, o’z shaxsiy manfaatlarini oila, jamoa, davlat va butun jamiyat manfaatlari bilan uyg’unlashtirishga intilishdir. Shunday qilib, o’zlikni anglash insonni hayvonot olamidan ajratuvchi, o’z oldiga maqsad qo’yib, ba’zan ulug’vor maqsad qo’yib, yaratuvchilik va ijod bilan shug’ullanuvchi, aql-zakovati, irodasini maqsadga erishishga safarbar eta oluvchi, o’z ijtimoiy muhitini muttasil takomillashtiruvchi mavjudotligini ifodalovchi muhim ma’naviy kategoriyadir.
Ma’naviyat kategoriyalari orasida «tolerantlik» (bag`rikenglik) alohida ajralib turadi. Tolerantlik ma’naviyatning bus-butunlik, yaxlit tizim sifatidagi kategoriyasidir, chunki uning barcha qismlariga taalluqli. Axloqda har bir kishi axloqiy tolerantlikka muhtoj odamlar uning samimiyligini, beg’arazligini, halolligini, niyati va bildirgan fikrlari to’g’riligini tushunishlarini istaydi. Ortiqcha shubhakorlik, ishonmaslik odamlarni bir-biridan sovutadi, uzoqlashtiradi. Odamlar siyosatda, siyosiy qarashlarda esa siyosiy tolerantlikka, siyosiy plyuralizmga, ko’ppartiyaviylikka ehtiyoj sezadi. Xulosa qiladigan bo’lsak, tolerantlik odamlarni jipslashtiradi, o’zaro ishonchini mustahkamlab, ma’naviy muhitni yaxshilaydi. Bu esa jamiyat rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Tolerantlik inson huquqlarini yuzaga chiqarishning muhim shartlaridan biridir. Aks holda odamlarni jinsiga, tiliga, millatiga, diniga, ijtimoiy kelib chiqishi va ahvoliga qarab bir-biridan ajratish, kimlarnidir kamsitish, cheklash, xo’rlash kabi illatlar yashab qolaveradi.
Jamiyat demokratik va erkin rivojlanishi, odamlar o’z fikrlarini erkin bildirishlari va muammolarning to’g’ri yechimini topish maqsadida bahs yuritishlari, muqobil takliflarni, dasturlarni muhokama etib, yaxshilarini tanlab olishlari uchun siyosiy plyuralizm va siyosiy bag’rikenglik nihoyatda muhim. Ko’pmillatli mamlakatlar uchun o’zga tillarga, urf-odatlarga, madaniyatga, e’tiqodga bag’rikeng bo’lish katta ahamiyat kasb etadi. Tolerantlik tufayli ko’pmillatli mamlakatlarda etnik identlik umummilliy identlik tarkibidagi pog’onaga aylanadi, unga qarshi turmaydi. Aks holda etnik identlik xalqning o’zini yagona millat deya his qilishiga imkon bermaydi.
Adabiyot va san’atda hatto bir mamlakatning umumiy milliy adabiyoti va san’ati doirasida ham turli ijodiy usullar, badiiy uslublar, badiiy g’oyalar va vositalar boyishi, rivojlanishi, rang-baranglik va samaradorlik kasb etishi uchun g’oyaviy-estetik bag’rikenglik zarur. Agar u inkor etilsa, izlanishlar to’xtaydi, andozabozlik, sxematizm (sotsialistik realizm kabi) yoki an’anaviylik, eski yutuqlarni ideallashtirish, yangiliklarni qabul qilmaslik, jonli hayotdan uzilib qolish, badiiy-uslubiy konservatizm va turg’unlik qaror topadi. Tolerantlik – Ijodiy rivojlanish omilidir.
Har xil dinga e’tiqod qiluvchi, ko’pmillatli mamlakatlarda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni, umummilliy jipslikni saqlash, jamiyatni rivojlantirish uchun milliy, siyosiy, diniy va madaniy tolerantlik kerak. Ularsiz ichki barqaror taraqqiyot u yokda tursin, tinchlik-osoyishtalik ham bo’lmaydi. O’zaro nizolar kuchayadi, oqibatda, mamlakat parchalanib ketishi mumkin. Ilm-fanda ham tolerantlik katta ahamiyat kasb etadi. U yetishmagan joyda turli ilmiy maktablar o’rtasida nosog’lom kurash avj oladi yoki mavjud tan olingan g’oyalardan farq qiladigan yangi ilmiy goyalarni, tadqiqot usullarini olg’a surgan boshqa olimlar, ayniqsa, yoshlar tan olinmaydi, ularning g’oyalari, usullari yo’lida turli sun’iy to’siqlar paydo bo’ladi. Bu adabiyot va san’atga ham taalluqli.
