1. Baxtiyor Nazarov – adabiyotshunos olim Baxtiyor Nazarovning ilmiy faoliyati qirralari Baxtiyor Nazarov – adabiyotshunos olim



Yüklə 199 Kb.
səhifə1/8
tarix14.11.2022
ölçüsü199 Kb.
#69082
  1   2   3   4   5   6   7   8
BAXTIYOR NAZAROV АDABIY TANQIDCHILIKGA QO\'SHGAN HISSASI


BAXTIYOR NAZAROV АDABIY TANQIDCHILIKGA QO'SHGAN HISSASI
REJA:
1. Baxtiyor Nazarov – adabiyotshunos olim
2. Baxtiyor Nazarovning ilmiy faoliyati qirralari

1. Baxtiyor Nazarov – adabiyotshunos olim
Munaqqid inson omili kuch-qudratiga chambarchas bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy jarayonlar zohiriy hamda botiniy asoslarini iqtisodiy-siyosiy va ma’naviy taraqqiyotdan butkul tashqarida izohlamaydi. Zotan, har qanday o‘zgarish fikr va kayfiyatdan ibtidolanadi. Voqea-hodisalar rivojida uzluksizlik mavjud ekan, ijtimoiy jarayonlar muayyan omil va manbalarga nisbatan sababu oqibat sifatida namoyon bo‘ladi.
B.A.Nazarov davrimizning ijodkor inson fikru kayfiyatiga ta’sirini uzluksizlikda olib qarashi, aslida uning milliy va mintaqaviy ahamiyatini umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlar bilan chambarchas aloqadorlikda ilmiy-nazariy tadqiq etishga intilishining samarasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev haqli ravishda ta’kidlaganlaridek, “Bizning eng katta boyligimiz – bu xalqimizning ulkan intellektual va ma’naviy salohiyatidir”. Yurtboshimizning O‘zbekiston FA akademiklari va universitet rektorlari bilan o‘tkazgan samimiy muloqotlari chog‘ida ham ilm- fanimiz taraqqiyotiga katta ulush qo‘shgan olimlarimizga hurmat va ehtiromli munosabatda bo‘lish hayotiy zarurat, vorisiylikni ta’minlovchi bosh omil ekani alohida ta’kidlandi. Binobarin, ushbu risolaning yuzaga kelishi ham ilm-fan zahmatkashlaridan birining ijodiy portretiga xos ayrim chizgilarni ko‘rsatish yo‘ldagi kichik bir urinishdir.
Ilm-fan aksariyat sohalarida bo‘lganidek, adabiyotshunoslikda ham har bir yetuk olimning o‘z o‘rni, o‘z tekshirish yo‘sini, muammolar mehvariga yondashish, munosabat bildirish usuli mavjud. O‘zlari mansub fan sohasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan va qo‘shayotgan bu tipdagi yirik olimlar o‘z kuzatuvchanligi, sinchkovligi, mushohada va taxayyul qudratiga xos favquloddalik tufayli u yoki bu mavzularda tadqiqotlar olib borish bilan birga, fandagi mavjud holatni umumlashtirish va uni yangi marralarga yo‘naltirish ishlariga ham sezilarli ulush qo‘shadilar. Akademik Baxtiyor Nazarov ham milliy adabiyotshunoslik va tanqidchilik ilmining ana shunday olimlardan biridir.
Darhaqiqat, B.A.Nazarovning tadqiqotchi olim sifatidagi fikriy qamrovi, hissiy-estetik diapazoni g‘oyatda keng. U adabiy tanqid va uning tarixi, adabiyot nazariyasi va adabiy aloqalar, qiyosiy adabiyotshunoslik va tarjima nazariyasi, xususan, sho‘ro davri adabiyotini qayta baholash masalalari bilan birdek shug‘ullanib kelayotgan, yuksak eruditsiyali ustoz olimdir. Adabiyotshunos o‘z yechimini kutayotgan qaysi muammoga qo‘l urmasin, avvalo, birlamchi manbalar, adabiy-badiiy, falsafiy-estetik, g‘oyaviy-siyosiy, axloqiy-ma’rifiy matnlar asosida uning nazariy jihatlarini yoritishga alohida e’tibor beradi.
