5.2. Mustaqillik yillarida O`zbekiston Respublikasi budjet siyosatining rivojlanish bosqichlari
O`zbekiston o`zining davlat suverenitetini e‘lon qilib, mamlakatni inqiroz holatidan olib chiqish, iqtisodiyotni barqarorlashtirish, iqtisodiy va siyosiy jihatdan mustaqil, qudratli, rivojlanib boruvchi, ko`p qirrali demokratik davlat yaratish dasturini belgilab oldi. Shu nuqtai nazardan, O`zbekiston davlat budjetining tarixiy jihatdan juda qisqa, lekin yosh mustaqil davlat uchun sermazmun, serqirra davrdagi rivojlanish bosqichlari boshlandi. Respublika hukumati tomonidan iqtisodiyotdagi tarkibiy o`zgarishlarning ustuvor yo`nalishlari va bozor mexanizmlarini ishga tushirish choralari ko`rildi, natijada qator moliyaviy institutlarning samarali faoliyati ta‘minlandi.
Respublikaning davlat budjetiga uning ichki daromadlari jalb qilindi va ular 1991-yilgacha bo`lgan sobiq Ittifoq davlat budjetidan ajratilgan transfertlar summasidan oshib ketdi. Qat‘iy moliyaviy cheklashlarning qo`llanilishi natijasida davlat budjetining daromadlari, xarajatlari va taqchilligi hajmi YaIM dinamikasiga muvofiq ravishda tartibga solib turildi. Ijtimoiy sohaga xarajatlarning o`sish sur‘atlari umumiy xarajatlarning o`sish sur‘atlariga bog`liq bo`ldi, ya‘ni O`zbekistondagi bozor islohotlari mamlakat budjetiga, uning xarajatlar tarkibi va tuzilishiga o`z ta‘sirini ko`rsatdi.
O`zbekiston Respublikasining davlat budjeti o`z rivojlanish jarayonida quyidagi bosqichlarni bosib o`tdi:
Fiskal bosqich (1991-1995-yillar);
Noinflyatsion bosqich (1996-2002-yillar);
Davlat moliyasini boshqarish tizimini isloh qilish bosqichi (2003-2017-yillar).
Fiskal bosqich(1991-1995-yillar)ning vazifalari: yangi budjet qonunchiligini yaratish;
soliq islohotlarini o‘tkazish;
budjetning xarajatlar qismini qayta tarkiblash;
budjet daromadlari va xarajatlarini balanslashtirishga erishish
Davlat budjeti rivojlanishining birinchi bosqichi juda og`ir kechdi. Bunga sabab, ma‘muriy-buyruqbozlikka asoslangan rejali iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o`tayotgan davlatning budjetini shakllantirish mamlakatda kechayotgan iqtisodiy inqiroz sharoitida (YAIM ishlab chiqarishning keskin pasayishi, bu esa o`z navbatida, davlat budjeti daromadlarining qisqarishiga olib
51
keldi) amalga oshirildi. Daromadlar va xarajatlarning samarasiz tarkibi budjet inqirozining yuzaga kelishiga sabab bo`ldi.
Bu bosqichda davlat budjeti yaqqol namoyon bo`luvchi fiskal xususiyatga ega edi. Turli-tuman soliqlarning mavjudligi va yuqori soliq stavkalarining amal qilishi davlat budjetini muayyan darajada daromadlar bilan ta‘minlashga xizmat qildi. Budjetning asosiy vazifalari davlatni iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy islohotlarni amalga oshirish uchun zarur mablag`lar bilan ta‘minlash, milliy iqtisodiyotni barqarorlashtirish va yanada rivojlantirish uchun sharoit yaratishdan iborat edi.
Fiskal bosqich davri yuqori soliq stavkalari va soliq solish bazasining kengligi bilan tavsiflanadi, bu hol mamlakatda ishlab chiqarishning jadal rivojlanishiga to`sqinlik qilar, iqtisodiyotni barqarorlashtirish uchun sharoit yaratish, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va tadbirkorlik faoliyatini rag`batlantirish talablariga javob bermas edi. Ko`p sonli imtiyozlarning kiritilishi esa ishlab chiqarishni kengaytirish va tadbirkorlikni rivojlantirishda kutilgan natijani bermadi, balki aksincha, soliq to`lashdan bo`yin tovlashga imkoniyat yaratdi.
Iqtisodiy islohotlarning zamonaviy xalqaro amaliyoti davlat budjetining makroiqtisodiy tartibga solish va boshqarish vositasi ekanligini ko`rsatadi. Hukumat budjet qonunchiligi yordamida xarajatlarning umumiy darajasini, budjet taqchilligi va davlat qarzi hajmini nazorat qiladi. Natijada, qonunchilik makroiqtisodiy siyosatning quyidagi jihatlarini namoyon etadi:
Qonun chiqaruvchi va ijroiya hokimiyatlari o`rtasida budjet vakolatlarining taqsimlanishi;
hukumatning budjet tartib-taomillari nazoratini cheklovchi va shaffofligini pasaytiruvchi yashirin yoki kvazi budjet faoliyatining taqiqlanishi;
makroiqtisodiy nazoratni ta‘minlash maqsadida budjet taqchilligi, davlat qarzi va chetdan mablag` jalb qilishning cheklanishi.