O’tmishdan va zamonaviy tarixdan tolerantlik yetishmasligi qanday muammolarga, ayrim hollarda fojealarga olib kelganiga, jamiyat rivojlanishini salbiy o’zanga burib yuborganiga ko’plab misollar keltirish mumkin. Inkvizitsiya Jordano Brunoni (olim), Yan Gusni (diniy olim-islohotchi) gulxanda yondirib yubordi. Mansur Halloj, Suxravardiy, Nasimiy, Mashrab qatl etildi. XVI-XVIII asrlarda islom mamlakatlarida mistikaga asoslangan diniy fanatizm yanada kuchaydi. Oqibatda, nafaqat dunyoviy ilm-fan, shuningdek, diniy ilm-fan ham asta-sekin chuqur inqirozga uchradi. Har qanday fanatizm - mutaassiblik muayyan bir g’oyaga, bir mafkuraga ko’r-ko’rona yopishib olish, boshqa fikrlarni, qarashlarni qat’iy rad etish, ya’ni tolerantlikning yo’qligidir. Tolerantlik yo’q yoki yetishmaydigan joyda yangi ilg’or goya tug’ilmaydi, tug’ilsada, yashab qololmaydi, inkor etiladi. Natijada, na ilm-fan, na adabiyot va san’at, na din, na urf-odatlar, na turmush madaniyati rivojlanadi. Jamiyat turg’unlikka mahkum bo’ladi. Tolerantlik inson va jamiyat taraqqiyotining muhim ma’naviy sharti ekanligi shundan.
Zamonaviy ekstremistik oqimlarning barcha ko’rinishlari asosida, diniymi, siyosiymi - qat’i nazar, avvalo, tolerantlik yetishmasligi turibdi. Amaliyotda bu fojealarga olib kelmoqda: xalqaro terrorizmni, diniy va siyosiy to’qnashuvlarni, regional va fuqarolar urushlarini, neofashistik va shovinistik harakatlarni keltirib chiqarmoqda. Shu sababdan tolerantlikka konkret-tarixiy yondashmoq lozim. Buzg’unchi g’oyalar targ’ibotiga, diniy ekstremizm, xalqaro terrorizm, neofashizm, irqchilik, shovinizm g’oyalariga nisbatan tolerantlik qilib bo’lmaydi.
Tolerantlik qadriyatlar shakllanishi, rivojlanishi va tarqalishining zaruriy shartidir. Har qanday g’oya, fikr, me’yor dastlab kimningdir ongida paydo bo’ladi. Bu goya, fikrni (qoida, tartib va x.k.ni) kim bilandir o’rtoqlashadi. Muhokama qiladi. Uning fikrini eshitib, g’oyasini, taklifini miyasida yana pishitadi. Boshqalar bilan o’rtoqlashadi. Odamlarga ma’qul kelgandan keyin g’oya, fikr, qoida, tartib asta-sekin hayotga tatbiq etiladi, kadriyatga aylanadi. Agar g’oyani muhokama qilgan kishining birinchi va keyingi suhbatdoshlarida tolerantlik bo’lmaganda, g’oya rivojlanmay, tarqalmay kolib ketardi. G’oyani sayqallash, chuqurlashtirish, rivojlantirish bir kishining emas, bir necha kishining, turli guruhlarning, tarixan har xil avlodlarning ijodiy izlanishlari, mulohazalari oqibati bo’lishi mumkin. Qadriyat darajasiga ko’tarilgan barcha g’oyalar, me’yorlar aslida ham shunday rivojlanadi. Qadriyat darajasiga ko’tarilishi uchun bir necha avlod hayotiy tajribasidan, vaqt sinovidan o’tadi, ular ta’sirida takomillashadi. Oydinlashmoqdaki, tolerantlik qadriyatlar tizimi, umuman, ma’naviyat shakllanishi va rivojlanishining zaruriy sharti va omilidir.
