15.7. O’zni qadrlash va salomatlikni asrash mezonlari
Faqat sog’lom odamgina yaxshi, ko’taringki ruhda, samarali ishlay, o’qiy oladi. Sog’lom odamgina ishga ijodiy yondashadi, odamlar davrasida xushchaqchaq, samimiy, muloqatmand bo’ladi. Ish yuzasidan beriladigan topshiriqlar, ko’rsatmalarni teran qabul qiladi, tanqidlarga bosiqlik bilan, to’g’ri tushunib munosabatda bo’la oladi. Ruhi tetik va aqlli odam, kerak bo’lganda, har bir vaziyatda, ayniqsa, ekstremal holatlarda ichki ruhiy zahira – imkoniyatlarini ishga solib, hayotdan mamnun yashaydi.
Shunisi xarakterliki, o’z salomatligining qadriga yetmaydigan, unga yengil-yelpi qaraydigan odam o’zgalarni ham qadrlamaydi. Qaysi tashkilot yoki idorada xodimlar salomatligini mo’tadil tutishda xatoliklar bo’lib, rahbar bu masalaga bee’tibor qilsa, xodimlar salomatligini muhofaza qilishga sharoit yaratish to’g’risida o’ylamasa, bu tashkilotda mehnat unumdorligi ham o’ziga yarasha bo’ladi. Ya’ni, qaysi ishlab chiqarish korxonasida ishlab chiqarish gimnastikasi xonalari, suzish havzalari, trenajerlar tashkil etilib, unga odamlar muntazam qatnasalar, o’sha jamoada ishlab chiqarishning samaradorligi ham yuqori bo’ladi.
Agar ota yoki ona o’z oilasida ham muntazam ravishda o’zining salomatligi hamda yaqinlari, farzandlari salomatligiga befarq qarab, bunga ketadigan arzimagan mablag’ga ziqnalik qilsa, aynan shu ota yoki ona keyinchalik katta mablag’ni yo’qotib qo’yilgan sog’liqni tiklashga, davolanishga sarflashga majbur bo’ladi. Homilador ayolning g’amini o’z vaqtida yemagan erkak yoki qaynonalar, tug’ish paytida yoki tuqqandan keyin onaning va bolaning salomatligini saqlab qolishga katta mablag’ sarflashga majbur bo’ladilar.
Shunday qilib, salomatlik uchun qayg’urish, “O’z sog’lig’ingni o’zing asra” shiori hayotga joriy etilgan yerda odamlarning mehnat unumdorligi sezilarli darajada yuqori bo’ladi, “qo’li ishga keladi, omadi yurishadi, kayfiyati turg’un bo’ladi” kabi iboralar aynan shunday muhitga xosdir. Demak, ongli, aqlli insonning salomatligi, omadi, rizq-nasibasi o’z qo’lida ekanligini sira unutmaslik kerak.
Dostları ilə paylaş: |