Noinflyatsion bosqich(1996-2002) vazifalari: balanslashgan davlat budjetini shakllantirish;
soliqqa tortish tizimini yanada takomillashtirish va unifikatsiyalash;
budjet xarajatlarini optimallashtirish, xususan, xalq xo`jaligi tarmoqlarini mablag`lar qaytimini ta‘minlay olmaydigan moliyalashtirish amaliyotidan ularni investitsiyalashga o`tish;
moliya-budjet qonunchiligini yanada rivojlantirish vazifalarini hal qilish
Davlat moliyasidagi islohotlarning ikkinchi bosqichi 1995-yilda davlat budjeti va budjetdan tashqari davlat maqsadli jamg`armalari mablag`larini yagona konsolidatsiyalashgan budjetga jamlash bilan boshlanib, buning natijasida davlat budjetining shakllanishi va taqsimlanishi jarayoni ustidan ta‘sirchan moliyaviy nazoratni kuchaytirish imkoniyati vujudga keldi.
Milliy valyuta – so`mning joriy etilishi, pul muomalasini tartibga solish va qat‘iy pul-kredit siyosatini olib borish yordamida pul islohotlarining o`tkazilishi
52
keyingi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va o`sishga sharoit yaratdi. O`tish davrida moddiy ishlab chiqarish tarmoqlari va ijtimoiy sohaning moliyaviy ehtiyojlari mamlakatda yaratilayotgan milliy daromadni ishlatish bo`yicha davlatning real imkoniyatlaridan yuqori bo`ladi. Shu sababli bu davrda moliya organlarining muhim vazifasi moliyaviy resurslarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim yo`nalishlarida mujassamlashuvini budjet taqchilligining oshib ketishiga olib keladigan xarajatlarni oshirish evaziga emas, balki oqilona soliq tizimini yaratish evaziga amalga oshirishdan iborat bo`ldi. Iqtisodiy o`sishning muhim sharti, shuningdek, budjet taqchilligini, ichki va tashqi davlat qarzini cheklash hisoblanadi.
Davlat moliyasi borasida amalga oshirilgan islohotlar ikkinchi bosqichining muhim jihatlari quyidagilardir:
moliya-budjet qonunchiligining shakllanishini davom ettirish; soliq tizimining takomillashuvi va unifikatsiyalashuvi;
Davlat moliyasini boshqarish tizimini isloh qilish bosqichi (2003-2017) asosiy yo‘nalishlari:
zamonaviy markazlashgan g`aznachilik tizimini shakllantirish;
yangi budjet tasnifi va buxgalteriya hisobining yangi hisoblar rejasiga asoslangan yagona budjet va hisob tizimini yo`lga qo`yish;
o`rta muddatli budjet strategiyasini va dasturiy budjetlashtirishni joriy qilish;
budjet qonunchiligini yanada rivojlantirish va takomillashtirish asosida budjet faoliyatini rivojlantirish;
davlat budjeti daromadlarining barqarorligini ta‘minlash asosi sifatida soliq siyosatini yanada takomillashtirish va sh.k.
budjet xarajatlarini optimallashtirish, shu jumladan, milliy iqtisodiyot tarmoqlarini beg`araz moliyalashtirish amaliyotidan investitsiyalashga o`tish;
balanslashgan davlat budjetini shakllantirish.
Ushbu davrda davlatning moliyaviy siyosati quyidagilarga yo`naltirildi:
budjet xarajatlarining ijtimoiy yo`naltirilganligini yanada kuchaytirish;
davlat xarajatlari samaradorligi va oqilonaligini oshirish, buning uchun budjet mablag`laridan foydalanish samaradorligini va manzilliligini oshirish maqsadida davlat budjetini rejalashtirish usullarini takomillashtirish;
davlat budjetini ijro etishning g`aznachilik tizimini joriy etish asosida davlat moliyasini boshqarish va nazorat qilishning samarali tizimini yaratish;
iqtisodiyotdagi tarkibiy o`zgarishlarni, davlat xarajatlarini qishloq xo`jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish; sug`oriladigan dehqonchilik yerlarini suv bilan ta‘minlash, fermer xo`jaliklarini rivojlantirish bo`yicha yo`nalishlarda kengaytirish;
qishloqda ishlab chiqarish munosabatlarini takomillashtirish, bozor iqtisodiyoti tamoyillariga asoslangan qishloq xo`jaligi ishlab chiqarishini boshqarish tashkiliy tuzilmasini joriy etish, qishloq xo`jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning mustaqilligini kengaytirish;
53
markazlashgan investitsiyalarga xarajatlarning ustuvor yo`nalishlarini belgilash, YaIMning barqaror iqtisodiy o`sish sur‘atlarini ta‘minlaydigan, bandlik va aholi daromadlarini oshirish muammolarini hal qiladigan, iqtisodiyotda tarkibiy o`zgarishlarni davom ettirishga xizmat qiladigan, strategik ahamiyatga ega bo`lgan ijtimoiy dasturlarni amalga oshirishga qaratilgan kapital mablag`lar hajmini oshirish;
budjetlararo munosabatlarni takomillashtirish.
Dostları ilə paylaş: |