Bizningcha, olimning ayniqsa, keyingi yillardagi butun borlig‘i, fenomenal kredosida yorqin bo‘y ko‘rsatgan bunday ilmiy-nazariy asos uning matbuotda ilk bor e’lon qilingan birinchi maqolasi – “Badiiy adabiyotda peyzaj” (1967) dayoq o‘ziga xos bir tarzda nish urgan bo‘lsa, ajab emas. Chindan ham, o‘sha kezda yosh tadqiqotchi estetik nigohi hikoyada peyzajning asar qahramoni xarakterini ochishda muhim vosita ekaniga qaratildi. Bu hol mantiqiy tadriji davomida rivoj topib, keyinchalik B.Nazarovning balog‘at yoshida yaratilgan “O‘zbek hikoyachiligining janr xususiyatlari” (1991) tadqiqotiga asos bo‘ldi.
Adabiyotshunos ilmiy faoliyatida XX asrda o‘zbek adabiy-badiiy tanqidining shakllanishi, turli davrlardagi rivojlanish bosqichlari, ilmiy-nazariy asoslari, tarixi hamda uning yirik vakillari ijodini o‘rganish, tahlil va tanqid muammolari asosiy o‘rin tutadi. Jumladan, u aspirantlik davridayoq (1969 – 1971) ulug‘ yozuvchi, faylasuf shoir, zukko tadqiqotchi akademik Oybekning adabiy-tanqidiy qarashlarini o‘rganishga astoydil bel bog‘lagan edi. Aytish mumkinki, mazkur ilmiy yo‘nalish uning faoliyatida keyinchalik ham izchil davom etib kelmoqda.
Adabiyotshunos olimning bu sohadagi ilmiy tekshirishlari, umumlashma va xulosalari uning “Olim madaniyati” (1977), “O‘zbek adabiy tanqidchiligi” (1979), “Bu sehrli dunyo” (1980), “O‘zbek adabiy tanqidi” ikki jildligidagi ayrim qismlar (1987 – 1988), da rnivojlantirildi. Ayniqsa, mustaqillik yillari mahsuli bo‘lgan “G‘afur G‘ulom olami” (2004), hammualliflikda yaratilgan “O‘zbek adabiy tanqidi tarixi” (2012) kabi monografiya, darslik va risolalarini kuzatish fikrimizni dalillaydi. B.A.Nazarov Abdurauf Fitrat, Izzat Sulton, Homil Yoqubov, Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qo‘shjonov, Salohiddin Mamajonov, Zoya Kedrina, Erik Karimov, Naim Karimov singari atoqli nazariyotchilar, adabiyotshunos va munaqqidlar to‘g‘risidagi portret-maqolalari va boshqa o‘nlab tadqiqotlarida ham o‘zining professional mahorati, olimlik salohiyati, iqtidor va talantini, metodolog va nazariyotchi, muallim va olim sifatidagi qiyofasini yorqin namoyon eta oldi.
U o‘z shogirdlari, xususan B.Karimov, I.Yoqubovlar bilan hamkor-hamnafaslikda, qatag‘onlik davrida nohaq ayblangan, tabarruk nomlari adabiyotimiz va madaniyatimiz tarixidan o‘chirib tashlangan Vadud Mahmud, Otajon Hoshim kabi adabiy siymolar: adabiyotshunos va munaqqidlar, fan tashkilotchilari shaxsiyati hamda bebaho meroslarini qayta tiklash, xalqqa qaytarish, tarixiy adolatni barqaror qilish ishiga ham barakali hissa qo‘shdi. Shogirdlari: Q.Qahramonov, M.Jovbo‘riyev, K.Tashanov, M.Boborahimov, I.Qurbonboyev, G. Sattorova, O.Karimov, Z.Mirzayeva, M.Hamidova, O.Duysinboyev, G.Avezovalarni jadid adabiyotining xorijda o‘rganilishi, bolalar adabiyoti muammolari, adabiy jarayon tendensiyalari, metodologiya masalalari, janr, uslub, badiiy tarjima va boshqa o‘nlab masalalarni teran o‘rganishga yo‘naltirdi.
