Fransuz materializmi XVIII asr falsafasida tabiat hodisalarini tushuntirishga nisbatan qarashlarda materializm sezilarli darajada rivojlanadi. Fransuz materializmi tarixiy ahamiyat kasb etadi: u o‘rta asrlar sxolastikasiga qarshi chiqibgina qolmasdan, balki o‘z dunyoqarashi va dunyoviy manfaatlarini ham asoslashga harakat qiladi.
Albatta, XVIII asr falsafasi o‘ziga xos xususiyatlarga ega: unda materialistik dunyoqarash mo‘ljallari ham, idealistik dunyoqarash mo‘ljallari ham, ateistik va deistik qarashlar ham mavjud. Aksariyat hollarda idealizm va materializm, din va fan yonma-yon turadi.
Shuni qayd etish lozimki, XVIII asr falsafasi avvalo ma'rifat falsafasi sifatida rivojlangan; qomuslar va lug‘atlar, pamfletlar va boshqa nashrlarda ilmiy va falsafiy g‘oyalar keng ommaga tushunarli tarzda atroflicha bayon etilgan.
Ma'rifat davri falsafasiga P.Gassendi (1592-1655) asarlari, uning atomistik materializmi, Epikur g‘oyalari, etikasi, sxolastikaning tanqidi, R.Dekart, P.Beyl (1647-1706) asarlaridagi diniy dogmatizmning tanqidi zamin yaratdi.
XVII-XVIII asrlar yevropa falsafasiga ingliz ma'rifatchilari J.Lokk va D.Yum, XVII asr nemis ma'rifatchisi G.Leybnits, shuningdek buyuk olim I.Nyuton falsafasi ham kuchli ta'sir ko‘rsatdi. XVIII asr Ma'rifat falsafasida ikki yo‘nalish: Volter, Russo, Volf, Monteske va boshqalarning deistik materializmi hamda Mele, Didro, Golbax, Gelvetsiy, Lametri kabi olimlarning asarlarida Nyuton, Galiley, Dekartning materialistik tabiatshunosligi negizida deizm nazariy asoslarining tanqidi farqlanadi. Fransua Mari (Arue) Volter (1694-1778) fransuz ma'rifatchilarining atoqli namoyandasi falsafa tarixi bo‘yicha otashin publitsist, Nyuton fizikasi va mexanikasi hamda Angliyadagi konstitutsiyaviy tartib va muassasalarning targ‘ibotchisi, cherkov, iezuitlar, inkvizitsiya tajovuzlaridan shaxs erkinligining himoyachisi sifatida o‘rin oldi. Uning «Kandid», «Orlean qizi» asarlari, «Falsafiy lug‘at», «Ensiklopediya»dagi maqolalari butun yevropada keng tarqaldi.
Jan Jak Russo (1712-1778) yevropa inqilobiy mafkurasining vujudga kelishiga mashhur «Ijtimoiy shartnoma» asari bilan ulkan ta'sir ko‘rsatdi. Erkinlik hamda huquqlarning so‘zsiz tengligiga asoslangan fuqarolik jamiyatining nazariy asosi hisoblangan bu asar Buyuk fransuz inqilobi davrida yakobinchilar uchun o‘ziga xos dasturilamal bo‘lib xizmat qildi.