Tolerantlik ijtimoiy ongning har bir sohasida o’ziga xos xususiyatlarini namoyon qiladi. Masalan, siyosiy tolerantlik va huquqiy tolerantlik bir-biridan farq qiladi. Siyosiy tolerantlik mafkuraviy plyuralizm va ko’ppartiyaviylikka asoslanib, turli talqinlarni nazarda tutsa, hukuqiy plyuralizm bir holatning muqobil huquqiy talqinlarini inkor qiladi. Qonun hamma tomonidan bir xil tushunilishi va talqin qilinishi lozim. Huquqiy bag’rikenglik qonunlar liberallashib, tarbiyaviy ahamiyatining oshib borishida barchaning qonuniy manfaatlari birday himoya qilinishida, noqonuniy imtiyozlarga yo’l qo’yilmasligida namoyon bo’ladi.
Tolerantlik, yuqorida ta’kidlanganidek, ma’naviyat rivojlanishining asosiy shartlaridan biridir. Chunki u ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashi qatorida, odamlarning, turli partiyalarning, dinlarning, madaniyatlarning bir-biriga qiziqishini uyg’otadi. Natijada, ularning bir-biridan o’rganishlari, o’zaro boyishlari, rivojlanishi tezlashishi uchun imkoniyat ko’payadi. Tolerantlik millatlarning, milliy madaniyatlarning o’zaro aloqa kilishi, bir-biridan o’rganib, o’zaro boyishining birinchi shartidir. O`zga millatga, tilga, dinga toqat qilolmaydigan kishi (xalq) boshqa xalq vakillari bilan aloqa qilmaslikka, milliy mahdudlikka intiladi. Boshqalar yutuqlarini, begona xalqniki bo’lgani uchungina, inkor qiladi. Ularning ahamiyatini, foydaliligini
tahlil qilib o’tirmaydi. Tolerantlik ruhida tarbiyalangan kishi (xalq) esa hatto dushmani erishgan yutuqlarni yoki arziydigan g’oyalarni o’rganadi. Shunday qilib, tolerantlik yuksak ma’naviyatni ifodalovchi mezon sifatida ham namoyon bo’ladi. Tolerant inson muloqot doirasini kengaytirishga, bilimlarini muttasil boyitishga, yangiliklarga intilishga moyildir. U guruhbozlik, mahalliychilik, maxdudlik, urug’-aymoqchilik, millatchilik, irqchilikdan ustun tura oladi. Tolerantlik tufayli insonda ezgulik, gumanizm, vijdonlilik, saxovat, mehr-oqibat, o’zgalarga hamdardlik fazilatlari rivojlanadi. Tolerantlik konkret-tarixiy ma’naviy hodisadir. U yovuzlikni, zulmni, zo’ravonlikni inkor qiladi.
Madaniyatda ma’naviyat predmetlashadi, yuzaga chiqadi, amalga oshadi. Ma’naviy madaniyatga biz odob-axloqni, urf-odatlar va an’analarni, ilm-fanni, adabiyot va san’atni, diniy madaniyatni, siyosiy va huquqiy madaniyat kabilarni kiritamiz. Shu sababdan, yuqorida ta’kidlanganidek, filosofiya, axloqshunoslik, etnologiya, nafosat, dinshunoslik, ruhiyat, pedagogika, fanshunoslik kabi ilmlarning asosiy tushunchalari, kategoriyalari, konunlaridan ham ma’naviyatshunoslik fani o’z ilmiy apparatini shakllantiradi. Masalan, ezgulik va yovuzlik, insonparvarlik va vatanparvarlik, vijdon va burch, ulug’vorlik va tubanlik, go’zallik va xunuklik, adolat kategoriyalari, insonni vosita emas, maqsad deb bilish, o’zingga ravo ko’rmaganni o’zgalarga ham ravo ko’rmaslik kabi axloqiy qonunlar, jamiyatni demokratlashtirish, erkinlashtirish kabi me’yorlar va tamoyillarsiz ma’naviyatshunoslik fani ilmiy apparatini tasavvur etish qiyin. Yoki iroda tushunchasini olaylik. U, ilmiy an’analarga ko’ra, axloqshunoslik (etika) va psixologiya fanlari doirasida o’rganilgan. Ayni paytda iroda ma’naviyatning voqe bo’lish, yuzaga chiqish omili. U insonning erkin tanlashi, mas’uliyati, ruhiy-intellektual (ma’naviy) safarbarlik imkoniyati sifatida ma’naviyatshunoslik kategoriyasiga ham aylanadi.