Umuman, mubolag‘asiz tarzda aytish mumkinki, bugungi kunda Baxtiyor Nazarov ilmiy qiyofasida o‘zbek adabiy tanqidchiligining shakllanishi va tarixiy taraqqiyotini jiddiy ravishda o‘rganishni boshlab bergan, keng ko‘lamli tadqiqotlari bilan shu yo‘nalishning asoschisiga aylangan yirik olim, adabiy-estetik maktabi va uni izchil rivojlantirish yo‘liga chiqayotgan ko‘plab shogirdlariga ega bag‘rikeng insonni ko‘ramiz.
Shubhasiz, B.A.Nazarovning ilm-fanga qo‘shgan hissasi, uning har bir ezgu ishlari, amalga oshirgan ilmiy tadqiqoti haqida atroflicha fikrlashish mumkin. Biroq, B.Nazarovni yaqindan bilgan, uzoq yillar hamdam, hamnafas ishlagan olimlardan biri – filologiya fanlari doktori, professor T.M.Mirzayev uning olim, murabbiy va yirik fan tashkilotchisi sifatidagi ayrim qirralari haqida to‘xtalib, alohida e’tirof etgan ayrim jihatlarni kuzatish bizning tasavvurlarimizni yanada kengaytirishi bilan alohida e’tiborga loyiqdir. Ular quyidagi fazilat-sifatlardan iborat:

  1. Baxtiyor Nazarovning butun ilmiy faoliyati O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida uzluksiz ravishda kechgan va bugun ham muvaffaqiyatli davom etayotmoqda. Olim shu maskanda ilmiy kotib, katta va kichik ilmiy xodim, institut direktori lavozimlarida muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatgan. So‘nggi yigirma yil davomida “Adabiy aloqalar va adabiyot nazariyasi” bo‘limini boshqarib kelmoqda.

  2. U yuqori lavozimlarda ishlagan yillarda ham, o‘z qadrdon instituti bilan aloqasini bir zum bo‘lsa-da uzmagan. “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnalining bosh muharriri, Ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashlarning raisi, rais o‘rinbosari va a’zosi sifatida institutning ilmiy-tashkiliy ishlarida faol ishtirok etgan.

  3. B.A.Nazarov takrorlanmas ilmiy-tashkilotchilik faoliyati institutga direktorlik qilgan yillari (1986 – 1990) da yorqin namoyon bo‘lgan. O‘sha yillarda u asosiy diqqatini institutning ilmiy salohiyatini sifat jihatdan yanada yuksaltirishga qaratgan. Olimning bosh rahbar sifatidagi qat’iy nazorati, jiddiy ravishda qo‘llab-quvvatlashi natijasida institutda ishlayotgan xodimlar safidan T.Mirzayev, K.Imomov, B.Sarimsoqov, N.Rahimjonov, E.Begmatov, R.Doniyorov, Q.Muhammadjonov, B.Bafoyev, E.Umarov kabi fan nomzodlari birin-ketin doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilishga erishgan. YA’ni qisqa bir muddatda birgina jamoadan o‘nga yaqin ilmiy xodimning doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilishi o‘sha davr uchun juda yuqori ko‘rsatkich bo‘lgan. Bu – institutda yaratilgan mo‘tadil ilmiy muhitning, xususan, direktorning yuqori darajadagi ilmiy-tashkilotchilik, har bir xodimga e’tibor bilan qarab, ularni qo‘llab-quvvatlovchilik faoliyatining yorqin samarasi bo‘lgan.

T.Mirzayev haqli e’tirof etganiday, har qanday fan, xususan, tilshunoslik va adabiyotshunoslikning barcha tarmoqlari, adabiy aloqalar hamda tarjimashunoslik rivoji ham, ushbu tarmoqlarda yoshlarning qaydarajada faol ishtiroki, ilmda vorisiylikni ta’minlashiga bog‘liqdir.
