Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki yillaridanoq barcha fuqarolarni jumladan ishchi xodimlarni ijtimoiy holatini yaxshilash, ularning turmush darajasini yuksaltirishga, ishlash sharoitlarini texnika xavfsizligi va sanitariya talablari darajasidagi asosini yaratishga katta e`tibor qaratib kelinmoqda.
Ta`lim jarayonining barcha sohalarida ham keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatda qabul qilingan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Ta`lim to`g’risidagi Qonunlar asosida ta`lim sohasida katta yutuqlarga erishilmoqda. Ta`lim mazmuni tubdan ijobiy o`zgarishga yuz tutmoqda. Barcha ta`lim tizimida eng zamonaviy o`qitish vositalaridan foydalanilmoqda. Ishlab chiqarish eng qudratli, zamonaviy ishlab chiqarish vositalari bilan qurollantirilmoqda. Ijtimoiy hayot tarzi faollashmoqda. Mamlakatda qabul qilingan «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi», «Ta`lim to`g’risida»gi Qonun ta`lim tizimi mazmunini tubdan o`zgartirib yubordi. Jumladan oliy ta`lim o`quv rejalariga zamon va hayot talablaridan kelib chiqib katta o`zgartirishlar kiritildi.
Endilikda tayyorlanayotgan yosh mutaxassislarga har bir sohada chuqur va keng qamrovli ma`lumot berish, ularga berilgan bilim ishlab chiqarishda va jamiyatda o`z aksini va dolzarbligini yo`qotmaydigan bo`lishiga va ularning bilim darajalari dunyo ta`lim standartlari qo`ygan talabga javob berishiga asosiy ahamiyat qaratilmoqda.
Zamonaviy hayotdagi ishlab chiqarish samaradorligini etuk kadrlarsiz tasavvur etish mumkin emas. Har sohada inson omili, uning qadr-qimmati birinchi o`ringa qo`yilib ish tashkil etilgan joyda yutuqlar barqaror bo`lishi shubhasiz.
Inson tug’ilishi bilan yashash, erkinlik va baxtga intilish huquqiga ega bo`ladi. Inson o`zining yashash, dam olish, sog’ligi haqida qayg’urish, qulay atrof-muhit, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan mehnat sharoitida ishlashga bo`lgan xuquqlarini hayot faoliyati jarayonida amalga oshiradi. Uning bu huquqlari O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida kafolatlangan.