Ma’naviyatning muhim kategoriyalaridan biri qadriyat tushunchasidir. Aslida «qadriyat» falsafaning alohida sohasi - aksiologiyaning fundamental, tizim yaratuvchi kategoriyasidir. Ayni paytda aksiologiya nafaqat falsafaning nisbatan alohida sohasi, shuningdek, ilmiy yondashuv usuli va yana ma’naviy ongning predmetlashgan shakli, voqeligi hamdir. Shu sababdan u ma’naviyat bilan uzviy bog’liq, qadriyat esa bir vaqtning o’zida ma’naviyat kategoriyasidir. Qadriyatlar konkret-tarixiy xarakterga ega. Ular qotib qolgan, o’zgarmas tushunchalar emas, millat bilan birga rivojlanadi, o’zgaradi, mazmunan boyiydi, shaklan xilma-xillik kasb etadi. Ba’zi g’oyalar, me’yorlar o’z davrida xalq hayotida sezilarli ahamiyat kasb etib, uning ijtimoiy mo’ljallariga kuchli ta’sir ko’rsatsada, keyinchalik ularning ahamiyati biroz pasayishi, hatto butunlay yo’qolishi mumkin. Shunda ular qadriyat maqomidan mahrum bo’ladi. Masalan, o’tmishda o’rtaosiyoliklarda (nafaqat ularda) kelin uchun qalin to’lash urfi bo’lgan. Qalin aslida qabila-urug’chilik davrida qizni boqib o’stirib, voyaga yetkazish uchun ketgan xarajatlar uchun qizning oilasiga, urug’-jamoasiga o’ziga xos tovon (kompensatsiya) sifatida berilgan. Bugun bu odat tarixan o’z umrini o’tab bo’lgan, iste’moldan chiqqan urflar qatoridan joy oldi. Biz jamiyat ma’naviy hayotining barcha sohalariga - axloqqa, huquqqa, madaniyatga va h.k.ga oid o’tmishda kadriyat hisoblangan, bugun iste’moldan chiqib ketgan yoki mazmuni tubdan o’zgargan ko’plab me’yorlarni misol sifatida keltirishimiz mumkin. Lekin haqiqiy asl qadriyatlar hech qachon ahamiyatini yo’qotmaydi, ajdodlardan avlodlarga o’tib kelaveradi. Avlodlar o’rtasidagi ma’naviy bog’lanish, davomiylik, vorisiylik ular orqali ta’minlanadi.
Qadriyatlar, yuqoridagilardan oydin bo’lmoqdaki, jamiyat hayotining sohalari va ijtimoiy ongning shakllariga muvofiq tasniflanishi mumkin. Ularni, eng avvalo, moddiy va ma’naviy qadriyatlarga bo’lish lozim. Moddiy qadriyatlar bu muayyan xalqning yashayotgan hududi, yerosti va yerusti boyliklari - tabiati, ona tuprogi, dalalari, ekinzorlari, bog’lari, cho’llari, o’rmonlari, tog’lari, daryolari, jilg’alari, buloqlari, har xil konlari, qazilma boyliklari, tabiiy zaxiralari. Moddiy qadriyatlarga tabiatdan tashqari jamiyat, insonning o’zi yaratgan, uning yashashi uchun o’ta zarur bo’lgan uylar, yo’llar, bog’lar, qishloq va shaharlar, zavod va fabrikalar, mehnat qurollari, asbob-uskunalar, dastgohlar, mashina va mexanizmlar, iste’mol uchun yaratilgan moddiy buyumlar, oziq-ovqat va nooziq-ovqat mollari kiradi. Lekin ilm-fanda har qanday buyum qadriyat hisoblanmasligi, moddiy-iqtisodiy qadriyatlarni ishlab chiqarilgan har qanday mahsulot darajasiga tushirishi mumkin emasligi to’g’risida qarashlar qaror topgan. Moddiy-iqtisodiy qadriyatlar insonning kundalik ehtiyojlarini qondirishga mo’ljallangan oddiy mahsulotlar emas, balki uning ijtimoiylashuv darajasini o’stiradigan, aql-zakovati, texnologik