Buni hammadan ko‘ra yaxshi his etgan Baxtiyor Nazarov aspirant va yosh ilmiy xodimlar bilan ishlashni sifat jihatidan yuqori darajada yo‘lga qo‘ygan. Avvalo o‘zi bir qator tadqiqotchilarga ilmiy rahbarlik qilish bilan birga, boshqa olimlardan ham ustoz-shogirdlik an’anasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, iqtidor va salohiyatga ega yoshlarga g‘amxo‘rlik qilishni talab qilgan. Ilmiy rahbar va maslahatchilarning bu boradagi hisobotlarini tez-tez, eshitib, amaliy -yo‘riq ko‘rsatib turishda muntazamlikni amaliyotga joriy etgan. Ayni paytda, yosh ilmiy xodimlarni ijodiy ta’tillarga chiqarish, ularning nufuzli xorijiy kutubxonalar, ilmiy markazlarda izlanishlar olib borishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratb bergan. Bugungi kunda institutning bir qator bo‘limlariga muvaffaqiyatli ravishda rahbarlik qilayotgan Ibrohim Haqqul, Mamatqul Jo‘rayev kabi olimlar o‘sha yillarda ta’limning doktorantura bosqichini o‘tashga jalb qilingan.
Yaqin tariximizda “qayta qurish” deb nomlangan alg‘ov-dalg‘ovli yillarda B.A.Nazarov institutga rahbarlik qilar ekan, o‘sha g‘oyatda murakkab bir sharoitda o‘zining yuksak professional tashkilotchi rahbar ekanligini namoyish eta olgan. Ilm-fan rivoji va milliy manfaatlar uchun qat’iylik, dadillik, hatto mardlik va milliy jasorat ko‘rsata olgan. Jumladan, ulug‘ adiblar Cho‘lpon va Fitrat adabiy meroslarini o‘rganish bo‘yicha maxsus hay’at tuzib, butun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan holda, katta jasorat sohibi sifatida, uning xulosalarini o‘zi bosh muharrir bo‘lgan “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnalining 1988 yil 2-sonida e’lon qilishga erishgan.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish masalasi muhokama qilinayotgan kezlarda ham bunday jasorat namunalari yorqin namoyon bo‘lgan.
Bizningcha, professor T.Mirzayevning yuqoridagi xulosalari B.A.Nazarovning ham milliy g‘ururi baland, fidoyi olim, ham fan tashkilotchisi, ham mehribon murabbiy, sifatidagi ma’naviy va insoniy qiyofasi haqida muayyan tasavvurlar tug‘dirish uchun yetarli asos vazifasini o‘tashga qodirdir.
.Darhaqiqat, barcha sohalar kabi, ilm fan ham hamisha o‘zining fidoyi insonlariga ehtiyoj sezadi. Davrning o‘zi, millat dahosi ichidan bunday jasur va fidoyi farzandlarni saralab oladi. Shubhasiz, bunday odamlarning yulduzi yulduziga to‘g‘ri kelgan, ular bir ma’naviy-ruhiy orbitada yashagan damlar birqadar kam uchraydi. Shu ma’noda, B.Nazarovning Naim Karimov singari ustozlari, No‘mon Rahimjonov kabi tengqurlari, Suvon Meliga o‘xshagan izdoshlari haqida bildirgan iliq fikrlari ham alohida e’tiborga molikdir. Jumladan, Baxtiyor Nazarov o‘z izdoshlaridan biri xususida so‘z yuritarkan: Suvon Meli ko‘pincha boshqalar e’tiboriga tushmagan yoki e’tibor bermagan masalalarni ko‘tarib chiqishga va o‘z qarashlarini o‘tkazishga intiladi. Ba’zilar unga qo‘shilmas, yana kimlardir uning qarashlarida zo‘rma-zo‘rakilikni ko‘rib, inkor etar. Suvon Meli bundan cho‘chimaydi. O‘z qarashlarini dadil o‘rtaga tashlaydi, eng asosiysi, ular adabiyotshunosligimizda yangi fikrlar, mustaqil qarashlar tarzida bo‘y ko‘rsatadi va sizni mushohadaga chorlaydi. –deb yozadi.
Bu o‘rinda adabiy tanqidchilik to‘la darajada o‘rganilgan emas, deganda shuni nazarda tutmoqdamizki, tanqidchilik faoliyati uzluksiz davom etadigan jarayon. Shu ma’noda, tanqidchilar faoliyatiga qaratiladigan nigoh ham uzluksiz davom etishi lozim. Qolaversa, o‘zbek adabiyotshunosligida dolzarb muammolarning yechimi bu adabiy tanqid va tanqidchilar faoliyatini har tomonlama chuqur, batafsil o‘rganishdan iboratdir.
Birinchi Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, zavodda ishlab chiqarilgan buyum- soat yoki mashina sifatiga baho berish mumkin. Ijod mahsuliga shunday baho berib bo‘ladimi?! Qolaversa, hassos munaqqid talqinidagi badiiy asar, badiiy so‘z o‘zining yangi-yangi jamolini, sehrini, qudratini ochadi. Agar bu xususiyatlar yo‘q bo‘lsa, yoki yetishmasa, buning sabablari ochiladi, tanqidchi fikrlari, mulohazalari, baribir sizni ma’lum darajada ma’nan boyitadi. Buning asosiy sababi sinchi munaqqid aytayotgan mulohazalar faqat idrok mahsuligina bo‘lib qolmay, evrilgan tuyg‘ularning namoyon bo‘lishi tufaylidir. Go‘zal musiqa bag‘ridagi so‘z yanada go‘zallashgani kabi, mohir tanqidchi nazaridagi asar ham yangi-yangi tovlanishlarga uchraydi. Demak, adabiyotshunoslik sohasida adabiy tanqidning o‘rni beqiyos. Xulosa shuki, adabiy jarayonga, shoir va adiblar faoliyatiga baho berishda o‘ta noziklik va ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak. Bu borada, albatta, adabiyotshunos va tanqidchilar faoliyatini o‘rganib borish muhim ahamiyatga ega. Tanqidchilar orasida o‘zining jonkuyarligi bilan alohida ajralib turuvchi Baxtiyor Nazarovning munaqqidlik faoliyati ham e’tibor va e’tirofga molik. Har bir munaqqid qalamini taqrizda “qayrashi” ma’lum. Baxtiyor Nazarov ham dastlab taqriz janrida ijod qilib yosh ijodkorlarni katta ijodga yo‘llagan bo‘lsa, tajribali shoir va yozuvchilarga munosib baho bera oldi. U nafaqat, badiiy ijod sohiblari, balki adabiyotshunos va tanqidchilar faoliyatini ham kuzatib boradi, o‘z mulohazalarini bildiradi.
Shu narsani ta’kidlash lozimki, Baxtiyor Nazarovning O‘zbekistonda adabiy-tanqidiy tafakkur taraqqiyoti masalalariga bag‘ishlangan tadqiqotlari bosilib chiqqandan keyin respublikamizning 17 dan ortiq oliy o‘quv yurtlari va malaka oshirish institutlarida adabiy tanqid bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etildi. Filologiya fakultetlarida adabiy tanqidning maxsus fan sifatida o‘qitilishida, alohida kurslar ochilishida, shubhasiz, Baxtiyor Nazarov tadqiqotlarining o‘rni va ahamiyati katta. Olimning ijodiy faoliyatini o‘rganish asnosida bu fikrlarga to‘la ishonch hosil qilish mumkin.
Baxtiyor Nazarov 1945 yilning 17 sentabrida Toshkent shahrida tug‘ildi. U yoshligidan badiiy adabiyot, badiiy ijod asrori bilan qiziqdi. Toshkentdagi 12-o‘rta maktabni tugatgandan keyin, bu yo‘sindagi tasavvur va tushunchalarini kengaytirish ishtiyoqida Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetida tahsilni davom ettirdi. 1961-1966 yillarda G‘ulom Karimov, Ayub G‘ulomov, Ozod Sharafiddinov, Laziz Qayumov, Umarali Normatov singari til-adabiyot zakiylaridan saboq oldi. Yuqorida nomlari zikr etib o‘tilgan ustozlar Baxtiyor Nazarov ko‘nglidagi nafosatga bo‘lgan mehr-muhabbatni yanada yuksaltirish, uning iqtidor va salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirish, talantinit tarbiyalashga barakali hissa qo‘shishdi. Aytish mumkinki, ayni fazilat-sifatlarning chuqur ildiz otib palak yozishida rahnamolik ko‘rsatdilar.
