BANK ISHI FANINING PREDMETI VA VAZIFALARI. Reja: 1.“Bank ishi” fanining predmeti va metodi.
2. Fanning boshqa fanlar bilan uzviy bog‘liqligi.
3.Iqtisodiyotni modernizatsiyalash
sharoitida fanning maqsadi va vazifalari.
4. Fanning tarkibiy tuzilishi.
«Bank ishi» mustaqil fandir. Chunki u o‘zining mustaqil predmeti, ob’ekti va metodiga ega. u:
· bank faoliyatining huquqiy asoslari;
· banklarni tashkil etish va ularning faoliyatini tugatish tartibi;
· bank faoliyatini tartibga solish;
· banklarning huquq va majburiyatlari;
· banklarga vasiylik qilish tartibi;
· banklarning moliyaviy ahvoli;
· bank operatsiyalarini amalga oshirish tartiblari;
· pul tizimi hamda pul muomalasini tashkil etish qoidalari;
· valyutani tartibga solish va xalqaro rezervlarni boshqarish;
· banklarni nazorat qilish;
· banklarda hisob yuritish va hisobot;
· bank menejmenti;
· bankning rivojlanish tarixi kabi masalalarni o‘rganuvchi fandir.
«Bank» so‘zi italyancha «Banca» so‘zidan olingan bo‘lib, «stol», aniqrog‘i «pulli stol» degan ma’noni anglatadi. XII asrlarda Genuyada pul almashtiruvchilarni «Bancherii» deb atashgan. Agar puldorlardan birortasi ishonchni oqlamasa va o‘z ishiga mas’uliyatsizlik qilsa, u o‘tirgan stolni sindirib tashlashgan va uni «Banco rotto», ya’ni «bankrot» deb atashgan. Bugungi kunda bizga ma’lum bo‘lgan «bankrot» so‘zi ham italyancha «Banca» so‘zidan olingan. O‘zbekiston Respublikasining «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunida bankka quyidagicha ta’rif berilgan: «Bank - tijorat tashkiloti bo‘lib, bank faoliyati deb hisoblanadigan quyidagi faoliyat turlari majmuini, ya’ni: · yuridik va jismoniy shaxslardan omonatlar qabul qilish; · qabul qilingan mablag‘lardan tavakkal qilib kredit berish; · investitsiyalash uchun foydalanish; · to‘lovlarni amalga oshiruvchi yuridik shaxsdir».