bilimlari, salomatligi, erkinligi yuksalishini taqozo etadigan, turli tabiiy-iqtisodiy qaramligini kamaytiruvchi vositalar, ixtirolar, qurilmalar va h.k.dan tashkil topadi. Masalan, alohida olingan har qanday bank jamiyat uchun moddiy-iqtisodiy qadriyat hisoblanmasligi mumkin, ammo bank tizimi va u ko’rsatadigan xizmatlar tizimi zamonaviy iqtisodiy va ijtimoiy hayot uchun o’ta muhimdir. Shu sababdan bank tizimi moddiy-iqtisodiy qadriyat hisoblanadi. Biz bu masalaga kitobning metodologiya qismida yana qaytamiz. Ma’naviy qadriyatlar - bu millatning tili, urf-odatlari, madaniy merosi, og’zaki ijodi, adabiyoti, san’ati, ilm-fani, xalq ta’limi, sog’liqni saqlash tizimi, davlat va jamiyatni boshqarishda erishgan yutuqlari, yaratgan va amal qiladigan axloqiy, huquqiy, badiiy-estetik va boshqa ijtimoiy ideallari, mo’ljallaridir. Ular millatning ma’naviy qiyofasini, milliy o’ziga hosligi va takrorlamasligini, milliy mentaliteti, tafakkurini belgilaydi.
Asl qadriyatlarda milliylik va umuminsoniylik mujassamlanadi. Yana shuni qo’shimcha qilish lozimki, haqiqiy milliylik millatchilikdan, shovinizmdan farq qiladi. Uz millatini sevgan, vatanparvar kishi boshqa millat vakili ham o’z yurtini, ona tilini, urf-odatlari, milliy adbiyoti va san’atini sevishga haqqi borligini zinhor inkor etmaydi. Asl milliylik, agar u haqiqatan teran mazmunli va yuksak shakllarda ifoda etilsa, umuminsoniy ahamiyat kasb etadi, nafaqat o’z xalqiga, shuningdek, boshqa xalqlarga ham foydali bo’ladi. Biror bir milliy qiyofaga ega bo’lmagan, kelib chiqishiga ko’ra hech bir xalq hayoti, faoliyati bilan bog’lanmagan umuminsoniy qadriyatning o’zi yo’q. Masalan, mavhum, hech bir xalqqa tegishli bo’lmagan umuminsoniy adabiyot yoki san’at yo’q. Jahon adabiyoti milliy adabiyotlar daholarning eng sara asarlaridan tashkil topadi. Aynan adabiyot va san’atda milliylik umuminsoniylikning mavjudlik shakli ekani yorqin ko’rinadi. Siyosiy, demokratik qadriyatlar mazmunan va shaklan bevosita milliy belgilarga ega emas. Ammo ular ham aslida, kelib chiqishiga ko’ra, qaysi bir xalqning, qaysi bir olim yoki jamoat, davlat arbobining ijodi va faoliyati bilan bog’liq.
Hokimiyatning bugungi tushunchadagi legitimligi (qonuniyligi) va o’z legitimligini yo’qotishi masalalarini biz Jan Jak Russo, fransuz ensiklopedistlari, siyosiy arboblari asarlari va nutqlarida uchratamiz. Buyuk fransuz inqilobi ushbu masalani kun tartibiga qo’yib, Burbonlar hokimiyatini ag’darib tashlashni, qirolni va a’yonlarini sudga berishni huquqiy jihatdan asosladi va amalga oshirdi (to’g’risi, juda keskin hukm chiqarib, qatl qildi). Hokimiyatning uch tarmog’i - qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud hokimiyatlarini bir-biridan ajratish haqidagi g’oyalar buyuk fransuz ma’rifatparvari, faylasuf va adib Sh.Monteskye tomonidan XVIII asr birinchi yarmida olg’a surilgan, keyinchalik fransuz va ingliz olimlari tomonidan rivojlantirilgan.