Yosh talaba, bo‘lg‘usi olimga tug‘ma tabiatidagi iste’dodga monand havas qilgulik adabiy muhit, ustozlar va ijodiy davra nasib etdi. Talabalik yillaridayoq uning saboqdoshlari: Rauf Parfi, Zoxir A’lam, Safar Barnoyev, Tursunoy Sodiqova, Ortiq Abdullayev, No‘mon Rahimjonov - u bilan nafaqat do‘stlashdilar, shu bilan birga, ko‘pincha, hamfikr, hamnafas, e’tiqoddosh avlodning vakillariga ham aylanishdi. Mazkur adabiy muhit unda badiiy adabiyot, tasviriy va amaliy san’at, musiqa va kino san’ati asarlari zamiridagi ma’nolarni chaqish, mohiyatini uqish, kosa tagida nimkosa tarzida aytilgan yashirin mazmunni nozik idrok etish malakasini shakllantirdi.
Universitetda tahsil olgan yillarida Baxtiyor Nazarov poetik ijodga, xususan, she’r va hikoyalar mashqiga, badiiy tarjimalarga mayl va rag‘bat ko‘rsatdi. O‘nlab she’rlari va hikoyalari, novellalari qardosh va xorijiy mamlakat shoirlarining she’rlaridan o‘zbek tiliga o‘girgan tarjimalari turli gazeta va jurnallarda bosilib chiqdi. Tengdoshlarining og‘ziga tushdi, ustozlar e’tiborini tortdi, adabiy-ilmiy jamoatchilikda muayyan qiziqish uyg‘otdi.
Badiiy ijod sirlari, adabiy asar sehr-u tarovati, adabiyot ilmi inja o‘ziga xosliklarini o‘zlashtirishida o‘sha yillari yoshlarining suhbatlari, bahs-munozaralari markazida bo‘lgan: “Gegel estetikasi va Tarix falsafasi” asari, o‘tgan asrning 60-yillari boshlarida “nisbiy iliqlik” davri epkinlari tufayli talabalar orasida qo‘lma-qo‘l o‘qila boshlagani Cho‘lpon va Fitrat she’rlari, hikoya va dramalari, SHellingning “San’at falsafasi” asari, Nozim Hikmat, Frans Kafka, Zigmund Freyd bitiklari, Chingiz Aytmatovning “Qaldirg‘och” qissasi muhim rol o‘ynadi. Tenqurlarining eslashicha, u davralarda to‘lib-toshib, kuyib pishib gapirar, samimiy, tabiiy, beg‘araz fikr almashuvlarda o‘zini ruhan yengil sezardi.
Baxtiyor Nazarov ko‘nglida o‘sha paytlardayoq Cho‘lpon estetik qarashlari, Fitrat adabiy-tanqidiy olami xususida tadqiqot yaratish fikri nish urgan, kurtak ochgan edi. Lekin ana shu 60-yillar boshida ham “Millatchi shoir”, “Millatchi adib” tamg‘asi yopishtirilgan, mafkuralashgan adabiy jarayonda, siyosiylashgan adabiyot ilmida Cho‘lpon va Fitrat ijodini o‘rganish katta adabiy-siyosiy xato hisoblanardi.
Adabiyotshunos olimlar o‘sha yillari E.A.Karimov o‘z tadqiqotlarida Cho‘lpon va Fitrat nomlarini tilga olgani, milliy uyg‘onish davri ijodkorlari merosiga faol murojaat qilgani uchun ne-ne malomat toshlari zalvorini ko‘tarishga majbur bo‘lganini yaxshi eslashadi. Ehtimol, Fitrat, Cho‘lpon va Abdulla Qodiriyni “ashaddiy millatchi”, “xalq dushmani” deb palahmon toshlarini yog‘dirib kelganlar ham, bugungi kunda bir dumalab cho‘lponshunosga, fitratshunosga aylanib qolgan bir pallada, bu hol hiyla kulgili tuyulishi mumkin.
