4- mavzu: Nutq va adabiy me’yor
4- mavzu: Nutq va adabiy me’yor.
Nutqni bayon qilish usullari. Kasbiy nutq
Nutq soʻzlovchi yoki yozuvchi tomonidan shakllantirilgan matnning tashqi koʻrinishidir. Nutq amalga oshirilishi uchun vaqt, joy, mavzu, umuman, shart-sharoit boʻlishi lozim. Nutqning kommunikativ, ya’ni aloqaviy sifati quyidagi mezonlarga bevosita bogʻliq boʻladi: nutqning to‘gʻriligi, nutqning aniqligi, nutqning mantiqiyligi, nutqning sofligi, nutqning ifodaliligi.
Nutqning to‘gʻriligi - bu bosh kommunikativ sifatdir. Adabiy tilning fonetik, orfoepik, leksik va grammatik me’yorlari talablariga toʻla mos keladigan nutqqa to‘gʻri nutq deyiladi. To‘gʻri nutq soʻzlovchi bilan tinglovchini, yozuvchi bilan kitobxonni bir-birlarini tez va oson tushunishlariga, til topa olishlariga yordam beradi. To‘gʻri nutq nutq madaniyatining birinchi va zaruriy sharti boʻlib, adabiy til normalariga muvofiq kelishi lozim. Nutqning to‘gʻriligi til birliklarini to‘gʻri va ifodali talaffuz qilish, soʻz va mantiqiy urgʻu, ohang hamda pauzaga e’tibor qilish orqali belgilanadi. Nutqning to‘gʻri boʻlishi, asosan, soʻz va mantiqiy urgʻuning to‘gʻri qoʻyilishiga bogʻliq. Jumladan, rus tilida urgʻu erkin boʻlsa, oʻzbek tilida urgʻu, asosan, soʽzning oxirgi bo‘gʻiniga tushadi. Soʽzga qoʻshimcha qoʻshgan sari urgʻu ham oʻz o‘rnini oʽzgartirib, oxirgi bo‘gʻinga ko‘chib oʻtadi. Masalan, iqtisod, iqtisodchi, iqtisodchilar. Bu holat adabiy me’yor hisoblanadi. Lekin oʻzbek tilida ba’zan urgʻu oldingi bo‘gʻinlarga tushadi. Masalan, le׳kin, afsu׳ski, alba׳tta. Oʻzbek tilida urgʻu soʻzning ma’nosini oʻzgartirib yuborishi ham mumkin. Masalan, tugma׳-tu׳gma, suzma׳-su׳zma, olma׳-o׳lma, qaynatma׳-qayna׳tma. Ularning ma’nolari faqat urgʻu yordamida aniqlanadi. Urgʻuni qaerga qoʻyishni farqlay olmaslik soʻzning ma’nosini buzilishiga olib keladi. Bu holat esa oʻz-oʻzidan adabiy normaning buzilishini keltirib chiqaradi.
Gapdagi biror boʻlakning ta’kidlab aytilishi mantiqiy urgʻu boʻlib, oʻsha boʻlak alohida ohang bilan talaffuz etiladi va gapning mazmunini oʽzgartirishga xizmat qiladi. Masalan: Oʻqituvchi bugun darsga kelmadi. Ushbu gap mantiqiy urgʻusiga koʻra bir necha xil fikrni anglatadi. Bunda qaysi ma’noga alohida e’tibor berilsa, shu ma’noni ifoda etayotgan soʻz alohida urgʻu bilan talaffuz etiladi: Oʻqituvchi bugun darsga kelmadi. (Boshqa yerga emas, aynan darsga). Bugun darsga oʻqituvchi kelmadi. (oʻquvchi emas, aynan oʻqituvchi). Oʻqituvchi bugun darsga kelmadi. (kecha emas, aynan bugun). Ba’zan mantiqiy urgʻu noto‘gʻri qoʻyilsa, fikr mavhum boʻlib qoladi va tinglovchiga etib bormaydi. Masalan, Onasiz bola o‘ynamas gapida onasi yonida boʻlmagan bola o‘ynamaydi deyilyaptimi yoki onasi boʻlmagan bola o‘ynamaydi degan fikr anglashilyaptimi, buni faqat urgʻu olgan boʻlak orqali aniqlash mumkin. Agar urgʻu onasiz soʽziga tushsa birinchi ma’no, bola soʽziga tushsa ikkinchi ma’no anglashiladi. Demak, nutqning to‘gʻriligini ta’minlash uchun soʻz va mantiqiy urgʻuni to‘gʻri qoʻllash lozim, aks holda yuqoridagidek mavhum holatlar yuzaga kelishi mumkin.
Dostları ilə paylaş: |