Davlat qonunlari uning Konstitutsiyasiga (asosiy qonuniga) zid kelmasligi, agar zid kelsa, uni bekor qilish yoki unga tuzatish kiritish lozimligi g’oyasini ilk bor AQSH davlat kotibi Adams XIX asr boshida olga surib, prezidentlikka saylangach, amalga oshirgan edi. Ko’rinib turibdiki, milliy va umuminsoniy qadriyatlar g’oyibdan kelib qolmaydi. Ular muayyan xalqning tarixiy taraqqiyoti, faoliyati mahsulidir. Ularning insonparvarlik, ezgulik bilan yo’g’rilganlari, taraqqiyotga, yuksalishga xizmat qiladiganlari uni kashf etgan xalq, mintaqa doirasidan chiqib butun dunyoga tarqaladi, xalqaro siyosiy, huquqiy me’yorlarga aylanadi. Lekin bu milliylik va umuminsoniylik deyarli bir tushuncha ekan, degani emas. Ularning o’zaro aloqalari ancha murakkab va ziddiyatli, dialektik xarakterga ega. Ba’zan ularning bir-biriga aylanishiga- milliylik umuminsoniylikka, umuminsoniylik milliylikka aylanishiga guvoh bo’lamiz. Yuqorida milliylikni umuminsoniylikka o’tishi-ga oid misollar keltirdik. Ayni paytda umuminsoniy qadriyatlarning muayyan xalq tomonidan o’zlashtirilishi, o’z ma’naviy, siyosiy, iqtisodiy hayotida qo’llashi, masalan, mustaqil O`zbekistonda hokimiyat uch tarmog’ining bir-biridan ajratilishi, san’at va adabiyotida roman, drama, opera, simfoniya, haykaltaroshlik, rangtasvirning ba’zi janrlarining qabul qilinishi va rivojlanishi, yuksak texnologiyalarning ishlab chiqarishda qo’llanilishi va ko’plab boshqa misollar umuminsoniy qadriyatlarning milliy qadriyatlarga aylanishidir. Umuminsoniylik va milliylik munosabatlari va nisbati, dialektikasi, shunday qilib, ayniyat, farq, ziddiyat, qarama-qarshilik ko’rinishlarida yuzaga chiqishi mumkin. Roman va opera - umuminsoniy janrlar. Lekin o’zbek romani ingliz va fransuz romanidan, o’zbek operasi italyan va boshqa xalqlar operasidan farq qiladi. Axloq-odob qoidalari umuminsoniy, ammo ba’zi axloq qoidalari milliy mentalitet, diniy e’tiqod ta’sirida Sharq va G’arb xalqlarida bir-biridan ancha farq qiladiki, ular o’rtasida ziddiyat, xatto qarama-qarshilik mavjud. O`zbeklar, tojiklar ota-onasiga yoki kattalarga «siz» deb murojaat etadi. Ayrim xalqlar «sen» deb. Ammo bu ularning odobsizligini bildirmaydi.
Ma’naviyatshunoslik fani jamiyatdagi qaror topgan muhitni va uning tendensiyalarini o’rganish uchun ijtimoiy-ma’naviy barqarorlik, hayrixohlik, tolerantlik (bag’rikenglik), mehr-oqibat, millatlararo totuvlik, o’zaro yordam, milliy jipslik, o’zlikni anglash, milliy identlik yoki ularning muqobillarini anglatuvchi ijtimoiy beqarorlik, mutaassiblik, mahalliychilik, guruhbozlik, millatchilik, ayirmachilik va boshqa tushunchalardan foydalanadi. Ulardan tashqari, ma’naviy ong va ma’naviy madaniyatni, irodani o’rganishdagi kabi, yana ijtimoiy filosofiya, siyosatshunoslik, sotsiologiya, ijtimoiy psixologiya, huquqshunoslik, xatto iqtisodiyot nazariyasi fanlari tushunchalaridan foydalanadi. Zero,ma’navii muhitni to’la tushunish, tahlil qilish uchun ijtimoiy adolat, demokratiya, inson huquqlari va erkinliklari, turmush darajasi va farovonligi, ijtimoiy ta’minot va himoya kabi ko’plab fanlar tushunchalariga murojaat etish lozim.
Shunday qilib, ma’naviyatshunoslik fani kategoriyalari va asosiy tushunchalari ilmiy bilish tizimida o’zining alohida o’rniga ega bo’lishi qatorida boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlar tushunchalari bilan uzviy bog’liq, ular bilan yagona ontologik, gnoseologik, metodologik va mantiqiy bus-butunlikni tashkil qiladi.

Yüklə 2,18 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   90




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin