5-MAVZU. DAVLATNING BUDJET-SOLIQ SIYOSATI
REJA:
5.1. Budjet siyosati, uning turlari, maqsad va vazifalari. Budjet siyosatining taktikasi va strategiyasi
5.2. Mustaqillik yillarida O`zbekiston Respublikasi budjet siyosatining rivojlanish bosqichlari
5.3. O`zbekiston Respublikasining yaqin va o`rta istiqboldagi budjet-soliq siyosatining asosiy yo`nalishlari
Tayanch so`z va iboralar:siyosat; budjet siyosati; budjet daromadlari bo`yicha siyosat; budjet xarajatlari bo`yicha siyosat; davlat krediti siyosati; budjet taqchilligini boshqarish siyosati; budjetlararo munosabatlarni tashkil etish siyosati; budjet strategiyasi; budjet taktikasi.
5.1. Budjet siyosati, uning turlari, maqsad va vazifalari. Budjet siyosatining taktikasi va strategiyasi
Siyosat – bu jamiyat ustqurmasiga taalluqli tushuncha bo`lib, davlatning o`z funksiyalari va vazifalarini amalga oshirishga qaratilgan rivojlanish yo`nalishlari va chora-tadbirlari yig`indisidir. Davlat tomonidan amalga oshiriladigan siyosat o`zaro bog`liq elementlardan iborat bo`ladi:
birinchidan,rivojlanishning u yoki bu bosqichida jamiyat hayotini yaxshilash va rivojlantirish uchun zarur bo`lgan asosiy vazifalar va maqsadlar aniqlanadi va belgilab olinadi;
ikkinchidan,istiqboldagiva yaqin kelajakdagi vazifalar va maqsadlarga erishish uchun eng qulay, eng yaxshi natija beradigan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqiladi;
uchinchidan,belgilangan vazifalarni amalga oshiruvchi shaxslar, ijrochi organlar, alohida vakolatli tashkilotlar aniqlanadi, kadrlar tanlanadi va joy-joyiga qo`yiladi.
Budjet siyosati – budjet munosabatlarini tashkil etish tamoyillarining bajarilishini ta‘minlash, davlat va jamiyat oldida turgan maqsad va vazifalarni davlat budjeti orqali amalga oshirish usullari, chora-tadbirlari va maqsadli faoliyatlari yig‘indisidir.
Budjet siyosati davlat va jamiyat rivojlanishining turli bosqichlarida turlicha bo`lishi, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot darajasiga qarab o`zgarib turishi mumkin. Budjet siyosati:
budjet daromadlari bo`yicha siyosat; budjet xarajatlari bo`yicha siyosat; davlat krediti siyosati;
budjet taqchilligini boshqarish siyosati;
budjetlararo munosabatlarni tashkil etish siyosati kabilarning uyg`unligi asosida amalga oshiriladi.
48
Demak, budjet siyosati – davlat moliya siyosatining tarkibiy qismi bo`lib, umumdavlat moliyaviy resurslarini (manbalarini) shakllantirish va jalb etish, taqsimlash, ulardan maqsadga muvofiq foydalanishga qaratilgan davlatning chora-tadbirlari va asosiy yo`nalishlari yig`indisidir.
Budjet siyosatining asosiy maqsadi –
jamiyatda yaratilgan boylik va ne‘matlarning jamiyat a‘zolari o‘rtasida maksimal darajada adolatli taqsimlanishini ta‘minlashdan iborat.
Budjet siyosatining asosiy vazifalari qatorida quyidagilarni ta‘kidlash muhim: davlat budjetining barqaror daromad bazalarini mustahkamlash;
iqtisodiyot ustivor tarmoqlarining rivojlanishini rag`batlantirish; fan-texnika taraqqiyotining jadallashuviga ta‘sir ko`rsatish;
mamlakatda kambag`allik va ijtimoiy tengsizlikka barham berish;
rivojlanish istiqboli yuqori bo`lmagan hududlarning rivojlanishiga shart-sharoitlar yaratish;
bu hududlardagi aholining yashash sharoitlarini yaxshilash va shu yo`llar bilan siyosiy va ijtimoiy beqarorlikning oldini olish;
davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlarning sifatli va aholi ijtimoiy muhofazasining manzilli bo`lishini ta‘minlash;
budjet siyosatining muvaffaqiyatli amalga oshirilishini ta‘minlovchi maqbul budjet mexanizmini ishlab chiqish va uning samarali ishlashini ta‘minlash va sh.k.
Budjet siyosatio`z-o`zidan yaxshi yoki yomon bo`lishi mumkin emas. Budjet siyosatining ahamiyatini baholash uchun jamiyatning ehtiyoji qanchalik qondirilayotganligini, qo`yilgan maqsadlar va vazifalar qanchalik darajada muvaffaqiyatli amalga oshirilganligini to`g`ri belgilash, holis baholash lozim.
Budjet siyosatining mazmuni ko`pqirrali bo`lib, quyidagilarni amalga oshirish orqali hayotga tatbiq etiladi:
1. Budjet munosabatlarini rivojlantirishning ilmiy asoslangan kontsepsiyalarini ishlab chiqish.Bu kontsepsiyalar quyidagilarni o`rganish asosida ishlab chiqiladi:
iqtisodiy qonunlar talablarini o`rganish;
milliy xo`jalik holatini har tomonlama tahlil qilish;
ishlab chiqaruvchi kuchlar va ishlab chiqarish munosabatlarining bundan keyingi rivojlanish istiqbollarini o`rganish;
aholining talab va ehtiyojlarini o`rganish.
2. Istiqbolda va joriy davr mobaynida budjetdan foydalanishning asosiy yo`nalishlarini belgilab olish. Bunda iqtisodiy va moliyaviy siyosatda belgilangan maqsadlarga erishish yo`llaridan kelib chiqiladi, xalqaro omillar inobatga olinadi va moliyaviy resurslarni yanada ko`paytirish imkoniyatlari ko`rib chiqiladi.
49
3. Qo`yilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan amaliy xatti-harakatlar qilish, chora-tadbirlar belgilash, maqbul budjet mexanizmining dastak va vositalarini ishlab chiqish.
Faqat hozirgi kundagi joriy davrga mo`ljallangan, kundalik ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan siyosat samarasizdir, shuningdek, uzoq davrni mo`ljallab, istiqbolni ko`zlab ishlab chiqilgan kontsepsiyalar va yo`nalishlar, ular qanchalik olijanob, jozibali bo`lmasin, davlatning tegishli amaliy xatti-harakatlari, ta‘sirchan dastak va vositalari bilan ta‘minlanmasa, inqirozga yuz tutadi, ko`zlangan maqsadlar amalga oshirilmay qoladi.
Davlat oldida turgan va muayyan davrda hal qilinishi lozim bo`lgan vazifalarning xarakteri, murakkabligi va ko`zlangan davrning uzoqligiga ko`ra budjet siyosati:
budjet strategiyasi;
budjet taktikasidan iborat.
Budjet strategiyasi – ijtimoiy va iqtisodiy strategiya belgilab bergan uzoq istiqbolga mo‘ljallangan va yirik ko‘lamdagi vazifalarni bajarishga qaratilgan bo‘lib, u rivojlanishning asosiy konsepsiyalarini ishlab chiqish, budjet munosabatlarini tashkil etishning umumiy tamoyillarini ishlab chiqishni, uzoq muddatga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollarini belgilashni ko‘zda tutadi.
Budjet strategiyasi uzoq muddatli maqsadlarni tanlash va maqsadli dasturlarni zarur moliyaviy resurslar bilan ta‘minlash, ularni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning asosiy yo`nalishlariga safarbar qilishni nazarda tutadi.
Budjet taktikasi – strategiya belgilab bergan vazifalarni jamiyat rivojlanishining aniq bosqichida va aniq sharoitlarida moliya-budjet munosababatlarini tashkil etish usullari orqali amalga oshiradi.
Masalan,mustaqillikning dastlabki yillarida budjet strategiyasining asosiy vazifalaridan biri – budjetnin gbarqarorligini ta‘minlash, ortib borayotgan budjet defitsitini jilovlash bo`lgan bo`lsa, bu vazifani bajarish uchun: ma‘muriy-buyruqbozlikka asoslangan iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o`tish davri uchun xos bo`lgan yangi budjet qonunchiligini ishlab chiqish;
mustaqil davlatning yangi soliq tizimini shakllantirish; budjetning xarajatlar qismini qayta tuzish;
budjet daromadlari va xarajatlarini balanslashtirish kabi chora-tadbirlar belgilandi va ma‘lum muvaffaqiyat bilan amalga oshirildi.
Budjet siyosatining strategiyasi va taktikasi o`zaro bog`liqdir. Strategik vazifalarni hal qilish uchun taktika qulay shart-sharoit yaratadi. Taktika iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning hal qiluvchi sohalarini, rivojlanishning muhim muammolarini
50
aniqlab, moliya-budjet munosabatlarini tashkil etish shakllari va usullarini o`z vaqtida o`zgartirish yo`li bilan strategiya belgilab bergan vazifalarni qisqa muddat ichida, eng kam xarajatlar bilan amalda bajaradi.
Dostları ilə paylaş: |