Umuman, Baxtiyor Nazarov va u mansub bo‘lgan avlodning talabalik yillari sirtdan sokin ko‘rinsa-da, aslida nishabi chuqur, tubi talotum daryo misoli po‘rtanavor, shiddatkor kechgan edi. Olimning fikrdosh kursdoshlari badiiy didi va estetik saviyasi jo‘shqin, tahlikali ijodiy muhitda shakllandi, qad rostladi.
B.Nazarov universitetning filologiya fakultetini tamomlagach, 1966 yildan e’tiboran, muayyan muddat Yuqori Chirchiq tumanida o‘qituvchilik qildi. So‘ngra O‘zbek ensiklopediyasi tahririyatida ilmiy muharrir bo‘lib ishladi. 1969-1972 yillarda O‘z R. FA Alisher Navoiy (sobiq A.S.Pushkin) nomidagi Til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil oldi. Binobarin, uning butun faoliyati 1969 yildan e’tiboran, 47 yildirki, shu qadrdon institut bag‘rida, uning qaynoq hayotiga hamohang tarzda kechmoqda.
Olim bu dargohda kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, ilmiy kotib, institut direktori lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatdi. Hozirda esa, mazkur institutning “Adabiy aloqalar va Adabiyot nazariyasi” bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelmoqda. To‘g‘ri, u ma’lum muddat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisi (1990-1992), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari (1992-1994), O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti (2000-2001) kabi o‘ta mas’uliyatli va nufuzli lavozimlarda ham faoliyat ko‘rsatdi. Ammo, hamisha qadrdon ilm dargohidan ko‘ngil uzmadi, do‘stlari, shogirdlari bilan hamdam, hamnafas yashadi.
Mehnat va ijodiy izlanish faoliyatini oddiy o‘qituvchilikdan boshlagan yosh yigit kelajakda bu qadar ulkan muvaffaqiyatlarga erishishida tinimsiz intilish va izlanish hamda ona tili adabiyotga bo‘lgan cheksiz muhabbat qanot bag‘ishlagan deyish mumkin. Baxtiyor Nazarov qay bir mansab yoki lavozimda bo‘lmasin, bir nafas ham adabiy jarayondan uzilib qolmadi, bir zum ham mamlakatimiz ilmiy hayotidagi dolzarb masalalar yechimiga befarq qaramadi. Adabiy jarayonni muttasil kuzatib borishga astoydil harakat qildi.
Olimning bu yo‘nalishdagi dastlabki izlanishlari Rauf Parfi ijodiga bag‘ishlangan edi. Darhaqiqat, o‘tgan asrning 60-yillari oxirida Rauf Parfining “Aks-sado” to‘plamiga yozilgan taqriz hamda “Sabr daraxti” to‘plami haqidagi mulohazalari ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortdi. 1972 yilda Oybek adabiy-tanqidiy qarashlari tadqiq etilgan nomzodlik, 1984 yilda o‘zbek adabiy tanqidi metodologiyasi muammolari o‘rganilgan doktorlik dissertatsiyalarining muvaffaqiyatli himoya qilinishi, 1994 yilda professor ilmiy unvonining berilishi hamda 1989 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, 2000 yilda haqiqiy a’zosi etib saylanishi Baxtiyor Nazarovni chin ma’noda zabardast adabiy tanqidchi, akademik olim sifatida e’tirof etilgani, ulug‘ ustoz adabiyotshunoslar qatoridan munosib o‘rin egallaganidan dalolat edi.
Ustoz adabiyotshunos va munaqqidning ilmiy qiziqishlari hozirgi adabiy jarayon, XX asr o‘zbek adabiyoti tarixi, nazariyasi, adabiy tanqid masalalariga qaratildi. Uning “Bu sehrli dunyo”, “Hayotiylik – bezavol mezon”, “O‘zbek tanqidchiligi. G‘oyaviylik. Metod. Qahramon” singari o‘nlab monografiya va risolalari, tanqid tarixiga doir ishlarida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Oybek, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Abdulla Qahhor estetik qarashlari badiiy ijod, adabiy tanqid va adabiy jarayon bilan chambarchas aloqadorlikda, qardosh qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq, tatar, ozarbayjon adabiyotlari bilan qiyosiy o‘rganildi.
