44 3 -modda. Ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o‘tash tartibi Ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoga hukm qilingan shaxs sud tomonidan belgilangan
taqiqlarga (cheklashlarga) rioya etishi, shuningdek o‘zining jazoni o‘tashi bilan bog‘liq masalalar
bo‘yicha og‘zaki yoki yozma tushuntirishlar berish uchun chaqiruv bo‘yicha jazolarni ijro etish
inspeksiyasiga kelishi shart.
Ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoga hukm qilingan shaxsga nisbatan elektron kuzatuv
vositalari qo‘llanilishi mumkin.
Muayyan vaqtda yashash joyidan ketishga, tegishli ma’muriy hudud doirasida joylashgan
ma’lum joylarga borishga yoxud tegishli ma’muriy hudud doirasidan chiqish uchun ruxsatnoma,
shuningdek yashash joyini o‘zgartirish uchun ruxsatnoma jazolarni ijro etish inspeksiyasi tomonidan
beriladi. Qaror taqiqlarning (cheklashlarning) xususiyatidan, mahkumning shaxsidan, uning xulq-
atvoridan, tasdiqlovchi hujjatlar mavjudligidan kelib chiqib, alohida hollarda qabul qilinadi.
Uy-joyidan chiqib ketishiga butunlay taqiq belgilangan mahkumning doimiy yashash
joyidan ketishi uchun ruxsatnomaga, mahkumning tegishli ma’muriy hudud doirasidan chiqishi
uchun ruxsatnomaga, shuningdek mahkumning yashash joyini o‘zgartirishi uchun ruxsatnomaga
prokuror tomonidan sanksiya beriladi.
Agar ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoga hukm qilingan shaxs jazoni o‘tash davrida
o‘zining jinoiy qilmishlarini anglab yetgani, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, yetkazgan moddiy va
ma’naviy zararining o‘rnini qoplagan bo‘lsa, jazolarni ijro etish inspeksiyasi ilgari mahkumga
belgilangan taqiqlarni (cheklashlarni) to‘liq yoki qisman bekor qilish to‘g‘risida sudga taqdimnoma
kiritadi.
44 4 -modda. Ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o‘tash tartibi va shartlarini buzganlik uchun javobgarlik Ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o‘tash tartibi va shartlari mahkum tomonidan
buzilganligi uchun jazolarni ijro etish inspeksiyasi unga nisbatan ogohlantirish tarzidagi intizomiy
jazo chorasini qo‘llaydi.
Mahkum ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlagan,
shuningdek sud tomonidan o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, jazolarni
ijro etish inspeksiyasi sudga mahkum uchun ozodlikni cheklashning o‘talmagan muddatini jazoning
boshqa turiga almashtirish haqida taqdimnoma kiritadi.
Quyidagilar ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlovchilar
deb e’tirof etiladi:
a) o‘ziga nisbatan sud tomonidan belgilangan taqiqlarni (cheklashlarni) buzishga yo‘l qo‘yib
bo‘lmasligi to‘g‘risida ogohlantirish tarzida intizomiy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida jazoni
o‘tash tartibi va shartlarini buzishga yo‘l qo‘ygan mahkum;
b) o‘ziga nisbatan texnik nazorat vositalaridan foydalanish qoidalarini buzgan mahkum;
v) yashash joyidan yashiringan, qayerda ekanligi uch sutkadan ortiq vaqt ichida
aniqlanmagan mahkum;
g) yashash joyidagi jazolarni ijro etish inspeksiyasiga belgilangan muddatdan uch sutkadan
ortiq vaqt mobaynida kelmagan mahkum.
(8 1 -bob O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 10-avgustdagi O‘RQ-389-sonli Qonuni bilan kiritilgan — O‘R QHT, 2015-y., 32-son, 425-modda) LexUZ sharhi Qarang: “Muayyan huquqdan mahrum qilish, axloq tuzatish ishlari va ozodlikni cheklash tariqasidagi jazolarning ijrosini tashkil etish hamda shartli hukm qilingan shaxslar ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi” yo‘riqnomaning 98-bandi (ro‘yxat raqami 2922, 28.08.2017-y.).