-MAVZU. BOSHLANG‘ICH SINFLARDA ONA TILI O‘QITISH METODLARI.
Reja:
1.Metod, o‘qitish metodlari, ta’lim metodlari, usullar.
2.O‘qituvchi faoliyati bilan bog‘liq metodlar.
3.O‘quvchi faoliyati bilan bog‘liq metodlar.
4.Innovatsion pedagogik texnologiyalar.
O‘ZBEK TILINI O‘QITISH METODLARI TASNIFI, TURLARI VA MAZMUNI O‘ZBEK TILINI O‘QITISH METODLARI Tayanch tushunchalar: Metod, tushuntirish –namoyish etish, qayta xotiralash, muammoli bayon metodi, qisman izlanuvchanlik, tadqiqot (izlanuvchanlik, ijodiylik), o‘qituvchi faoliyati bilan bog‘liq metodlar(bilimlarni tayyor holda bayon etish; bilimlarni muammoli yo‘l bilan bayon qilish metodlari), o‘quvchi faoliyati bilan bog‘liq metodlar(qayta xotiralash, qisman izlanuvchanlik va izlashga asoslangan metodlar), muammoli ta’lim, muammoli o‘qitish. O‘zbek tilini o‘qitishning metodlari haqida umumiy tushuncha. Ona tili darslarining samaradorligi o‘qituvchining o‘qitish metodlarini mukammal bilishi, metodni to‘g‘ri tanlay olishi va ularning har birini o‘z o‘rnida qo‘llay olishiga bog‘liq. «Ona tili» fanini o‘qitishning samaradorligi juda ko‘p omillar bilan chambarchas bog‘langan. Shubhasiz, o‘quvchilarning psixologik xususiyatlari va o‘quv imkoniyatlarini hisobga olish, ona tili ta’limining mazmuni va maqsadiga muvofiq keladigan topshiriqlar tizimi hamda metodlarini to‘g‘ri belgilash, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida pedagogik hamkorlikning o‘rnatilishi, darsda ishga solinadigan vositalarning maqsadga muvofiq tanlanishi singarilarning barchasi samaradorlikni ta’minlash bilan aloqadordir.
Metod so‘zi qanday ma’noni ifodalaydi? Metod yunoncha so‘z bo‘lib, «tadqiqot» yoki «bilish yo‘li» ma’nolarini ifodalaydi. Bu tushuncha falsafiy va didaktik ma’nolarga ega.
Falsafiy ma’noda «metod» tushunchasi tabiat va jamiyat hodisalarini kuzatish hamda voqelikka ilmiy nuqtayi nazardan yondashish demakdir.
Didaktik ma’noda bu tushuncha o‘quvchilarni bilim, malaka va ko‘nikmalar bilan qurollantirish yo‘llarini ifodalaydi. Ayrim fanlarni o‘qitish bilan aloqador masalalarni xususiy metodika o‘rganadi. Shuning uchun ta’lim metodlari olimlarni ham, metodistlarni ham bab-baravar qiziqtiradi.
Jahon didaktlari keyingi yillarda ta’lim metodlari va ularning tasnifiga oid anchagina salmoqli ilmiy izlanishlar olib bordilar. Ular o‘qitish metodlarini turlicha tasnif qilishadi.
Bir guruh olimlar (S.I.Perovskiy, E.Ya.Golant) ta’lim metodlarini bilim olish manbaiga qarab, og‘zaki, ko‘rsatmali va amaliy metodlarga bo‘lsalar, ikkinchi guruhdagi olimlar (M.A.Danilov, B.P.Esipov) ma’lum tipdagi darslarda bajariladigan o‘quv vazifasidan kelib chiqib, bilimlarni egallash, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish, egallangan bilimlarni mustahkamlash, malaka va ko‘nikmalarni tekishrish va baholash kabi metodlarga bo‘ladilar.
Yu.К.Babanskiy esa ta’lim metodlarini uch katta guruhga ajratadi:
1. O‘quvchilarning o‘quv - biluv faoliyatini tashkil etish metodlari.
2. O‘quvchilarning o‘quv - biluv faoliyatini rag‘batlantirish metodlari.
3. O‘quvchilarning o‘quv - biluv faoliyatini nazorat qilish metodlari.
To‘rtinchi guruh olimlar (M.N.Skatkin, I.Ya.Lerner) bilish faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, ta’lim metodlarini:
1)tushuntirish - namoyish etish metodi;
2)qayta xotiralash metodi;
3)muammoli bayon metodi;
4)qisman izlanuvchanlik metodi;
5)tadqiqot (izlanuvchanlik, ijodiylik) metodi kabilarga ajratadi.
Ta’lim metodlarining I.Ya.Lerner va M.N.Skatkin tomonidan taklif etilgan ushbu tasnifi o‘quvchilarning fikrlash faoliyatida tadqiqotchilik va muammoli vaziyat borligi bilan ajralib turadi. Mazkur tasnif til o‘qitishning tabiatiga ham ancha mos tushadi. Shu bois, ona tili o‘qitishda I.Ya.Lerner va M.N.Skatkin tasnifiga kengroq to‘xtalamiz.