B.Nazarov ikki jildlik “O‘zbek adabiy tanqidi tarixi”, uch jildlik “Adabiy turlar va janrlar” kabi yirik, fundamental tadqiqotlar, 20 jildlik Oybek “Mukammal asarlar to‘plami”ni tayyorlashda faol ishtirok etdi. Mamlakatimiz ilmiy hayotidagi dolzarb masalalar o‘z yechimini topishida, jasur shaxs, fidoyi inson sifatidagi fazilatlarini yorqin namoyon eta oldi. Jumladan, o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish xususida qonun loyihasini tayyorlashda faollik ko‘rsatdi, Fitrat va Cho‘lpon ijodiy merosini xalqqa qaytarish yuzasidan ilmiy jamoatchilik xulosasini taqdim etish komissiyasiga rahbarlik qildi.
Baxtiyor Nazarov ilmiy tashkiliy faoliyatini jamoatchilik ishlari bilan qo‘shib olib bordi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Til va Adabiyot instituti hamda O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi adabiyotshunoslik bo‘yicha Ixtisoslashgan kengash raisi va a’zosi; O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi qoshidagi adabiyotshunoslik bo‘yicha Respublika ilmiy muvofiqlashtiruvchi kengash raisi; Sharqshunoslar assotsiatsiyasi Prezidiumi a’zosi; “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnali bosh muharriri va tahririyat a’zosi; “Sovetskaya turkologiya” jurnali tahrir hay’ati a’zosi; O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adabiyotshunoslik va tanqid kengashi raisi sifatida turli yillarda o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni halol va vijdonan bajarib keldi. Uning ilmiy rahbarligida 6 nafar fan doktori va 20 ga yaqin fan nomzodlari tayyorlangani ham, qizg‘in ijtimoiy jarayondagi fidokorlik olimning ilmiy izlanishlari, ustoz-shogirdlik an’analariga sadoqatiga rahna solmaganini ko‘rsatadi.
Munaqqid tajribalari shakllanishida uning o‘zi tomonidan ma’lum bir qismlari o‘zbek tiliga o‘girilib chop etilgan L.N.Tolstoy qalamiga mansub “San’atning mohiyati to‘g‘risida” maqolasi, N.G.Chernishevskiyning “San’atning voqelikka estetik munosabati” nomli tadqiqoti, G.YE.Lessingning “Lookon yoxud tasviriy san’at ila she’riyatning hadlari haqida” asari ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Shubhasiz, adabiyotshunos bu ishlardan badiiy ijodning nazariy va amaliy muammolari aro uzviy bog‘lanish mavjudligi bilan bog‘liq sirlarni aniqlash mahoratini o‘rganishga harakat qildi.
Olim ijodida o‘zbek adabiy tanqidi tarixi, uning tug‘ilishi va shakllanishi, adabiy-tanqidiy jarayon, tanqidning o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini tadqiq etish yetakchi o‘rinni egallaydi. Baxtiyor Nazarov bu yo‘nalishda “O‘zbek adabiy tanqidchiligi. G‘oyaviylik. Metod. Qahramon” (1979), “Ikkinchi jahon urushi davri o‘zbek tanqidchiligi” kabi salmoqli ilmiy tadqiqotlarni yaratdi.
“O‘zbek adabiy tanqidchiligi. G‘oyaviylik. Metod. Qahramon” monografik tadqiqotida sho‘ro davridagi qarashlar, ayrim nazariy cheklanishlar, muammo va badiiy asarga mafkuraviy yondashuvlar sezilib turadi. Lekin, sog‘lom dunyoqarash asosidagi izlanishlarda o‘zbek adabiy tanqidining shakllanishi va taraqqiyoti, g‘oyaviylik, qahramon, ijodiy metod masalalarini o‘rganish nazariy aspektida tekshiriladi. O‘zbek adabiy tanqidining rivojlanish yo‘llari, uning muhim muammolari yaxlit va umumlashgan holda tadqiq etilishi jihatidan mazkur tadqiqot mohiyat e’tibori bilan adabiyotshunoslik tarixida o‘z o‘rniga ega.



Yüklə 199 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin