5-MAVZU. SHAXSNING FAOLLIGI. FAOLIYAT TURLARI,
MOTIVASIYASI VA ULARNI BOSHQARISH. IJTIMOIY XULQ
MOTIVASIYASI. ANGLANGAN VA ANGLANMAGAN MOTIVLAR
REJA:
1.
Shaxs va uning faolligi.
2.
Faoliyatning turlari. Jismoniy va aqliy harakatlar.
3.
Ijtimoiy xulq motivlari va shaxs motivatsiyasi .
4.
Motivlarning turlari.
5.
Motivlarning anglanganlik darajasi: ijtimoiy ustanovka va uni o’zgartirish
muammosi.
1.SHaxs va uning faolligi
Jamiyat bilan doimiy munosabatni ushlab turuvchi, o’z-o’zini anglab, har bir
harakatini muvofiklashtiruvchi shaxsga xos bo’lgan eng muhim va umumiy
xususiyat - bu uning faolligidir. Faollik (lotincha «actus» - harakat, «activus» - faol
so’zlaridan kelib chiqqan tushuncha) shaxsning hayotdagi barcha hatti-harakatlarini
namoyon etishini tushuntiruvchi kategoriyadir. Bu - o’sha oddiy qo’limizga qalam
olib, biror chiziqcha tortish bilan bog’liq elementar harakatimizdan tortib, toki ijodiy
uyg’onish paytlarimizda amalga oshiradigan mavxum fikrlashimizgacha bo’lgan
murakkab harakatlarga aloqador ishlarimizni tushuntirib beradi. SHuning uchun ham
psixologiyada shaxs, uning ongi va o’z-o’zini anglashi muammolari uning faolligi, u
yoki bu faoliyat turlarida ishtiroki va uni uddalashi aloqador sifatlari orqali bayon
etiladi.
Fanda inson faolligining asosan ikki turi farqlanadi:
A. Tashqi faollik - bu tashqaridan va o’z ichki istak-xohishlarimiz ta’sirida bevosita
ko’rish, qayd qilish mumkin bo’lgan harakatlarimiz, mushaklarimizning harakatlari
orqali namoyon bo’ladigan faollik. B. Ichki faollik - bu bir tomondan u yoki bu
faoliyatni bajarish mobaynidagi fiziologik jarayonlar (moddalar almashinuvi, qon
aylanish, nafas olish, bosim o’zgarishlari) hamda, ikkinchi tomondan, bevosita psixik
jarayonlar, ya’ni aslida ko’rinmaydigan, lekin faoliyat kechishiga ta’sir ko’rsatuvchi
omillarni o’z ichiga oladi.
Misol tariqasida hayotdan shunday manzarani tasavvur qilaylik: uzoq ayriliqdan
so’ng ona o’z farzandi visoliga yetdi. Tashqi faollikni biz onaning bolasiga intilishi,
uni quchoqlashi, yuzlarini siylashi, ko’zlaridan oqqan sevinch yoshlarida ko’rsak,
ichki faollik - o’sha ko’z yoshlarini keltirib chiqargan fiziologik jarayonlar, ichki
sog’inchning asl sabablari (ayriliq muddati, nochorlik tufayli ayriliq kabi yashirin
motivlar ta’siri), ko’rib idrok qilgandagi o’zaro bir-birlariga intilishni ta’minlovchi
ichki, bir qarashda ko’z bilan ilgab bo’lmaydigan emotsional holatlarda namoyon
bo’ladi. Lekin shu manzarani bevosita guvohi bo’lsak ham, uni ifodalagan rasmni
ko’rsak ham, taxminan qanday jarayonlar kechayotganligini tasavvur qilishimiz
mumkin. Demak, ikkala turli faollik ham shaxsiy tajriba va rivojlanishning asosini
tashkil etadi. Bir qarashda har bir konkret shaxsga va uning ehtiyojlariga bog’liq
bo’lib tuyulgan bunday faollik turlari aslida ijtimoiy xarakterga ega bo’lib, shaxsning
jamiyat bilan bo’ladigan murakkab va o’zaro munosabatlarining oqibati hisoblanadi.
Inson faolligi «harakat», «faoliyat», «xulq» tushunchalari bilan chambarchas bog’liq
bo’lib, shaxs va uning ongi masalasiga borib taqaladi. Shaxs aynan turli faolliklar
jarayonida shakllanadi, o’zligini namoyon qiladi ham. Demak, faollik yoki inson
faoliyati passiv jarayon bo’lmay, u ongli ravishda boshqariladigan faol jarayondir.
Inson faolligini mujassamlashtiruvchi harakatlar jarayoni faoliyat deb yuritiladi.
Ya’ni, faoliyat - inson ongi va tafakkuri bilan boshqariladigan, undagi turlituman
ehtiyojlardan kelib chiqadigan, hamda tashqi olamni va o’z-o’zini o’zgartirish va
takomillashtirishga qaratilgan o’ziga xos faollik shaklidir. Bu - yosh bolaning real
predmetlar mohiyatini o’z tasavvurlari doirasida bilishga qaratilgan o’yin faoliyati,
bu - moddiy ne’matlar yaratishga qaratilgan mehnat faoliyati, bu - yangi kashfiyotlar
ochishga qaratilgan ilmiy - tadqiqotchilik faoliyati, bu - rekordlarni ko’paytirishga
qaratilgan sportchining mahorati va shunga o’xshash. Shunisi xarakterliki, inson har
daqiqada qandaydir faoliyat turi bilan mashg’ul bo’lib turadi.
Dostları ilə paylaş: |